20:15 / 01.10.2019
3 168

Lutfulla To‘rayev va boshqalar: Abramov qanchalik to‘g‘ri tarkib tanladi?

Lutfulla To‘rayev va boshqalar: Abramov qanchalik to‘g‘ri tarkib tanladi?
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov 2 oktyabr kuni boshlanadigan yig‘inga chaqirilgan futbolchilarning kengaytirilgan ro‘yxatini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 28 nafar futbolchi 2 oktyabr kuni Toshkentda boshlanadigan yig‘inga kirishadi va Abramov Yaman hamda Singapurga qarshi o‘yinlarga ulardan 23 nafarini ajratib oladi. Juda muhim o‘yinlar oldidan Abramov tanlagan tarkib qanchalik optimal?

Demak, oktyabrdagi yig‘inga quyidagi futbolchilar chaqirilgan:

Ko‘rib turganingizdek, tarkibda qator o‘zgarishlar bor. Abramov Kuperning oxirgi yig‘inlariga muntazam chaqirilayotgan Quvondiq Ro‘ziyev, Fozil Musayev, Davron Hoshimov, Botirali Ergashev, Doston Tursunov kabi futbolchilarni bosh jamoning o‘ta muhim ikki o‘yiniga chaqirmaslikka qaror qildi. Bu esa murabbiyning qarashlari o‘zidan oldin ishlagan Kupernikidan keskin farq qilishini anglatadi.

Himoyadagi islohot
Abramovning jamoasida katta ehtimol bilan himoya chizig‘i yangilanadi. Kamida bitta pozitsiyada yangi futbolchi o‘ynashi aniq. O‘ng qanot himoyasida mamlakatning ayni damdagi tengsiz futbolchisi ekanini isbotlay olgan Hojiakbar Alijonov Kuper davrida doimiy milliy jamoga chaqirilgan bo‘lsa-da, katta o‘yinlarda unga imkon berilmadi. Kuperning doimiy o‘ng qanot himoyachisi Davron Hoshimov bu gal yig‘inga chaqirilmadi. Bu esa Hojiakbar nihoyat asosiy tarkibda o‘ynashi mumkinligini ko‘rsatadi. Ikkinchi o‘ng qanot himoyachisi sifatida yig‘inga «Bunyodkor»dan Dilshod Ahmadaliyev jalb qilingan.

Yoshi o‘zgartirilgani sabab futboldan chetlatilgan va keyinchalik diskvalifikatsiyasi bekor qilingan Dilshod Ahmadaliyev o‘tgan vaqt mobaynida yaxshi o‘yinlar ko‘rsatdi va milliy jamoadan ilk bor chaqiruv oldi. Ammo uni ayni damda O‘zbekistonning eng yaxshi qanot himoyachilaridan deyish qiyin. Katta ehtimol bilan Abramov uni o‘z jamoasida o‘ynagani va yaxshiroq bilgani uchun chaqirgan. Ya’ni, murabbiy keyinchalik o‘ng qanotga boshqa variantlarni ko‘rib chiqishi ham mumkin. Masalan, «Nasaf»dagi Dilshod Saidov so‘nggi vaqtlarda yorqin o‘yin ko‘rsatmoqda (so‘nggi ikki o‘yinda «Nasaf» ikkita gol urdi va ikkisiga ham Dilshod assistentlik qildi).

Murabbiy himoya markazida ham yangilik qilishga qaror qildi. Anzur Ismoilov milliy jamoadagi faoliyatini yakunlagani uning o‘rniga yangi nomzodlar ko‘rib chiqilishini talab qilardi. Abramov hali hech qachon milliy jamoaga chaqirilmagan, ammo so‘nggi mavsumlarda chindan chempionatning eng yaxshi himoyachilaridan biri ekanini ko‘rsata olgan Umar Eshmurodovga terma jamoadan joy berdi. «Nasaf» ketma-ket futbolchilarini sotib yuborish «aksiyalari»ni o‘tkazgan Berdiyev himoyani ham boshqa chiziqlar kabi yangilashga majbur bo‘ldi. 2017 yilda «Sho‘rtan»dan olib kelingan Umar Eshmurodov tezda «Nasaf» asosiy tarkibiga moslashib ketdi va o‘tgan mavsumdan boshlab «Nasaf» sardoriga ham aylandi. Bo‘yi baland va markaziy himoyachiga kerak bo‘ladigan barcha xususiyatlarga ega bo‘lgan bu futbolchi kelajakda milliy terma jamoaning asosiy himoyachisi bo‘la oladi. Umid qilamizki, uning ishonchli o‘yinlari bosh jamoaga ham naf keltiradi.

