13:16 / 03.11.2018
3 406

Bugun G‘ofur Rahimov ilk marta AIBA prezidentligiga saylanishi mumkin

Bugun G‘ofur Rahimov ilk marta AIBA prezidentligiga saylanishi mumkin
Bugun, 3 noyabr kuni Moskvada Xalqaro Boks Assotsiatsiyasining yillik Kongressi o‘z ishini yakunlaydi. Anjumanning ikkinchi kunida tashkilot rahbarligiga saylovlar bo‘lib o‘tadi.

Saylovda AIBA`dagi 11 ta rahbarlik lavozimini egallaydigan shaxslar aniqlanadi. Unda g‘olib chiqqan nomzodlar - prezident hamda 5 nafar vitse-prezident (konfederatsiyalar prezidentlari) va Ijroiya Qo‘mita a’zolari shu kundan e’tiboran o‘z vazifasini bajarishga kirishadi, ularning vakolat muddati 4 yilni tashkil etadi.

Kun.uz muxbirining Moskvadan xabar qilishicha, Kongressning ikkinchi ish kuni vaqtinchalik prezident vazifasini bajarayotgan G‘ofur Rahimov tomonidan ochib beriladi. Shundan so‘ng delegatlar Ijroqo‘m tomonidan taqdim etilgan AIBA Deklaratsiyasini ma’qullashlari kutilmoqda.

Anjumanning asosiy qismini AIBA Saylov komissiyasi raisi Josh Shmid olib boradi. U komissiya a’zolari va ovoz berish jarayoni haqida ma’lumot berib, nazoratchilarni tayinlaydi. Bevosita saylovdan oldin prezidentlikka nomzodlar nutq so‘zlash uchun minbarga chiqadi.

Qayd etish joiz, AIBA`ning 5 nafar vitse-prezidenti (tegishli qit’a konfederatsiyasi prezidenti) lavozimini kimlar egallashi deyarli oldindan ma’lum. Beshta qit’adan faqat Osiyo Boks Konfederatsiyasi prezidentligiga ikki nomzod ariza topshirgan, qolganlarida nomzodlar bir nafardan.

Jahon havaskor boksining bosh rahbari lavozimiga da’vogarlar ham ikki nafar – o‘zbekistonlik G‘afur Rahimov va qozog‘istonlik Serik Konakbayev.

Avvaliga Rahimov yagona nomzod bo‘lishi kutilgandi. Oktyabr oyi boshida unga raqobatchi bo‘lishi kutilgan Osiyo Boks Konfederatsiyasi prezidenti Konakbayev hujjatlarni vaqtida yetkazib bera olmagani uchun kurashdan chiqqani ma’lum qilingandi. U o‘zini kamida 20ta davlat federatsiyasi qo‘llab-quvvatlashi haqidagi ma’lumotni jo‘natishda bir necha soatga kechikkan edi.

Keyinroq Konakbayev Sport Arbitraj Sudiga (CAS) apellyatsiya berdi, 29 oktyabr kuni esa tashkilot uning apellyatsiyasini qanoatlantirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Eslatib o‘tamiz, Kongressning birinchi ish kunidagi eng asosiy yangilik – tashkilot nizomiga kiritilayotgan o‘zgartirish bo‘lgan edi. Unga ko‘ra, endilikda tashkilot prezidenti zarur hollarda o‘z lavozimidan ma’lum vaqtga tanaffus olishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.

Nizomga kiritilgan ushbu tuzatish AIBA va Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi o‘rtasidagi ziddiyatni yumshatish chorasi sifatida kiritildi. XOQ bunga qadar «Magnitskiy ro‘yxati»ga kiritilgan G‘ofur Rahimov AIBA prezidenti etib saylangan taqdirda boksni olimpiya sport turlari tasnifidan chiqarish bilan tahdid qilib keladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bugun G‘ofur Rahimov ilk marta AIBA prezidentligiga saylanishi mumkin