15:16 / 06.04.2018
7 506

«Erim – orsiz, men – mardikor, bolam esa...»

«Erim – orsiz, men – mardikor, bolam esa...»
Samarqandga yaqindagina farzandli bo‘lgan dugonamni yo‘qlash uchun bordim. Buni qarangki, Toshkentdan bizni olib ketadigan haydovchi ayol kishi ekan. Elakka chiqqan xotinning ellik og‘iz gapi qaynaganidek, u bilan yo‘l bo‘yi gurunglashib manzilga qanday yetganimizni ham bilmay qoldik. Haydovchi ayol har kuni uzoq yo‘l yurgani bois juda ko‘p odamlar bilan tanishishi, ularning hayoti haqida turli-tuman voqealarni eshitishi haqida gapirdi. Mana bu uning hikoyasi...

– Samarqanddan poytaxtga yollanib ishlash uchun keladigan ayollar ko‘p. Ularni olib kelib, olib ketib yuraman. Bu ayollarning gaplari, hayotini eshitsangiz, erkak zotidan ko‘nglingiz qolib ketadi. Sizga bir ayolning hayotini aytib beraymi?

«Erimning tayinli ishi yo‘q edi. Chekadigan sigaretigacha men olib berishim kerak. Bolalarim och-nahor qolib ketsa ham u buning tashvishini qilmagan, hech. Divanga ag‘anab olgancha «Choy obkeye, ovqat qil», deya televizor ko‘rishdan, zeriksa ko‘chaga chiqib, bolalarining noni uchun topilmagan pulni topib, ichib kelishdan boshqasiga yaramasdi. Uch farzandim bor, shularni yetim qilmay, deb chidadim, erimning o‘rniga o‘zim ishladim.

Bir kuni odatdagidek, Toshkentdagi mardikor bozoriga keldim. Havo juda sovuq. O‘ttizga yaqin ayol ish umidida, pul topish ilinjidamiz. Tushga yaqin «Jip» mashinasida bir kishi keldi-da, 20 tacha ayolning ichidan meni imlab chaqirdi va uyini yig‘ishtirish kerakligini aytdi. Xizmat haqimni kelishgach, mashinasiga chiqib uyiga ketdik. Erim shubhaga bormasligi uchun ishga kelganimda doim 5 yashar o‘g‘lim yonimda bo‘lardi. O‘sha kuni ham bolamni olib kelgandim.

Biz chiqqan mashina yangi qurib bitkazilgan bir hovlining darvozasi yonida to‘xtadi. Ichkariga kirdik. Uy egasi bizga sovun-povun deganday tozalash uchun kerakli narsalarni olib kelib berdi va «Hozir kelaman», deb ustimizdan qulflab ketdi. Men kechga qadar tinim bilmay ishladim, uydagi chang-chunglarni artib, kirlarni yuvdim, hovli supurdim, xullas, yumushlar bilan kuymalanib oqshom kirganini ham bilmay qolibman.

Soat 22 bo‘lyapti hamki, uy egasidan darak yo‘q. Kech qolib ketyapman, tezroq ijara uyimizga yetib olishim kerak. Bolam g‘ingshib ortimdan yura-yura charchab, uxlab qolgan. Bir mahal uy egasi kirib keldi. Ichib olgan ekan, shekilli, ko‘zlari suzilib, g‘alati tirjaydi. Keyin choy damlab berishimni aytdi-da, biroz chayqalib qadam olgancha yotog‘iga kirib ketdi.

Choy damlayotgandim. Haligi odam ortimdan kirib kelibdi, payqamabman. Hech kutilmaganda birov ortingdan kelib yopishsa qo‘rquvdan o‘zingni yo‘qotib qo‘yarkansan. Rosti, erim yomon bo‘lsa ham o‘n yil yashab biror marta unga xiyonat qilishni o‘ylamagandim, bunday xayolga borishning o‘zidan hazar qilardim. Vahimaga tushib, unga qattiq qarshilik ko‘rsatdim. Baqiray, desam mehmonxonada o‘g‘lim uxlab yotibdi, uyg‘onsa qo‘rqib ketadi. Shunda ham qarshilik ko‘rsatishdan to‘xtamadim, u esa men istamaganim sayin battar yopishar, hayvondek pishillagancha kiyimlarimni bitta-bitta yirtib otar, sochimni changallab olgan, «Qo‘rqma, pulingni beraman, narxingni aytasan, hozir jim tur, meni asabiylashtirma, jonon» deya niyatiga yetishga urinardi. Qo‘lim bilan ko‘ksiga mushtlar, oyog‘im bilan duch kelgan joyiga tepardim. U shunda ham to‘xtamasdi. Shu on naqadar ojiz, baxtsiz ekanimni o‘ylab ko‘zlarimga yosh keldi. Aroq hididan ko‘nglim aynirdi. G‘alati bir charchoq his qildim, taxminan ikki-uch soniya karaxt bo‘ldim...

