13:39 / 26.01.2019
4 374

Toshkent shahar prokurori: "Investorlarga hech kim nohaqlik qilolmaydi, biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz"

Toshkent shahar prokurori: "Investorlarga hech kim nohaqlik qilolmaydi, biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz"
Foto: «Uza.uz»
Kecha, 25 yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev 2019 yilda Toshkent shahrida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalariga oid ma’lumotlar bilan tanishar ekan, ularni amalga oshirishni monitoring va nazorat qilish yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi oldiga muhim vazifalar qo‘ydi.

Endilikda shahar prokuraturasi investorlarga yer ajratilishidan boshlab, loyiha foydalanishga topshirilguncha bo‘lgan barcha bosqichlarni nazoratga oladi, ya’ni loyihalarni rasmiylashtirish va amalga oshirish jarayonida shaffoflikni, halollikni ta’minlaydi, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydi.

Investorlarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirishning yangi tizimi haqida Toshkent shahar prokurori Sherzod Obloqulov «O‘zA»ga quyidagilarni ma’lum qildi:

– 2019-2020 yillarda Toshkent shahrini kompleks rivojlantirish dasturi doirasida 270 dan ziyod investitsiya loyihasini tatbiq etish ko‘zda tutilgan. Ularning to‘liq ishga tushirilishi 37 mingga yaqin ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Bizning vazifamiz bu loyihalarni amalga oshirish istagida bo‘lgan tadbirkorlarning, xususan, chet ellik investorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shaffoflikni ta’minlash, ortiqcha qog‘ozbozlik, korrupsiyaning oldini olish.

Shu maqsadda poytaxtimizda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha ishlarni tashkillashtirish va monitoring qilish yuzasidan Toshkent shahar hokimi va prokurorining qo‘shma farmoyishi qabul qilindi.

Haftaning belgilangan kunlarida tumanlarda investorlar bilan uchrashamiz. Ularning har biri bilan alohida-alohida suhbatlashib, taklif-mulohazalarini eshitamiz. Muammolari bo‘lsa, vakolatimiz doirasida tezda hal qilishga kirishamiz.

Bir misol. Yaqinda Mirzo Ulug‘bek tumanida investorlar bilan uchrashdik. Qori Niyoziy va Lashkarbegi ko‘chalari chorrahasida qiymati 15 million dollarlik zamonaviy uy-joy qurish loyihasini amalga oshirayotgan «Uzakay Inshaat» MChJ rahbari Ayjan Duman qurilish ishlari uchun elektr tarmog‘iga ulanishda muammolarga duch kelayotganini aytdi. Shahar prokuraturasi tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida qurilish uchastkasi tegishli tartibda elektr tarmog‘iga ulandi.

Shu tariqa biz har bir loyiha tasdiqlangandan to ishga tushguniga qadar bo‘lgan jarayonni kuzatib boramiz. Maqsadimiz bitta – investor hech kimdan nohaqlik ko‘rmasin, investitsiya jalb qilish tizimida korrupsiya, sun’iy to‘siqlar uchramasin. Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz, degan shahar prokurori.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Toshkent shahar prokurori: "Investorlarga hech kim nohaqlik qilolmaydi, biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz"