O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Drulovich ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi

  • 25 yanvar 2019, 17:15
  • 918
  • Sport
  • O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Drulovich ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi
    Bugun, 25 yanvar kuni O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining yangi bosh murabbiyi, serbiyalik Lyubinko Drulovich ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Olimpiya terma jamoamizning yangi murabbiyi OAV xodimlari savollariga javob qaytardi.

    «Avvalambor barchaga salom. Bu yerda ekanligimdan xursandligimni aytib o‘tmoqchiman. Bir oy oldin bu yerga kelib O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi haqidagi loyiha bilan tanishib chiqqandim. Ushbu loyiha menda juda yaxshi taassurot qoldirgandi. Shu sababdan ham men shartnoma imzoladim. Umid qilamanki, biz o‘z maqsadimizga yetamiz», – deya murabbiyning so‘zlarini keltirgan MOQ matbuot xizmati.

    Shundan so‘ng jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murabbiyga murojaat qilishdi.

    Terma jamoa haqidagi fikri
    Shuni ta’kidlashim lozimki, yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘nggi Osiyo chempionatida O‘zbekiston juda yaxshi harakat qildi va chempionlikka erishdi. Bu albatta osonlik bilan qo‘lga kiritilmaganini bilaman. Yangi shakllantiradigan Olimpiya terma jamoamizda o‘tgan yilgi tarkibdan uzog‘i bilan 7-8 nafar futbolchi o‘ynashi mumkin. Bu esa biz hali ko‘p ishlashimiz lozimligini bildiradi. Umid qilamanki, yangi terma jamoani shakllantirishda ortiqcha muammolarga duch kelmaymiz.

    Osiyo chempionatining saralashi haqida
    Oldimizda ikki oy vaqt bor. Birinchi galdagi vazifamiz saralash bahslarini muvaffaqiyatli o‘tkazishdir. Uchrashuvlar O‘zbekistonda bo‘ladi va biz ushbu bahslarda g‘alaba qozonib, Osiyo chempionatining finaliga yo‘l olishimiz talab etiladi. Nasib etsa, bu vazifani albatta uddalay olamiz.

    Murabbiylar shtabi
    Murabbiylar shtabi haqida gapiradigan bo‘lsam, bu borada menga ikki nafar serbiyalik mutaxassis yordam beradi. Shuningdek, Ravshan Haydarov ham terma jamoamizda faoliyat olib boradi. Serbiyalik yordamchilarim rus tilida muloqot qila olishadi. Bu ishimizda katta ahamiyatga ega – bir-birimizni tushunishimizda, yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etishda bu yordam beradi. Ravshan Haydarov bilan esa 1 oy oldin Toshkentga kelganimda suhbatlashgandim. U Olimpiya terma jamoasi uchun nomzod futbolchilarni yaxshi taniydi. Shu sababdan ham u jamoamiz uchun yordam bera oladi deb hisoblayman.

    Saralash o‘yinlarigacha ulguramizmi?
    Terma jamoani Osiyo chempionatining saralash bosqichiga tayyorlash uchun ikki oy yetarli deb o‘ylayman. Fevralda Toshkentda yig‘ilamiz. Keyin esa Ispaniyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida qatnashamiz. Mazkur yig‘inda o‘rtoqlik uchrashuvlari ham o‘tkazamiz.

    Saralash bosqichidagi raqiblar haqida
    Qit’a chempionatining saralash bahslarida bizga qarshi maydonga tushadigan raqiblarimiz haqida ayrim ma’lumotlar bor. Shuni qayd etishim lozimki, bizda yaxshi murabbiylar shtabi shakllantirilmoqda. Biz birgalikda raqiblarimiz haqida yanada ko‘proq ma’lumot to‘playmiz va o‘rganib chiqamiz.

    » » O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Drulovich ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi