"Al Zavra" ustozi: Biz "Bunyodkor"ga qarshi o‘yinga tayyor emasmiz

  • 21 yanvar 2020, 14:05
  • 700
  • Sport
  • "Al Zavra" ustozi: Biz "Bunyodkor"ga qarshi o‘yinga tayyor emasmiz
    OCHL-2020 saralashi doirasidagi “Bunyodkor” – “Al Zavra” uchrashuvidan oldingi matbuot anjumanida dastlab mehmonlar ustozi Bosim Qosim va Muhannad Abdulrahim ishtirok etdi.
    - Bizni qiyin o‘yin kutib turibdi. Tan olish kerak, jamoam ertangi uchrashuvga tayyor emas. Chunki Iroqda chempionat uch oy oldin to‘xtatilgan. Bu orada biz o‘rtoqlik o‘yinlarida ham maydonga tushganimiz yo‘q, - deydi Bosim Qosim.

    - O‘zbekistonda ham yangi mavsum start olgani yo‘q. Qaysidir ma’noda har ikkala jamoa ham bir holatda. Shu vaziyatga nima deysiz?
    - Vaziyat har xil, "Bunyodkor" BAAda yig‘in o‘tkazdi. Bizning jamoa esa na Iroqda, na O‘zbekistonda o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazmadi. Bundan tashqari jamoamiz O‘zbekistonga ikkiga bo‘lingan holda yetib keldi. Uch nafar eng asosiy futbolchilar klubni tark etdi. Ulardan ikki nafari hujumchi edi. Ammo shunga qaramay "Al Zavra" Iroqning eng mashhur klubi, shu bois ertaga g‘alaba qozonib, iroqlik muxlislarni xursand qilishga harakat qilamiz.

    - Raqibni o‘rganish jarayoni qanday kechdi?
    - 15 yil oldin O‘zbekistonga kelganman, o‘tgan yil ham "Eyr Fors" ustozi sifatida O‘zbekistonga kelgandim. "Bunyodkor" hozir yaxshiroq imkoniyatga ega. O‘zbek futbolchilari va o‘zbek klublari haqida yetarli ma’lumotga egaman.

    - Toshkentda o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishingiz kerak edi.
    - Kuni kecha biz "Oq-tepa" bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishimiz kerak edi. Biroq maydon holati juda ham yomon edi. Shu bois "Oq-tepa" bilan o‘yinni bekor qildik. Futbolchilarim jarohat olishlari mumkin edi.

    - “Bunyodkor”ning besh futbolchisi jamoada emas, tarkibda yangilar ko‘p. Bu holat sizlarga ustunlik bermaydimi?
    - "Bunyodkor"ning 5 nafar futbolchisi ayni paytda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bilan birga ekanligini bilamiz. Yangi futbolchilar kelganligini ham bilaman. Ikkala jamoaga omad tilayman, ertaga stadionga keladigan muxlislarga ham omad tilayman. To‘qnashuv bitta o‘yindan iborat. Yosh va tajribali futbolchilar yordamida g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.

    Iroq futbol Federatsiyasi va iroqlik futbolchilar nomidan OFKga rahmat aytaman. Ular har qanday qiyin holatda Iroqni qo‘llab-quvvatlashadi", - deydi Bosim Qosim.

    » » "Al Zavra" ustozi: Biz "Bunyodkor"ga qarshi o‘yinga tayyor emasmiz