18:47 / 12.06.2022
1 647

Xitoy: agar Tayvan mustaqillik e’lon qilsa, bu urushga olib keladi

Xitoy: agar Tayvan mustaqillik e’lon qilsa, bu urushga olib keladi
Foto: Reuters
Xitoy mudofaa vaziri Vey Fenhening aytishicha, boshqa yo‘l qoldirilmasa, xitoyliklar Tayvandagi nazoratni saqlab qolish uchun har qanday ishni qiladi. Bu haqda shu kunlarda Singapurda o‘tayotgan Osiyo xavfsizligi bo‘yicha sammit doirasida Xitoy mudofaa vaziri Vey Fenhe amerikalik hamkasbi Lloyd Ostin bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Bu Xitoy va AQSH mudofaa vazirlarining ilk uchrashuvi edi va u bir soatdan ortiq davom etgan.

Keskin bayonotlar

Tayvan amalda Xitoydan ayri davlat sifatida shakllangan, lekin rasman «Xitoy respublikasi» nomini saqlab turibdi. Mamlakatning o‘z konstitutsiyasi, armiyasi va saylangan hukumati bor. Fuqarolik urushi tugashi va 1949 yil materikda kommunistlar g‘alabasidan keyin saylangan hukumatini Tayvan Xitoydagi yagona qonuniy boshqaruv organi deb biladi. Dunyodagi 14 ta kichik, lekin tan olingan davlatlar Tayvanni mustaqil davlat sifatida tan olgan va diplomatik aloqalar o‘rnatgan.

Pekin Tayvanni o‘z provinsiyasi deb biladi. Ba’zi tayvanlik siyosatchilar mamlakat nomini Xitoy deb atashni bas qilib, mustaqillik e’lon qilish kerak deb hisoblaydi. Bu esa Xitoyga yoqmaydi. 2021 yil yanvarda Pekin Tayvanni mustaqillik da’vo qilaversa, urush bilan qo‘rqitgandi.

O‘shandan buyon Xitoy harbiy samolyotlari Tayvan yaqinida manyovrlar amalga oshirib uchadi. Bu esa Vashingtonning noroziligini uyg‘otadi.

Yaqinda AQSH prezidenti Jo Bayden Xitoy Tayvanga tahdid qilish orqali olov bilan o‘ynashayotganini aytdi. Bayden orol hujumga uchrasa, AQSH harbiy kuchlari vaziyatga aralashishini aytgandi. AQSH orol mustaqilligini tan olmaydi, lekin 1979 yil imzolangan Tayvan bilan munosabatlar to‘g‘risidagi qonun asosida mamlakatga o‘zini himoya qilishi uchun qurol yetkazib berishga haqli.

AQSH Tayvandagi kvo-status har qanday kuch bilan o‘zgartirilishiga qarshi. Xitoy hujum qilsa, AQSH qanday reaksiya qilishi to‘g‘risidagi savolga javob esa doimgidek «strategik ikkilanish» ko‘rinishida mavjud. Masalan, Bayden hammaning oldida AQSH armiyasi Tayvanga yordam berishi haqida gapirishi, yordamchilari esa prezident boshqacha ma’noda gapirganini izohlashga urinishi mumkin. Ammo Bayden bungacha ham AQSH armiyasi vaziyatga aralashishi haqida ochiq gapirgandi.

Singapurdagi AQSH va Xitoy mudofaa vazirlari uchrashuvida Pentagon rahbari Lloyd Ostin AQSH «yagona Xitoy» tamoyiliga amal qilishi, ammo Pekinning Tayvanga nisbatan harakatlari provokatsion ekani, bu butun mintaqadagi vaziyatni izdan chiqarishini aytdi. AQSH mudofaa vaziri Pekinni mojaroni hal qilish uchun har qanday kuch ishlatishdan qochishga chaqirdi.

Bu AQSH va Xitoy mudofaa vazirlari Lloyd Ostin (chapda) va Vey Fenhe ilk o‘zaro uchrashuvidir. Tomonlar bu uchrashuv yaxshi va foydali kechganini aytishgan. Foto: EPA
Xitoy mudofaa vaziri esa chinakamiga vaziyatni izdan chiqarayotgan ish bu AQSHning Tayvanga qurol sotishi ekanini aytdi. «Agar kimdir Tayvanni Xitoydan ajratishni istasa, Xitoy armiyasi Tayvanda «mustaqillik» o‘rnatishga urinishni har qanaqasiga to‘xtatishga, Xitoyning hududiy yaxlitligini ta’minlashga kirishadi», degan Xitoy mudofaa vaziri.

Ikki tomondan ham keskin bayonotlar yangraganiga qaramay, Ostin va Vey uchrashuv samarali o‘tganini aytishdi. Pentagon rahbari tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida Xitoy mudofaa vazirligi bilan doimiy va to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqada bo‘lish zarur ekanini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, may oyi oxirida Tayvan Xitoyning 30 ta harbiy samolyoti orol havo hujumidan mudofaa tizimining kuzatuv hududiga kirgach, o‘z qiruvchi samolyotlarini osmonga uchirganini ma’lum qilgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy: agar Tayvan mustaqillik e’lon qilsa, bu urushga olib keladi