Yevropa Ligasi: Emeri halokat yoqasida, ruslar yoki ispanlar?

  • 14 mart 2019, 20:33
  • 1 471
  • Sport
  • Yevropa Ligasi: Emeri halokat yoqasida, ruslar yoki ispanlar?
    Bugun, 14 mart oqshomida Yevropa Ligasining 1/8 finali doirasida 8ta juftlik javob uchrashuvlarini oʻtkazadi.

    Lyakazett uchun amnistiya
    “Arsenal” – “Renn”. 01.00. Birinchi oʻyin – 1:3

    “Kanonirlar” Yevropa Ligasida pley-offning ikkinchi bosqichini safar oʻyinidagi magʻlubiyat bilan boshladi. Ammo mart oyidagi omadsizlik fevraldagisidan farq qiladi. Oʻtgan oyda BATE bilan safar oʻyinidagi 0:1 hisobidan chiqib ketish birmuncha oson edi. Endi esa safarda gol urilgan boʻlsada, uchta gol oʻtkazilgan va “Arsenal” nisbatan kuchliroq raqibga qarshi oʻynashiga toʻgʻri keladi. “Renn” yevrokuboklar tarixiga londonliklarni oʻz maydonida yenggan ilk fransuz klubi sifatida kirib boʻldi. Inglizlardan farqli ravishda “Renn” ikki frontda kurash olib bormayapti, ichki birinchilikda bu jamoa turnir jadvali oʻrtalarida ketmoqda va Jyulyen Stefan jamoasi uchun chempionatda intriga deyarli yoʻq, shu sababli fransuzlar asosiy eʼtiborni yevrokubok oʻyiniga qaratishlari mumkin.

    “Renn” turnirning 1/16 finalida “Betis”ni safarda 3:1 hisobida magʻlub etgandi. Oʻshanda fransuzlarning bir goli ideal darajadagi qarshi hujumda urilgan, bu hujumni Nyang aʼlo darajada yakunlab bergandi. Ushbu futbolchi Londondagi oʻyinga diskvalifikatsiyasini oʻtab qaytmoqda. Oʻz navbatida, oʻzining Angliyadagi ilk mavsumini sovrinsiz boshlash xavfi ostida qolgan Unai Emeri avvalgi oʻyinda maydondan chetlatilgan Sokratis Papastopulosning yordamiga umid qila olmaydi. Ammo mezbonlarda kelajakka optimizm bilan qarash uchun ham asos bor. Birinchidan, jamoa “MYU”ga qarshi oʻyinda ishonchli gʻalabaga erishib, kuchli toʻrtlikka qaytdi hamda futbolchilarning kayfiyati zoʻr. Ikkinchidan, UYEFA apellyatsiya qoʻmitasi qaroriga koʻra, Lyakazettning diskvalifikatsiyasi muddati qisqardi hamda u bugungi oʻyinda “Arsenal”ning asosiy kuziri boʻlishi mumkin. Bu oʻyinda Mxitaryanning maydonga tushishi tez vaqtlar ichida aniq boʻladi.

    Hujumchisiz qolgan Spalletti
    “Inter” – “Ayntraxt” F. 01.00. Birinchi oʻyin – 0:0

    Avvaldan taxmin qilinganidek, turnirning bu bosqichidagi eng jiddiy qarama-qarshilik “Inter” va “Ayntraxt” juftligida kuzatilmoqda. Oʻtgan haftada boʻlib oʻtgan birinchi oʻyinda italyanlar vazifaning yarmini uddalashgan va turnirning eng hujumkor jamoasiga gol urishga imkon bermagandi. Frankfurtdagi oʻyinda nemislar jamoasining asosiy futbolchilaridan biri Rebich jarohati tufayli ishtirok eta olmagandi. Uning oʻrniga nemislar jamoasiga maydondagi boshqa bir xorvatiyalik futbolchi, “Inter” yarimhimoyachisi Brozovich penaltini aniq ijro etolmasdan yordam berib yuborgandi.

    Bu zarba golga aylanganida milanliklar uyga butunlay xotirjam boʻlib qaytishi mumkin edi. Endi esa javob oʻyinidan oldin mezbonlar hujum chizigʻi bilan bogʻliq muammolar qarshisida qolgan. Jamoaning asosiy toʻpurari Mauro Ikardi hamon safga qaytmagan, boshqa bir argentinalik hujumchi Lautaro Martines esa diskvalifikatsiyaga uchragan. Luchano Spalletti bunday vaziyatdan qanday qilib chiqib ketarkin? Murabbiy oʻyindan oldin jamoa hech qanday bahona qilmasdan, oʻyinga jiddiy yondashishi zarurligini gapirdi. U qanot hujumchisi Politanoni markazga oʻtkazishi kutilmoqda. Oʻtgan mavsumda ushbu futbolchi “Sassuolo” safida maydon markazida oʻynab, milanliklarga jiddiy muammolar tugʻdirgandi.

    Anchelotti va Sarri sensatsiyalarga qarshi
    “Dinamo” K – “Chelsi”. 22.55. Birinchi oʻyin – 0:3
    “Zalsburg” – “Napoli”. 22.55. Birinchi oʻyin – 0:3

    Bir hafta oldingi oʻyinda Villian Kiyevning “Dinamo” klubi darvozasiga toʻpni joylaganida, Doneskning “Shaxtyor” klubi safida ushbu jamoaga qarshi oʻyinlarni, shuningdek, bir necha yil oldin “Chelsi” safida YECHL doirasidagi oʻyinlarni yodga olgandir. Ikki yil avvalgi oʻzaro oʻyinda “Chelsi” 2:1 hisobidagi gʻalaba bilan kifoyalangandi, bu mavsumda esa londonliklar Kiyevga birinchi oʻyindagi yaqqol ustunlik bilan yoʻl olishgan. Maydon egalarida esa oʻyin arafasida kadrlar bilan bogʻliq muammolar bor, Aleksandr Xaskevich bu oʻyinga diskvalifikatsiya tufayli Buyalskiyni, hali sport formasiga qayta olmagan Verbichni hamda mavsum oxiriga qadar safdan chiqqan yangi futbolchisi Fran Solni qoʻya olmaydi.

    Agar moʻjiza yuz bermasa, Maurisio Sarri jamoasi xalqaro maydondagi yurishini davom ettiradi. Uning sobiq jamoasi “Napoli”ning ham ishlari joyida. Birinchi oʻyinda italyanlar turnirning oʻtgan mavsumida yarimfinalga chiqqan “Zalsburg”ga hech qanday imkoniyat qoldirishmagandi. Karlo Anchelotti jamoasidan Avstriyada ham 3ta toʻp farqini yoʻqqa chiqarmasligi talab etiladi, xolos. Garchi, jamoaning ikki markaziy himoyachisi - Kulibali va Maksimovich diskvalifikatsiya tufayli javob oʻyinida yordam bera olmasada, jamoaning chorak finalga chiqish imkoniyatlari yomon emas. Avstriyaliklar bosh murabbiyi Marko Roze esa oʻyindan oldingi matbuot anjumanida “Yuventus”ning “Atletiko” ustidan irodali gʻalabasini namuna sifatida keltirib, kelajakka ishonch bilan qarayotganini aytib oʻtdi.

    Ispanlar chorakfinalga yoʻl oladimi ruslarmi?
    “Krasnodar” – “Valensiya”. 22:55 Birinchi oʻyin – 1:2
    “Vilyarreal” – “Zenit”. 01.00. Birinchi oʻyin – 3:1.

    Yevropa Ligasining 1/8 finalida ispanlardan 3ta, ruslardan 2ta jamoa ishtirok etmoqda. Bugun “Krasnodar” “Valensiya”ga qarshi oʻyinda kichik hisobdagi gʻalaba evaziga ham keyingi bosqichga chiqishi mumkin, “Zenit” esa “Vilyarreal”ga qarshi kechadigan safar uchrashuvida murakkab vaziyatdan chiqib ketishga harakat qiladi - Sergey Semak shogirdlari oʻtgan haftada oʻz maydonida 1:3 hisobida magʻlub boʻlgandi.

    Ichki chempionatda ham birinchi oʻrinda qulay oʻrnashib ololmayotgan va “Krasnodar”ning muntazam taʼqibida harakatlanayotgan (oradagi farq 5 ochko) piterliklar yevrokubokdan chiqib ketish xavfi ostida qolgan. Hozirda “Zenit” murabbiyi qarshisida 4ta yoʻl bor.

    Birinchisi. Semak eng kuchli tarkibni maydonga tashlaydi. Jamoa kerakli natijaga erishish uchun bor kuchini sarflaydi, lekin turnirni tark etadi. Asosiy tarkib yakshanba kuni Rossiya chempionati doirasida “Spartak”ka qarshi oʻyingacha tiklana olmaydi va yutqazib, peshqadamlikni xavf ostida qoldiradi.