Bir mahal ne ko‘z bilan ko‘rayki, oshxonaning eshigini qiya ochgancha... bolam, jigargo‘sham qo‘rquv va savol to‘la ko‘zlari bilan menga qarab turardi. Miyamda nimadir portlagandek bo‘ldi. Meni taslim qilgan soniyalar darhol o‘z kuchini yo‘qotgani va qayerdandir bitmas-tuganmas bir kuch vujudimga yog‘ilib kela boshlaganini his qildim. Ikki qo‘limni tepaga ko‘tarib, bir zarb bilan oshxona stulini joyidan qo‘zg‘atdim-da, badanimga zulukday yopishib olgan pastkashning boshiga tushirdim. U o‘zini yo‘qotdi, boshini changallagancha yotgan joyida yonboshiga ag‘anadi va men qo‘lidan chiqib ketdim. Bolam hamon mo‘ltirab turar, endi uning ham ko‘zlaridan marjondek yosh dumalar, unsiz yig‘lardi. Tez-tez sochilib yotgan kiyimlarimni yig‘ib, avratimni to‘sdim-da, jon holatda bolamni yetaklab oshxonadan chiqdim. Eshik yonidagi javonda osig‘liq turgan paltomni kiydim. O‘g‘lim ikkimiz yugurib hovliga chiqdik. Qarasak eshik qulf...

Nima qilarimni bilmay hovlida turib olgancha baqirdim: «Yordam bering, odamlar yordam beriiing!», deya. Oradan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas hovlining darvozasi taqilladi.

– Tinchlikmi, nima bo‘ldi? Eshikni oching, kimsiz? Tolibboyga kim bo‘lasiz? – dedi tashqaridagi odam.

– Men... men hech kim, uyini tozalashga kelganman. U menga tashlandi, qochishim kerak, yonimda bolam bor, iltimos, yordam bering, kalitni topolmayapman, – deya yolvordim.

– Singlim, qo‘rqmang, qo‘rqmang, men shu yerdaman, hozir, hozir militsiya chaqiraman, siz faqat qo‘rqmang, xo‘pmi? Bolangizni qo‘rqitib yuboryapsiz, yig‘lamang, singlim, men shu yerdaman, hozir, hozir ochamiz, eshikni.

Uy ichkarisidan sas-sado yo‘q. Bolam ikkimiz qo‘rquv va sovuqdan dag‘-dag‘ titrardik. Bu orada militsiya mashinasi yetib keldi va temir darvozani buzib ochishdi. Keyin birgalikda uy ichiga kirdik. Bolamni qo‘shni xotin ushlab turadigan bo‘ldi. U «aya, ayalab» yig‘lagancha qoldi. Uyga kirsak, haligi to‘ng‘iz oshxonada – o‘sha joyda xurrak otib yotar, boshi qonga belangan edi. Shundagina uni o‘ldirib qo‘yishim ham mumkin edi-ku, degan xayol miyamga kelibdi.

Bizni so‘roq qilishdi, tushuntirish xati yozdik. Keyin yordam so‘raganimda birinchi bo‘lib yetib kelgan haligi odam o‘g‘lim ikkimizni mashinasida ijara uyimizga olib borib qo‘ydi...

Endi aqlim kirgandi. Endigina tushungandim – shuncha yil bolalarim, ularning kelajagi uchun yashabman, tirik yetim qilmay, debmanu aslida, farzandlarimning istiqboliga o‘zim bolta uribman. Hech bir onaga, hech bir ayolga, hatto dushmanimga ham bunday qismatni ravo ko‘rmayman. Bolaginam besh yoshida, bir kunda, bir lahzada ulg‘ayib qoldi. O‘zi bilmagan va o‘zi istamagan holda ko‘zi ochildi. Onasini ... shunday holatda ko‘rganidan beri jim, xomush, hech kimga qo‘shilmaydi, avvalgidek bag‘rimga otilib, kechalari «Qo‘lingizni ushlab yotay, ayayaya!» deya erkalanmaydi, o‘rtoqlariga qo‘shilib o‘ynamaydi, qiqirlab kulmaydi. Yaxshiyam, akasi rasm chizishni o‘rgatib qo‘ygani, har kuni bog‘chadan kelishi bilan daftar-qalamini chiqarib rasm chizishga tutinadi, shu bilan dunyolarni unutadi.

