Kerosin uchun navbat. Foto: EPA-EFE/REX/SHUTTERSTOCK
Shri-Lanka mustaqillikka erishganidan buyon eng og‘ir moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Kundalik iste’moldagi mahsulotlar narxlari keskin ko‘tarilib ketgan, inflyatsiya 50 foizga yetgan.
Hindlarning mashhur eposi «Ramayana»dagi yovuz qahramon Ravanning yurti bo‘lmish Lanka (hozirda Shri-Lanka) shunday yomon kunlarni boshdan kechirmoqdaki, hozir ularga Ravanning jangovarligi ham, uning eposdagi o‘g‘li Indrajitning kamonbozligi ham yordam bera olmagan bo‘lardi. Chunki muammo ilmsizlik va sulolaviy boshqaruv ortidan kelib chiqqan.
Shri-Lanka mustaqil davlat sifatida shakllangandan buyon o‘z tarixidagi eng og‘ir iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda. Kunlik sotib olinadigan mahsulotlar narxi ko‘tarilib ketdi, inflyatsiya 50 foizgacha yetdi. Oqibatda mamlakatda misli ko‘rilmagan namoyishlar kuzatilib, davlat rahbarlari chekkaga surib tashlandi.
Inqiroz boshlangandan buyon mamlakatda go‘sht narxi to‘rt baravar ko‘tarilgan. Oqibatda odamlar kamroq go‘sht yeyishni odat qilib, sabzavot va un mahsulotlari iste’moliga o‘tgan. Lankaliklar ovqat pishirishda asosan kerosinli primuslardan foydalanishadi. Kerosin yetishmovchiligi sabab uni sotib olishda katta navbatlar kuzatila boshladi, odamlar kundalik ovqatini pishirib yeyishga ham qiynalib qoldi. Poytaxt Kolomboda ham odamlar ko‘chalarga o‘tin izlab chiqdi.
Energetika inqirozi shu darajaga yetdiki, jamoat transporti va tez yordam mashinalari uchun yonilg‘i topilmay qoldi. Ikki hafta ilgari hukumat yonilg‘i quyish shoxobchalariga shaxsiy mashinalarga benzin sotishni taqiqladi. Bu esa odamlar noroziligiga sabab bo‘lib, narxlar yanada qimmatlashishiga olib keldi. Shoxobchalarni armiya va politsiya qo‘riqlay boshladi. Aksiga olib mamlakatda yonilg‘ini chetdan sotib olishga pul yo‘q.
Foto: EPA-EFE/REX/SHUTTERSTOCK
Sog‘liqni saqlash sohasi ham butkul «o‘tirib qoldi», eng zarur dori vositalari taqchilligi kuzatilmoqda. Maktablar yopilgan, ko‘pchilik yo‘lkiraga xarajat qilmaslik uchun uydan ishlashga ruxsat so‘ragan. Hindistondagi kabi Lankada ham riksha eng mashhur transport vositasi hisoblanadi. Kirakashlar soatlab navbat kutib yonilg‘i olishga majbur.
Dushanba kuni mamlakatning bir necha tumanlarida gaz va elektr yetkazib berish qisman tiklandi. «Zapravka»larda yonilg‘i paydo bo‘ldi, poytaxt Kolomboga oziq-ovqat mahsulotlari olib kela boshlashdi. Ammo o‘z kursisini saqlab qolishga uringan hukumat rahbarlari bu ishlarni qilishga kech qolgandi: bu vaqtda odamlar mamlakat prezidenti Gotobaya Rajapaskaning qarorgohiga bostirib kirgan, undagi hashamatdan hayratlanib, basseynlarida cho‘milishga ham ulgurishgandi. Qo‘shimchasiga bosh vazir Ranila Vikramasinghning qimmatbaho villasi yoqib yuborildi.
Politsiya namoyishchilarga aytarli qarshilik ham qila olmadi. Ularning ko‘zdan yosh sizdiruvchi granatalari minglab odamlarni to‘xtata olmadi. Namoyishlarda hech kim halok bo‘lmagani aytilmoqda, 30 kishi jarohatlangan.
To‘polon boshlanganda mamlakatning ikki asosiy rahbari tumtaraqay bo‘lib qochib qolishdi, hozir ham davlatning boshi yo‘q. Prezident qo‘shni davlatga qochgani va 13 iyulda qaytishi aytildi.
Inqirozga nima sabab bo‘ldi?
Shri-Lankada yashash narxi bir yil ichida 50 foizga qimmatlashdi. Foto: GETTY IMAGES
Shri-Lankada oziq-ovqat mahsulotlari o‘tgan yilgiga qaraganda 50 foizga qimmatlashib ketdi. Oziq-ovqat inqirozining asosiy sababi sifatida davlatdagi pul yetishmovchiligi keltirilmoqda. 2020 yilda yalpi ichki mahsuloti hajmi 80 milliard dollar bo‘lgan, qariyb 22 million odam yashaydigan kattagina davlatning valyuta zaxiralari tugab bitgan, shu sabab eng kerakli oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishga ham sharoit yo‘q. Joriy yil may oyida Shri-Lanka o‘z tarixida ilk marta tashqi qarz bo‘yicha majburiyatlarini bajara olmadi.
Hukumat barchasiga koronavirus pandemiyasi sabab bo‘lgani aytishdan charchamayapti. Seylon sayyohlar uchun mashhur yo‘nalish hisoblanadi. Pandemiya sabab sayyohlik sektori ishlamay qolib, mamlakat katta miqdordagi xorijiy valyutadan quruq qoldi. 2019 yil mamlakatdagi cherkovlarda amalga oshirilgan davomli teraktlar shundog‘am sayyohlik rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatgandi.
Ammo iqtisodiy ekspertlar Shri-Lanka barcha muammolariga o‘zi sababchi deb hisoblashmoqda. Ularning fikricha, 2009 yilgi fuqarolik urushidan keyin mamlakat tashqi bozorga chiqish o‘rniga ichki bozorga e’tibor berib xato qilgan. Oqibatda eksport hajmi kamayib, import hajmi keskin ortib ketgan.
Asta-sekin iqtisodiyotni izdan chiqaradigan import va eksport o‘rtasidagi farq kattalashib bordi. Bu farq yildan yilga oshib 3 milliard dollargacha yetdi. 2019 yilda mamlakatning xorijiy valyutadagi zaxiralari hajmi 7,6 milliard dollarni tashkil etardi, yaqinda hukumat rahbarlari zaxirada atigi 50 million dollar qolganini aytishdi. Yetmaganiga siyosatchilar tashqi qarzni kerak bo‘lmagan sohalarga ishlatib, iqtisodiy holatni yanada tang holatga keltirib qo‘ygan.
Iqtisod qilish uchun o‘g‘it sotib olishdan voz kechish hosil yaxshi bo‘lmasligiga olib keldi va bu muammolarni yanada og‘irlashtirdi
Foto: GETTY IMAGES
Qishloq xo‘jaligida o‘g‘it sotib olishga pul sarflashni istashmagani bois hosil kamayib, vaziyat yanada keskinlashdi. 2021 yilda iqtisodiy inqiroz ochiqchasiga ko‘rina boshlagan vaqtda hukumat fermerlarni mahalliy o‘g‘itdan foydalanishga majburladi va kimyoviy o‘g‘it sotib olishni istamadi. Hosil kamayib ketgach, chetdan mahsulot sotib olish kutilganidan avval boshlandi va bu valyuta zaxiralari tugashini tezlashtirdi.
Shri-Lanka kimdan qancha qarz?
Ayni damda mamlakatning tashqi qarzi 51 milliard dollarni tashkil etadi. Eng katta qarz Xitoydan – 6,5 milliard dollar. Hozir hukumat Xitoy bilan qarzni to‘lashni kechiktirish yoki uning usullarini o‘zgartirish borasida muzokara o‘tkazmoqda.
Joriy yilning o‘zida Shri-Lanka 7 milliard dollar qarzini to‘lashi kerak. Keyingi yillarda ham to‘lov taxminan shunday ko‘rinishda bo‘ladi. Jahon banki Shri-Lankaga 600 million dollar qarz berishi haqida e’lon qildi. Hindiston 1,9 milliard qarz berib turmoqchi, shuningdek, import mahsulotlari ko‘rinishida yana 1,5 milliard qarz berishi ham mumkin. «Katta yettilik» davlatlari ham Shri-Lankaga tashqi qarz borasida yengillik bermoqchi.
Hukumatning inqirozdan chiqish rejasi bormi?
Shri-Lanka aholisi prezident iste’fosini talab qilmoqda, u ketishni va’da qilgan, ammo qachonligi noma’lum
Foto: GETTY IMAGES
Hozirda hukumat Xalqaro valyuta fondidan tezlashtirilgan tartibda 3 milliard dollar yordam so‘ramoqchi. Vazifasi dunyo iqtisodiyoti izdan chiqishining oldini olish bo‘lgan fond esa Shri-Lankadan soliqlarni oshirish, hisob stavkasini ko‘tarishni talab qilmoqda. Shundagina zayomlar haqida gapirish mumkin bo‘ladi.
Bosh vazir Ranil Vikramsinghning aytishicha, mamlakat shunchalik qiyin kunlarni boshdan kechirmoqdaki, maoshlarni to‘lash uchun hatto pul zarb qilishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Bu esa narxlarni yanada oshirib, inflyatsiyani ko‘tarib yuboradi. Hukumat hozirda Rossiya va Kuvayt bilan neftni chegirma bilan sotish borasida ham muzokara o‘tkazmoqda.
Prezident va bosh vazir birdamlikni ta’minlay oladigan hukumat shakllanishi uchun to‘polonlardan keyin iste’foga chiqishini ma’lum qilgan. Ammo ular qachon iste’fo berishi ham aniq emas. Hozirda siyosiy partiya yetakchilari inqirozdan qanday chiqish borasida maslahatlashmoqda, ammo mamlakatni boshqarishga nomzod ham, bu borada aniq reja ham yo‘q. O‘z navbatida, prezident qarorgohini egallab olgan namoyishchilar Rajapaska iste’foga chiqmaguncha u yerni tark etmasligini ma’lum qilgan.
