Path of Exile 2 yangilanishi ibodatxonalar sabab bahs uyg'otdi

Path of Exile 2'da “Vaal taqdiri” ligasi uchun chiqarilgan navbatdagi tuzatishlar o'yinchilar g'azabiga sabab bo'ldi. Dasturchilar tanqid qilingan mexanikani yumshatmoqchi bo'lishdi, biroq natijada tajribali o'yinchilar bilan endigina kontentni o'zlashtirayotganlar o'rtasida yanada keskin tafovut paydo bo'ldi. Bu haqda playground.ru xabar beradi.
Avvalgi yangilanish shaxsiy ibodatxonalarni qurishni daromadliroq qilgan, lekin jarayon baribir juda charchatadigan bo'lib qolgan edi. Ortidan chiqqan 0.4.0c patchi uchun 13-hotfiks ibodatxonalar orqali haddan tashqari tez boyib ketishga yo'l ochgan “ekspluatlar”ni yopish, shuningdek ichki bozor inflyatsiyasini jilovlashni ko'zlagan. Ammo bu urinish mavsumda allaqachon kuch yig'ib olgan “eski” o'yinchilar foydasiga balansni yanada og'dirib yubordi.
Eng ko'p e'tiroz uyg'otgan o'zgarish — ibodatxona xonalarini buzilishdan asraydigan “Huatlotli medalyoni” mexanikasining qayta ishlangani bo'ldi. Endi bu buyumni faqat 3-darajali xonalarga joylashtirish mumkin, bu esa yangi o'yinchilarga qurilishni yakunlashda jiddiy to'siq bo'layapti. Shu paytga kelib ideal reja bilan “tayyor” ibodatxonaga ega veteranlar esa resurslarni deyarli to'siqsiz jamg'arishda davom etmoqda.
Bundan tashqari, agar ibodatxonada bir xil turdagi 4 yoki undan ko'p xona bo'lsa, xona modifikatorlari uchun “kamayib boruvchi daromad” tizimi joriy qilindi. Nazariy jihatdan bu, kamyob dushmanlar soni qisqartirilgani bilan birga, eng kuchli ibodatxonalar samaradorligini cheklashi kerak edi. Amalda esa kech o'yin bosqichida boy o'yinchilar kapitalini tez ko'paytirishda davom etyapti, yangi boshlovchilar esa yanada ko'proq cheklovlarga duch kelmoqda.
Hamjamiyat bu tuzatishlarni keskin tanqid bilan qarshi oldi. Forumlarda ko'plar ushbu liga amalda “buzib yuborilgani” va yangi auditoriya qo'rqitib yuborilgani haqida yozmoqda. Ayrim muxlislar esa bu mavsumni o'tkazib yuborishni yoki keyingi yirik yangilanishlarni kutishni tavsiya qilmoqda — studiya yangi mexanikalarni to'g'ri sozlash va balanslashda hanuz qiynalayotgani aytiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!