Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) tarixda ilk marta jahon chempionati saralash bosqichiga futbolchilarini yuborgan barcha klublarni ham to‘g‘ridan to‘g‘ri mukofotlashini ma’lum qildi. Bu tashabbus futbol tarixida misli ko‘rilmagan holat sifatida qayd etilyapti.
Federatsiya rahbariyati bu maqsad uchun ajratilgan mablag‘ni e’lon qildi – jami 355 million dollar. Bu summa JCH-2022 bilan bog‘liq dasturdagi to‘lovlardan qariyb 70 foizga ko‘p. O‘shanda klublarga faqat chempionatning asosiy bosqichiga yo‘l olgan o‘yinchilar uchun kompensatsiya to‘langan edi.
Endi esa vaziyat mutlaqo o‘zgardi. Saralash bahslariga o‘z futbolchilarini yuborgan barcha klublar ham moliyaviy qo‘llab-quvvatlashdan bahramand bo‘ladi. Bu esa turli qit’alardagi yirik klublardan tortib, kichik jamoalargacha islohotdan manfaat olishi mumkinligini anglatadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday qarorning qabul qilinishi FIFA va Yevropa klublari assotsiatsiyasi o‘rtasidagi uzoq muzokaralar samarasi bo‘ldi. Bu jarayonda klublarning manfaatlari, moliyaviy yuki hamda futbolchilarning xalqaro o‘yinlardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash masalasi asosiy o‘rin tutgan.
Shu orqali FIFA nafaqat milliy terma jamoalarga, balki ularning asosiy ustuni sanalgan klublarga ham qo‘shimcha rag‘bat berishni maqsad qilmoqda. Chunki futbolchi qaysi terma jamoa sharafini himoya qilishidan qat’i nazar, uning tayyorgarligi, salohiyati va jismoniy holati klublar faoliyati bilan bevosita bog‘liq.
Shuningdek, yangi dastur futbol olamidagi klublar va FIFA o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlaydi, degan umidlar bildirilmoqda.
Yaqin kelajakda futbolchilarning xalqaro o‘yinlarda ishtirok etishi nafaqat milliy sharaf, balki klublar uchun ham qo‘shimcha daromad manbai bo‘lib xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!