O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yilning 26 may kuni “Jeneral Motors O‘zbekiston” AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar narxlarini shakllantirishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzolagan edi.
31 may kuni esa GM Uzbekistan AJ Bosh direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Rustam Rajabov buyrug‘i bilan avtomobillarga yangi narxlar belgilangandi.
Ushbu holat odamlar orasida turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham bu boradagi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Quyida ularning ba’zilarini e’tiboringizga havola qilamiz.
Jurnalist Zohidjon Xolov mashinalar narxi oshirilganiga quyidagicha munosabat bildirdi: “GM Uzbekistan mashinalarining so‘mga o‘girilgan yangi narxlari e’lon qilindi. Albatta, narxlar osmonlab ketgan. Bir qarashda uncha-muncha boyning ham tarvuzi qo‘ltig‘idan tushadigan darajada qimmat. Ammo shov-shuvni chindan ham kambag‘allar ko‘taryapti. Afsuski, kambag‘allar hamisha ko‘pchilikni tashkil etgan.
Aslida hech narsa o‘zgarmagan. Muhimi, Prezident qarorining ijrosi ta’minlangan. Lekin six ham kuymagan, kabob ham. Prezident aytganini kompaniya rahbarlari, rasmiy va norasmiy foydaxo‘rlari qoyilmaqom darajada bajarishdi – na u tomon e’tiroz bildiradi, na bu tomon xafa bo‘ladi. Faqat xalqqa jabr bo‘ldi, xolos. Oddiy xalqqa, puli yo‘q xalqqa, boyga emas. Chunki uning allaqachon hatto uch yosh bolasida moshinasi (bog‘chaga olib boradigan, pampers tashiydigan) bor.
Bir tomondan to‘g‘ri ham qilgan: mashina qancha kam sotilsa, shuncha yaxshi – o‘zi moshina shundoq ham ko‘payib ketdi, yo‘llar qolmayapti – qayoqqa qarama moshin, moshin, moshin. Ekologiya buzilib ketyapti, odamlar ikki yuz qadamlik magazinga ham moshinda borishga o‘rganib olgan – o‘lgudek dangasa. Yana chalasho‘piru, probkalar, DAN xodimlarining asabiy hushtakbozligi, benzinu metanning tanqisligi, qimmatlashi, "zapchast"larning qimmatligi, “telpak”lar va hokazo...
Qisqasi, kompaniyaning megasuperdaho hisobchilari bularning baridan yaxshi xabardor. Ular uzoq o‘ylab o‘tirmay, darhol “qaror ijrosimi, bo‘ldim est qilamiz”, degan va AQSh dollari kursini davlat belgilagan 3850 so‘mda emas, balki “qora bozor” liderlari belgilagan summada, ya’ni 8500 so‘mda hisoblab chiqishgan. Boisi, erkin konvertasiya yo‘q, ammo barcha moshinlar so‘mda sotilgach, baribir so‘mni ko‘chaga chiqib, dollar qilib olish kerak-ku. So‘m oddiy xalqdan boshqasiga, ayniqsa, biznesmenlarga kerakmas. Ham moliyaviy, ham ma’naviy inflyasiyaga yuz tutgan bechora valyuta... Bankka borib, xorijiy valyuta konvertasiyasidan gap ketsa, mutasaddilarning yuzi achigan qatiq ichgandek bujmayib ketadi.
Hisoblab ko‘ring, Matiz (1 l) rusumli moshinning yangi narxi milliy valyutamizda 43 551 995 so‘m qilib ko‘rsatilgan. Buning xorijiy valyutadagi ekvivalenti esa 11 323 AQSh dollariga teng. Xo‘sh, bu 11 mingi qayerdan paydo bo‘ldi, degan savol tug‘ilgandir. Megasuperdaho hisobchilar mavjud narxni “qora bozor” kursiga chaqqanu, biroq o‘zlarining narxini davlat kursida chiqarishgan. Ya’ni, “qora bozor” kursida chiqqan yig‘indini davlat kursiga bo‘lgan: 43551995 so‘m : 3850 so‘m = 11312 dollar. Endi, buning haqiqiy hisobini keltiramiz: 43551995 so‘m : 8500 so‘m = 5124 dollar.
Agar “qora bozor”ni yo‘q qilib, davlat kursi har joyda ustuvor bo‘lsa, 11 323 dollarni topish qiyin bo‘lmasdi. Ya’ni, 11 323 dollar 3850 so‘mdan almashtirilsa, 43 593 000 so‘m atrofida bo‘ladi. Bu summani o‘rtacha 2-3 yilda ishlab topish mumkin. Qolaversa, davlat kursiga qaralsa, narxlar 11 ming emas, balki 4500 dollar bo‘lardi. Afsus...
Aslida endi xorij valyutasining bizga qizig‘i yo‘q, chunki dollaringizni “qora bozor”da 8500-9000 mingacha “maydalatvolib”, moshinni so‘mga sotib olaverasiz. “Baxt”imizga “qora bozor” bor bo‘lsin. Endi uni “qora” emas, “oq” deb aytsak ham bo‘laveradi”.
“Million” jamoasi etakchisi Davron Kabulov ham avtomobillarning narxi oshirilganini o‘ziga xos uslubda talqin qildi: “Captiva (209 987 352 sum) = 1409 ta eng kam oylik ish haqi = 1409 oy 117 yil degani... Umrlarga tatigulik mashina! GM Uzbekistan fuqarolardan noqonuniy to‘lov va “shapka”lar haqida xabar berishni so‘rab, o‘zi 2-3 ta “shapka”ga teng summani mashina rasmiy narxiga qo‘shibdi”.
Eslatib o‘tamiz, GM Uzbekistan kompaniyasi 1 iyundan avtosalonlardan avtomobil sotib olishda turli to‘siqlarga, masalan, dilerlik korxonasining qoidabuzarligi yoki qo‘shimcha mablag‘ talab qilish holatlari uchragan vaqtda kompaniyaning Ishonch telefoniga (+99871 1471414) qo‘ng‘iroq qilishlari so‘ralgan.
Manba: Qalampir.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi