19:00 / 10.12.2019
3 065

Bemorning ilinji shifoda, dori sotuvchining dardi nimada?

Bemorning ilinji shifoda, dori sotuvchining dardi nimada?
Issiq jon isitmasiz bo‘lmas, deydi xalqimiz. Bunday pallalarda shifokorlar tavsiya etgan dori-darmonlar jonimizga oro kiradi. Ular vositasida vujudimiz sog‘lom, ruhimiz baquvvat bo‘ladi. Quvonarlisi, bugun olimu shifokorlar izlanishlari natijasida har qanday dardni yengillatishga qodir dori-darmonlar yaratilmoqda. Binobarin, har bir xastalikni davolashga mo‘ljallangan preparatlarning o‘nlab turdagi muqobillari mavjud. Biroq ularning barchasi ham sifatlimi? Narxi-chi? Kasallik bilan kurashish samaradorligi qanday?

Har qadamda dorixona
Katta yoshdagilar yaxshi eslaydilar. O‘tgan asrning saksoninchi yillarida ham viloyat va tuman markazlarida sanoqligina, qishloqlarda esa bor yo‘g‘i bir donadan dorixona xizmat ko‘rsatgan. Bugun esa deyarli har bir mahallada shoxobchalar bor. Bu, mamlakatimizda farmatsevtika sohasiga e’tibor kuchaytirilgani, dori-darmon ta’minoti izchil yo‘lga qo‘yilayotganidan dalolat.

Ayniqsa, ilgari xorijdan katta valyuta evaziga keltirilgan dori-darmon vositalari va tibbiy anjomlarning aksariyati endilikda o‘zimizda, mahalliy sharoitda ishlab chiqarilayotgani quvonchli. E’tiborlisi, ularning sifati va xavfsizligi to‘liq kafolatlangan. Turli xastaliklarning oldini olish va davolashda yuqori samara berayotir.

Ma’lumki, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 13-moddasida qayd etilganidek, dorixonalar ishi dorixona amaliyoti uchun xos bo‘lgan standartlarga muvofiq amalga oshiriladi va uni boshqarish faqat oliy ma’lumotli farmatsevtik ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslargagina ruxsat etiladi. Dorixona shoxobchalarida esa o‘rta maxsus ma’lumotli farmatsevtlar mudirlik qilish huquqiga ega. Barcha dorixonalar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining farmatsevtik faoliyat uchun ruxsat beruvchi litsenziyasiga ega bo‘lishi, sanitariya me’yorlari va qoidalariga javob berishi lozim.

Bugungi kunda Namangan viloyatida mingga yaqin dorixona va ularning filiallari mavjud bo‘lib, barchasi nazorat kassa mashinasi va hisob-kitob terminallari bilan jihozlangan. Ularda sotilayotgan dori-darmonlarning saqlanishi, sifat sertifikati tegishli idoralar, qolaversa, jamoatchilik tomonidan nazorat qilib borilishi kerak. Amalda qanday? Fuqarolar bu boradagi xizmatdan rozimi?

Sifat va kafolat
— Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, davlat sanitariya nazorati xodimlari bilan hamkorlikda chegara hududlarida joylashgan qishloqlar aholisi o‘rtasida dori vositalari noqonuniy olib o‘tilishining oldini olish bo‘yicha tushuntirish va targ‘ibot ishlari izchil yo‘lga qo‘yilgan, —deydi viloyat bojxona boshqarmasi mas’ul xodimi Ravshan Asqarov. — Xodimlarimiz ham qo‘shni respublikalardan yaroqsiz bo‘lgan dori vositalari kirib kelishiga chek qo‘yish yuzasidan barcha chora-tadbirlarni ko‘rishmoqda.

Shunga qaramay, bojxonachilar ko‘zini shamg‘alat qilishni mo‘ljallagan kishilar uchrab turibdi. Ulardan biri – Namangan shahrida yashovchi fuqaro I. Ne’matjon chegarani kesib o‘tib, 93 million so‘mlik dori vositalarini yurtimizga olib kirishga uringan chog‘da qo‘lga olindi. Bu shaxsning “mol”lari respublikamizga noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan umumiy qiymati 38,4 million so‘m qiymatdagi 1200 dona “Tropikamid” dorisidan iborat bo‘lgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, ushbu preparat Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan shu turdagi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan. Shuning uchun ham uning savdosi faqat giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni saqlash va sotish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lgan dorixonalar va ijtimoiy dorixonalar orqali amalga oshiriladi.

