23:53 / 22.12.2019
4 183

“Leninni tirik deb o‘ylar ekanman...”

“Leninni tirik deb o‘ylar ekanman...”
Bolaligimiz allaqanday tartibli, qarashlarimiz muqim, fikrlarimiz muayyan edi. Bizga, asosan, bitta shaxs haqida gapirishardi. Uning dohiyligini, baxtli bolaligimiz, nurafshon hayotimiz faqat u tufayli ekanini uqdirishardi. Zulmatda kechgan xalqlar turmushi uning «chiroq»lari bilangina yorishganini aytishardi. Bu gaplar har kuni, har soat, har daqiqada takrorlanar, kattayu kichikning qulog‘iga, balki miyasining qat-qatiga quyilar edi. O‘sha zamonni ko‘rganlar buni yaxshi biladi...

Birinchi sinfda o‘qiyotgan mahalim edi. Bir kuni uning tug‘ilgan kuni sharafiga maktabimizda katta bayram o‘tkazildi. Bir qancha o‘quvchilar qatori menga ham mukofot berishdi. Quvonchim ichimga sig‘may, qo‘limga tutqazilgan shapaloqday kitobning nomini o‘qiyman: «Mixail Zoshchenko: Lenin haqida hikoyalar». Muqovasining ichki betida meni dohiyga munosib voris bo‘lishga, uning ta’limoti asosida o‘qishga, ishlashga va yashashga da’vat etib, tabrik so‘zlari ham yozilgan edi.

Kitob meni unga yanada yaqinlashtirdi. Uning bolaligi, gimnaziyada qanday o‘qigani, jandarmlarni qanday aldagani, surgunda nima ishlar qilgani, qand-qurslarini bolalarga ulashganini katta hayajon bilan o‘qib chiqqanim hali-hali yodimda. Men endi uni haqiqatda yaxshi ko‘rib qolgan edim. Uni nihoyatda mehribon kishi deb tasavvur qilardim. U bilan ko‘rishish, suhbatlashish ishqi paydo bo‘lgan edi yuragimda.

Hech esimdan chiqmaydi, bir kuni rahmatli otamdan bolalarcha tasavvur bilan: «Siz Lelinni ko‘rganmisiz?» deb so‘radim. «Yo‘q», dedi. So‘ng: «Lelin o‘lganmi?» deya savol berdim. Yana: «Yo‘q», dedi otam. Keyin: «Uni o‘lgan deb bo‘lmaydi», deya mening xatoyimni to‘g‘irlab qo‘ydi. (Uni «o‘lgan» deyish jinoyat edi hatto)
Qulog‘imizga quyishaverganidan, bolaligimga borib, uni tirik deb o‘ylagan ekanman...

Allohga shukrlar bo‘lsinki, uning ishi uzoq yashamadi. Qalblardan-da izi o‘chdi. Haqiqat ustidagi pardalar ko‘tarildi. Fikru qarashlarimiz ham haqiqiy o‘rnini topganday. Bolalagimning beg‘ubor hislarini o‘g‘irlaganlardan, fikratimni haqdan adashtirganlardan unchalik xafa emasman. Ammo bir narsadan xijolatim bor...

Bizga soxta dohiy «yasab», uni sevdirishgan, uni sog‘intirishgan, uning izidan yurishga o‘rgatishgan edi. Lekin biz farzandlarimizga haqiqiy yetakchimiz Payg‘ambar alayhissalomni sevdira oldikmi, qalblarida u zotni ko‘rishga ishtiyoq uyg‘otoldikmi, izlaridan yurishni o‘rgatoldikmi? Menimcha, ko‘pchiligimizning javobimiz: “yo‘q”. Chunki, shaxsan mening farzandlarimdan birortasi: «Dada, siz Payg‘ambarni ko‘rganmisiz?» deb so‘ramadi. Demak, men ularning musaffo tuyg‘ulariyu bolalik qiziqishlarini Payg‘ambarim siyratiga bog‘lay olmabman. Lekin...

Lekin umid uzmayman. Farzandlarim mening Payg‘ambar alayhissalomni ko‘rmaganimni bilishsa-da, nabiralarim hali buni anglashmaydi. Ajabmas, bugun yo erta ular: «Buva, siz Payg‘ambarni ko‘rganmisiz?» deya savol berib qolishsa...

Abdug‘afur Iskandar

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Leninni tirik deb o‘ylar ekanman...”