“UzAuto Motors” AJ Chevrolet Cobalt avtomobilining yangi modifikatsiyalarini ommaviy ishlab chiqarishni boshlaganini ma’lum qildi, deb UzAuto Motors xabar berdi. Bu yangilik avtomobil modellari qatorini kengaytirish dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.
Endilikda Chevrolet Cobalt avtomobili mijozlar uchun ilgari mavjud bo‘lmagan yangi opsiyalarga ega bo‘lgan ikkita yangi versiyada — Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM taqdim etiladi. Bu modelllar avvalgi uchta komplektatsiyaga qo‘shimcha bo‘ladi.
Yangi versiyalarda avtomobilning 50 dan ortiq muhim komponentlari yangilangan: yangi dvigatel boshqaruv bloki, takomillashtirilgan elektron tizimlar, ABS va xavfsizlik yostiqchalari, diagnostika moduli va boshqa elementlar yangilandi.
Ikkala modelda ham haydovchi va yo‘lovchilar qulayligi ustuvor bo‘lib, kruiz-nazorat, old o‘rindiqlarni isitish tizimi, Android Auto va Apple CarPlay bilan mos multimedia, yangilangan asboblar paneli va boshqaruv tugmalariga ega rul mavjud.
Midnight MCM komplektatsiyasi dizayn va texnologiyaga alohida urg‘u bilan ishlab chiqilgan. Avtomobil saloni ekocharmdan tayyorlangan, isitiladigan, yangi tikuvga ega o‘rindiqlar bilan jihozlangan. Ichki qismi to‘liq qora, tashqi ko‘rinishda esa “Midnight”ga xos qora oynalar, disklar va qoraytirilgan faralar bilan ajralib turadi.
Yangi narxlar:
– Style MCM — 156 100 000 so‘m
– Midnight MCM — 165 200 000 so‘m
Avvalgi narxlar o‘zgarishsiz qoladi:
– Style AT Plus — 147 916 000 so‘m
– Midnight AT — 155 231 000 so‘m
2025-yil 3-noyabrdan boshlab, barcha Chevrolet dilerlik markazlarida yangi komplektatsiyalar savdoga chiqariladi.