date
views 1 593

Ukrainaga hozircha toʻrt dona HIMARS etkaziladi. Bu Rossiyaga qarshi turishda qanday yordam berishi mumkin?

Украинага ҳозирча тўрт дона HIMARS eтказилади. Бу Россияга қарши туришда қандай ёрдам бериши мумкин?
Marokashdagi mashgʻulotlarda qoʻllanayotgan HIMARS tizimlari
AQSh Ukrainaga etkazib beradigan oʻq-dori, qurol va harbiy texnikalarning navbatdagi paketidan ukrain harbiylari anchadan buyon soʻrab kelayotgan HIMARS baravar oʻt ochish tizimlari ham oʻrin olgan. Vashington hozircha Kievga bunday qurilmalarning faqat toʻrttasini etkazib beradi.

«HIMARS ularga [ukrainlar] qarshi turishda kengroq imkoniyatlar taqdim etadi. Hozirda biz ularga avvalroq etkazib bergan gaubitsalar 30 km atrofidagi masofaga zarba berishi mumkin. HIMARS’ning oʻq otish masofasi ikki barobardan oshiqroq, bu esa ularga hatto kam miqdordagi uchirish qurilmalari bilan ham [rossiyalik harbiylarga] nisbatan muvaffaqiyatli qarshilik koʻrsatish imkonini beradi», – dedi AQSh mudofaa vaziri oʻrinbosari Kolin Kal Pentagondagi brifingda.

2 iyun kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQShga «zamonaviy HIMARS baravar oʻt ochish tizimlari» yuborayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, Kievda «zamonaviy jangovar tizimlari etkazib berish hajmini yuqori darajaga olib chiqish ustida ishlanmoqda».

Ukraina aynan qancha miqdorda baravar oʻt ochish tizimlari etkazib berilishini istashi ma'lum emas, ammo ekspertlar fikricha, toʻrt dona uchirish qurilmasi harbiy harakatlar borishini oʻzgartirishga qodir emas.

Gʻildirakli shassiga oʻrnatilgan HIMARS engilroq va mobilroq boʻladi
Isroillik ekspert David Gendelmanning fikricha, hozirda Kiev har qanday qurol etkazib berilishidan minnatdor boʻladi, ammo bunday baravar oʻt ochish tizimlaridan moʻ'jiza kutmaslik kerak.

«Ular [HIMARS] bunday hajmda qandaydir tizimli samara bera olmaydi. Ehtimol bular ilk qaldirgʻochlar va kelgusida etkazib berish hajmi koʻpayar. Ushbu toʻrtta qurilma, agar kichik batareya qismi kabi birgalikda harakatlanishsa, qandaydir kichik uchastkada ma'lum bir effekt beradi. Ammo shunisi aniqki, bu Ukraina istagan miqdor emas. Ularga koʻproq kerak», – degan ekspert.

David Gendelmanning davom ettirishicha, Ukrainaga «yuzlab baravar oʻt ochish tizimlari» zarur boʻladi.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich amerikaliklar joʻnatayotgan toʻrt dona HIMARS baravar oʻt ochish tizimlari «mashgʻulot» qurollari boʻlishi, kelgusida «ular koʻp hajmda kelishi»ni aytgan. «Oʻylaymanki, bittagina divizion (18 ta qurilma) emas, koʻproq – ikki-uchta boʻladi, koʻramiz», – degan Arestovich.

Pentagondagi brifingda ham bu hali dastlabki partiya ekani haqida aytilgan. Idora vakili ham ular oʻquv mashgʻulotlari uchun qoʻllanishini aytib oʻtgan. Ammo toʻlaqonli joʻnatma qachon va qancha miqdorda amalga oshirilishiga aniqlik kiritilmagan.

Qoʻshma Shtatlardan tashqari boshqalar ham Ukrainaga baravar oʻt ochish tizimlari etkazib bermoqchi. 2 iyun kuni Buyuk Britaniya gʻildirakli yuk mashinasida olib yuriluvchi HIMARS’dan farqli ravishda gusenitsali M270B1 MLRS tizimlari hamda ikki barobar koʻp oʻq-dori etkazib berilishini ma'lum qildi, ammo bu qurollar qancha miqdorda va qachon joʻnatilishiga aniqlik kiritilmagan. Buyuk Britaniya qurolli kuchlari ixtiyorida bunday tizimlardan 35 ta bor.

Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy baravar oʻt ochish tizimlari Ukraina qurolli kuchlarini kuchaytirishi haqida gapirgandi. «Menda hech qanday sir yoʻq. Biz barcha davlatlarga MLRS tizimlari etkazib berishni soʻrab murojaat qilganmiz, ular yordamida Ukraina tashabbusni qoʻlga olishi va oʻz hududlarini ozod qila boshlashi mumkin», – degandi u.

Hozirgi mojaroda artilleriya juda muhim rol oʻynaydi. Kievga boshqa artilleriya tizimlari ham etkazib berilgan.

Masalan, Ukraina AQShdan 100 dan ortiq M777 gaubitsalari olgan, Polshadan 60 dona kalibri 155 millimetr boʻlgan «Krab» oʻziyurar artilleriya qurilmalari sotib olgan (oʻtgan haftada yana 18 dona gaubitsa Ukrainaga tekinga yuborildi).

May oyida Polsha 500 ta M142 HIMARS jangovar modullari sotib olish boʻyicha AQShga rasmiy soʻrov yuborgan – bu qurolni mamlakatning oʻzida ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Rejaga koʻra, bir necha yildan keyin shunday uchirish qurilmalarining 80 tasi ishlab chiqariladi.

«Smerch», «Olxa» va «Uragan»lar

Ukraina qurolli kuchlarining oʻzida ham uzoq masofaga otuvchi baravar oʻt ochish tizimlari mavjud va ular frontda qoʻllab kelinmoqda.

Military Balance ma'lumotlariga koʻra, Ukraina armiyasida 2021 yil boshida sovetlar davriga mansub boʻlgan 70 dona 220 millimetr kalibrli 9P140 «Uragan», shuningdek, 81 dona 300 millimetr kalibrli 9A52 «Smerch» hamda «Smerch»ning ukrainlar tomonidan modernizatsiya qilingan versiyasi boʻlmish «Olxa» baravar oʻt ochish tizimlaridan 80 dan ortigʻi boʻlgan.

Rossiya arsenalida baravar oʻt ochish tizimlari soni ancha koʻproq. Military Balance ma'lumotiga koʻra, 2021 yil boshida RF qurolli kuchlari ixtiyorida 206 ta «Uragan», shuningdek 120 ta «Smerch» va «Tornado-S» boʻlgan.

«Smerch» tizimlari urushda keng qoʻllanmoqda - rossiyaliklarning raketalari qismlari Borodyanka hududida topilgan
2 mart kuni Kievdagi «Luch» konstruktiv byurosi 24 fevraldan buyon Ukraina qurolli kuchlari R624 «Olxa» raketalari bilan 50 dan ortiq aniq zarba yoʻllaganini xabar bergandi. Bu bir necha yil muqaddam yaratilgan, yuqori aniqlikda va uzoq masofaga harakatlanuvchi yangi raketadir. Ulardan qancha miqdorda ishlab chiqarilgani ma'lum emas, ammo ochiq manbalardagi ma'lumotlarga koʻra, ularning soni atigi bir necha yuzta boʻlgan.

Ukrainlarning «Olxa», «Smerch» tizimlari va uning Rossiyada yangilangan versiyasi «Tornado S» uchun kassetali, kumulyativ, parchalanib-portlovchi va hatto termobarik oʻq-dorilar yaratilgan.

Ayrim maxsus snaryadlarning uchish masofasi 120 kilometrgacha etadi, ammo aksar raketalarni 90 kilometrga otish mumkin.

Bundan tashqari, «Smerch» (va uning yangilangan versiyalari) masofadan minalashtirish uchun ham qoʻllanadi – ba'zi raketalar tankka qarshi va piyodaga qarshi minalar tashlaydi.

Uch oydan oshiq davom etayotgan harbiy harakatlardan keyin Ukraina va RF qurolli kuchlari arsenalida qanchadan raketa qolgani ma'lum emas.

