Samarqandda yirik tadbirkor Umar Rajabov va uning ukasi qo‘lga olindi...

  • 13 fevral 2019, 23:20
  • 5 919
  • Jamiyat
  • Samarqandda yirik tadbirkor Umar Rajabov va uning ukasi qo‘lga olindi...
    Samarqand shahrida ko‘p yillardan buyon tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan, 1990-yillarda «Umarbank» xususiy tijorat bankiga asos solgan, keyingi yillarda «Umar» qurilish kompaniyasiga rahbarlik qilgan yirik tadbirkor Umar Rajabov qo‘lga olindi.

    Kun.uz manbasi ma’lumotiga ko‘ra, Umar Rajabov bilan birga uning o‘g‘li Ruslanbek Rajabov hamda kompaniya tarkibidagi ikkita qurilish firmasining rahbarlari Shavkat Obloqulov va Fayzullo Fayziyev Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinib, ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

    Ushbu holat yuzasidan viloyat prokuraturasi hozircha rasmiy ma’lumot bermadi. Shuningdek, viloyat IIBda ham bu haqda rasmiy ma’lumot yo‘q.

    Manbaning ma’lum qilishicha, «Umar» kompaniyasi tomonidan qurilgan uylar Samarqandning tarixiy qismida, YuNESKO muhofazasidagi hududda joylashgani tufayli buzilishi boshlangach, bu uylarga oldindan buyurtma berganlar pullarini qaytarishni talab qila boshlagan. Umar Rajabov va uning xodimlari ana shunday shikoyat xatlari asosida qo‘lga olingan hamda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi («Firibgarlik») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

    Ma’lumot uchun, «Umar» kompaniyasi 2016 yilda Samarqandning Mironshoh ko‘chasida ko‘p qavatli uy qurilishini boshlagandi. 2018 yilning iyunida YuNESKO bu qurilishga e’tiroz bildirgan, o‘z navbatida Samarqand shahri hokimligi ham uy buzilishi to‘g‘risida qaror chiqargandi.

    Mironshoh ko‘chasida qurilgan uy
    Foto: Murat Sarsenov / Facebook

    Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, tadbirkorga Samarqand shahrining avvalgi hokimi Vohid Sanaqulovich Rahimov tomonidan imzo chekilgan (u 2017 yilning avgustida ishdan olingan) qaror bilan Mironshoh ko‘chasida 2 qavatli savdo markazi qurishga ruxsat berilgan. Ammo tadbirkor bu hududda 7 qavatli uy qurishni boshlagan. 2018 yilning iyunida Samarqand shahrining hozirgi hokimi Furqat Rahimov qaroriga asosan binoni buzish ishlari boshlangach, binodagi uylar uchun avvaldan buyurtma qilib, haq to‘lab qo‘ygan mijozlar pullarni qaytarishni talab qila boshlashgan.

    » » Samarqandda yirik tadbirkor Umar Rajabov va uning ukasi qo‘lga olindi...