Iste’dod «kalit»lari onadan o‘tadi! Genimizni uyg‘otsak, nimalarga erisha olamiz...?

  • Hayot tarzi
  • 30-11-2017, 12:21
  • 739
  •  Истеъдод «калит»лари онадан ўтади! Генимизни уйғотсак, нималарга эриша оламиз...?
    O‘zligini anglashni istagan inson borki, genida yashayotgan sirli iqtidor, salohiyatni bilgisi, yuzaga chiqargisi keladi, aslida kimning avlodi ekaniga qiziqadi. Bugungi suhbatdoshimiz Butunjahon Fanlar akademiyasi a’zosi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Genomika va bioinformatika markazi direktori, biologiya fanlari doktori, professor ­Ibrohim ABDURAHMONOV barcha uchun qiziq va sirli bo‘lgan ana shu fan bilan mashg‘ul kam sonli olimlardan biri. «Oila davrasida» nashri olim bilan bo‘lgan qiziqarli suhbatni e’lon qildi.

    — Ibrohim aka, yozuvchi Isajon Sulton o‘zining «Genetik» asarida sizni qahramon sifatida gavdalantirgan ekan. Asarga qahramon bo‘lish qiziq bo‘lsa kerak?
    — Bu xayolimga ham kelmagandi. Navoiy viloyatiga targ‘ibot guruhi bilan borganimda xalq shoiri Iqbol Mirzo bilan suhbatlashib qolganmiz. O‘shanda Iqbol Mirzo «genetika mavzusiga yozuvchilar ham qiziqishyapti», deya meni yozuvchi Isajon Sulton bilan tanishtirib qo‘ygandi.
    Nazarimda, xalqimizda o‘ziga ishonmaslik tuyg‘usi bor. Bu sobiq tuzumning odamlarga qilgan jabri, bo‘yniga sirtmoq solgani va shunga o‘xshash omillar sabab paydo bo‘lgan tuyg‘u. Agar odamlar o‘zini, o‘zligini anglasa, katta ishlarga qodirligini sezsa, bir joyda depsinib turmasdan, olg‘a qadam tashlaydi. Xalqimiz genofondini tekshirganimizda genlarning o‘ta qadimiyligi hamda ularda katta kuch, salohiyat yashirin ekanini aniqlaganmiz. Buni xalqqa oddiy, tushunarli tilda yetkazishda yozuvchining asari qo‘l keldi. Yozuvchi bilan juda ko‘p bu haqda suhbatlashdik, bahslashdik, ishladik. Shu tarzda romanning birinchi nusxasi paydo bo‘ldi. Maqsadimiz xalqni, yoshlarni uyg‘otish, o‘zligini anglashga yordam berish, bunga turtki berish edi. Qarang, bugun o‘ziga ishonmasligi sabab bolalarimiz qayerlargadir, kimlarningdir qora ishini qilish uchun mardikorlikka ketmoqda. Bu bizning millat bolalariga yarashmaydigan ish. Aslida ularning genlarida ulkan iqtidor, salohiyat, kuch yashirin. Buni esa, ularning o‘zi anglab ololmayapti. Biz juda qadimiy xalqmiz. Biz boshqalarga emas, boshqalar bizga kelib xizmat qilishi kerak. Chunki sivilizatsiyaning rivojlanishida ajdodlarimizning o‘rni beqiyos. Bizning yurtimiz dunyoda nafaqat siyosiy jihatdan strategik, balki genofondimizning boyligi va xilma-xilligi tufayli biologik ahamiyatga egadir. Romandan maqsad ana shuni xalqqa yetkazish edi.

    — Buni boshqacha tarzda, ya’ni ma’ruzalar o‘qish yoki targ‘ibot orqali yetkazsa bo‘lmaydimi?
    — Ma’ruzalarda, targ‘ibotlarda buni tushuntirishga harakat qilaman, yoshlarni g‘ururliroq bo‘lishga chaqiraman. Biroq bu harakatlarim kichkina auditoriyalarda qolib ketadi. Roman esa, badiiy tarzda kengroq ommaga yetkaziladi. Bu jihatdan uning kuchi katta. Ayniqsa, qishloqlarda juda ulkan salohiyatga ega yoshlar ko‘p. Ammo biron ish haqida o‘ylashganida ularda «Uddalolmayman, kulgiga qolaman», degan hadik ustunlik qiladi. Mana shu qo‘rquv yo‘qolsa, salohiyat yuzaga chiqadi.

    — O‘zingiz ham qishloqda voyaga yetgansiz. Sizda ham shunday qo‘rquv bo‘lganmi? Sizdagi salohiyatning ko‘z ochishiga nima turtki bo‘lgan?
    — Yettinchi sinfda o‘qiyotganimda matematikadan fan olimpiadasiga qatnashganman. Tumandagi barcha maktablardan o‘quvchilar kelgan, odam ko‘p, birov «Kimsan, qayerdan kelding?», deb ham so‘ramaydi. Sinfga kirib o‘tirdim, berilgan masalalarni yechdim-da, chiqib ketdim. Keyin bilsam, adashib sakkizinchi sinfga kirib qolgan ekanman. Tabiiyki, o‘rin ololmadim. Dadam biologiya o‘qituvchisi edi. Uning maslahati bilan keyingi yili olimpiadaga biologiya fanidan qatnashdim. G‘olib bo‘lib, o‘sha davrning nufuzli musobaqasi «Butunittifoq olimpiadasiga» bordim. U yerda Moskva davlat universitetining o‘qituvchilari imtihon oldi. Qishloq bolasi emasmanmi, rus tilini yaxshi bilmayman. Shu sabab savollarni tarjimon tarjima qildi, men javob berdim. Imtihon olayotgan o‘qituvchi javoblarimdan keyin, ma’noli qaradi-da, «Sen shu yerga o‘qishga kelgin, seni kutaman», dedi. O‘sha onning o‘zida ichimda nimadir yondi. Keyinchalik anglab yetdimki, bu ishonch, genlarimdagi iste’dodning uyg‘onishi ekan. Bu uyg‘onish uchun esa muhit, sharoit kerak ekan. Tengdoshlarim ichida mendan zo‘rlari ko‘p edi. Qarangki, sharoit yo‘qligi sabab, ulardagi iste’dod yuz ko‘rsatmay qolgan. Bu yerda ishonch katta kuch beradi. Ota-onalar esa, shu ishonchni uyg‘otish o‘rniga «Qo‘y, o‘qib olim bo‘larmiding, ko‘zingning nurini to‘kib o‘qishing shartmi?», kabi gaplarni takrorlashadi. Bu bolaning iqtidorini uyg‘otish o‘rniga, unda qo‘rquvni paydo qiladi.

    — Demak, genlardagi iste’dodning uyg‘onishida sharoit muhim ekan-da? Agar muhit bo‘lmasa-chi?
    — Unday holatda salohiyat yuqori darajada bo‘lsa ham, ro‘yobga chiqmaydi. Genlar tabiati shunday: muhitga tushmasa, ishlamay jim turaveradi.
    Tog‘ olma achchiq, yeb bo‘lmaydigan kechpishar meva. Achchiq bo‘lganidan hatto, qush ham yemaydi. Agar uni shaharga olib kelib, ekib qo‘ysangiz, birinchi yili xuddi shunday kech pishadi, achchiq bo‘lganidan hech kim yemaydi. To‘rt-besh yil o‘tgach, doimgidan oldinroq gullay boshlaydi. Yillar o‘tgach, mevasiga ham maza kiradi. Maza kirdi degani bu — katta mazmunga ega. Agar uni yana olib borib toqqa ekib qo‘ysangiz, bahorda birinchi bo‘lib gullaydi. Olmasi ham shirin bo‘ladi, qushlar yeydi. 4-5 yillar o‘tib esa, xuddi atrofidagilar singari kech gullaydi, mevasi ham yana achchiq bo‘ladi. Bu epigenetika, ya’ni moslashuv, deyiladi. Aslida inson o‘ziga ishonch, muhit yaratishi kerak.

    — Muhitni qay tarzda yaratish kerak, deb o‘ylaysiz? Yoshlarning aksariyat qismi qishloqlarda yashasa…
    — Muhitning asosiy qismi maktabda. U yerda o‘quvchilar yangiliklar bilan qancha ko‘p tanishtirilsa, bolalar shunchalik o‘zlariga tashqaridan razm solishni o‘rganadi. Ayniqsa, sayohatlar, boshqa muhitda ta’lim olayotgan bolalar bilan uchrashuvlar tashkil etish, ular bilan muloqotlar o‘tkazilishida ham bolaning tashqaridan o‘ziga razm solishga, o‘zi haqida o‘ylab ko‘rishga undaydi. Chunki odamning har qanday holatda o‘z «men»i bo‘ladi, o‘zini yo do‘stiga, yo qo‘shnisiga, yo akasiga solishtiradi. Shunda ichida «Men-chi?», degan ovoz keladi, g‘ururi uyg‘onadi. Bu kichik ko‘rinishdagi narsa, biroq eng muhimi, u paydo bo‘ldi. Bunga qarama-qarshi tarzda, unda yana «Buning orqasida tanishi bor», degan fikr paydo bo‘ladi. Agar shu «Orqasida kimidir bor», degan fikrdan «Men ham uddasidan chiqa olaman», «Bu mening ham qo‘limdan keladi», degan fikrlar yutib chiqsa, genlardagi iqtidor ishlay boshlaydi…
    Olimpiadada sobiq ittifoqda ancha ilg‘or edim. Biroq meni butunjahon olimpiadasiga chiqarishmagan. O‘sha paytda ichimda «Nega men chiqmasligim kerak, axir men kuchliroqman-ku?!» degan fikr kechardi. Shuning o‘zi o‘zimga bo‘lgan ishonch edi.

    — Demak, iste’dodning uyg‘onishi uchun, «Unga kimdir yordam beryapti», degan fikrdan yiroq bo‘lish kerak ekan-da?
    — Albatta, ikkimizni solishtirsak, siz jurnalistsiz, men esa olim. Ammo ikkovimizda ham deyarli bir xil tuzilishga ega 26 mingtadan gen bor. Farqimiz, sizning geningiz yozuvchilik, ijodkorlik jabhalarida tezroq ishlaydi. Men bir jumlani 20 daqiqa o‘ylasam, siz ikki daqiqada buni yoza olasiz. Chunki sizda buning «kalit»lari bor. Bu «kalit»lar esa, muhitga tushib, ishlay boshlagan. Bir soniyada 10 ta nusxa mahsulot chiqadi o‘sha gendan, mendan esa bitta chiqadi. Mashq qilinmasa, gen sekin ishlaydi. Ammo genlarning bittasi ko‘proq, boshqasi kamroq ishlaydi. Aslida farqimiz shunda. Agar har kuni o‘qisangiz, o‘sha gen ishlab ketadi va buning izi genda «kalit» bo‘lib qoladi. Bu avloddan-avlodga beriladi. Masalan, sinfga kirib, o‘quvchilarga misol bersangiz, orasidan bittasi juda tez ishlab keladi. Chunki uning genida o‘sha «kalit» mavjud. Boshqalarida ham shu gen bor, ammo «kalit»i yo‘q. Chunki bu bilan ota-onasi shug‘ullanmagan. Odatda, ular bolasi nimagadir ozgina qiynalsa yoki no‘noqlik qilsa, farzandini ayblashadi. Aslida aybdor ularning o‘zi. Vaqtida genni ishlatishmagan.

    — Gen yoki gen «kalit»lari ko‘proq onadan o‘tadimi yoki otadan?
    — Bu ko‘proq onadan o‘tadi. Chunki sitoplazmada urug‘-hujayra suyuqligi ko‘proq. Spermazoidda suyuqlik kam. Gen bir xil, ammo «kalit»lari onada saqlanib qoladi. Shu sabab «kalit»lar (fanda buni mikroRNKlar deymiz) ko‘proq onadan o‘tadi. Shuning uchun ona qanchalik shug‘ullansa, bilimli bo‘lsa, bu bolaga o‘tadi. Bolada iqtidor tezroq ko‘z ochadi.

    — Qiz bola otasiga, o‘g‘il bola onasiga o‘xshaydi, degan gapda qanchalik haqiqat bor?
    — Bu gapda yuz foiz haqiqat bor. Jo‘ngina tushuntirsam, erkaklarda bitta «Y», bitta «X» xromosoma bor. O‘g‘il bolaga «X» onadan, qiz bolaga otadan o‘tadi. Qiz bola bo‘lib tug‘ilish uchun otaning «X»i o‘tishi kerak. Agar otadan «Y» o‘tsa, o‘g‘il bola tug‘iladi. Qizlarga xususiyatlar onadan ham o‘tadi, biroq qizlarda otaning «X» xromosomasi bo‘lgani uchun ota belgilari qizlarda ko‘proq ko‘zga tashlanadi va aksincha o‘g‘il bolalarda onadan o‘tgan «X» tufayli onaning belgilari yaqqolroq ko‘rinadi. Gohida «Aroqxo‘rning bolasi aroqxo‘r, o‘g‘rining bolasi o‘g‘ri bo‘ladi», degan gaplar qulog‘imizga chalinadi. Aslida bu gap noto‘g‘ri. To‘g‘ri, ularda bunga moyillik yuqori bo‘ladi, ammo muhitga tushmasa, hech qachon bu illatga yo‘liqmaydi. Agar genida bunga nisbatan «kalit»lar bo‘lmasa, qancha ko‘rsa ham ichmaydi.

    Bundan tashqari, genetikada psixologik jihatdan qiziq holat mavjud. Faraz qiling, biron yomon narsa haqida bilmagan holda o‘ylab qo‘ydingiz. «Birov bilib o‘tiribdimi, o‘zim o‘ylab qo‘ydim-da», deysiz, o‘zingizga o‘zingiz. Ammo bu kelajakda hayotingizda ro‘y beradi yoki bolangizda bu yomon xususiyat paydo bo‘ladi. Bekorga «Niyatlaringni pok qil», deyilmagan. Shu sababdan odam o‘zini qanchalik ham amaliy, ham fikriy jihatdan pok tutsa, farzandlari ham xuddi shunday niyatlarini pok qilishni biladi. Botiniy ongda kechadigan holatlar ham, qilgan amallari ham avloddan-avlodga o‘tadi.

    — Shifokorlar ayrim kasalliklar nasldan naslga o‘tadi, deb ta’kidlasa, boshqalari buni rad etadi. Nima deb o‘ylaysiz, agar ota-bobosi biron kasallik bilan og‘rigan bo‘lsa, bolada ham shu namoyon bo‘ladimi?
    — Genlar avloddan-avlodga meros qoladi. Shuningdek, barcha kasalliklar nasldan-naslga o‘tadi. Biroq bu agar ota biron kasal bilan og‘rigan bo‘lsa, bola ham shundan azob chekadi, degani emas. Chunki buning uchun kasallikni yuzaga chiqaruvchi muhitga tushish lozim. Noto‘g‘ri hayot tarzi, stress, hatto, psixologik jihatdan shunga moyil bo‘lib qolishdan ham muhit yaralishi mumkin. Bunday holatda ishlamay turgan kasallik geni ishlab ketadi. Masalan, kasalliklarga muhitni shamollash keltirib chiqaradi. Chunki shamollaganda hujayrada buzilish yuzaga keladi.

    — Hozirda bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar to‘ydan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilyapti. Ularga o‘sha paytda sog‘lom, deb tashxis qo‘yilsa ham, negadir gohida farzandlari nuqson yoki turli kasalliklar bilan tug‘iladi. Shunda ko‘pchilik beixtiyor «Genlari to‘g‘ri kelmabdi», degan fikrga boradi…
    — Bu holat yuzaga kelmasligi uchun skrining qilish kerak. Agar yigitning ma’lum bir geni — masalan, APO (qon bosimini keltirib chiqaruvchi gen) genidagi takrorlar soni 44 (ya’ni kasallikka moyil), qizniki 34 (sog‘lom) bo‘lsa, bolaniki 36-38 atrofida bo‘lib, ushbu kasallikka moyilligi otanikidan ancha kam bo‘ladi. Agar kelin-kuyovniki birday 44 bo‘lsa, bolalari kasallikka moyillik bilan tug‘iladi. Shuning uchun kelajakda aholini sog‘lomlashtirish uchun genetik testlarni yo‘lga qo‘yish muhim qadamdir.

    — Ota-bobolarimiz boshqa ovuldan kelin olib kelishga harakat qilgan. Buning zamirida biror ilmiy asos bormi?
    — Albatta. Har bir genni ikki xil ko‘rinishi yoki allellari bo‘ladi, biri ustun (dominant), ikkinchisi yashirin (retsessiv)holda uchraydi. Shartli ravishda dominant allellar katta harflarda, masalan, «A», yashirin allellar kichkina harflarda, ya’ni «a» deb belgilanadi. Allelning ikkitasi ham bir xil (ayniqsa, yashirin holatning) ya’ni gomozigota bo‘lsa, genetik xavfning ko‘lami oshadi. Bu esa ko‘pincha yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh natijasida sodir bo‘ladi. Agar kelin begona urug‘dan bo‘lsa, allellarning ikki xilligi saqlanadi. Agar kuyovnikida kasallik bo‘lsa, kelinning alleli xastalik xavfining oldini oladi yoki buning aksi. Allellar bir-biriga o‘xshamasa, kelin begona urug‘dan bo‘lsa, bolalar sog‘lom, chiroyli bo‘lib tug‘iladi. Ruhiyati ham kuchli, xushchaqchaq, hayotsevar bo‘lib ulg‘ayadi. Yana shunday haqiqat bor. Begona, umuman bir-biridan uzoq naslga mansub ikki jins turmush qursa, ikkalasining salohiyati qo‘shilib, farzand juda kuchli iqtidor egasi bo‘lib dunyoga keladi. Buni genetiklar geterozis deb atashadi. Ularga ota-onada yo‘q bo‘lgan iste’dod ham qo‘shiladi, yashovchanligi juda yuqori bo‘ladi.