14:23 / 29.09.2022
1 541

«Rus dezertirlariga salom». Gruziyada rossiyaliklarning yangi to‘lqini qanday qarshilanmoqda?

«Rus dezertirlariga salom». Gruziyada rossiyaliklarning yangi to‘lqini qanday qarshilanmoqda?
Gruziya bilan chegaradagi ruslar / Zurab Tsertsvadze / AP / Scanpix / LETA
Gruziya - bugungi kunda rossiyaliklar tez va nisbatan arzon borishlari mumkin bo‘lgan kamsonli mamlakatlaridan biridir. Bu ular vizasiz bir yil davomida qolishlari mumkin bo‘lgan dunyodagi yagona mamlakatdir - Ukrainada urush boshlanganidan buyon bu yerga yuz minglab rossiyaliklar kelgan. Vladimir Putin safarbarlik e’lon qilishi esa chegarada ko‘p kilometrlarga cho‘zilgan tirbandliklarni yuzaga keltirdi - shu bilan birga rossiyaliklar uchun imtiyozlarni bekor qilish bo‘yicha chaqiriqlarni ham.

«Barcha putinchi-dezertirlar bilishi kerakki, Gruziyada ular uchun elarji (gruzincha taom) tortilmaydi», - ijtimoiy tarmoqlarda Tbilisi aeroportida «Rossiyalik dezertirlarga salom» so‘zlari yozilgan plakat bilan tushgan surati mashhur bo‘lgan Badri Grigalashvili o‘z aksiyasini shunday izohlaydi.

Gruzinlarning an’anaviy elarji taomi - pishloq qo‘shilgan jo‘xori bo‘tqasi bo‘lib - 2021 yilda Tbilisidagi restoranda rossiyalik teleboshlovchi Vladimir Poznerga shunday taom tortilgandi, o‘shanda uning tashrifi muxolifatchi faollarning namoyishlariga sabab bo‘lgandi.

Bugungi kunda «elarji tortish» iborasini Gruziya hukumati tanqidchilaridan tez-tez eshitish mumkin, ular hukumatni Rossiyaga moyillik bildirishda va uni qo‘llab-quvvatlashda ayblashadi.

25 yoshli Grigalashvili «Girchi - ko‘proq erkinlik» muxolifatchi partiyasi a’zosi bo‘lib, uning aksiyasi ikki xil standartlar bo‘yicha yashovchi rossiyaliklarga qaratilgan kinoyali xabardir.

BADRI GRIGALASHVILI
«Mening noroziligim shundaki, bu odamlar bir tomondan o‘z mamlakatida Putin rejimini qo‘llaydi va Ukrainadagi urushni oqlaydi, boshqa tomondan bu ularning o‘ziga tahdid sola boshlaganida urushga borishdan qo‘rqib ketishadi, chunki ular ukrainalik bolalar qanday o‘layotganini faqat televizor orqali ko‘rishni afzal ko‘rishadi», degan u.

Bugungi kunda Rossiyadagi safarbarlikdan qochayotganlarning barchasi ham Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlamaydi, ammo ushbu faolning pozitsiyasi gruzin jamiyatidagi ko‘pchilikning xavotirlarini aks ettirgan: ular so‘nggi yillarda Putin boshqaruvida o‘zini juda qulay his qilganlar o‘z mamlakatiga ko‘chib kelishiga rozi emas.

Grigalashvilining so‘zlariga ko‘ra, kelayotganlarning ko‘pchiligi bir qismi Rossiya tomonidan bosib olingan mamlakatga kelganini his qilmayapti.

«O‘ylaymanki, gruzinlar bunday rossiyaliklarga - Putin tarafdorlariga biz bu yerda ularni gullar bilan kutib olmasligimizni anglatib qo‘yishi kerak. Ular har qadamida biz tomonimizdan noqulaylikni his qilishi kerak», degan u hamda o‘zi va partiyasi - chegarani rossiyaliklar uchun to‘liq yopib qo‘yish tarafdori emasligini qo‘shimcha qilgan.

Gruziya urush boshidan buyon rossiyaliklarni qabul qilib keladi, ammo aksar gruzinlar so‘zsiz Ukrainani qo‘llaydi.
Rossiya fevral oyida Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Gruziya qatag‘onlar va G‘arb sanksiyalaridan qochuvchi rossiyaliklar uchun eng mashhur yo‘nalishlardan biriga aylandi.

Gruziya IIV tomonidan IDFI tashkilotiga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, marte-iyun oylarida Gruziyaga kelgan rossiyaliklarning 18 foizi mamlakatda qolishda davom etmoqda - bu qariyb 50 ming kishi degani. 2019 yilda bu ko‘rsatkich atigi 5 foizni tashkil etgandi.

