15:23 / 09.01.2019
3 141

Endi bizda ham APLdagi kabi liboslarda bir xil shrift boʻladi


Endi Superliganing barcha jamoalari liboslarida bir xil shrift boʻladi.

Har tomonlama qiziqarli va tomoshabop, muxlislarga manzur boʻluvchi chempionat tashkil etishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan Oʻzbekiston Professional futbol ligasi ortda qolgan mavsumda koʻplab jabhalarda, jumladan mamlakat Superligasi uchrashuvlari teletranslyatsiyasi borasida ancha oldinga qadam tashladi.

2018 yilgi mavsum uchrashuvlari davomida oʻyinni tomosha qilayotgan muxlislar jamoalar futbolchilari egnidagi libosda ularning familiyasi hamda raqami turli koʻrinishda yozilgani sabab baʼzan oʻyinchilarni tanib olishda kichik muammolarga duch kelgan holatlari ham kuzatildi. Zero klublar formalarida aks etuvchi shrift har doim ham yaqqol koʻzga tashlanadigan va oʻqilishi sodda boʻlavermaydi.

Jahonning yetakchi ligalari tajribalaridan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Professional futbol ligasi 2019 yilgi mavsumdan eʼtiboran Superliga va Pro-liga “A” guruhi klublari forma uchun yagona standart shriftdan foydalanishlarini maʼlum qiladi.

Angliya, Fransiya, Portugaliya, Ispaniya kabi yetakchi mamlakatlar milliy chempionatlarida allaqachon ushbu tajribadan foydalanishadi. Angliya klublari uchun 1997 yilda yagona shrift ishlab chiqilgan boʻlsa, Ispaniyada oʻtgan mavsumdan boshlab barcha klublar bir xil standart shriftdan foydalanib kelishmoqda.

Barcha klublar uchun standart shrift joriy etilishi yuqoridagi mamlakatlar futbol jamoatchiligi tomonidan qoʻllab-quvvatlab kelinadi. Zero hammaga birdek tushunarli va yaqqol koʻzga tashlanuvchi shriftdan foydalanilsa, stadiondan oʻyinni kuzatayotgan muxlis ham, oʻyinni TV orqali tomosha qilayotgan ishqiboz ham maydonda toʻp surayotgan futbolchilarni hech qanday qiyinchiliksiz tanib olishi mumkin boʻladi.

Yangi mavsumdan eʼtiboran Oʻzbekiston Superligasi va Pro-ligasi “A” guruhi ishtirokchi jamoalari ham bir xil shriftdan foydalanishadi

Manba: pfl.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Endi bizda ham APLdagi kabi liboslarda bir xil shrift boʻladi