    Ikkinchisi. Semak eng kuchli tarkibni maydonga tashlaydi. Jamoa moʻjizaviy oʻyin koʻrsatib, 3 gol uradi va (balki overtaymlarda oʻynab) chorak finalga chiqadi. Bunday oʻyin uchun maksimal darajada kuch sarflanib, “Spartak”ka qarshi kechadigan muhim oʻyinga kuch qolmaydi.

    Uchinchisi. Semak zaxira futbolchilarni oʻyinga tashlaydi, yetakchilarga dam beradi. Ikkinchi tarkib futbolchilari harakat qilib koʻrishadi, ammo kutilganidek turnirni yakunlab berishadi. Shu bilan birgalikda, jamoaning asosiy futbolchilari “Spartak”ka qarshi oʻyinga tayyor holatda chiqishadi. Jurnalistlar va fanatlar Semakni Ispaniyada oq bayroq koʻtargani uchun biroz tanqid qilishadi, lekin Moskvadagi gʻalaba evaziga u kechiriladi.

    Toʻrtinchi. Semak uchun eng yomon variant. Piterliklar Ispaniyada kuch tejasa ham Moskvada magʻlub boʻlishi mumkin. Bu holda Semak tanqidlar boʻroniga uchraydi - undan ikki oʻyindagi natija uchun ham izoh soʻray boshlashadi.

    1:3 jiddiy hisob. “Zenit”dan albatta 3 gol urish talab etiladi. Lekin piterliklar bu mavsumda safar oʻyinlarida sermahsullik koʻrsata olishmagan, faqat bir marta Astraxandagi oʻyinda 3 gol urilgan.

    Xorvatlar ruslarga yordam beradimi?
    “Slaviya” Pr – “Sevilya”. 01.00. Birinchi oʻyin – 2:2
    “Benfika” – “Dinamo” Z. 01.00. Birinchi oʻyin – 0:1

    Bu juftliklardan syurprizlar kutish mumkin. Ayniqsa, Pragadagi oʻyindan. Garchi, “Sevilya” bosh murabbiyi Pablo Machin Ispaniyadagi birinchi oʻyin natijasi oʻz jamoasi uchun hal qiluvchi boʻlmaganini aytayotgan boʻlsada, jamoa “Ramon Sanches Pisxuan”dagi 2:2 hisobidan keyin turnirni tark etish xavfi ostida qolgan. Yakshanba kuni sevilyaliklar “Real Sosyedad”ga qarshi ajoyib oʻyin koʻrsatishdi va 5:2 hisobida gʻalaba qozonishdi, Ben Yedder het-trik muallifi boʻldi, bunday natijadan keyin kelgan ilhom bilan “togʻni agʻdarish” mumkin. Bu oʻyinda “Sevilya” darvozaboni Vaslik oʻz vatandoshlariga qarshi oʻynaydi, u bir necha yil oldin poytaxtning boshqa bir jamoasi “Sparta” sharafini himoya qilgandi.

    Zagrebning “Dinamo”si qarshisida ham qiyin topshiriq turibdi. Xorvatlar Portugaliyadagi javob oʻyinida kichik hisobdagi ustunlikni saqlab qolishlari talab etiladi. Agar jamoa “Da Luj”da vazifani uddalay olishsa, bu futbol muxlislari tomonidan Xorvatiya terma jamoasi 2008 yilda Angliyani “Uembli”da magʻlub etgani bilan tenglashtirshi mumkin. Oʻshanda shaxmat yoʻllilar Rossiyani 2008 yilgi Yevropa chempionatiga oʻzlari bilan olib ketishgandi. Bu safar esa “Benfika”ni turnirdan chiqarib yuborish orqali “Dinamo” rus klublarining UYEFA reytingida portugal klublarini ortda qoldirishini taʼminlashi mumkin. Zagrebliklarning imkoniyati yuqori emas, lekin bu mavsumda “Benfika”da ham pasayish kuzatilmoqda, yakshanba kuni lissabonliklar “Belenesesh”ga qarshi oʻyinda 2ta toʻp ustunligini saqlab qololmadi (2:2) va chempionlik istiqbollarini xavf ostiga qoʻydi.

    » » Yevropa Ligasi: Emeri halokat yoqasida, ruslar yoki ispanlar?