15:04 / 27.07.2019
3 513

Sanoatdan san’atga: O‘zbekiston London moda liboslar ko‘rgazmasida (video)

Sanoatdan san’atga: O‘zbekiston London moda liboslar ko‘rgazmasida (video)
Londonda o‘tgan "Pure London" moda liboslar ko‘rgazma-savdosida O‘zbekiston o‘zining to‘qimachilik mahsulotlarini namoyish qildi.
Jahon moda sanoatining eng yirik ko‘rgazmalaridan birida O‘zbekistonni "Istiqlol tekstil dizayn", "Vakkoni Collection" hamda "Textile Tashkent Mill" O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonalari tamsil qildi.

O‘zbekiston stendini bezagan kiyim-kechaklarning aksari allaqachon dunyoning ko‘plab davlatlariga eksport qilinadi.

Toshkentdagi "Textile Tashkent Mill" korxonasi rahbari Tohir Hoshimovning Bi-bi-si bilan suhbatda aytishicha, ular o‘zbek paxtasidan ishlab chiqarayotgan paypoqlar sifatli va chidamliligi bilan, masalan, Xitoy paypoqlaridan ajralib turadi.

Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda bunday mahsulotlar borligini ko‘pchilik bilmaydi.

"Asosiy bozorimiz Rossiya bilan Germaniya. Mahsulotlarimizni yaxshi ko‘rib olishadi. Endi Yevropaga eksportni kengaytirmoqchimiz. Jumladan, Britaniyaga ham", – deydi toshkentlik tadbirkor.

Uning aytishicha, 2011 yilda ochilgan qo‘shma korxona 50 nafar ishchi bilan faoliyat boshlagan bo‘lsa, hozir 350 dan ortiq odam ishlaydi.
Korxonaning asosiy maqsadi eksportga ishlash.

"Hozir korxonamizda oyiga bir-bir yarim million juft paypoq ishlab chiqariladi. Shuning 95 foizini eksport qilamiz", – deydi tadbirkor.
Uning aytishicha, O‘zbekistonda oxirgi yillarning eng yirik islohoti milliy valyuta konvertatsiyasining ochilishi bo‘lgan.

"Oldin konvertatsiyadan qiynalardik. Hozir to‘siqlar olib tashlandi. Bizga o‘xshab eksportga ishlaydigan korxonalar uchun bu asosiy narsa. Hozir tushgan valyutamizni o‘sha kunning o‘zida so‘mga konvertatsiya qilib, ishlata olamiz", – deydi Tohir Hoshimov.

Uning aytishicha, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llash kerak, ammo iqtisod ochiq raqobat muhitida rivojlanadi.

"Xitoy mahsulotlari bilan raqobatlashish qanchalik oson?" degan savolga javob berarkan, Tohir Hoshimov o‘zlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarning ustun jihati birinchidan narx, ikkinchidan sifat ekanini aytadi.

"O‘zbekiston paxtasidan qilingan iplarning sifati yaxshi. Misol uchun, Xitoyda sintetika aralashtiriladi, bizda esa toza paxta bo‘lgani uchun sifatimiz yaxshi. Ipimiz 100 foiz paxta", – deydi u.

Bi-bi-si tadbirkordan O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda monopoliyalar atrofida avj olgan bahslarga munosabatini ham so‘radi.

"Bu borada diskussiyalar ko‘p. Kimdir chegalarni ochib tashlash kerak deydi. Boshqa odam chiqib, ichki bozor endi oyoqqa turayapti, savdoni cheklash lozim degan fikrni aytadi. Iqtisodda yagona qoida yo‘q. Shu ikkala nazariya o‘rtasidagi oltin o‘rtaliqni topish kerak deb o‘ylayman", – deydi Tohir Hoshimov.

Uning aytishicha, "Textile Tashkent Mill" London ko‘rgazmasida birinchi bor qatnashishi.
"Raqobatbardosh mahsulotlarni ko‘rdik, o‘rgandik, har doim shunday ko‘rgazmalarda yangi narsalarni o‘rganamiz", – deydi tadbirkor.

O‘zbekiston stendining katta qismini namanganlik to‘qimachilarning mahsulotlari tashkil etdi.