Rossiyada 21 sentyabr kuni e’lon qilingan safarbarlik emigratsiyaning yangi to‘lqiniga olib keldi - ammo urush boshidagidan farqli o‘laroq rossiyaliklar uchun tanlov qisqargan: YEIning ko‘plab davlatlari viza berishni cheklagan, Latviya, Litva, Estoniya va Polsha esa umuman rossiyaliklar turistik vizalar bilan o‘z hududiga kirishiga ruxsat bermaydi. Shu kunlarda Finlandiyada ham shunday qarorga kelishdi.

Gruziya cheklovlar kiritmagan va IIV ma’lumotiga ko‘ra, safarbarlik ortidan Rossiyadan Gruziyaga kirib keluvchilar soni qariyb ikki barobar ortdi.

«Agar g‘ildirakda bo‘lsangiz, o‘tish mumkin»

22 sentyabr kuni, ijtimoiy tarmoqlar va OAVda Rossiyadan kelayotganlar ko‘p kilometrlik navbatlar hosil qilgani haqidagi xabarlardan keyin Gruziya moliy vazirligi (bojxona shu vazirlikka hisob beradi) so‘nggi o‘n kunlikda keskin o‘sish kuzatilmagani va chegaradan kiruvchilar va chiquvchilar soni o‘rtasida katta farq yo‘qligini ma’lum qilgandi.

Vazirlik OAVni yolg‘on va tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatishdan tiyilishga chaqirgandi.

Shu kabi bayonot Moskva tomonidan ham yangradi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov o‘shanda Rossiyada safarbarlik e’lon qilingach, aeroport va chegaralarda ajiotaj kuzatilayotgani haqidagi xabarlarni «haddan tashqari bo‘rttirish» deb baholagandi.

Ammo o‘sha kunlarda chegaradan quruqlik orqali o‘tganlarning hikoyalarida buning butunlay aksi edi. Ta’tilni Gruziyada o‘tkazgan va Rossiyada safarbar e’lon qilingach yana ushbu mamlakatga qaytgan rossiyalik juftlikning so‘zlariga ko‘ra, ular chegaradan o‘tish uchun taxminan 12 soat sarflashgan. Holbuki avvalroq ta’til uchun kelganlarida bu bir soatga yaqin vaqt olgandi.

24 sentyabrga kelib Shimoliy Osetiya bojxona xizmati o‘tish uchun navbatda 2500 avtomobil turgani haqida xabar berdi.

Rossiya—Gruziya chegarasidagi tirbandlikning sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasviri.
Maxar Technologies / AP / Scanpix / LETA

«Kazbegi-Verxniy Lars» nazorat-o‘tkazuv punkti - Rossiyadan Gruziyaga quruqlik orqali qonuniy o‘tish uchun yagona yo‘l hisoblanadi. Ajralib chiqqan Abxaziya va Janubiy Osetiya orqali kirib kelish taqiqlangan - Gruziya bu hududlarni Rossiya tomonidan bosib olingan hududlari deb hisoblaydi. Rossiyadan Gruziyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam aviareyslar yo‘q, faqat uchinchi mamlakat orqali uchib kelish mumkin, aviachiptalar narxlari esa so‘nggi haftada bir necha barobar qimmatlab ketdi.

Qoidaga ko‘ra Gruziya bilan chegarani piyoda holatda kesib o‘tish mumkin emas (piyoda o‘tish mumkinligi haqida Shimoliy Osetiya IIV faqat 27 sentyabrga kelib ma’lum qildi), shu tufayli avtomobillarning adoqsiz navbatida turishni istamagan rossiyaliklar turli vositalarni ishga solishdi: navbatning oldinroq qismida turgan taksilarga o‘tib olishdi, yoki velosipedlar sotib olishga kirishdi va hatto samokat va skeytbordlarga murojaat qilishdi.

«Agar g‘ildirakda bo‘lsang, chegaradan o‘tish mumkin deyishdi. Men hatto o‘sha yerda turgan yigitlarga g‘ildirakli chamadonimni ham taklif qildim», deya hazillashadi chegaradan o‘tib kelgan ingushetiyalik.

U - BBC muxbiri bilan suhbatda 22 sentyabr kuni Gruziyaga o‘tishi sababi safarbarlik emasligini aytgan yagona rossiyalik bo‘ldi. Uning aytishicha, yoshi kattaligi tufayli unga chaqiruv qog‘ozi kelmaydi. Chegaradagi boshqa rossiyaliklarning kayfiyati esa ancha tushkun edi.

Vaqti-vaqti bilan OAV va ijtimoiy tarmoqlarda quruqlik chegarasi safarbarlik yoshidagi erkaklar uchun yopilishi mumkinligi to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lib turibdi - Rossiyadan chiqish taqiqlanishi haqida ham, Gruziyaga kirish taqiqlanishi haqida ham.

Bu ma’lumotni na Gruziya va na Rossiya tomoni tasdiqlagan.

