UzAuto Motors kompaniyasi o‘zining eng talabgir ikki avtomobili — Chevrolet Damas va Cobalt modellari haqida yangiliklar bilan bo‘lishdi. Yangi loyihalar ishlab chiqarish jarayonidagi muhim bosqich sifatida e’tirof etilmoqda.
Damas — yangi ko‘rinish, katta imkoniyat
Ma’lum qilinishicha, kompaniya yaratilayotgan ishlab chiqarish quvvatlarida Damas minivenining yangi avlodini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda. Yangi model avvalgidan ko‘ra ancha katta o‘lchamga, yuqori yuk ko‘tarish qobiliyatiga va keng saloniga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, haydovchi va yo‘lovchilar uchun qulaylik darajasi ham sezilarli ravishda oshirilgani qayd etilgan. Yangi versiyaning yo‘lovchi turiga Damas Move nomi berilgan bo‘lsa, yuk-yo‘lovchi turi Damas Max deb ataladi.
Eng qizig‘i, yangi va eski modellarning ishlab chiqarilishi bir vaqtning o‘zida davom etadi — xaridorlar o‘z ehtiyoji va imkoniyatiga ko‘ra tanlov qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Cobalt — zamonaviy qulaylik va yangi texnologiyalar bilan
Shu bilan birga, Chevrolet Cobalt avtomobili ham ikki yangi versiya bilan boyitildi: Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM. Ushbu modellarda nafaqat tashqi jihatdan, balki texnik tomondan ham jiddiy yangilanishlar amalga oshirilgan.
Ma’lumotga ko‘ra, yangi Cobalt dvigateli qayta ishlangan, ABS tizimi takomillashtirilgan, xavfsizlik bloklari va diagnostika moduli yangilangan. Shuningdek, multimedia tizimi Android Auto va Apple CarPlay platformalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Avtomobil endi kruiz-kontrol funksiyasiga, isitiladigan old o‘rindiqlarga, eko-charmdan tayyorlangan salonga va yangilangan asboblar paneliga ega bo‘ladi. Rul ham endi multimedia va kruiz-kontrol boshqaruv tugmalari bilan jihozlangan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Cobalt’da jami 50 dan ortiq asosiy qismlar yangilangan. Keyingi bosqichda esa modelning tashqi ko‘rinishi — feyslift versiyasi ham ishlab chiqilayotgani aytildi.
Yangi modifikatsiyalar mavjud komplektatsiyalar bilan bir qatorda ishlab chiqariladi. Demak, mijozlar endi jihozlanish darajasi va funksionalligiga ko‘ra farqlanuvchi Cobalt’ning to‘rt xil variantini tanlash imkoniga ega bo‘ladi.
Avtomobillarning narxlari va sotuv boshlanish sanasi haqidagi ma’lumotlar keyinroq e’lon qilinadi. Shu tariqa, UzAuto Motors o‘zining mashhur modellari yanada zamonaviy, qulay va texnik jihatdan takomillashgan holda taqdim etishni boshladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!