00:10 / 22.08.2022
2 073

Frontdagi vaziyat: Harbiy harakatlar boshi berk ko‘chada, lekin urush ko‘lami yana kengayishi mumkin

Frontdagi vaziyat: Harbiy harakatlar boshi berk ko‘chada, lekin urush ko‘lami yana kengayishi mumkin
Foto: Vyacheslav Madiyevskyy / Ukrinform / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Lisichansk va uning atrofidagi aholi punktlari egallangach, oradan bir oydan ortiq vaqt o‘tganidan qaramay, Rossiya armiyasi Xarkivdan Xersongacha bo‘lgan 1000 kilometrlik frontning hech bir qismida 10 kilometr masofaga ham oldinga siljiy olmadi. Xuddi shunday, Ukraina armiyasi ham. Vaholanki, Kiyevdagilar janubda keng ko‘lamli qarshi hujumga o‘tilishi haqida xabar bergandi.

Ikki tomonning ham urush natijasiga ta’sir ko‘rsata oladigan yirik yurish amaliyoti o‘tkazish qobiliyati tobora shubha ostida qolmoqda, shunday ekan, hozirgi mavjud vaziyatni bemalol turg‘un deb atash mumkin.

Shu bilan birga, mavjud front chizig‘i ikki tomonni ham umuman qanoatlantirmaydi – bunday sharoitda tinchlik sulhi tuzish imkonsiz. Xo‘sh., unda endi nima bo‘ladi, degan savolga “Meduza” o‘z maqolasida to‘xtalib o‘tdi.

Urushning davomi bo‘yicha ikki variantni ko‘rib chiqish mumkin: yoki mojaro muzlatiladi (bu holatda Moskva ham, Kiyev ham yutqiziq pozitsiyasida bo‘ladi), yoki tomonlardan biri bu turg‘un vaziyatdan chiqish yo‘lini topadi. Agar ikkinchi variant hayotiy bo‘lib chiqsa, yanada jiddiyroq eskalatsiyaga olib kelishi mumkin.

So‘nggi oy davomida frontda nimalar bo‘ldi? Rossiya armiyasida hech qanday yutuq yo‘qmi? Ukrainlarda-chi?

So‘nggi voqealarni uzoq muddatli operativ tanaffus deyish mumkin.
  • Ukrain qo‘shinlari Lisichanskdan chekinganidan keyin Rossiya armiyasi yozgi janglarning asosiy yo‘nalishida Baxmut, Soledar va Seversk hududlarida yangi mudofaa liniyasiga duch keldi. Rossiya armiyasi Baxmut va Soledarga yaqinlashib kelgan bo‘lsa-da, bir oydan oshiq vaqt mobaynida yuqori tepaliklarda joylashgan bu liniyani yorib o‘tishning imkoni bo‘lmadi. Bu yerda rossiyaliklarning yurish sur’ati kuniga atigi bir necha yuz metrni tashkil etmoqda.
  • Baxmut janubi-g‘arbida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi iyul oyi oxirida Uglegorsk IESni qo‘lga oldi, bu hudud bir oydan ortiq vaqt davomida qamal qilingandi. Ammo avgust oyi yarmiga kelib yollanma jangchilar Baxmut yo‘nalishi bo‘ylab besh kilometrga yaqin masofada ilgarilay olgan, xolos.
  • «DXR» kuchlari esa Donetsk aeroporti atrofidagi Peski posyolkasining katta qismini egallagan. Katta ehtimol bilan, bu Ukraina qo‘mondonligi ushbu hududdagi artilleriyaning bir qismini boshqa yo‘nalishga o‘tkazgani, «DXR» qo‘shini esa, aksincha qo‘shimcha artilleriya kuchlariga ega bo‘lgani tufayli ro‘y bergan. Ukraina armiyasi sakkiz yildan ortiq vaqt mobaynida mudofaaga tayyorgarlik ko‘rgan posyolka hududi bo‘ylab harakatlanish bir necha haftalik yurish davomida ikki kilometrdan oshmadi.
  • Ukrainaning Xersonga qarshi hujumi hali ham boshlanmadi. So‘nggi vaqtlarda Mikolaviyga tashrif buyurgan g‘arblik muxbirlar yaqinlashib kelayotgan keng ko‘lamli hujum alomatlarini ko‘rishmaganini aytishgan. Ular bilan suhbatda bo‘lgan ukrain harbiylari esa Lisichansk yaqinidan Xersonga olib kelingan qo‘shimcha kuchlar RF armiyasi hujumga o‘tishiga imkon berishidan xavotirlarini bildirishgan.
  • Ikki tomon ham yaxshi uddalagan ish — bir-birining front ortidagi hududlariga raketa zarbalari yo‘llash bo‘lmoqda. AQSH va Buyuk Britaniyadan uzoq masofaga uchuvchi va nishonga aniq boruvchi raketa tizimlarini qabul qilib olgan Ukraina armiyasi so‘nggi haftalarda samarador zarbalar borasida rossiyaliklarni ortda qoldirayotgandek ko‘rinmoqda. Xususan, Dnepr ustidan Xerson tomon olib o‘tuvchi va u yerdagi Rossiya qo‘shini ta’minoti uchun muhim bo‘lgan uchta ko‘prikning barchasi safdan chiqarildi. Ammo rossiyalik harbiylar bir necha parom orqali kechuvlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Hozircha bu qo‘shimcha kuchlar hisobiga kengaygan kontingent ta’minoti uchun yetarli bo‘lishi aniq emas, ammo Dneprning o‘ng sohilidagi rossiyalik harbiylar o‘q-dori yetishmovchiligidan qiynalishmayapti: ukrain harbiylari ham o‘qqa tutilmoqda.

Bu urush boshi berk ko‘chaga kirib qolganini anglatadimi?

Bunday deyishga «urushlarga xos noaniqliklar» va raqiblarning safarbarlik salohiyati hali tugab bitmagani fakti xalal beradi.
Bir tomondan ikki armiyadagi safarbarlik haqida ma’lum bo‘lgan barcha ma’lumotlar yoz bo‘yi ular kerakli zaxiralarni shakllantira olmaganini ko‘rsatadi. Sabablar esa keskin farqlanadi.

Rossiya tomonining safarbarligi haqida nima deyish mumkin?
  • Rossiya armiyasi Ukrainada jonli kuch tanqisligini boshdan kechirishda davom etmoqda. Armiya to‘laqonli birlashma bo‘la olmayapti: uning saflarida tinchlik davridagi to‘ldirilmagan tuzilmalardan ajratilgan batalon-taktik guruhlar qoldiqlari, xususiy harbiy kompaniyalarning yollanma jangchilari, tan olinmagan «DXR» va «LXR»da safarbar qilinganlar, Rossiya regionlarida tez va yuzaki tayyorgarlikdan o‘tkazilgan «ko‘ngillilar» jang qilmoqda.
  • Hududlardan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, katta pullar evaziga «ko‘ngillilar»ni yig‘ish siyosati natijalari kamtarona bo‘lmoqda. Barcha regionlarda ham «ko‘ngilli batalonlar» tuzishning imkoni bo‘lmayapti, tuzilgan bo‘linmalar tarkibidagi ko‘ngillilar soni ham u qadar katta emas (ko‘p hollarda bu batalon emas, rotaga o‘xshaydi); bittadan ortiq batalon tuzishga muvaffaq bo‘lingan regionlar soni 15 dan oshmaydi.
  • Bu shuni anglatadiki, frontga faqat bir necha ming «ko‘ngilli» kelgan yoki yaqin haftalarda keladi. Ularga «Vagner» yoki boshqa «xususiy» bo‘linmalarning yangi yollanma jangchilarini ham qo‘shish mumkin.
  • «Ko‘ngilli batalon»larning jangovar qiymati pastligini hisobga olib, ular, katta ehtimol bilan alohida qismlar sifatida emas, Rossiya armiyasining jangovar bo‘linmalaridagi yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldirish uchun «madad kolonnalari» sifatida foydalanilishini kutish mumkin.