Uni kechirmadim. Umrimning o‘n yilini o‘g‘irlagan, hayotimni do‘zaxga aylantirgan, aybsiz aybdorlik yukini bir umr yelkamga ortmoqlab yurishga mahkum qilgan odamni kechirmadim. Uni erim deyishga tilim bormay qoldi. O‘sha kuni uyga qaytishim bilan yuk-jandug‘imni yig‘ishtirayotib bu gapni o‘ziga ham aytdim: «Bugundan boshlab men sening jufti haloling emasman! Bilib qo‘y, men hozir birovning qo‘ynidan chiqib kelyapman, senga xiyonat qildim, yuzingga tupurdim, eshityapsanmi?! Sen aybdorsan, bildingmi, sen aybdorsan! Men bunday bo‘lishini xohlamagandim. O‘n yil yashab biror marta yuzingga oyoq qo‘ymadim, sha’ningga zarracha dog‘ tushirmadim! Lekin sen bilmading, bilmading, buni! Bugungisi oxirgi nuqta bo‘ldi...».

Erim biroz angrayib turdi, keyin esa «Nega? Nima bo‘ldi? Bu nima deganing? Nima uchun bunday qilyapsan? Qanaqa xiyonat? Ishonmayman, yolg‘on gapiryapsan! Men bilan yashashni istamay qolgan bo‘lsang, boshqa bahona top, bunday deb dilimni og‘ritma...», deb yolvorishga tushdi. Oyog‘imga tiz cho‘kdi, «Endi o‘zgaraman, ishlayman, senlarni o‘zim boqaman, ketma, bolalarimdan ayirma, meni...»lab yig‘i-sig‘i qildi. Kech edi, juda kech edi. Chunki men bu qarorga o‘zim, o‘z xohishim bilan kelmadim, taqdir meni shu yergacha olib keldi, oilamiz allaqachon qulab bo‘lganini, endi bir tom ostida yashash imkonsizligini yuzimga oyna tutib, o‘sha yuzsiz erkak misolida ko‘rsatib berdi. Men shu lahzalarda o‘tgan o‘n yillik hayotim, erim bilan kechirgan yaxshi-yomon kunlarim, uni bir umrga tark etayotganim haqida o‘ylamasdim. Bolam, mittiginam, onasiga hayvondek tashlanganlarining guvohi bo‘lgan, uni juda jirkanch, kechirib bo‘lmas holatda ko‘rgan o‘g‘limnigina o‘ylardim. Ertaga uning ko‘ziga qanday qarayman? Hozir u shunday yoshdaki, ko‘rgan-kechirganlari xotirasiga toshga o‘yilgan naqshdek muhrlanib qoladi, u kunni, o‘sha mash’um kunni unutmaydi. Pul dardida begona erkakka ishonib, uning uyiga kirib borgan onasini kechirmaydi, ha, kechirolmaydi. Istasa ham buning iloji yo‘q...»

– Bilasizmi, nima, – gapida davom etdi haydovchi ayol. – Ajrashgan ayolni hamma ayblaydi, yengiltak, oxirini o‘ylamay ish qilganga chiqaradi. Lekin surishtirib kelsangiz, yaxshi erdan hech kim voz kechishni istamaydi. Menimcha, oilasi buzilgan ayollarning to‘qson foizi o‘z aybi va xohishi bilan emas, eri tufayli shu qarorga keladi. Buni sizga men – odamlarning ichida, har kuni ular bilan hamnafas, hamsuhbat bo‘layotgan odam aytyapman. Ishoning, erkak kishida or bo‘lsa, u hech qachon oilasini ko‘chada qoldirmaydi, jufti halolini birovlarga xo‘rlatib qo‘ymaydi. Hech qachon!”
Muborak OXUNOVA yozib oldi.

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » «Erim – orsiz, men – mardikor, bolam esa...»