Yana bir misol. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan shahar bo‘limi yaqinda viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda katta miqdordagi yaroqsiz dori vositalarini o‘tkazishga urinish holatini aniqladi. Gap shundaki, shaharning “Istiqbol” mahallasida yashovchi Ya. O tanishi A. ismli shaxs bilan oldindan til biriktirib, umumiy qiymati 426,5 million so‘mlik yaroqlilik muddati o‘tgan “Coldrex Limon“, “Baykal M” dori vositalarini hamda 356 ming dona turli kapsulalarga o‘xshagan moddalarni qayta o‘tkazish maqsadida hovlida saqlab kelayotgan ekan.

Umuman olganda, Namangan viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan 2019 yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida 8 ta holatda 937 million so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori vositalarini O‘zbekiston Respublikasiga noqonuniy olib kirilishiga to‘siq qo‘yildi.

Xo‘sh, o‘ylab ko‘raylik, bunday tibbiy preparatlar orasida qalbakilari yo‘qligiga kim kafolat beradi?! Ular bemorlar tomonidan sotib olinib, iste’mol qilinsa-chi? Shundoq ham dard chekib turgan insonning ahvoli battar bo‘lib, salomatligi xavf ostida qolmaydimi?!

— Oshqozoni jiddiy kasallangan bemorni jarrohlik yo‘li bilan davolashga to‘g‘ri keldi, — deydi namanganlik shifokorlardan biri. — Qandli diabeti ham bor ekan. Amaliyot oldidan qonidagi qand miqdorini kamaytirdik. Operatsiya chog‘ida qo‘shimcha dori vositasi zarur bo‘lib qoldi. Uni qo‘lladik, bemorning ahvoli yaxshilanish o‘rniga u xushini yo‘qota boshladi.

Bilasizmi, idishdagi vosita biz aytgan dori emas, ancha arzon bo‘lgan glyukoza suyuqligi ekan. U qo‘llanilgandan so‘ng bemor qonida qand miqdori yana ko‘payib, holatni murakkablashtirib yuborgan. Ana dorishunoslikdagi qalloblikning ayanchli oqibati. Bu singari voqealar, masalan, yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari iste’mol qilinishi oqibatida ham yuzaga keladi.

— Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasiga iste’mol tovarlarini olib kelishni takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimiz hududida sotiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar majburiy sertifikatlash ro‘yxatiga kiritilgan va bu jarayonni amalga oshirishning milliy tizimi yo‘lga qo‘yilgan, — deydi “Namangan dori-darmon” aksiyadorlik jamiyatining farmatsevtika faoliyatini tashkil etish va nazorat bo‘limi boshlig‘i Rustamjon To‘ychiyev.

— Yurtimizga belgilangan tartib asosida qonuniy yo‘l bilan kirib kelgan dori vositalari va tibbiy buyumlar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish Bosh boshqarmasi tomonidan tahlil qilinib, sertifikatlashtiriladi. Kelib chiqishi noma’lum, noqonuniy yo‘l bilan keltirilgan dori-darmonlarga bunday sertifikat berilmaydi va ular dorixonalarda sotilishi taqiqlanadi.

Dori vositalari kimyoviy, fizikaviy va farmakologik xususiyatga ega. Ularni tashish va saqlash uchun alohida sharoit bo‘lishi zarur. Aks holda dori vositasi o‘z xususiyatini o‘zgartiradi, shifobaxshlik xossasini yo‘qotib, bemor organizmiga nojo‘ya ta’sir ko‘rsata boshlaydi. Xo‘sh, noqonuniy yo‘l bilan keltirilgan, shuningdek, ayrim dorixonalardagi muddati o‘tgan preparatlar bemor vujudiga kirgach, aks ta’sir ko‘rsatmaydi, deb kim kafolat bera oladi?!