Shu o‘rinda Ro‘ziqul Berdiyev Golban, A’zamov kabi yetakchi himoyachilari ketganidan keyin ham markaziy himoyani qanday epaqaga keltirgani haqida ikki og‘iz. Berdiyev «yog‘li» takliflarga yo‘q deya olmagan futbolchilarining ketgani uchun ayuhannos solmadi-da, tezda yangi jamoa tuzishga kirishdi. Natijada, bir mavsumda «Nasaf» yetakchisiga aylangan Hamrobekov 2,5 milliard so‘m evaziga «Paxtakor»ga o‘tdi. Berdiyev himoya markazida bo‘yi baland Umar Eshmurodov hamda biroz ixchamroq, bir muddat qanot himoyasida o‘ynagan G‘olib G‘aybullayevni qo‘ydi. Mantiqan olib qaraganda, Umar Eshmurodov yuqoridan keladigan to‘plarga peshvoz chiqishi, ikkinchi markaziy himoyachi esa raqibning pastdan to‘p uzatish orqali uyushtirilayotgan hujumi vaqtida faol pressing qilishi kerak edi. Ya’ni, Berdiyev himoya markazida balansni ushlab tura oldi. U markazda ikki qoyadek himoyachi o‘ynashidan mantiq yo‘q deb hisobladi.

Katta klublarni ko‘ring, ular ham himoyada balansni ushlash uchun bitta bo‘yi baland himoyachining yoniga bitta chaqqonroq himoyachini qo‘shib qo‘yadi. Masalan, «Barselona»da Pike va Puyol juftligi bo‘lgandi. Gvardiola Maskeranoni ham bejiz markaziy himoyada o‘ynatmagan. Kuper markazda bir xil tipdagi ikki himoyachini (Anzur va Krimets) o‘ynatganida, hayron bo‘lardim. Demak, yangilanayotgan himoyaga qaytsak. Abramov Yaman bilan o‘yinda baribir Eshmurodovni boshlang‘ich tarkibda tushirmasa kerak. Katta ehtimol bilan, o‘yinni ilk daqiqalardan To‘xtaxo‘jayev va Krimets boshlaydi.

Abramov milliy jamoaga «Metallurg» sardori Akbar Ismatullayevni ham chaqirdi. Bu esa yangi murabbiy Kuperdan farqli o‘laroq O‘zbekiston chempionati o‘yinlarini diqqat bilan kuzatayotganidan dalolatdir. Shaxsan men Kuper chempionatning barcha o‘yinlarini tomosha qilganiga ishonmayman. Ismatullayevning «Paxtakor»dagi o‘yinlarini eslasangiz kerak. U tayanch yarimhimoyasida ham, markaziy himoyada ham o‘ynardi. «Metallurg»da esa yaqqol markaziy himoyachiga aylangan bu futbolchi juda yaxshi mavsum o‘tkazmoqda.

Lutfulla To‘rayev va Jamshid Iskanderovning qaytishi
Abramov e’lon qilgan tarkibda eng ko‘p muhokama qilinayotgan futbolchi shubhasiz, Lutfulla To‘rayev. 2015 yilgi Osiyo Kubogida juda yomon xotira bilan yodda qolgan va shundan keyin milliy jamoadan uzoqlashgan To‘rayev yana bosh jamoaga qaytdi. Agar Abramov uni «Bunyodkor»ga chaqirmaganida, kim biladi deysiz Lutfulla hozir biror o‘rtamiyona jamoa zaxirasida yurarmidi. Karlenovich uni «Bunyodkor»ga chaqirishidan maqsad maktab bolalaridan iborat jamoasida hech bo‘lmasa bir necha tajribali futbolchi bo‘lishini xohlaganida edi.

