Kanchelskis: “OʻFAni tanqid qilish niyatida emasdim”

  • 16 mart 2019, 19:40
  • 1 245
  • Sport
  • Kanchelskis: “OʻFAni tanqid qilish niyatida emasdim”
    “Navbahor” bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis Superliganing 1-turidagi “Qoʻqon-1912”ga qarshi oʻyindan keyin OʻFA haqida bildirgan fikrlariga izoh berdi, deb xabar bermoqda PFL matbuot xizmati.

    Eslatib oʻtamiz, 10 martdagi oʻyin Namangandagi stadion tayyor holatda boʻlmagani tufayli Toshkentda boʻlib oʻtgan va unda 1:1 hisobi qayd etilgandi. “Navbahor” bosh murabbiyi oʻyindan keyingi matbuot anjumanida quyidagicha soʻz yuritgandi.

    «Bugun stadionimiz tayyor boʻlmagani sababli Toshkentda oʻynashga majbur boʻldik. Biz rasman mezbon edik, lekin tezroq Namanganda oʻynashni boshlasak, yaxshi boʻlardi.

    Biz mavsum boshlanishini intizorlik bilan kutdik. Oʻzingiz koʻrdingiz, har xil oʻzgarishlar qilishdi. Toʻgʻrisi, ular nima qilmoqchi boʻlishayotganini umuman tushunmayapman. Endi 2-turni yana 20 kundan keyin oʻynaymiz. Yuqorida aytganimdek, futbol federatsiyasidagilar nima qilmoqchi ekanliklarini tushunmayapman. Bunday gʻalati holatga birinchi marta toʻqnash kelyapman va bu menga erish tuyulmoqda. Lekin nima ham derdim, Oʻzbekistonda yashayapmizmi, demak sizning qonunlaringiz bilan yashaymiz», – degandi Andrey Kanchelskis.

    PFL xabarida aytilishicha, tashkilot rossiyalik mutaxassisning bu fikrlarini “bosiqlik bilan qabul qildi hamda ishni OʻFA qoʻmitalariga oshirishga shoshilmadi”. Aksincha, liga vakillari Kanchelskis bilan bir necha kundan soʻng bogʻlanib, mazkur masala yuzasidan izoh soʻragan.

    “Bilasizmi, 1-tur oʻyinini mezbon boʻla turib, oʻz maydonimizda oʻtkazmaganimiz kayfiyatimizni biroz buzdi. Qolaversa, chempionatni gʻalaba bilan boshlamoqchi edik. Lekin yakunda “Qoʻqon-1912” bilan durang oʻynadik. Buning ortidan matbuot anjumani vaqtida kayfiyatim joyida emasdi. Hayajon sabab fikrlarimni biroz qoʻpol tarzda bayon etib yubordim. Aslida esa aynan kimnidir yoki OʻFAni tanqid qilish niyatida emas edim. Qizishib aytgan soʻzlarim uchun futbol jamoatchiligidan uzr soʻrayman”, — dedi Kanchelskis.

    Qayd etish kerak, Professional futbol ligasi oʻz maydonida ulkan oʻzgarishlar qilayotgan “Navbahor” futbol klubining mehnatlarini qadrlaydi. Shuning uchun ham mazkur jamoaga oʻz uy uchrashuvlarini vaqtinchalik istalgan stadionda oʻtkazish imkoniyati taqdim etildi. “Navbahor” stadionining yangi koʻrinishi qachon tayyor boʻlishi ham, mazkur jamoa aynan qaysi stadionda oʻynashni ixtiyor etishi ham OʻzPFL yoki OʻFAning qoʻlida emas. Bundan kelib chiqadiki, bosh murabbiy tomonidan bildirilgan keskin fikrlar koʻproq jamoa rahbariyatiga tegishlidir.

    “Ayni paytda PFL barcha maydonlar ideal holatda boʻlishini talab etmoqda va bu juda toʻgʻri fikr. Ushbu tashabbusni toʻla qoʻllab-quvvatlayman. Yevropada, xususan, Angliyada faoliyat olib borgan kishi sifatida aytishim mumkinki, yaxshi holatdagi maydonda futbolchi ham rohatlanib toʻp suradi. Shuning uchun uy stadionimiz imkon qadar tez muddat ichida tayyor boʻlishini hamda jamoamiz ishqibozlarini chiroyli gʻalabalar bilan xushnud etishini istayman”, — deb fikrida davom etdi murabbiy.

    OʻzPFL Kanchelskis tomonidan bildirilgan mazkur fikrlarni qoʻllab-quvvatlaydi. Shuningdek, bir yil muqaddam Superliganing bir qator klublari aynan “Navbahor” stadioni masalasida qiyinchilikka duch kelgani, biroq PFL talabi bilan oʻyinlar namanganlik muxlislar koʻz oʻngida oʻtishini talab qilganini eslab oʻtishni joiz deb hisoblaydi. “Navbahor” rahbariyati bundan toʻgʻri xulosa chiqarib, vaziyatni yaxshilash yoʻlidan yurayotgani yoqimli holat. Taʼmirlash ishlari yakuniga qadar esa klub mutasaddilari yevropalik murabbiyga holatni toʻliq tushuntirib berishlari kerak boʻladi.

    Professional futbol ligasi maydoni ayni paytda uchrashuvlarni qabul qilishga tayyor boʻlmagan jamoalarga stadion tanlash huquqini taqdim etdi. Shu boisdan “Navbahor” — “Qoʻqon-1912” uchrashuvi Toshkentdagi TTYMI stadionida boʻlib oʻtdi. Boisi, Namangandagi stadion ham, “Qoʻqon-1912” uy stadioni ham ayni damda yangi mavsumga toʻliq tayyor emas edi. Namanganliklar shu sabab oʻz uy uchrashuvini Fargʻonadagi “Istiqlol” stadionida oʻtkazish niyatida edilar. Yakunda esa “Navbahor” “Istiqlol” stadioni emas, balki TTYMI stadioni bilan kelisha oldi va natijada “lochinlar” ilk tur oʻyinini Toshkentda oʻtkazishdi. “Navbahor” va “Istiqlol” stadioni oʻrtasidagi kelishuv nima sababdan amalga oshmagani yuzasidan ham “Navbahor” futbol klubi izoh berishi kerak, PFL emas.

    OʻzPFL Kanchelskis tomonidan hayajon sabab aytilgan fikrlarga keyinchalik tuzatish kiritildi, deb hisoblaydi. Shuningdek, taʼmirlash ishlari davom etayotgan bir qator stadionlarda ish yakuniga yetguniga qadar futbol muxlislari va OAV vakillaridan masalaga bosiqlik bilan yondoshishni soʻraydi. Yana bir necha kunlardan soʻng Superliganing bir qator stadionlarida ijobiy oʻzgarishlar boʻlayotganiga guvoh boʻlish mumkin. Shu bilan birgalikda OʻFA hamda OʻzPFL asossiz tanqid qilingani holatida futbolchi yoki murabbiylar ishini Tartib-intizom hamda etika masalalari boʻyicha javobgar qoʻmitalar koʻrib chiqishini eslatib oʻtamiz.

    » » Kanchelskis: “OʻFAni tanqid qilish niyatida emasdim”