23:50 / 21.05.2018
4 977

Zakotda nisobning ahamiyati

Zakotda nisobning ahamiyati
Hanafiylar: “Zakotning sababi – Shamsiy (oy hisobi)da emas, qamariy (oy hisobi)da bir yil aylanishlik va bandalar tarafidan talab qilinadigan qarz bo‘lmaslik sharti ila o‘sib turuvchi, asliy hojatdan ortiqcha, nisob miqdoriga (yetgan molga to‘liq) ega bo‘lishlikdir”, deganlar.

Bir narsaning vujudga kelishi sabab va shartga bog‘liq bo‘ladi. Illo, vojib bo‘lishligi esa, sababga bog‘lanadi, shartga emas. Masalan, nisobga ega bo‘lmagan kishiga zakot yo‘qdir. Vaqf narsalarida ham egalik bo‘lmaganligi uchun zakot yo‘q. Chunki molning nisobga yetishi va molga to‘liq ega bo‘lish zakot farz bo‘lishining sababidir.

Quyida zakotning sabablari borasida ahli sunna val jamoaning barcha mazhablarida qanday tahlillar qilinganligini bilib olamiz:

“Shamsiy (oy hisobi)da emas, qamariy (oy hisobi)da” deganning ma’nosi – qamariy oy hisobidagi yil, uch yuz ellik to‘rt kundir. Shamsiy oy hisobidagi yil esa, uch yuz oltmish besh kundir. Va shamsiy yil yillar o‘zgarishi bilan gohida uch yuz oltmish besh kun bo‘lib, gohida esa, o‘sha kunlardan ham ziyoda bo‘lib, o‘zgarib turadi.

“Bir yil aylanishlik” deganda – zakot beruvchining ega bo‘lgan moli nisobga yetgan paytidan boshlab bir yil o‘tgan bo‘lsa, unga zakot farz bo‘ladi.

Bir yil aylanishi haqida mazhablar turlicha bayon qilishgan:

Hanafiylar: “Yilning ikki tarafida (ya’ni, boshi va oxirida) nisobga yetgan bo‘lishi shart qilinadi. Nisob yil davomida to‘liq turadimi yoki yo‘q bo‘ladimi farqi yo‘q. Sababi, agar yilning avvalida to‘liq nisobga ega bo‘lib, yil aylanguniga qadar to‘liqligicha qolsa, zakot farz bo‘ladi. Agar yil davomida nisob noqis bo‘lib, so‘ng yil oxirida nisob to‘liq bo‘lib qolsa, unga yana zakot farz bo‘laveradi. Ammo agar yil tugagunicha noqisligida davom etaversa, bas, unga zakot vojib bo‘lmaydi. Kimki, yilning avvalida nisobga ega bo‘lib, so‘ng yil davomida molda foyda qilsa, (foyda) molning asliga qo‘shiladi. Agar foyda qilingan mol o‘zidagi molning jinsidan bo‘lib, jamlangan mol nisobga yetsa, u(foydasi)ga ham zakot farz bo‘ladi. Albatta, bir yil aylanishlik ziroat va mevalardan boshqasida shart qilingandir. Ammo ular, ya’ni ziroat va mevalar zakotida ana shu (bir yil aylanishlik) shart qilinmaydi”, deganlar.

Molikiylar: “Zakot farz bo‘lishligi uchun bir yil aylanishligi ma’dan, oltin yoki kumush rudasi(yo‘mbisi) va ekin, ya’ni poliz va bog‘dorchilik mahsulotlaridan boshqa(mol)larda shart qilingan. Ammo bir yil aylanmagan bo‘lsa-da, ularga ham zakot farz bo‘ladi. Agar yilning avvalida oltin yoki kumush(mol)dan nisobga ega bo‘lsa, so‘ngra yil davomida kamayib, yil oxiriga borib nisobi yetadigan miqdorda foyda qilsa, unga zakot farz bo‘ladi. Chunki foydaning aylanishi o‘sha(nisob)ning asli bo‘ladi. Garchi yilning avvalida nisobdan ozrog‘iga ega bo‘lsa-da, so‘ng unda tijorat qilib, yilning oxirida nisobga yetadigan miqdorda foyda qildi, uni hammasini jamlab, qilgan foydasiga ham zakot farz bo‘ladi”, deganlar.

Hanbaliylar: “Zakot farz bo‘lishligi uchun bir yil o‘tishligi shart qilinadi. Agar bir yil o‘tishligiga yarim kun kam bo‘lsa ham, zakot farz bo‘laveradi. Ushbu shart pullar, chorva va tijorat mollarining zakotida e’tiborga olingandir. Ammo bulardan boshqa: meva, ma’danlar va oltin yoki kumush rudasi kabilarda zakot farz bo‘lishligi uchun bir yil aylanishligi shart qilinmaydi. Bir yil aylanishligi nisobning to‘liq bo‘lishligi bilan bo‘ladi. Agar nisobga yetishiga yaqin qolgan bo‘lsa, yilning avvalida nisobdan ozrog‘iga ega bo‘lib, so‘ng unda tijorat qilsa, nisobga yetadigan miqdorini foyda qilganda, nisobga yetgan paytdan bir yil to‘liq bo‘lishi e’tibor qilinadi. Zakot faqatgina bir yildan to‘liq bir kun o‘tganda (farz) bo‘ladi. Ammo yilning avvalida nisobga ega bo‘lib, so‘ngra yil davomida unda tijorat bilan o‘zining jinsidan bo‘lgan molni foyda qilsa, foyda o‘zidagi molga qo‘shiladi. Asl yilda hammasini jamlab, zakot beradi. Chunki foyda qilingan yili asl nisob paydo bo‘lgan paytdagi u(nisob)ning asl yilidir”.

Shofe’iyilar: “Zakot farz bo‘lishi uchun bir yil aylanishini tayin qilish shart qilinadi. Agarchi yil bir lahza kam bo‘lsa ham, zakot yo‘qdir. Bir yil aylanishi donlar, ma’dan, oltin yoki kumush rudasi va tijorat foydasining zakotidan boshqa(mollar)da shart qilinadi. Chunki tijorat foydasining asl yiliga asliy nisob yetgan bo‘lishlik sharti bilan zakot beriladi. Agar mol nisobdan ozroq bo‘lib, so‘ng tijorat foydasi bilan nisobga yetsa, nisobga yetgan paytidan bir yil hisoblanadi. Agar nisob yilning avvalida to‘liq bo‘lib, so‘ng yil davomida kamaysa, keyin yana nisobga yetib qolsa, faqatgina to‘liq bir yil-u bir kun o‘tsa zakot farz bo‘ladi”, deganlar.
Nuriddin AKROMOV,
Yangiyo‘l tumani “Imomi A’zam” jome masjidi imom noibi.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Zakotda nisobning ahamiyati