Ukraina tomonining safarbarligi bilan nima bo‘lmoqda?
  • Safarbarlik jarayonidagi ayrim muammolarga qaramay, Ukraina armiyasida jonli kuchlar soni bo‘yicha muammo yo‘q.
  • Ammo safarbar qilinganlarni o‘qitish va qurollantirish darkor. Birinchisi vaqt talab qilsa, ikkinchisi — ittifoqchilar tomonidan qurol yetkazib berilishi to‘xtovsiz davom etishini talab etadi, chunki Ukrainaning o‘zida qurol zaxiralari va ularni ishlab chiqarish imkoniyatlari deyarli tamom bo‘lgan.
  • Ammo qurol-yarog‘ ta’minoti (Rossiyaniki bilan taqqoslaganda samaraliroq bo‘lsa ham) hozircha bir necha o‘nta yangi brigadalarni shakllantirish (va mavjud brigadalarni qayta qurollantirish) uchun yetarli bo‘lmayotgani aniq — keng ko‘lamli yurish uchun esa aynan shunday brigadalar zarur.

Bunday sharoitda Rossiya armiyasi artilleriya va unga o‘q-dorilar hajmi borasidagi ustunlik evaziga asta-sekinlik bilan ukrainlarni Donbassdan siqib chiqarishda davom etishini, ukrainlar esa ularni to‘xtatishga harakat qilib, boshqa uchastkalarda qarshi hujumlar uyushtirishi hamda o‘q-dori omborlari va kommunikatsiya tizimiga zarbalar yo‘llashini kutish mumkin. Bu jarayonga bir necha oy ketadi.

Boshqa tomondan, Rossiya qo‘mondonligi ham, ukrainlar ham barcha kuchlarni ishga solmayapti: xususan, Lisichansk egallangach, bu yo‘nalishda foydalanilgan Rossiya kuchlarining bir qismi «rotatsiya bo‘yicha» frontdan olib ketildi. Katta ehtimol bilan, ochiqchasiga «ko‘ngilli batalon»lar tuzish va xususiy harbiy kompaniyalar safini yangi yollanma jangchilar bilan to‘ldirishga parallel tarzda armiya qismlariga shartnoma asosida xizmat qiluvchi harbiy xizmatchilar ham jalb etilmoqda va bu Rossiya qo‘mondonligiga nihoyat frontga to‘laqonli birlashmalar — brigada va diviziyalar jo‘natish imkonini beradi.

Ukraina qo‘mondonligi hozircha frontga urush boshlangach tuzilgan bir necha tuzilma yubordi va bu brigadalardagi harbiylar soni 20 ming atrofida (qolaversa, mavjud brigadalar hamda hududiy mudofaa batalonlari saflari to‘ldirib borildi), bu vaqtda umummilliy safarbarlik doirasida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, armiyaga yuz minglab kishilar chaqirilgan; G‘arbdan olingan qurollarning bir qismi ham (katta ehtimol bilan, yarmidan ko‘prog‘i) hali frontga yuborilmadi. Bularning bari shuni anglatishi mumkinki, tomonlar bir vaqtning o‘zida harbiy harakatlar intensivlashishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Foto: Frank Augstein / AP / Scanpix / LETA
Vaqt o‘tishi bilan bunday jadallashuv ehtimoli o‘sadi (ikki tomonning jalb etgan resurslari ortishiga mos ravishda: nazariy jihatdan Kreml Ukrainaga hatto million kishilik qo‘shin (hozirgi yuz mingdan ortiqroq harbiylar bilan qo‘shganda) yuborish imkonini beruvchi haqiqiy safarbarlik e’lon qilishi mumkin. G‘arb esa bunga Kiyevga yordam hajmini oshirish orqali javob qaytarishi mumkin. Yoki aksincha, qurol yetkazib berish hajmi keskin ortishiga javoban Rossiya mobilizatsiya bilan javob beradi.

Bu eskalatsiya muqarrar deganimi?

Muqarrar emas, ammo ehtimoli yuqori, chunki mojaro hozirgi pozitsiyalarida muzlatilishi Kremlni ham, Ukrainani ham qoniqtirmaydi.