Ular orasida O‘zbekistonning o‘zi, Turkiya hamda Rossiya bozorlarida allaqachon tanilib ulgurgan Namanganning "Ideal" ("Istiqlol tekstil dizayn") kostyum-shim, ko‘ylak va boshqa mahsulotlari bor edi.

Namanganning to‘qimachilik sohasida yetakchi to‘rt shirkatini o‘zida birlashtirgan guruhning Yevropadagi doimiy vakili Akbarjon Yoqubovning aytishicha, mahsulotlar hozirning o‘zida 15 dan ortiq davlat, jumladan, Germaniya va AQShga eksport qilinadi.

"Xudoga shukur, sifat zo‘r, jahondagi eng yaxshi sertifikatlarni olganmiz, mahsulotlar sifati belgisi ostida chiqadi, kafolatlangan", – deydi Akbarjon Yoqubov.

Londondagi ko‘rgazma chog‘ida u tamsil qilgan "Vakkoni Collection" Londonning "The Notting Hill Shopping Bag" shirkati bilan biologik toza sumkalar yetkazib berish bo‘yicha shartnomani imzolagan.

Unga muvofiq yaqin orada London supermarketlarida Namanganda ishlab chiqarilgan ekosumkalar paydo bo‘ladi.

The Notting Hill Shopping Bag har oy 10 ming dona 100 foiz o‘zbek paxtasidan bo‘lgan va atrof-muhitga zararsiz sumkalardan sotib olish uchun buyurtma bergan.

"Maqsadimiz O‘zbekistonning ekologik toza paxtasidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Britaniya bozoriga olib kirish. "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi korxonalari 50 dan ortiq rivojlangan mamlakatga o‘zlarining mahsulotlarini eksport qiladi. Bu yildan Britaniya bozoriga ham eksportni boshlayapmiz", – deydi ko‘rgazmada ishtirok etgan "O‘zto‘qimachiliksanoat" vakili Mahbuba Sultonova.

O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik sanoati xomashyo eksportidan tayyor va yarimtayyor mahsulotlar eksportiga o‘tish jarayonini yakunlash arafasida.

Hukumat 2019 – 2025-yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqqan.
Unda 2025 yilga borib to‘qimachilik mahsulotlari eksporti hajmini 7 milliard AQSh dollariga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Bu O‘zbekistonning paxta xomashyosi eksportidan keladigan daromaddan qariyb 10 barobar ko‘p degani.

Prezident Mirziyoyev islohotlar alal-oqibat mamlakatdagi ishsizlik muammosiga barham berishi va aholining real daromadlari ortishiga olib kelishini aytgan.

23 iyul kuni kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida prezident yana bir marta ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadini ko‘tarish haqida gapirgan.

"Agar biz tadbirkorni qo‘llab-quvvatlamasak iqtisodiyot ishlamaydi, kelgusi yili to‘xtab qolamiz bu rivojlanishdan. Biz katta marra oldik. Zaminimiz boy, odamlarimizni boy qilish imkoniyatimiz bor. Ishchi joyi orqali. Daromad topish o‘zimizning qo‘limizda. Juda katta sabr-toqat, matonat, Vatanga sadoqat bilan ishlasak natija bo‘ladi. Yuragimning dardi, armonlarim bu. Xalqim yaxshi yashashi kerak", – deb aytgan Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekistonning paxta va to‘qimachilik sanoati o‘tmishda mamlakatdagi bolalar va majburiy mehnat bois xalqaro boykotga uchragandi.
Boykot jahonning yirik brendlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Shu yil aprelida "O‘zto‘qimachiliksanoat" boshqaruvi raisi Ilhom Haydarov Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi yirik brendlarning O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlariga boykotini 2020 yil boshida bekor qilishi mumkinligini aytgan.

Avvalroq AQSh mehnat vazirligi o‘zbek paxtasini majburiy yoki bolalar mehnati vositasida yetishtirilgan mahsulotlarning "qora ro‘yxati"dan chiqargan.

Manba: Minbar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Sanoatdan san’atga: O‘zbekiston London moda liboslar ko‘rgazmasida (video)