Insof sari baraka
— Yaqinda “Aktovegin” infuzion eritmasini sotib olishga to‘g‘ri keldi, — deydi to‘raqo‘rg‘onlik Fatxullo Jo‘raboyev. — Namangan shahridagi dorixonalarga kirdim, anchagina pul turadigan bu dorining narxini solishtirsam, biri-biridagidan 5-6 ming so‘m farq qiladi. Nahotki, yonma-yon turgan shoxobchalarning ayni bir xil dori vositasiga qo‘ygan narxida shunchalik tafovut bo‘lsa, deya ajablandim.

Darhaqiqat, fuqaroning yozg‘irganicha bor. Ayrim “ishbilarmon”lar hisobiga dori-darmon savdosida narxlarni asossiz ravishda belgilash orqali noqonuniy foyda orttirish ko‘zga tashlanib turadi. Buni, masalan, Namangan shahri va tumanlardagi ko‘plab dorixonalarda ham ko‘rish mumkin. Namangan tumani markaziy shifoxonasi yon atrofida 20 ga yaqin dorixona faoliyat ko‘rsatadi. Ulardagi narxlar bilan qiziqdik. “L-lizin essinat” ineksiya uchun eritmasi bitta dorixonada 117 ming so‘m, boshqasida esa 130 ming so‘mdan sotilmoqda.

Yoki “Selemin” ukoli 39 mingdan 42 ming so‘mgacha. Ko‘zga tomiziladigan “Slezol forte” suyuqligining narxi o‘rtasidagi tafovut qariyb uch yarim ming so‘mni tashkil etadi. Xarajat va ustamalarni qo‘shib hisoblaganda 3000 so‘mdan oshmaydigan “Mehrigiyo-2” damlamasi joylarda 4000 so‘m narxda peshtaxtaga qo‘yilmoqda. Narxning xilma-xilligi hatto tibbiyot paxtasi, bint, boshqa turdagi sanitariya gigiyena vositalari sotuvida ham kuzatiladi.

Nega bunday, deb so‘rasangiz “Bizga shunday kelgan yoki ishlab chiqaruvchisi boshqa-boshqada”, degan javobni eshitasiz. Savol tug‘iladi: kim kimni aldayapti? Avlodi bemor qo‘shnisidan borini ayamagan odamlar endilikda dard chekib turgan yurtdoshining rizqiga ko‘z tiksaya!

Dorishunoslik sog‘liqni saqlash sohasining muhim bo‘g‘ini. Uning faoliyatini puxta yo‘lga qo‘ymay turib, aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida ko‘zlangan maqsadga erishish qiyin. Respublikamizda bu boradagi ishlarni takomillashtirish bo‘yicha izchil ish olib borilmoqda. Jumladan, 2016 yilning 31 oktyabrida Davlatimiz raxbarining “Aholini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingan edi.

Mazkur xujjat ijrosi doirasida 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori vositalari va tibbiy buyumlarni ulgurji va chakana sotish, ularni yetkazib beruvchilar sonidan qat’iy nazar, ulgurji savdo uchun sotib olinadigan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan savdo ustamalari qo‘llanishi qat’iy qilib qo‘yilgan. Bunga hamma joyda,har bir dorixonada so‘zsiz amal qilinishi shart.

Biroq, yuqorida keltirilgan misollar qarorning ayni bandiga hamma ham itoat qilmayotganidan darak beradi. Shu o‘rinda dorixona mudirlari va sotuvchilarga insof tilaging keladi. Axir, xalqimiz “Insof sari baraka”, degan ajoyib naqlni bejiz aytmagan-ku! Qolaversa, mazkur tartibning buzilishi bilan bog‘liq xatti-harakatlar o‘z bahosini olishi lozim. Bunda jamoatchilik nazoratidan unumli foydalanish, xususan, iste’molchilar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini keng yo‘lga qo‘yish orqali kutilgan natijaga erishish qiyin emas.

Qudratilla NAJMIDDINOV


Manba: “Xalq so‘zi”

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bemorning ilinji shifoda, dori sotuvchining dardi nimada?