Rossiya mojaro muzlatilishidan nega manfaatdor emas?

Harbiy tarixchi Igor Kurtukov bunday ssenariyning Kreml uchun qanday oqibatlarga ega bo‘lishini tasvirlab beradi. Unga ko‘ra, vayronaga aylangan Luhansk oblasti (to‘liq) Donetsk, Xerson, Xarkiv va Zaporijjya oblastlarining bir qismi (shuningdek Mikolayiv oblastining bir parchasi) uchun Rossiya hukumati boshqa barcha «frontlar»da vaziyat yomonlashuvi bilan haq to‘lagan:
  • mamlakat nafaqat iqtisodiyot rivojiga to‘sqinlik qiladigan, balki Kreml uchun undanda muhimroq hisoblangan armiyani qayta qurollantirishga yo‘l bermaydigan sanksiyalar ostida qolgan;
  • bu armiya o‘z zaifligini yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi, bu undan tashqi siyosatda argument sifatida foydalanishni qiyinlashtiradi; mojaroning muzlatilishi bu zaiflikni mamlakatning butun aholisiga yanada ayonlashtiradi;
  • NATOning, kengroq aytganda G‘arbning birdamligi — parchalanish uyoqda tursin, aksincha mustahkamlandi. Endilikda Rossiyani rasman asosiy dushman sifatida biladigan NATO mamlakatlari bilan o‘zaro chegara sezilarli darajada uzaydi (blokka Finlandiya ham a’zo bo‘lib kirayotgani tufayli). AQSH armiyasining Yevropadagi kontingenti o‘sdi, NATOning o‘n yillar mobaynida harbiy xarajatlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmay kelgan Yevropadagi a’zolari endi ko‘proq mablag‘ ajratishga tayyor. Alyans nafaqat o‘z a’zolarining, balki tajovuzga uchragan (vaqtincha bo‘lsa ham hududining bir qismini boy bergan) hamkor davlatlarning suverenitetini saqlashda samaradorlik ko‘rsatdi;
  • Ukraina «demilitarizatsiya» qilinmadi — aksincha, uning armiyasi jiddiy darajada G‘arbning zamonaviy qurollari bilan qurollantirildi va ulardan foydalanishga o‘rgatildi. Va bu jarayon davom etadi;
  • Ukraina bilan tutashuv chizig‘i o‘smoqda, endilikda tan olinmagan respublikalar ko‘rinishidagi bufer hudud yo‘q, chunki Rossiya ularni tan oldi va amalda o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Bu shuni anglatadiki, Kreml Kiyev bilan «muzlatilgan» qarama-qarshilik uchun urushga qadar bo‘lganidan ancha ko‘proq resurslar sarflashini talab etadi;
  • mojaro muzlatilgan holatda ham bosib olingan hududlar o‘qqa tutilishi to‘xtab qolishi fakt emas, bu esa fevral oyida «Donbassni otishmalardan qutqarish» istagi bilan urush boshlagan Kreml narrativini chippakka chiqaradi.

Bular (hatto yo‘qotishlarni qo‘shmaganda ham) g‘alaba deb atash qiyin bo‘lgan sof yutqizishdir.

Kreml Donbassning to‘liq egallanishini g‘alaba sifatida e’lon qilishi ham mumkin (hatto Qora dengizning Ukrainadagi sohillari to‘liq egallanmaganda ham). Bunday g‘oya rossiyaliklar delegatsiyasi tomonidan mart oyidagi muzokaralardayoq ilgari surilgandi. Katta ehtimol bilan, Kreml «bizning shartlarimiz asosida tinchlik» deganda shuni nazarda tutgan.

Mojaro muzlatilishi nima uchun Ukraina hukumatiga kerak emas?

Mart oyidagi o‘sha muzokaralarda Ukraina vakillari rossiyaliklar shartlarini muhokama qilishda qatnashgandi (garchi buni ochiqchasiga tan olmagan bo‘lishsa-da): Rossiya armiyasi o‘shanda Kiyev markazidan 30 kilometr masofada turar, Xarkiv qariyb o‘rab olingan va Odessaga yurish qilinishi davom etayotgandi.

Endi esa Ukraina davlatchiligiga bevosita tahdid kamida keyinga qoldirilgan, shuning uchun Kiyev katta hududlarini boy berish shartini eshitib ham o‘tirmaydi.
  • Kiyev so‘nggi vaqtlarda o‘z harbiylari oldiga «Ukrainani to‘liq ozod qilish», jumladan Qrimni ham qaytarib olish maqsadini qo‘ygan;
  • Ukraina (aprel oyida bo‘lgani kabi) tutashuv chizig‘ini urushdan oldingi holatda tiklash hamda «barcha hududlarni qaytarish uchun diplomatik sa’y-harakatlar olib borish» orqali «oraliq maqsad» ko‘rinishidagi nisbatan yumshoq variantni ham ko‘rib chiqayaptimi, yo‘qmi, bunisi noma’lum (bunday variantni g‘alaba sifatida e’lon qilish ham mumkin bo‘lardi).

Lekin, Kreml bu variantlarning hech birini qabul qila olmaydi (toki u yerda Putin bor ekan). O‘yin nazariyasiga asoslangan harbiy-siyosiy nazariya tomonlarning mojaro natijasi bo‘yicha baholarida bu qadar farqni hisobga olgan holda uzoq muddatli sulh uchun hech qanday imkoniyat qoldirmaydi.

Foto: Maksim Shemetov / Reuters / Scanpix / LETA
Voqealar rivojining quyidagi ikki ehtimoliy varianti bo‘lishi mumkin.
  • Tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatish uni frontdagi vaziyatni o‘z tomoniga og‘dirgunicha davom ettirishdan ko‘ra foydaliroq bo‘ladi deb topmaguncha, har ikki tomon uchun siyosiy maqsadlarga erishishning aniq yo‘li bo‘lmagan, uzoq, mashaqqatli urush. Tarixda bunday misollar ko‘p. Masalan, 1950-yillar boshida Koreya urushi boshi berk ko‘chaga kirganidan keyin mojaro muzlatilguniga qadar ikki yil vaqt o‘tadi. To‘g‘ri, o‘shanda yarashuv sulhi tuzilishiga ikki tomon rozi bo‘lishini tomonlar urushdan oldingi holatga nisbatan hech narsa yo‘qotmagani (millionlab harbiylar va tinch aholi hayotidan tashqari) ham osonlashtirgandi.
  • Mojaro eskalatsiyasi. Yuqorida aytilganidek, Kreml (zo‘ravonlik bilan) umummilliy safarbarlik e’lon qilish orqali mamlakatning urushdagi ishtirokini oshirishi mumkin. Bunga mos ravishda, ukrain armiyasi ta’minoti to‘la qaram bo‘lgan G‘arb qurollar yetkazib berish hajmini keskin oshirishi mumkin — omborlaridagi eski texnikalari hisobiga ham, o‘z armiyasi arsenalidagi texnikalar hisobiga ham.

Kreml ham, NATO ham boshqarib bo‘lmaydigan eskalatsiya yuzaga kelishi va hatto mojaro Ukraina chegaralaridan tashqariga chiqib ketishidan cho‘chib, o‘z harakatlarini raqibnikiga moslab amalga oshirayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo agar ular jiddiy qo‘shimcha sa’y-harakatlarsiz o‘zlariga maqbul siyosiy maqsadlarga erisha olmasliklarini anglab yetishsa, eskalatsiya ehtimoli juda yuqori bo‘ladi.

Bunday eskalatsiya nimaga olib kelishi mumkin?

