16:23 / 08.07.2017
8 180

GM-Uzbekistan rahbari: Ravon brendi o‘rnida «Sarbon», «Karvon» ham bo‘lishi mumkin edi

GM-Uzbekistan rahbari: Ravon brendi o‘rnida «Sarbon», «Karvon» ham bo‘lishi mumkin edi
GM-Uzbekistan bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabov jurnalistlar va blogerlar ishtirokida Andijon viloyatiga uyushtirilgan infoturda xorijga eksport qilingan avtomashinalar turli nuqsonlari tufayli ichki bozorga qaytarib kelinayotgani haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi, deb xabar bermoqda Kun.uz nashri.

Rustam Rajabov bunday holat kompaniya tarixida hech qachon bo‘lmagani, bu turli ichki va tashqi kelishuv hamda qonunlarga zid ekanligini qayd etdi:

— Buning texnik tomondan imkoniyati yo‘q. Chunki zavodimizda ishlab chiqarilayotgan har bir avtomobilga o‘ziga xos kod beriladi. Agar u Yaqin Sharq davlati uchun ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa unda Yaqin Sharq davlatlariga xos kodirovka bo‘ladi, uning sertifkatlanganligi va boshqa texnik parametrlari o‘sha davlatlarga xos bo‘ladi. Aytaylik, kuchaytirilgan sovutkich, issiqqa chidamliroq plastik jihozlar. Kompaniya ma’lum bir mamlakat uchun mo‘ljallangan avtomobilni boshqa hududiy bozorda sota olmaydi. Oddiy hol: avvalo sertifikati to‘g‘ri kelmaydi. Bu xatti-harakat uchun nazorat qiluvchi organlar bizni jarimaga tortishlari mumkin, — dedi kompaniya rahbari.

Sovuq o‘lkalarga, masalan Rossiya Federasiyasiga jo‘natilayotgan avtomobillarda o‘rindiqni isitish funksiyasi mavjud. Ichki bozorda bu funksiya unchalik mashhur emas, chunki iqlimiy sharoitlarga ko‘ra, u iste’molchilarga ortiqchalik qiladi va uning uchun qo‘shimcha pul to‘lashni istashmaydi. Garchi o‘zimiz uchun ham shunday avtomobillar ishlab chiqarish imkoniyati kompaniyada mavjud bo‘lsa-da. (Darvoqe, hozir xaridor GM-Uzbekistan avtomobilini o‘zi istaganidek qo‘shimcha jihozlar va rang bilan buyurtma qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan, bunda faqat avtomobilning narxi oshadi va kutish muddati 60 kundan 120 kunga cho‘ziladi — tah.)

Rajabov eksport va ichki avtobozor uchun ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning sifati mutlaqo bir xil ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Mashinalar faqat qo‘shimcha opsiyalari bilangina farqlanadi, — dedi u.

— Ichki bozorga mashinalar Chevrolet brendi ostida chiqarilishi, aytaylik, o‘sha Rossiyaga esa Daewoo brendi ostida sotilganini hamma biladi. Lekin ichki bozorda ham Daewoo brendiga tegishli mashinalar paydo bo‘lib qolgani va o‘sha mashinalarda Rossiyaga xos opsiyalar borligi xalq o‘rtasida ana shunday mish-mishlar urchishiga sabab bo‘lmoqda. Bunga sabab nima?

— Yo‘llarimizda ko‘zingiz tushgan Daewoo rusumli mashinalar sotilmasdan qaytarib olib kelingan mashinalar emas. GM Uzbekistan Daewoo brendidan Ravon brendiga o‘tayotgan paytda bizda ortiqcha butlovchi detallar qolib ketdi. Ularni yo‘q qilish yoki tashlab yubormaslik uchun GM kichikroq partiyada ana shunday detallar bilan ichki bozorga ham avtomashinalar ishlab chiqardi. Asosan bu Lacetti avtomashinalari bo‘lib, mingtaga yaqin ishlab chiqarilgan. Ular faqatgina mijozning roziligini olib, ularga sotilgan.

— Lekin hozir faqat eksportga mo‘ljallangan yangi Ravon brendli avtomashinalarni ham ko‘chalarimizda uchratayapmiz-ku?

— Kompaniya yangi brend ostida mashina ishlab chiqarayotganida, albatta, ichki bozorni ham «paypaslab» ko‘radi. Bu avto ishlab chiqaruvchilar uchun oddiy amaliyot sanaladi. Biz iste’molchilar yangi brendni qay darajada qabul qilishlarini aniqlashga harakat qilib ko‘rdik. Avval boshda bizda ichki bozorni ham to‘liq Chevrolet’dan Ravon’ga o‘tkazish niyati ham bor edi. Biz ma’lum bir miqdorda Ravon brendi ostidagi avtomobillarni ichki bozorga chiqarib, Chevrolet’da qolgan yaxshimi yoki sekin-asta Ravon’ga o‘tishmi, shuni aniqlashni maqsad qilgan edik. Biz ichki bozorda Chevrolet brendi maqbulroq qabul qilinayotganiga amin bo‘ldik, — dedi kompaniya rahbari.

— Ravon brendi qanday tanlab olindi o‘zi va nimaga aynan Ravon?

— Avvaliga o‘nlab turli variantlar o‘rganib chiqildi. Ular orasida «Sarbon», «Karvon», «Turon» kabi variantlar ham bor edi. Ravon brendi borasida GM bilan hamkorlikda, AQShning Detroyt shahridagi bosh kompaniya kabinetlarida yakuniy qarorga kelingan. Ravon — tekis ma’nosini beradi. Bu yaqin atrofimizdagi davlatlar uchun ham tushunarli va jarangdor so‘z degan qarorga kelingan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » GM-Uzbekistan rahbari: Ravon brendi o‘rnida «Sarbon», «Karvon» ham bo‘lishi mumkin edi