O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli temiryo‘l vokzali, stansiyasi va razyezdlarining nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha qaror qabul qildi. Qaror “Davlat tili haqida” hamda “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi qonunlarga asoslanadi.
Mazkur qarorga ko‘ra, “O‘zbekiston temir yo‘llari” tizimidagi barcha temiryo‘l obyektlari nomlari maxsus ro‘yxat asosida tasdiqlanadi. Endilikda barcha rasmiy hujjatlar, ish yuritish materiallari va xizmat yozishmalarida faqat tasdiqlangan nomlardan foydalanish talab etiladi.
Transport vazirligi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” uch oy muddatda tegishli hujjatlar va ma’lumotlar bazalariga o‘zgartirishlar kiritadi. Shuningdek, temiryo‘l vokzallari va stansiyalaridagi peshlavhalar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida qayta yoziladi.
Bu chora-tadbirlar davlat tili me’yorlariga rioya etishni kuchaytirish, nomlardagi yagona uslubni ta’minlash va yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratishga qaratilgan. Shu orqali transport infratuzilmasida bir xil yozuv tizimi joriy etiladi.
Qaror ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari A.J. Ramatov hamda transport vaziri I.R. Maxkamov zimmasiga yuklatildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!