Natijani oldindan aytib bo‘lmaydi. Barcha variantlar ehtimolli:
  • tomonlardan biri siyosiy sabablar tufayli resurslarni oshirishni to‘xtatishi mumkin (bu esa u hududlarni boy berish evaziga tinchlik muzokaralarga ko‘nishga majbur bo‘lishini anglatadi);
  • bir vaqtning o‘zida ikki tomon ham resurslarni oshira olmay qolishi mumkin (bu holatda Kreml uchun ham, G‘arb uchun ham), bu esa yangi turg‘unlikka sabab bo‘ladi;
  • bir vaqtning o‘zida ikki tomon ham resurslarni oshira olmay qolishi mumkin (bu holatda Kreml uchun ham, G‘arb uchun ham), bu esa yangi turg‘unlikka sabab bo‘ladi;
  • Kreml siyosiy maqsadlarni o‘zgartirishi mumkinligini ham istisno qilib bo‘lmaydi — Ukrainani bosib olish birinchi navbatda shaxsiy loyihasi bo‘lgan Putin qandaydir sababga ko‘ra hokimiyatda qolmasa.

Harbiy ekspertlar eng ekstremal variantlarni ham, jumladan Rossiyaning NATO bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvi ehtimolini ham muhokama qilishmoqda. Amerikadagi taniqli tahlil markazi bo‘lmish think tank The RAND Corporation bunday to‘qnashuvga olib kelishi mumkin bo‘lgan voqealar zanjirini keltirdi.
  • Agar G‘arb o‘z yetkazmalari bilan faqat Kremlning o‘zi uchun ma’lum bo‘lgan «qizil chiziq»dan o‘tsa (katta ehtimol bilan, u Rossiya rahbariyatining urushdagi mag‘lubiyati muqarrarligi ko‘rinib qoladigan joydan o‘tadi), Kreml operativ-taktik raketalar bilan Ukraina tashqarisidagi logistik zanjirlar va omborxonalarga ham zarba bera boshlashi mumkin.
  • Boshqa «yo‘li» ham bor: Rossiya rahbariyati NATOning mamlakatga hujumi muqarrar degan qarorga kelishi mumkin (masalan, agar Sharqiy Yevropada qo‘shinlar va zarbdor majmualarning joylashuvi o‘zgarish ko‘rsa yoki G‘arb matbuoti va jamoatchiligidan to‘g‘ridan to‘g‘ri intervensiyaga chaqiriqlarni eshitsa). Ekspertlar hisoblashicha, bunday holatda nafaqat konvensiya ruxsat beruvchi qurollar bilan, balki taktik yadro qurollari bilan ham zarbalar yo‘llanishi ehtimoli bo‘ladi.

Amerikadagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi bunday nazariyani AQSH va Rossiya taraf bo‘lib «o‘ynaydigan» bir necha jamoalar (xavfsizlik bo‘yicha tajribali mutaxassislardan iborat) ishtirokidagi o‘yinda sinab ko‘rgan. Ularga «dushman»ning harakatlariga javoban qaror qabul qilish, qarama-qarshilik vaziyatidan yutuqli holatda chiqish (dushmanni zaiflashtirish va o‘z pozitsiyasini yaxshilash) bo‘yicha topshiriq berilgan.

O‘yin urushdagi turg‘un vaziyatdan boshlangan. Maqsad boshi berk ko‘chadan o‘zi uchun foydali chiqish yo‘lini topish (muzokaralardagi pozitsiyasini kuchaytirish) va raqibga bunday imkon qoldirmaslik bo‘lgan. Jamoalarga harakatlar variantlarni tanlash topshiriq qilingan, ular foyda va eskalatsiya darajasiga ko‘ra baholanadi.

O‘yin natijalariga ko‘ra barcha ishtirokchilar tilda mojaro intensivlashishi va uning Ukraina chegaralaridan tashqariga yoyilishi ehtimoli kamayishini istashsa-da, amalda ular, yutqazishdan qo‘rqib, eskalatsiya kuchayishi va urush geografiyasi kuchayishiga olib keladigan qarorlar qabul qilishga moyilligi ma’lum bo‘ldi.

Tadqiqot mualliflari fikricha, bu shuni anglatadiki, Ukrainadagi urush «Yevroosiyodagi buyuk derjavalar qarama-qarshiligida yangi o‘tkir bosqichning oxiri» emas, balki boshlanishi bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Frontdagi vaziyat: Harbiy harakatlar boshi berk ko‘chada, lekin urush ko‘lami yana kengayishi mumkin