Rajapaksaning qarorgohini egallab olgan namoyishchilar prezidentning basseynida cho‘milishdi va u iste’foga chiqmaguncha tarqalmasliklarini aytishdi. Foto: GETTY IMAGES
Shri-Lanka nimaning hisobiga yashardi?
1948 yil Britaniyadan mustaqil bo‘lib ajralib chiqqan Shri-Lanka asosan choy, qahva, kauchuk va ziravorlar eksporti hisobiga kun ko‘radi. Mashhur impra qora choyi aynan ko‘hna nomi Seylon bo‘lmish Shri-Lankada ishlab chiqariladi. Ushbu mahsulotlar eksporti va sayyohlikdan tushgan mablag‘lar mamlakatning asosiy daromad manbayi hisoblanadi.
Mamlakat ushbu mahsulotlar eksportiga shunchalik bog‘lanib qolganki, eksport miqdori ozgina kamayishi ham iqtisodiy tanglikka olib keladi. Shu sabab 1965 yil Lanka hukumati Xalqaro valyuta fondidan 16 marta zayom olishiga to‘g‘ri kelgan.
Sharmandali islohot
2019 yilda yuqorida aytilgan teraktlar sabab mamlakatga keladigan sayyohlar soni 80 foizga kamayib ketadi. Bu esa davlat budjetida defitsitni keltirib chiqargan. Buning ustiga sobiq bosh vazirning ukasi bo‘lmish amaldagi prezident Rajapaska odamlarning mehrini qozonish uchun populistik harakatni amalga oshirib, qo‘shimcha qiymat solig‘ini 15 foizdan 8 foizga tushiradi. Korporativ soliq 28 foizdan 24 foizga kamaytiriladi, ko‘chmas mulk solig‘i, daromad solig‘i va komission to‘lovlar butunlay bekor qilinadi. Oqibatda budjetga tushumlar yiliga 1,4 milliard dollargacha kamayib ketadi.
Ayni damda mamlakat Markaziy banki rahbariga aylangan iqtisodchi Nandal Virasinghning aytishicha, prezident saylovdan keyin soliqlarni bekor qilishi syurpriz bo‘lgan, bu borada iqtisodchilar bilan maslahat ham qilinmagan.
Yuqorida aytilgan o‘g‘it sotib olmaslik bo‘yicha qaror ham ahvolni og‘irlashtirib yuborgan. Oziq-ovqat mahsulotlari kamayib ketgani sabab narxlar ko‘tarila boshladi: aprelda 80 rupiya (0,34 dollar) bo‘lgan 1 kilo guruch narxi 500 rupiyagacha (2,1 dollar), 400 grammli sut narxi esa 60 rupiyadan (0,25 dollar), 250 rupiyagacha (1 dollardan ko‘proq) qimmatladi. Iyulga kelib oziq-ovqat narxi 57 foiz ko‘tarildi. 70 foiz oilalar esa tejamkorlik sabab yomon ovqatlana boshlaganini aytishdi.
Oilaviy davlat
Odamlarning aytishicha, Rajapaska va oilasi hukumatni tark etmas ekan, Seylonda nimadir o‘zgarmaydi. Hozirgi prezidentning akasi Mohinda Rajapaska mamlakatni 2005 yildan 2015 yilgacha boshqaradi, keyin bir necha yil bosh vazir bo‘ladi. 2019 yilgi saylovlarni yutgan Gotabaya Rajapaska esa qarindoshlarini, jiyanlarini hukumatga olib kela boshladi. Uning ukalari Basil va Shamal moliya vaziri hamda irrigatsiya vaziri bo‘ldi, yana bir jiyanini sport vaziri qildi.
Yetmaganiga ikki aka-uka o‘rtasida kelib chiqqan siyosiy nizo 21 milliondan ortiq odamlarning yashash tarzini qashshoqlashtirishda davom etdi. 2015-19 yillarda mamlakat prezidenti bo‘lgan Maytripal Sirisenaning aytishicha, mamlakat butkul yo‘qolib ketishi ham mumkin. «Mamlakat siyosiy sulolalar qanday ishlashini bilib oldi», dedi siyosatchi «birinchi oila»ni nazarda tutib.
Davlat ishchilariga mamlakatni tark etish taklif qilindi
Hozir Shri-Lankada oddiy maktablar ham yopiq, chunki o‘quvchilar, o‘qituvchilar ungacha yetib bora olishmaydi, transport harakati to‘xtagan. Tez yordam ishlamagani sabab odamlar oddiy kasallikdan ham o‘la boshlagan.
Iqtisodiy sektordagi davlat ishchilaridan 5 yilgacha haq to‘lanmaydigan ta’til olib, xorijga ish izlab ketish va mamlakatda qolgan qarindoshlariga pul bilan yordam qilish so‘ralgan. Ammo mamlakatni tark etish ham oson emas. Hujjat olish uchun uzundan uzun navbatlar, pasport almashtirish uchun oylab kutish kerak, samolyotlar yo‘q. Odamlar qayiqda Hindistonga ketishni boshlab yuborgan. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?