Nihoyat Xorazm viloyat hokimi ham uzr so‘radi (video)

  • 04 avgust 2019, 18:51
  • 1 264
  • Jamiyat
  • Nihoyat Xorazm viloyat hokimi ham uzr so‘radi (video)
    Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov ijrosida kutilgan uzr so‘rash ham nihoyat amalga oshdi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tanqididan so‘ng Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev va Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev uzr so‘ragan edi. Prezident talab qilgan hokimlardan faqat Xorazm hokimining uzr so‘rashi kutilayotgandi.

    «Hurmatli eldoshlar, hurmatli Ashxobod mahallasi ahli, butun Xorazm viloyati jamoasi, bugun men juda katta iztirob bilan oldingizda turibman. Biz o‘ylamay qilgan ishimiz natijasida, Ashxobod mahallasi aholisiga katta aziyat yetkazdik. Bu yerda men o‘zimni aybdor, deb bilaman.

    Agar biz hammasini oldindan hisob-kitob qilib, xalq bilan maslahatlashib ishlaganimizda bunday gap-so‘zlar bo‘lmas edi. O‘ylamay bosilgan qadam natijasida mahalla ahliga nafaqat moddiy, balki sog‘lik masalasida ham muammo keltirdik. O‘ylanmay qilingan ishning oxiri nimaga olib kelishini ko‘rib, bilib, afsuslanib turibmiz.

    Viloyat hokimining vakolatiga xalqning dahlsizligi, uning moddiy ne’matlarini asrash kiradi. Ammo men qo‘l ostimdagi odamlar bilan qilgan ishimiz umuman to‘g‘ri kelmasligini bilib turibmiz. Men butun Xorazmdan kechirim so‘rashim kerakki, chunki bunday ishlar nafaqat Ashxobod mahallasida, balki boshqa tumanlarda ham bo‘lmagan, deb kafolat berishdan yiroqman.

    Bugundan boshlab yana barcha ishlarni sarhisob qilib, barchasini joy-joyiga qo‘yishga so‘z beraman», — deydi Farhod Ermanov.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov haqida shunday degan edi:

    «Xorazm viloyati hokimi janob Ermanov mening siyosatimga eng katta dushmanlik qilganlardan biri. Urganch shahar hokimini jinoiy javobgarlikka tortamiz, desam, advokat bo‘lib, bosh vazirimizga iltimos qilding. Mana, sening menga qilgan «do‘stliging». Sen va mening siyosatim to‘g‘risidagi bugun chiqqan izohlarni o‘qi.

    Sen noinsof menga do‘st bo‘lsang, buzish qo‘lingdan kelmas ekan, nima qilasan u yerni buzib? Mana, izohlarni o‘qi. Bosh vazir borganidan so‘ng odamlar nima deb yozayapti? Sening surating yo‘q bu yerda. Bosh vazirniki turibdi va prezidentning siyosatiga la’nat aytishyapti.

    Atrofingda o‘tirgan odamlaring bilan mana menga qilgan dushmanliklaring. Buzishdan oldin kallang bilan o‘ylab ko‘rmaysanmi, buzgandan foyda bormi yoki yo‘q? U noinsoflarga shuncha pul berdik 30-50 milliardlab, nima qilasan u pulni? Katta xolangning pulimi u moliya vazirligining puli? Yo O‘zbekistonga o‘tkazib qo‘ygan joying bormi?

    Birovni ishdan olish, jinoiy javobgarlikka tortish kerak bo‘lsa darrov advokatga aylanasizlar.

    Bularni o‘qib men qanday kabinetimda tinch o‘tira olay?» — degan edi prezident.

    » » Nihoyat Xorazm viloyat hokimi ham uzr so‘radi (video)