Erkinjon Turdimov Samarqand viloyati hokimligiga rasman tasdiqlandi

  • 11 yanvar 2019, 20:55
  • 977
  • Jamiyat
  • Erkinjon Turdimov Samarqand viloyati hokimligiga rasman tasdiqlandi
    Bugun, 11 yanvar kuni Samarqand shahrida xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

    Kun.uz nashri xabar berishicha, sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi va Samarqand viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Erkinjon Turdimovning lavozimidan «v.b.» qo‘shimchasi olib tashlandi va u viloyat hokimi etib rasman tasdiqlandi.

    Erkinjon Turdimov 2018 yilning iyulida korrupsiya mojarosi doirasida ishdan olingan Turob Jo‘rayev o‘rniga Samarqand viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangandi.

    Erkinjon Turdimov – 1969 yil 10 iyulda Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan. 1991 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

    1991-1995 yillarda «O‘zsanoatqurilishbank»ning Sirdaryo filialida bo‘lim mutaxassisi, «O‘zsanoatqurilishbank»ning Zarafshon bo‘limi pul muomalasi bo‘limida bosh mutaxassis, bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, Zarafshon bo‘limi boshqaruvchisi bo‘lib ishlagan. 1995-1996 yillarda Zarafshon shahri hokimi bo‘lgan. 1996 yildan 2000 yilgacha O‘zbekiston Milliy banki Navoiy bo‘limi boshqaruvchisi, 2000-2008 yillarda Navoiy viloyati Xatirchi tumani hokimi sifatida faoliyat yuritgan. 2008 yilda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lib faoliyat yuritgan.

    2008-2016 yillarda Navoiy viloyati hokimi bo‘lib ishlagan. 2016 yil dekabridan 2018 yilning yoziga qadar Surxondaryo viloyati hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

    Eslatib o‘tamiz, prezidentning o‘tgan yilning noyabr oyida Xorazmga tashrifi vaqtida viloyat rahbari Farhod Ermanovning lavozimida «vazifasini bajaruvchi» qo‘shimchasi olib tashlangan edi. Dekabr oyida Jahongir Ortiqxo‘jayev ham Toshkentning to‘laqonli hokimiga aylangandi. Ayni vaqtda viloyatlardan faqat Surxondaryoda Bahodir Po‘latov hokim vazifasini bajaruvchi maqomida qolmoqda.

    » » Erkinjon Turdimov Samarqand viloyati hokimligiga rasman tasdiqlandi