09:15 / 23.10.2018
4 503

Bir haftada sakkiz hokim ishdan boʻshadi

Bir haftada sakkiz hokim ishdan boʻshadi
14 oktyabr kuni Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov hududlarda paxta yigʻim-terimi masalalari boʻyicha selektor yigʻilishi oʻtkazgan edi. Unda hukumat rahbari faoliyatidagi kamchiliklar sababli hududlardagi bir qator rahbarlarni tanqid qilib, 10 nafar hokimga ishdan boʻshash toʻgʻrisida taqdimnoma kiritishni topshirgan edi, deya xabar qildi «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi. Yigʻilishda bosh prokuror Otabek Murodov hamda prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov ishtirok etdi

Yigʻilish boʻlib oʻtganidan bir hafta ichida sakkiz nafar tuman va shahar hokimi ishdan boʻshatildi. Jumladan, Fargʻona hokimi Shavkat Erkaboyev va Fargʻona tumani hokimi Sodiqjon Imomaliyev lavozimidan chetlatildi.

2017 yil sentyabridan Xorazm viloyati Urganch tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Otabek Bekchonov vazifasidan ozod qilindi. Uning oʻrniga hokimning qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari kotibligi mudiri Frunze Ilhomovich Sharipov vaqticha bajaruvchi etib tayinlandi.

Sirdaryo viloyati Guliston tumaniga 2012 yildan buyon “Oʻzagrokimyohimoya” kompaniyasining Sirdaryo viloyati boʻyicha rahbari boʻlib ishlab kelayotgan Shavkat Alibekovich Gʻafurov Abdumavlon Ibodullayev oʻrniga tayinlandi.

Toshkent viloyati Angren shahriga Hakimjon Abdulazizov oʻrniga bunga qadar “Markazgaztaʼminot” unitar korxonasi Samarqand boʻlimi direktori, ungacha — “Oʻztransgaz” rahbari boʻlib ishlagan Shukurulla Nasimxonov Mahmudov hokim boʻldi.

Toshkent viloyati hokimi Gʻulomjon Ibragimov paxta terimi boʻyicha rejadan ortda qolinayotgani uchun ogʻzaki hayfsan oldi.

Andijon viloyati Oltinkoʻl tumaniga avval Davlat texnik mehnat inspeksiyasi viloyat boʻlimini boshqargan Nazirjon Aliyevich Oʻrinboyev hokim etib tayinlandi. 2016 yil dekabridan buyon tumanga Baxtimurod Karimov boshchilik qilib kelayotgan edi.

Aburashid Yuldashev Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani hokimi lavozimini tark etdi. Hokimning iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Jalolitdin Jamolovich Oqboyev hokim vazifasini vaqtincha boshqaruvchi boʻldi.

Shahrisabz tumanini 2017 yil iyunidan boshqarib kelayotgan Xolbobo Bozorov ham lavozimidan chetlatildi. Qashqadaryo viloyati Iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi boshligʻi Isroil Ibrohimovich Omonov yangi hokim boʻldi, deya xabar qildi viloyat hokimiyati matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bir haftada sakkiz hokim ishdan boʻshadi