00:13 / 16.08.2022
1 389

«Maqsad «Tolibon»ni yo‘qotish emas, uni mo‘’tadillashtirish» — Kamoliddin Rabbimov

«Maqsad «Tolibon»ni yo‘qotish emas, uni mo‘’tadillashtirish» — Kamoliddin Rabbimov
Afg‘onistonda «Tolibon» hukumati o‘rnatilganiga bir yil to‘lishi munosabati bilan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovni suhbatga chorladik.

– «Tolibon» kelganidan keyin mamlakatda nima o‘zgardi? «Tolibon» bugungi Afg‘onistonga nimalar berdiyu, nimalarni oldi?
– «Tolibon» hokimiyatga kelganidan keyin Afg‘oniston iqtisodiy vaziyati aslida og‘irlashdi. Unga qadar tashqi dunyo, homiy davlatlar Afg‘onistonga misli ko‘rilmagan, katta miqdorda – oyiga bir necha milliardlab pul berar edi, shu yordamlar to‘xtagan. «Tolibon» hokimiyatga kelgandan keyin Afg‘oniston davlatchiligi yopiq davlatga aylanib qoldi. «Tolibon» siyosiy tizimini yoki ularning tili bilan aytganda Afg‘oniston Islom Amirligini hozircha hech bir davlat tan olgani yo‘q.

Buning natijasida Afg‘onistonning tashqi dunyo hamkorligi yoki munosabatlari muzlatilgan holatda qolyapti. Afg‘oniston jamiyatining aksariyat qismida tushkunlik kayfiyati hukmron, deyish mumkin. Ayni vaqtda «Tolibon» ham birinchi marta hokimiyatga kelgan 1998-2021 yillardagi kabi xatolarni takrorlamaslikka harakat qilyapti. Qiyosiy tahlil qiladigan bo‘lsak, birinchi «Tolibon» va ikkinchi «Tolibon» ma’muriyati o‘rtasidagi farqlar anchagina jiddiy. Lekin shunday bo‘lsa-da, bugungi Afg‘onistonning eng katta muammosi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyati. Bugun xalqda pul yo‘q, narxlar anchagina oshgan, inflyatsiya yuqori. Ijtimoiy kayfiyatdagi depressiya holati keyingi yigirma yildagi eng yuqori nuqtaga kelgan, deb aytish mumkin.

– «Tolibon» o‘zgarishiga ishora qildi. O‘tgan bir yil davomida qanchalik o‘zgara oldi?
– «Tolibon» uchun bugungi eng asosiy qadriyat bu Afg‘oniston hokimiyatini saqlab qolish. U 20 yil urushdan keyin yana hokimiyatga keldi. G‘arb mamlakatlari yoki tashqi dunyo oldingidek uni kuch bilan o‘zining talablariga ko‘ndirish yoki «Tolibon»ni siyosiy kuch sifatida yo‘qotish vazifasini endi qo‘ymaydi. Chunki, 20 yillik urushdan keyin hamma xulosaga keldiki, partizanlik urushida, Afg‘oniston ichkarisidagi har qanday urushda harakat nihoyatda qudratli. Chunki partizanlik urushining taktikasi bu. Afg‘on hududida, afg‘on xalqi bilan ishtirok etadigan har qanday urushda tashqi dunyo yengildi va bundan keyin ham yengiladi. Demakki, «Tolibon»ning oldiga qo‘ygan pirovard maqsadi hokimiyatni ushlab qolish va vaziyatni barqarorlashtirish. Shuning uchun harakatga tashqi dunyo tomonidan shartlar qo‘yilyapti.

Birinchi shart bu inklyuziv, ya’ni barcha etnik guruhlardan iborat hokimiyat tuzish, ayollarga, qizlarga standart haq-huquqlarini berish, insonlarni bemalol ta’lim olish kabi fundamental haq-huquqlarni talab qilyapti. «Tolibon» judayam osonlik bilan emas, qiyinchiliklar bilan bosqichma-bosqich mana shu talablarni o‘rganib, ularning ko‘pchiligini imkon qadar qabul qilishga harakat qilyapti. Muammo shundaki, «Tolibon»ning ichkarisida bir necha qanot mavjud. Ashaddiy o‘ng qanot mavjud, oddiy tilda ularni siyosiy ekstremistlar, deyish mumkin. Ular kompromissga borishni istamaydi, ularda mana 20 yil urushdik va 20 yillik urushda biz o‘zimizning talablarimizni qo‘yish haqqiga ega bo‘ldik, degan qarash ham mavjud.

Lekin Qatarda, Doxada o‘tirgan, ancha so‘l bo‘lgan yoki tashqi, global siyosatni yaxshi tushunadigan tolibon mulozimlari ham borki, ularda biz qanchalik ertaroq kompromissga boradigan bo‘lsak, shunchalik bizga nisbatan sanksiyalar yechiladi, shunchalik muzlatilgan pullar qaytariladi tezroq va tashqi dunyo bizni tan oladi, natijada vaziyatni tezroq ushlab qolish imkoniyatiga ega bo‘lamiz, degan qarash ham mavjud. Muammo «Tolibon»ning ichkarisida kechyapti. Dunyoqarashlar kurashi bu. Ikki tomon ham to‘laqonni vaziyatni nazorat qila olmaydi. Ikkala tomon ham boschiqma-bosqich vaqt o‘tishi bilan ijtimoiy-iqtisodiy bosim ostida kompromissga oz-ozdan borishga majbur bo‘lyapti.

– «Tolibon»ning ichkarisida mana shunday ziddiyotlar bo‘lganda ular qanday qilib vaziyatni boshqara oladi, degan savol yuzaga chiqadi.
– Aslida bu normal holat. Demokratik davlatlarda ham, avtoritar davlatlarda ham yoki har qanday siyosiy vaziyatda ham ichki ziddiyotlar, ya’ni siyosiy hokimiyat ichkarisida yoki elitaning ichkarisida ziddiyatlar bo‘lishi tabiiy. Ikkinchidan, «Tolibon» va jamiyat o‘rtasida fundamental ziddiyotlar ham mavjud. Bo‘lishi tabiiiy ham. Chunki o‘tgan 20 yil mobaynida, «Tolibon» qudratga kelishiga qadar, Afg‘oniston jamiyati anchagina erkin yashadi. Til borasida, o‘zlik borasida ta’lim, xotin-qizlar haq-huquqlari borasida anchagina erkinliklarga erishgan edi. Mana shu erkinliklarning yo‘qotilishini Afg‘oniston jamiyati anchagina og‘riqli qabul qildi. Buni «Tolibon» yaxshi tushunadi.

Harakat bir tomondan o‘z mafkurasidan yoki diniy qadriyatlaridan voz kechmasdan, ayni vaqtda qattiq represssiya qilmasdan imkon qadar o‘zining dasturini, mafkurasini singdirishga harakat qilyapti. Mafkurani kuch bilan ham emas, voz kechib ham ketmasdan, balki da’vat qilish orqali singdirishga harakat qilyapti. Bu jamiyat uchun zo‘riqishni anglatadi. Albatta, toliblar bilan jamiyat o‘rtasida hali ko‘pgina to‘qnashuvlar bo‘ladi. Ammo u shunchalik katta kuchki, u keyingi o‘n yilliklarda birinchi marta Afg‘onistonning barcha hududlarini to‘liq nazorat qila oladigan siyosiy kuch hisoblanadi. Keyingi 40 yilda bunday kuch bo‘lmagan. Afg‘onistonda hududiy parokandalik doimo kuchli edi. Shundan kelib chiqib, tashqi dunyo, Afg‘onistonda tinchlik bo‘lishidan manfaatdor bo‘lgan qo‘shni davlatlar «Tolibon»ning hokimiyatga kelishidan bir tomondan xavotir bilan qaraydi. Ayni paytda Afg‘onistonda tinchlantirish va Afg‘onistonda bosqichma-bosqich normal siyosiy tartib o‘rnatish uchun tarixiy bir imkoniyat sifatida ham qaraydi.

– Afg‘on jamiyatida «Tolibon»ga ishonchsizlik uning 90-yillar so‘ngidagi hukmronligi bilan bog‘liq, albatta.
– «Tolibon»ga hozirda tashqi dunyodan real tahdid mavjud emas. Ularning hokimiyatiga yagona tahdid bu ijtimoiy norozilik, Afg‘oniston ichkarisidagi jamiyatidagi norozilik. Mana shu norozilikni ular qanchalik pasaytira oladi, natijada hokimiyat o‘zining legitimligini qanchalik mustahkamlay oladi, ular buni judayam yaxshi tushunishadi. Shuning uchun ikkinchi marta hokimiyatga kelganda keng ko‘lamli, bir yilda to‘laqonli davlat siyosatiga aylangan repressiyani amalga oshirmayapti. Ayni vaqtda «Tolibon»ning qora ro‘yxatiga turgan ba’zi bir shaxslar, ba’zi ijtimoiy guruhlarga bosim ham yo‘qolgani yo‘q. Chunki u mafkuraviy siyosiy bir harakat. U jamiyatning roziligi olishga harakat qilyapti. Ayni vaqtda o‘zining mafkurasidan ham voz kecha olmaydi. O‘rtada murakkab vaziyat yuzaga kelyapti.

– Tolibon vaqt-vaqti bilan o‘z harbiy saflarini tozalayapti. «Chiqit»ga chiqarilgan qism bora-bora o‘zlariga qarshi bir kuch bo‘lib birlashishidan xavotir paydo bo‘lmaydimi? Yoki bu bir taktikami?
– Afg‘onistonning ichkarisida real potensialga ega bo‘lgan siyosiy, harbiy kuch shakllangani yo‘q. Chunki «Tolibon» hududlarni juda yaxshi nazorat qilyapti. Hatto shimoliy hududlar, sobiq Ahmad shoh Mas’ud yashagan, faoliyat yuritgan hududlar ham bugun Tolibon tomonidan yaxshigina nazorat qilinyapti. Bugun Afg‘onistonda qudratli bo‘lgan, markazlashgan siyosiy muxolifat mavjud emas. Toliblar qo‘rqadigan yagona masalasi bu jamiyatning kambag‘alligi, ijtimoiy-iqtisodiy noroziligi. Chunki o‘tgan 20 yil mobaynida Afg‘onistondagi iqtisodiy o‘sish tashqi qo‘llab-quvvatlov natijasida anchagina yaxshi bo‘ldi.

Afg‘oniston 20 yilda kattagina progressni ko‘rdi. Bu davr ijtimoiy progress sifatida tarixda, jamiyat xotirasida qoladi. «Tolibon» shundan kelib chiqib, vaziyatni yumshatish uchun ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni ijobiylashtirishi uchun, odamlarning kun ko‘rishi, o‘zini moliyaviy ta’minlash qobiliyatni o‘stirish uchun imkoniyat izlashga majbur. Vaziyat qaytadan izdan chiqadigan bo‘lsa, qaytadan fuqarolik urushi boshlanadi. Fuqarolik urushi boshlanishi natijasida toliblar hokimiyatdan yiqiladi, lekin u yo‘qolmaydi. Urush qaytadan boshlanadi, xolos.

– «Tolibon» hujumlari ortidan kuchsizlanib tashqariga chiqib turgan kuchlar qaytib kelib qudratga chiqishga harakat qilmaydimi?
– Bunga, albatta, harakat qilishadi. Bugungi dunyo hamjamiyatining oldiga qo‘ygan maqsadi «Tolibon»ni yiqitish emas. Buni to‘g‘ri tushunish kerak. «Tolibon» yiqitilsa, ular muxolifatga o‘tadi va qaytadan qirg‘inbarot boshlanadi. Bugungi strateglarning asosiy maqsadi «Tolibon»ni bosqichma-bosqich normallashtirish. Ular Afg‘oniston ustidagi vaziyatni ushlab tursin, lekin ular normal inklyuziv hokimiyat qursin. O‘zbekistonning pozitsiyasi shu. Pokistonning pozitsiyasi ham xuddi shunday. Global strategiya, hattoki, AQSH stregiyasi shundan iboratki, Tolibonlarni yo‘qotib bo‘lmaydi.

Chunki ularning ijtimoiy bazasi pushtunlarga borib taqaladi. Pushtunlar Afg‘onistondagi eng katta etnik guruh. Ularni yo‘qotish imkonsiz bo‘lar ekan, ularni transformatsiya qilish kerak. Ularning tafakkurini o‘zgartirish kerak, ularni jangari guruhdan normal siyosiy guruhga aylantirish kerak. Ya’ni bahs-munozara qila oladigan, siyosiy tilda gaplasha oladigan, jahli chiqsa birdaniga qurolga yopishmaydigan, normal siyosiy kuchga aylantirish kerak, degan vazifa qo‘yilgan.

– Yaqinda «Tolibon» Tojikistonni bir haftada qo‘lga olishimiz mumkin deb tahdid qilgani bu hali diplomatiyani o‘rgana olmagani emasmi?
– «Tolibon»dan so‘raydigan bo‘lsangiz ularning ham o‘z da’volari ham bor. Boshqa tomondan, bu misol ularning diplomatiyasi zaif ekanligini, ko‘proq jangovar guruh ekanligini ko‘rsatadi. «Tolibon»ning ichkarisida bir necha qanotlar bor. O‘ng qanotning ohangi har doim radikal bo‘lgan. Ularning muammosi shundaki, shu o‘ng qanotdagi 20 yil davomida ertalabdan kechgacha faqatgina jang bilan shug‘ullanganlarni xalqaro siyosatga, xalqaro diplomatiyaga o‘rgatishi kerak. Bu esa oson bo‘lmaydi. Qo‘shni davlatlar ularning jahliga jahl bilan yoki kuch ishlatishga kuch bilan javob beradigan bo‘lsa mintaqada tinchlik hech qachon bo‘lmaydi. Dunyo siyosatida taraqqiyotni yaratish uchun aql bilan ishlash kerak, emotsiya bilan emas. Mo‘’tadil bosim bilan ta’sir o‘tkazish samarali usul sanaladi.

– Yuqorida o‘zingiz ham aytib o‘tdingiz, ayni vaqtda «Tolibon»ni birorta davlat hokimiyat, hukumat sifatida tan olmadi. Ayni vaqtda O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib faol diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ydi.

– «Tolibon» bilan nafaqat O‘zbekiston, balki Rossiya Federatsiyasi, Yevropa Ittifoqi, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Xitoy Xalq Respublikasi, Pokiston ham munosabatlarini shakllantirib ulgurgan. Tashqi dunyo o‘rtasida «Tolibonga ma’lum bir shartlarni qo‘yamiz, inklyuziv bir hokimiyat qursin, normal hokimiyat qursin, ayollar, qizlarga haq-huquqlar berilsin, inson haq-huquqlari ta’minlansin, degan talablar qondirilishi bilan birgalikda kollektiv tan olish haqida gap bo‘lishi mumkin» degan kelishuv mavjud. Bu kelishuvni Tolibonga anchagina yaqin bo‘lgan Pokiston ham buzolmaydi. Yoki Xitoy Xalq Respublikasining Afg‘oniston bo‘yicha katta-katta loyihalari bor, lekin kelishuvni buzolmaydi.

– Afg‘onistonda nafaqat xotin-qizlar, balki erkaklar, bolalar huquqlari ham buzilyapti. Taqiqlar, cheklovlar ro‘yxatida bandlar ko‘payib boryapti. Ulardan taqiqlarni olib tashlashni kutish qanchalik real?
– Tashqi dunyo ayollarning haq-huquqlari borasida shariatni bekor qilishni talab qilayotgani yo‘q. Xuddi shunday shar’iy talablar masalan, Saudiya Arabistonida ham bor. Yoki boshqa musulmon davlatlarida ham u yoki bu ko‘rinishda mavjud. Toliblarga qo‘yilayotgan birlamchi talab shar’iy davlat qurish istagidan voz kechish emas, o‘sha shar’iy talablarni imkon qadar inson huquqlari doirasida ta’minlashga yondashuv bo‘lishi kerak, degan talab bo‘lyapti. Ayollarning o‘qish yoki ishlash huquqi shariatda hech qachon ma’n kilinmagan. Tolibonlarning tafakkuridagi islomiy talqinlar bilan mo‘’tadil bo‘lgan islomiy talqinlar o‘rtasida ma’lum tafovutlar bo‘lishi mumkin. Xalqaro hamjamiyat tolibonlardan mana shu kompromiss izlashga va imkon qadar shariat doirasida yoki ularning tafakkuridagi shariat talqini doirasida imkoniyatlar haq-huquqi bilan ta’minlanishi kerak, degan shartlarni qo‘ymoqda.

– Mamlakatning eng og‘riqli nuqtasi bu iqtisodiyot. Shu vaqtgacha mamlakat bir tomondan donorlar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam hisobidan, ikkinchidan 20 yil davomida qishloq xo‘jaligini va sanoatni rivojlantira boshlanishi bilan o‘nglana boshlayotgan edi. Endi iqtisodiyot qaytadan «o‘tirib» qoldi. Bugunda iqtisodiyotni ko‘tarish uchun nima qilish kerak?
– Bu judayam og‘ir, keng qamrovli savol. Avvalo yangi hokimiyat dunyo hamjamiyati tomonidan o‘zini tan olishiga erishishi kerak. Buning uchun inson huquqlari, xalqaro hamjamiyat aytgan inklyuziv hokimiyat borasida qadamlar tashlanishi kerak. Yaqinda Toshkent konferensiyada dunyo hamjamiyati «Tolibon» hokimiyati xalqaro terroristik tashkilotlar bilan aloqasini to‘liq uzishi kerak, deb ta’kidladi. Ko‘p o‘tmasdan Ayman az-Zavohiriy Kobulda vaqtida unga hujum uyushtirildi, degan ma’lumotlar ham chiqdi. Demak, haligacha ularning aloqasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Shundan, Afg‘onistonning iqtisodiy-ijtimoiy taqdiri nihoyatda orqada qoladi, deb o‘ylayman. Bu yaqin yillar ichida u yerda kardinal o‘zgarish bo‘lish ehtimoli kam. Ko‘pgina tashqi kuzatuvchilarda Tolibonni jazolash kerak, degan pozitsiya bor. «Tolibon»ni jazolash orqali bugun Afg‘oniston jazolanadi. Afg‘onistonni jazolash orqali Markaziy Osiyo mintaqasi jazolanadi. Afg‘onistonda toliblarni jazolash orqali u yerda etnik o‘zbeklar, etnik tojiklar jazolanadi. Bu bilan o‘sha yerlardagi fuqarolik urushi tugamaydi. Odamlarda 30-40 yilda shakllangan ma’lum bir pozitsiya borki, ayniqsa, so‘nggi 20 yildagi «Tolibon» guruhini qattiq jazolash kerak, deydi. Lekin 20 yillik urush shuni ko‘rsatdiki, ular yo‘qolmaydi. Chunki Afg‘onistondagi birinchi konfilekt chizig‘i u yerdagi dunyoviylik va diniylik emas. Mamlakatdagi pushtunlar va boshqalar o‘rtasidagi hokimiyat uchun kurash birlamchi o‘rinda ko‘rinadi.

Pushtunlarning ikkita loyihasi bor: birinchisi diniy – bu «Tolibon», ikkinchisi dunyoviy – Ashraf G‘ani ham, Hamid Karzay ham etnik pushtunlar va ikkinchi loyihaga ular aloqador. Afg‘oniston jamiyatidagi kamida 40-50 foiz bo‘lgan pushtunlar hokimiyatni boshqa millatga berib qo‘ymaydi. Hokimiyatga etnik o‘zbek, etnik tojik yoki hazora kelishiga rozi bo‘lmaydi. Shundan kelib chiqib u yerda «Tolibon» yoki boshqa bir jangovar yoki anchagina radikal bo‘lgan asli pushtun bo‘lgan guruhlarni qo‘llab-quvvatlash davom etaveradi. Agar bizning maqsadimiz u yerda tinchlik bo‘lishini istasak hozir yaxshi imkoniyat, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, «Tolibon»ni o‘zgartirish qiyin, oson bo‘lmaydi. 20 yillik urushni ko‘rgan, qo‘pol qilib aytganda, urushni ichida yurgan bolalar. Lekin hozir ularni yiqitishga jazm etiladigan bo‘lsa, u yerda genotsidlar bo‘lishiga etnik o‘zbeklar, etnik tojiklar va boshqalar o‘rtasidagi urushlar hech qachon to‘xtamasligiga rozi bo‘lishimiz kerak.

Demak, iqtisodiy vaziyat u yerda og‘ir qoladi, chunki tashqi dunyo yordam bermaydi, tashqi dunyo fokusida Rossiya-Ukraina urushi turibdi. Lekin faqatgina ba’zi bir davlatlar, ba’zi siyosatchilar borki, imkon qadar vaziyatni optimal, tinch o‘zan orqali yo‘naltirishga harakat qilyapti. Ayni vaqtda ba’zi bir davlatlar, ba’zi siyosatchilar esa aynan o‘ch olish yo‘lidan ketayapti – bu noto‘g‘ri yo‘l.

– «Tolibon» qudratga kelganda mamlakatni minglab mutaxassislar, ilmli yoshlar tark etdi. Mamlakatda qolgan qatlam asosan qashshoq aholi. Mutaxassislarni qaytarish borasida «Tolibon» nimalar qilyapti?
– Harakat hokimiyatga kelayotganda mutaxassislar davlatni tark etmasin, davlat mulozimlari o‘z o‘rnida ishlayversin, faqatgina biz qo‘yadigan shar’iy talablarga rioya qilsa bo‘ldi, deb aytgan edi. «Tolibon»lar keyingi paytlarda tashqi dunyodagi mutaxassislar, ekspertlar qaytayotganini siyosiy propaganda sifatida jamoachilikka, tashqi dunyoga ham ko‘rsatishyapti. Toshkent konferensiyasida ham buni tilga olishdi. Mana ba’zi bir ekspertlar Afg‘onistonga qayta boshladi, bizni tushuna boshlashdi, biz repressiya qilmaymiz, sharoit yaratimiz, degan mujdani yo‘llashyapti. «Tolibon» yaxshi tushunadiki, mutaxassislarsiz, ekspertlarsiz Afg‘onistonning muammolarini hal qilib bo‘lmaydi. «Tolibon» to‘g‘ri siyosat olib borishga harakat qilyapti. Lekin Toliblarga ishonchsizlik darajasi juda kuchli, shuning uchun o‘tgan yilgi hokimiyat to‘ntarilishi ortidan Afg‘onistondan chiqib ketgan mutaxassislar hali qaytishga shoshilayotgani yo‘q.

– «Tolibon» giyohvandlik moddalar ishlab chiqarishni ta’qiqlaymiz, deb aytyapti. Lekin ayrim ommaviy axborot vositalarida Afg‘onistondan giyohvandlik moddalari chiqishi ko‘paygan, deb ta’kidlamoqda. Aniq-tiniq statistika esa ochiqlanmagan.
– Bu bo‘yicha menda ham aniq ma’lumotlar mavjud emas. Men ularsiz dinamika yoki vaziyat qanday ekanligini tahlil qila olmayman. Tolibon vakillari yaqinda Toshkent konferensiyasida ham narkotik moddalar ishlab chiqarish va uni eksporti bilan qattiq kurashilayotganini ta’kidlashdi. «Bu shariatga, islom qadriyatlariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi» deb bayonot berishdi. «Tolibon» birinchi marta hokimiyatga kelgan 1998-2001 yillarda Afg‘onistondagi narkotik moddalar ishlab chiqarish eng qisqargan davr hisoblanadi.

Buni Amerika ham, Rossiya ham tan oladi. Bugungi kunda «Tolibon» giyohvandlikka qarshi qanchalik samarali kurashyaptimi, bunga aniq javob yo‘q. Toliblarning o‘zi biz qattiq kurashayapmiz deydi, tashqi dunyo esa biz sezmayapmiz, deydi. Mana shunday holatda, vaziyatni kuzatish va imkon qadar «Tolibon» bilan muzokaralar olib borib vaziyatni monitoring qilish yo‘llari haqida o‘ylash kerak. «Tolibon»ning o‘zining qadriyatlariga keladigan bo‘lsak, albatta, bu narsa qattiq ma’n qilingan, deb hisoblaydi. Va Afg‘oniston hududida narkotik moddalar ishlab chiqarilishi kerak emas, degan masalada ularda konsensus mavjud.

– Afg‘onistonda urush takrorlanmasligi, vaziyat bundan battar bo‘lmasligi uchun qo‘shni davlatlardagi oddiy aholi nima qilishi kerak?
– Bugun Afg‘onistonda tinchlik bo‘lishi tashqi dunyoga kamroq bog‘liq. Bizga bog‘liq bo‘lgan narsa, O‘zbekiston hukuamti olib borayotgan siyosatni to‘g‘ri tushunish kerak. Agar dunyo davlatlariga qoladigan bo‘lsa, masalan ovoz berish imkoni berilib, Ashraf G‘ani yoki Hamid Karzay yoki Tolibon Afg‘onistonni qaysi biri boshqarsin deyilsa, o‘ylaymanki, 99 foiz dunyo hamjamiyati anchayin mo‘tadil, anchayin dunyoviy bo‘lgan Hamid Karzay yoki Ashraf G‘ani hokimiyatiga ovoz bergan bo‘lar edi. Lekin vaziyat shundan iboratki «Tolibon» o‘zining harbiy layoqatini isbotladi. Ularni yo‘q qilishning iloji yo‘q. Demak, siyosiy kuch sifatida o‘zining qudratini ko‘rsatgandan keyin tashqi dunyo va Afg‘oniston jamiyati bu bilan hisoblashishga, yigirma yilda yo‘q qilinmagan «Tolibon» bilan dialog olib borishga majbur.

– «Tolibon»ni chetdan tayyorlashgan va ularni chetdan boshqarishyapti, degan qarashlar hatto ziyoli odamlarda ham hamon kuzatiladi.
– Bu fikrga qo‘shilmayman. «Tolibon» harakati 1994-1998 yillarda shakllana boshlanayotganda bitta markazlashgan kuch edi. Bugun Tolibon brendi ostida 2 ta katta yo‘nalish bor: Afg‘oniston va Pokiston Tolibonlari. Qolaversa, mana shu «Tolibon»ning ichkarisiga ham bir qancha guruhlar bor, guruhchalar bor. «Tolibon» o‘tgan urushlar davrida markazlashgan kuch sifatida saqlanib qolishi imkonsiz bo‘ldi. Ular bir joyga yig‘ilib, hokimiyat iyerarxiyasini ta’minlash imkonsiz edi. Bugun «Tolibon»ning ichkarisidagi muammolardan bittasi siyosiy va mafkuraviy parokandalik. Yuqorida aytdik, anchayin radikal o‘ng qanot va anchayin mo‘’tadil qanotlar ham mavjud. Lekin «Tolibon»ga tashqi dunyodan ta’siri yuqori bo‘lgan yagona davlat bu Pokistondir. Lekin u ham «Tolibon»ni to‘laqonli nazorat qila olmaydi.

Aksincha, «Tolibon» harakati Pokiston uchun katta bir muammo sifatida ko‘riladi. Lekin harakatdan xavotir olgan va unga ishonchsizlik bildirayotgan Pokiston hokimiyati aloqalarni uzmaydi. Chunki, siyosat murakkab narsa, «Tolibon» o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, ularning salbiy xatti-harakatlari Pokistonnning o‘ziga ham ko‘chishi mumkin. Aslida «Tolibon»ga tashqi dunyoning to‘laqonli boshqaruvchi paketi mavjud emas. Ularning ichkarisida o‘zining iyerarxiyasi bor. Keyingi bir yilda Afg‘onistonning o‘zidagi «Tolibon» markazlashuvi sekin-sekin davom etayapti. Ya’ni, markazlashgan, yakka shaxs tomonidan boshqariladigan bir siyosiy tizim yoki boshqaruv tizimi shakllansa tashqi dunyoning «Tolibon» bilan muloqot qilish, muzokara qilish imkoniyati osonlashadi. Tashqi dunyoning ta’siri ko‘pchilik o‘ylagandek katta emas.

Mustahkam Tangriyorova suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Maqsad «Tolibon»ni yo‘qotish emas, uni mo‘’tadillashtirish» — Kamoliddin Rabbimov