Ukraina armiyasidagi «Smerch», u 2015 yil Kramatorskda suratga olingan. Foto: AFP
«Uragan» – nisbatan kuchsizroq va eskiroq tizim, qolaversa uni qoʻllash ham ancha murakkab, ammo u orqali 35 kilometrga otish mumkin, bu esa raqibning tizimlari javob qaytara olmaydigan nuqtadan turib oʻt ochish imkonini beradi, uning otish masofasi ukrainlar tomonidan keng qoʻllanadigan «Grad» baravar oʻt ochish tizimlari va D-30 gaubitsalarinikidan ancha ustunroq.

Ukrain va Rossiyada bu qurollar hozirda qanday holatda ekani va ular uchun qancha snaryad qolgani ham ma'lum emas.

Amerikaliklar etkazib berayotgan HIMARS tizimlari uchun qancha miqdorda snaryadlar berilishi haqida aniq ma'lumot yoʻq, ammo shunisi ma'lumki, bular GMLRS rusumli yuqori aniqlikdagi harakat qiluvchi raketalar boʻladi.

«Smerch» va «Olxa», ayniqsa eski «Uragan»lardan farqli oʻlaroq, HIMARS uchun oʻq-dorini xorijdan etkazib berish mumkin. Har qanday urushda raketalar sarflanishi hajmi juda katta, Ukraina armiyasi esa ularni doimiy ravishda toʻldirib borishi kerak boʻladi.

Baravar oʻt ochish tizimlari muhim nishonlarga qarshi

M270 MLRS va M142 HIMARS baravar oʻt ochish tizimlari – yaqin «qarindoshlar» hisoblanadi. Ular shassilari va uchirish konteynerlari bilan farq qiladi.

MLRS oʻtgan asrning 70-yillarida ishlab chiqilgan, 1983 yildan armiyada qoʻllana boshlangan, oʻtgan vaqt mobaynida bir necha bor modernizatsiya qilingan. HIMARS 1990-yillar oxirida paydo boʻlgan va raketa uchirish qurilmalarining nisbatan mobil va engil versiyasi hisoblanadi.

MLRS’da ikkita uchirish konteyneri gusenitsali shassiga oʻrnatilgan, olti gʻildirakli yuk mashinasida olib yuriladigan HIMARS’da esa bunday blokdan (uchirish konteyneri) faqat bitta.

Har bir uchirish konteynerida 277 millimetr kalibrli oltita raketa yoki 300 kilometr masofagacha etib boruvchi ATACMS operativ-taktik raketasidan bittasini oʻrnatish mumkin.

Bulardan tashqari, MLRS va HIMARS yana ikki tipdagi raketalardan foydalanishi mumkin. Birinchisi – maksimal uchish masofasi 32 kilometr boʻlgan M26 yoki uning yaxshilangan zamonaviy versiyasi M26A1 (uchish masofasi 45 kilometrgacha). Uchirish konteynerida bunday raketalardan oltitasi joylashadi.

Ikkinchi oʻq-dori – 76 kilometrgacha harakatlana oladigan boshqariluvchi GMLRS raketalari. AQSh baravar oʻt ochish tizimlari bilan aynan shunday raketalarni joʻnatmoqda.

Ukraina Amerikadan baravar oʻt ochish tizimlaridan tashqari boshqa aniqroq zarba beruvchi qurollar olishga ham harakat qilmoqda.

Ukraina qurolli kuchlari rioya etayotgan taktika – razvedka orqali yaxshi oʻrganilgan nishonlarga aniq zarba berishga asoslanadi. Ukrain harbiylari artilleriya uchun nishonlarni belgilab berish va zarbalarni yoʻnaltirish uchun dronlar yordamidan keng foydalanadi.

Shu tufayli, ularga «olov devori»ni oʻrnatishdan koʻra, kam sonli boʻlsa-da, muayyan ob'ektlarga aniq zarbalar berishda qoʻl keladigan Amerika raketa tizimlari zarur.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainaga hozircha toʻrt dona HIMARS etkaziladi. Bu Rossiyaga qarshi turishda qanday yordam berishi mumkin?