O‘zbekistonda 2018 yilda jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslar

  • 06 yanvar 2019, 17:30
  • 3 491
  • Jamiyat
  • O‘zbekistonda 2018 yilda jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslar
    2018 yilda O‘zbekistonda 1561 nafar turli toifadagi mansabdor shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda Kun.uz nashri Bosh prokuratura matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

    «Bularning aksariyatini xo‘jalik yurituvchi sub’ekt rahbarlari tashkil qiladi - 580 nafar. Shuningdek, ta’lim sohasida 257 nafar, sog‘liqni saqlash tizimida 83 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

    Jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning 39 nafari respublika, qolganlari viloyat tuman-shahar miqyosidagi vazirliklar, idoralar hamda korxona va tashkilotlarda ishlagan.

    Jinoiy javobgarlikka tortilgan xodimlarning 821 nafari o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, 138 nafari pora olish va berish, qolganlari esa boshqa mansabdorlik jinoyatlari uchun javobgar bo‘lgan», deyiladi xabarda.

    Qayd etish kerakki, 2018 yilda jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslar bo‘yicha qator shov-shuvli nomlar ham bor. Dastlab, 2018 yilning fevral oyi oxirida sobiq bosh prokuror Rashid Qodirov Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida qo‘lga olingandi. Unga nisbatan «Tovlamachilik», «Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish», «Pora olish» moddalari bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Shuningdek, ushbu jinoyat ishi bo‘yicha bosh prokurorning sobiq o‘rinbosarlari hamda Toshkent viloyatining sobiq prokurorlari bo‘lmish Jamshid Fayziyev va Ulug‘bek Sunnatov ushlangandi.

    Keyinroq ushbu ish doirasida yana o‘ndan ortiq kishi qamoqqa olindi. Ular orasida «Toshkentni titratgan prokuror» - Toshkent shahar prokurorining korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha sobiq o‘rinbosari, «Antibiotik» laqabli adliya maslahatchisi Mirag‘lam Mirzayev va unga yaqin bo‘lgan boshqa prokurorlar ham bor edi.

    Jinoiy ishning natijalari yaqin vaqtlar ichida keng ommaga oshkor qilinishi aytilgan.

    Iyul oyida esa Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev qo‘lga olindi. U viloyatda korrupsion tizim yaratgani, Samarqand viloyat hokimligida turar joylar qurish uchun ruxsatnoma berish, yer uchastkalarini taqsimlashda o‘ziga xos «stavka» joriy etilgani ma’lum qilindi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, sobiq hokimning ofisidan pora sifatida olingan 1 million dollar miqdoridagi mablag‘ topilgan. Ayni vaqtda uning ishi sudga oshirilgan.

    2018 yilning sentyabr oyi boshlarida esa Yunusobod tumani sobiq hokimi Baxtiyor Abdusamatov katta miqdordagi pora bilan qo‘lga olingani haqida xabar tarqaldi. Unga va boshqa mansabdor shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210 va boshqa moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

    O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida esa O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasining sobiq raisi Muidjon Tohiriy hibsga olingani haqida rasman xabar berildi.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » O‘zbekistonda 2018 yilda jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslar