Gulnora Karimova qamoqxonada qanday kitoblar o‘qiyotgani ma’lum bo‘ldi

  • 08 iyul 2019, 09:45
  • 2 326
  • Jamiyat
  • Gulnora Karimova qamoqxonada qanday kitoblar o‘qiyotgani ma’lum bo‘ldi
    Gulnora Karimova qamoqxonada axborot materiallaridan foydalanish huquqidan to‘liq foydalanmoqda, deb xabar qildi Adliya vazirligi.

    “G. Karimova JIKning 9-moddasiga muvofiq, o‘quv, badiiy va boshqa turdagi axborot materiallaridan foydalanish huquqidan foydalangan holda, Koloniya kutubxonasining a’zosi hamdir”, - deyilgan xabarda.

    Kutubxona daftaridagi yozuvlarga asosan, Gulnora Karimova qamoqxonada O‘rta Osiyo tarixi bo‘yicha britaniyalik mutaxassis Xilda Xukxemning Amir Temur haqida yozilgan tarixiy “Vlastitel semi sozvezdiy” nomli kitobini, rus yozuvchilari Gersen, Nekrasov hamda Chernыshevskiylar kitoblarini olgani ma’lum bo‘lgan.

    Shuningdek Gulnora Karimova “Inson huquqlari” 2 tomlik kitob va “O‘zbekiston Respublikasida Konstitutsion huquq” nomli kitoblaridan ham foydalangan.

    Eslatib o‘tamiz, iyul oyining boshida shveysariyalik advokat Greguar Manja Gulnora Karimovaning qamoqxonada og‘ir ahvolda saqlanayotganini ro‘kach qilib, Shveysariya sudi tomonidan O‘zbekistonga qaytarilishi kerak bo‘lgan 555 million dollarni to‘xtatib qo‘ygan edi.

    Bunga javoban, O‘zbekiston Adliya vazirligi vakillari 3-4 iyul kunlari 21-sonli ayollar jazoni o‘tash Koloniyasida bo‘lib, Gulnora Karimova qamoq jazosini o‘tash holatini batafsil o‘rganib chiqdi.

    O‘rganish natijasida G. Karimova qamoqxonada qonun bo‘yicha mahbuslar uchun ruxsat berilgan barcha huquqlardan foydalanayotgani ma’lum bo‘lgan.

    Huquqlarni cheklash haqida
    Xususan, joriy yilning 2 va 3, 10 aprel hamda 10 iyun kunlari u tegishli banderol va yo‘qlov qabul qilingan.

    Undan tashqari 10 aprel kuni G. Karimovaning hisobvarag‘iga qizidan pul o‘tkazmalari kelib tushgan. G. Karimova jazoni o‘tash davomida koloniya do‘konidan to‘rt marotaba haridni amalga oshirgan va o‘rganish paytida uning hisobvarag‘ida muayyan miqdorda mablag‘ qolgani aniqlangan.
    Shuningdek , 2019 yilning 12 aprelidan 15 apreligacha u oila a’zolari bilan uzoq muddatli uchrashuvda bo‘lgan (3 sutka) va ikkita qisqa muddatli uchrashuvlardan yozma ravishda bosh tortgan.

    “Undan tashqari G. Karimovaga 2019 yilning 2 va 17 aprel hamda 10 iyun kunlari Shveysariyalik advokati bilan uchrashish huquqi ta’minlangan”, - deyilgan xabarda.

    Mahbusning sog‘ligi haqida
    Birinchidan, qamoqxonaga kelguniga qadar Karimovaning surunkali kasali bo‘lgan, 2017 yilning dekabr oyida o‘tkazilgan Sog‘liqni saqlash vazirligining komissiyaviy sud tibbiyot ekspertizasi xulosasiga ko‘ra (№70 15.12.2017y).

    Shu bilan birga, komissiyaning xulosasiga ko‘ra G. Karimovada aniqlangan kasalliklar uning jazoni o‘tashiga halaqit bermaydi va “Og‘ir kasalliklar” ro‘yxatiga kirmaydi.

    G. Karimovada ma’lum surunkali kasalliklar borligini inobatga olib, unga statsionar davolanish uchun yetarli sharoitlar yaratilgan. Adliya vazirligi xodimlari Koloniyaga borganlarida G. Karimova sanitariya bo‘limida bo‘lgan.

    Suhbat chog‘ida G. Karimova unga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatiga nisbatan hech qanday e’tiroz bildirmadi.
    Vizual tekshiruv chog‘ida G. Karimovaning tanasida jarohatlar aniqlanmadi.

    Ruhiy bosim haqida
    Mahkumalar bilan o‘tkazilgan suhbatlarda shu narsa aniqlandiki, G. Karimovaga jismoniy yoki ruhiy bosim o‘tkazish hollari kuzatilmagan, aksincha, boshqa mahkumalar G. Karimovaning yomon yashash sharoitlarda ushlab turilgani va unga bosim o‘tkazilayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotlardan ajablanganlar.

    Xususan, u bilan bitta otryadda yashayotgan mahkumalar G. Karimova koloniyaga olib kelinganida, u deraza oldidagi krovatni tanlagani, bu vaqtda esa, mazkur krovat boshqa mahkuma tomonidan band bo‘lganini qayd etganlar. Shunday bo‘lsada, boshqa mahkuma G. Karimovaga o‘z o‘rnini bo‘shatib bergan.

    G. Karimovaning salomatligini inobatga olgan holda, ushbu davrda u bir marotaba ham mehnat faoliyatiga jalb etilmagan. Bu holat Koloniya mahkumalari va ma’muriyati tomonidan ham tasdiqlandi.

    Gulnora Karimova nimadan arz qildi
    Gulnora Karimova bilan bo‘lgan suhbat davomida u mahkuma sifatida o‘zining huquqlari cheklanayotganidan shikoyat qilmadi va bu mavzuda suhbatlashishni istamayotganini bildirdi. Shuningdek u quyidagilar bo‘yicha o‘z e’tirozlarini bildirdi:

    - koloniyada bo‘lgan paytida unga yaqin bo‘lgan mahkumalarning boshqa otryadlarga o‘tkazilganiga;
    - uning fikricha, jinoiy ishni tergov qilishda qonunchilik talablari buzilganiga.

    Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Birinchi prezidentining qizi Gulnara Karimova 2015 yilning avgustida bir qator iqtisodiy jinoyatlarda aybdor deb topilgan va 10 yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan edi. Bosh prokuratura Gulnora Karimovaning 12 xorijiy mamlakatda jami 1,5 milliard dollar mol-mulki borligini aniqlagan. Shundan eng kattasi qismi – 800 million dollarlik mulk Shveysariyada saqlanadi.

    » » Gulnora Karimova qamoqxonada qanday kitoblar o‘qiyotgani ma’lum bo‘ldi