22:06 / 17.01.2018
6 117

Babayan o‘zbekning oshini yeb katta bo‘lgan, bozbash* emas!

Babayan o‘zbekning oshini yeb katta bo‘lgan, bozbash* emas!
O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayan futboldan chetlashtirilganidan so‘ng Armanistonning «Armenian Report» nashri e’lon qilgan maqola har bir yurtdoshimizni chuqur taajjubga soldi.

Emishki, Samvel Babayan millatchilik qurboni bo‘libdi. Aynan uning arman millatiga mansubligi futboldan chetlashtirilishiga sabab bo‘lganmish.

Eh, qoyil qolmadim. Nima desang de – o‘zbekni millatchiga chiqarma!

O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elatlar totuv yashab kelmoqdalar degan gap aksioma darajasiga yetgan. Ikkinchi jahon urushi davrida o‘zi to‘ymagan nonini mehmoniga bergan o‘zbek bugun futbol uchun millatchilik qilarmidi?! Samvel og‘amiz ham kerakli natijaga erishganda, shu vatan bayrog‘ini mundialda baland ko‘tara bilganida, arman qolib o‘zbekning milliy qahramoniga aylanmasmidi?!

Maqolada go‘yoki shuncha ajoyib natijalarga qaramay Babayan aynan millatchilik qurboniga aylangani bot-bot ta’kidlanadi. Ey inson, ko‘zingni och, aqling yetmasa «O‘zbekiston iftixorlari» kitobini varaqla – unda sen ko‘ksi oltin medallarga to‘la millatdoshing, mening esa jondan aziz hamyurtim Artur Grigoryanni ko‘rasan!

Televizorni yoq – chiroyli jilmayib, markaziy telekanaldagi asosiy dasturni olib borayotgan qizga e’tibor ber! U o‘zbekning tilini ona tilidan yaxshi o‘rganib, hammaga o‘rnak bo‘layotgan, shu yurtni biz kabi sevgan Arevat Grigoryan bo‘ladi (eslatib qo‘yaylik, Arevat Arturning singlisi emas
).


FIFA futbolda irqchilikka qarshi muntazam kurashadi. Millatchilik ham irqchilikning bir ko‘rinishi. Shuncha futbolga tushib, hatto jahon chempionatidan mosuvo bo‘lib turgan onlarimizda ham biror muxlis «armani» degan so‘zni tilga olmagandi. Sen bu gaplaring bilan kimning hamiyatiga tegmoqchisan?!

Yaxshiki, millatdoshlarim bu kabi gij-gijlashlarga uchmaydi.

Mana, ularning fikrlariga e’tibor qaratamiz (andak tahrir qilingan):

«Maqola muallifi Tevos Arshakyan ilgari ham xuddi shu ruhdagi maqolalari bilan Rossiya, Qozog‘iston, Gruziya, Isroil, Belarus tomon tosh otgandi. Endi bizga navbat kelibdi. Bu odamning ig‘vo va bo‘htonga to‘la maqolalarini internetdan topib o‘qisangiz, gaplarimga amin bo‘lasiz. Maqolaning rus tilidagi to‘liq matni bilan tanishdim. Unda muallif Babayanni «betakror iqtidor egasi bo‘lgan futbolchi va professional trener» deb maqtagan. Vaholanki, Babayan futbolni o‘yinchi sifatida 22 yoshidayoq yakunlab, administratorlikka o‘tib ketgan. O‘yinchi sifatida o‘rtamiyonadan pastroqlar sirasida bo‘lgan. Biron arzigulik natijaga erishmagan. Professional murabbiy sifatida faqat bir klub — «Paxtakor»ni boshqargan xolos. Keyin esa olimpiya, milliy terma jamoalar rahbari bo‘lgan. Uni professional emas, boshlovchi murabbiy deb atash to‘g‘ri bo‘lardi. Arshakyan maqolasi esa ortiqcha e’tiborga arzimaydi. Chunki bu uning eskidan qilib yurgan ishidan bir ko‘rinish xolos», — deb yozadi Mustafo Sodiq.

Rajabali Meyliyev ismli muxlis esa bu boradagi fikrlarini quyidagicha bayon etadi: «O‘zbekistonda millatchilik bo‘lganida edi, Babayan bu darajaga ko‘tarilmasdi. Butun o‘zbek futboli unga ishonib topshirildi-ku. U nima qildi — birorta yosh, iqtidorli futbolchini terma jamoaga yaqinlashtirmadi. Chempion bo‘lgan yoshlar jamoasida qancha iqtidorli futbolchilar bor edi».

Bu oddiy muxlislarning fikri. Endi savol tug‘iladi – o‘zbek mutaxassisi Armaniston termasini boshqara olarmidi?


«Samvel Babayanning o‘rnida o‘zbek bo‘lganida bunday professionalni chetlatish hech kimning xayoliga kelmagan bo‘lardi. Armanni esa chetlatish mumkin», — deyiladi maqolada. Ammo o‘zbek o‘g‘loni bo‘lgan, umrini futbolga bag‘ishlab o‘zbekning faxriga aylangan Mirjalol Qosimovdek murabbiy ham kerakli natija ko‘rsata olmagani uchun termani tark etgani unutiladi.

Umuman, futbolga millatning aloqasini topa bilish telbalik emasmi? Natija ko‘rsat – tamom! Afrikaning biz nomini bilmaydigan davlatlaridan yetishib chiqib, Yevropani lol qoldirayotgan futbolchilar, murabbiylar ozmi?

Maqola muallifi hatto o‘zbekning hech unut bo‘lmaydigan yarasini tirnashdan ham toymagan. «Paxta ishi» deya necha kishining yostig‘ini quritgan Gdlyanni ham ulug‘lab qo‘ygan. Axir mana shu emasmi aslida millatchilik?

Aynan saytimizda bundan bir kun oldin «Gap faqat Babayandamidi?» nomli maqola e’lon qilgan, unda bo‘lib o‘tgan ishlarda faqat Babayan ayblanishi noto‘g‘ri bo‘lishini ko‘rsatib o‘tgandik. Nahotki bu muallif, bu nashr o‘zbek futboli ruhiyatida millatchilikni ko‘ra oldi?!

«Yashirmayman, meni O‘zbekistondagi arman jamoatchiligining xavfsizligi tashvishlantirmoqda», — deydi muallif.

Tashvishlanma, janob Arshakyan! O‘zbek hamyurtini xor qilmaydi. Dasturxoniga borini to‘kadi. Shu yurtning tuzini ichib, keyin chetga chiqib karnay chalganiga ham qo‘l siltab qo‘ya qoladi.

Zero, Babayan ham o‘zbekning oshini yeb katta bo‘lgan!

* Bozbash - arman milliy taomi. Kavkaz hududidagi boshqa millatlar oshxonasida ham uchraydi.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Babayan o‘zbekning oshini yeb katta bo‘lgan, bozbash* emas!