Abramov «Bunyodkor»ni qabul qilib olganida jamoa qanday holatda ekanini bir eslang. Klub akademiyasi yopilib ketish arafasida, tarkib tarqalib ketgan, tayinli stadion ham yo‘q. O‘shanday og‘ir jamda Abramov Lutfulladan yetakchilik vazifasini so‘radi. Faoliyatining eng yaxshi damlari ortda qolgan To‘rayev esa bunga rozi bo‘ldi. Ishoning, o‘shanda Abramov Lutfullasiz jamoa bo‘lmaydi deb o‘ylamagan, shunchaki unga katta o‘yinlarni ko‘rgan futbolchilar ham kerak edi. Yaxshi formadagi hamma futbolchilarning barchasi klubini topib ketgan va Abramovda faqat Lutfulla To‘rayev va Anvar G‘ofurov tanlovi qolgandi. Buni qarangki, Lutfulla asosiy tarkibga kiritilgan ilk o‘yinida jamoa sobiq «bunyodkorchilar»dan tarkib topgan, Mirjalol Qosimov murabbiyligidagi OKMK mag‘lub etildi, OKMKning sobiq futbolchisi sobiq jamoasi darvozasiga gol urdi. Turgan bitgani ramziy ma’no bo‘lgandi o‘sha golning.

Agar Lutfullani Ektor Kuper milliy jamoaga chaqirsa, buni oddiy qabul qilish mumkin edi. Chunki «Bunyodkor» sardori chindan yomon mavsum o‘tkazmadi. Lekin Abramov uni bosh jamoaga chaqirgani turgan gapki noroziliklarni keltirib chiqardi. Murabbiy faoliyatining gullagan davri allaqachon ortda qolgan futbolchini millatning bosh jamoasiga chaqirib, ta’na-dashnomga qolib ketishini mumkinligini o‘ylagani aniq. Shaxsan men ham To‘rayev o‘rniga chempionatda o‘zini ko‘rsatayotgan boshqa tayanch yarimhimoyachisini chaqirish mumkin edi, deb hisoblayman.

Abramov futbolimizga yorqin qadamlar bilan kirib kelgan, lekin so‘nggi yillarda sport formasini yo‘qotgan Jamshid Iskanderovni ham milliy jamoaga qaytardi. Jamshid «Lokomotiv»ga o‘tgach, yana yaxshi futbol o‘ynay boshladi. «Paxtakor» zaxirasida qolib ketganida ko‘pchilik undan ortiq yuqori saviyadagi o‘yin kutmay ham qo‘ygandi. Fyodorovning «Lokomotiv» uchun qilgan yaxshi ishlaridan biri aynan Jamshidni yana yaxshi futbolchiga aylantira olgani bo‘ldi. Maydonda noodatiy fikrlay oladigan Iskanderovning milliy jamoaga chaqirilgani to‘g‘ri qaror deyish mumkin.

Hujumda yana Shomurodov va boshqalar
Abramov hujum chizig‘ida hech qanday o‘zgarish qilmaslikka qaror qildi. Eldor Shomurodov shubhasiz, asosiy hujumchi. Igor Sergeyev va Temirxo‘ja Abduxoliqov esa ularga imkon berilishini kutib zaxirada o‘tirishlari haqiqatga yaqin. Menimcha, Sergeyevni milliy jamoaga chaqirish unchalik to‘g‘ri qaror bo‘lmadi. Bu futbolchi muxlislar tomonidan qanchalik katta bosim ostda qolganini bilasiz, shu bois unga bir muddat milliy jamoadan dam berish kerak. Faqat bosimda qolib ketgani uchun emas, ayni damda chempionatning o‘zida Igordan samaraliroq o‘ynayotgan boshqa hujumchilar bor.

Masalan, «Nasaf» hujumchisi Humoyun Murtazoyev yaxshi mavsum o‘tkazmoqda. Sergeyev gol ura boshlagani bor gap, ammo u milliy jamoaning o‘zgarmas hujumchisi bo‘lmasligi kerak. Shu bois, Abramov yangi hujumchilarni sinab ko‘rishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Umuman olganda, murabbiy o‘zining ilk yig‘iniga chaqirgan tarkibini ancha adekvat tanlangan deyish mumkin. Har holda chempionatda o‘zini ko‘rsatayotgan ko‘plab futbolchilarga imkon berilgan. Ammo murabbiy yana boshqa futbolchilarga, masalan Murod Xolmuhammedov, Shohruz Norxonov, Abdulaziz Yusupov kabi so‘nggi vaqtlarda yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan yigitlarga imkon berishi ham mumkin edi. Balki Abramov birinchi urinishdayoq juda ko‘p eksperiment qilishni xohlamagandir...
O‘tkir Jalolxonov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Lutfulla To‘rayev va boshqalar: Abramov qanchalik to‘g‘ri tarkib tanladi?