27 sentyabr kuni Rossiya axborot agentliklari «Verxniy Lars» nazorat-o‘tkazish punktida tez orada safarbarlik punkti paydo bo‘lishi mumkinligi haqida yozishdi.

Viza masalasi

Rossiya-Gruziya chegarasida bo‘lgan «Lelo dlya Gruzii» muxolif partiyasi vakili Grigol Gegeliya «Pirveli» telekanaliga bergan intervyusida u yerdagi vaziyat nazoratdan chiqib ketganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda kelayotganlar - turistlar emasligi aniq, ular safarbarlikdan qochib kelayotganini ochiqchasiga aytishmoqda. «Bu shuni anglatadiki, Gruziyaga kelayotgan rossiyaliklar uzoq muddatli boshpana qidirishadi. Agar chegarada xolis yondashuv va nazorat bo‘lmasa, bu demografik va elektoral tahdidlar tug‘diradi», deydi muxolifatchi.

Aholining katta qismi rossiyaliklar uchun viza joriy etish masalasini qo‘llab-quvvatlaydi, ular rossiyalik emigrantlar oqimi Rossiyaning Gruziyaga qarshi yangi tajovuziga sabab bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi.

Avgust oyida Rossiya va Belarus fuqarolari uchun mamlakatda uch oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda qolish huquqini beruvchi viza joriy etish to‘g‘risidagi navbatdagi onlayn-petitsiyani 20 mingdan ortiq kishi imzolagan.

Rossiyada safarbarlik e’lon qilingach manifest.ge onlayn-platformasida rossiyaliklarga nisbatan cheklovlar joriy etish talab qilingan yangi petitsiyalar paydo bo‘ldi.

Uch kun ichida 2,5 mingdan oshiq ovoz to‘plagan petitsiyalardan birida viza joriy etish va faqat siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qibga uchraganlarni qabul qilish, shuningdek, rossiyaliklar tomonidan ko‘chmas mulk sotib olishga moratoriy va iqtisodiy faoliyat yuritishga cheklovlar o‘rnatishni o‘z ichiga oladi.

Ikkinchi petitsiyada rossiyaliklar uchun chegarani vaqtincha yopish talabi aks etgan.

Rossiya-Gruziya chegarasidagi «Verxniy Lars» nazorat-o‘tkazish punktidagi navbat. 2022 yil 28 sentyabr.
Valeriy Sharifulin / TASS

Gruzin hukumati esa o‘z muxoliflarini vaziyatni sun’iy ravishda keskinlashtirib, ruslarga nisbatan ksenofobiyani rag‘batlantirishda ayblamoqda.

Viza joriy etish masalasi hukumatparast telekanallarda deyarli muhokama qilinmayapti. Hukumat vakillari Gruziya chegarasidagi vaziyat nazorat ekani haqidagi qisqa izohlar bilan cheklanmoqda.

Masalan, adliya vaziri Rati Bregadze jurnalistlarning rossiyaliklar yoppasiga Gruziyaga oqib kelishi qanchalar xavfli ekani haqidagi savoliga javoban, Xavfsizlik xizmati juda yaxshi ishlayotgani va uning munosib rahbari borligini aytgan.

Hukmron partiya a’zosi bo‘lgan deputat Irakliy Zarkua Rossiyada safarbarlik qilinganidan keyingi kunda Gruziya shu qadar «ajoyib va chiroyli» ekanidan Rossiya fuqarolari anchadan buyon chegarada navbatda turishini aytdi.

«Qonunga ko‘ra bizning xavfsizlik xizmatlarimiz filtratsiya o‘tkazadi va bizning manfaatlarimiz uchun nomaqbul bo‘lganlarni aniqlab, ortga qaytarib yuboradi, shu vaqtgacha ortga qaytarishgani kabi», deya qo‘shimcha qilgan deputat.

«Hayot yaxshilandi, keyin esa bittada barchasi o‘zgarib ketdi»

So‘nggi vaqtlarda OAVda ko‘p bor rossiyaliklarga yoppasiga Gruziyaga kirish rad etilayotgani haqida xabarlar berilgandi - asosan Janubiy Kavkazdagi «Svobodnaya Rossiya» fondiga asoslangan holda (Rossiyada bu tashkilot istalmaydiganlar ro‘yxatida). Gruziya chegarasida ishlayotganlar orasida taniqli jurnalistlar, blogerlar va faollar ham bor.

Rossiyada safarbarlik e’lon qilingach vaziyat keskin o‘zgardi - fond direktori Yegor Kuroptevning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda rossiyaliklar Gruziyaga kirishi rad etilayotgan holatlar deyarli yo‘q.

Kuroptevning aytishicha, viza joriy etish - Gruziyaning suveren tanlovi va huquqi hisoblanadi, ammo rossiyalik faollar uchun bunday qadam jiddiy muammoga aylanadi, chunki bu ular uchun tezda yetib borish uchun amalda yagona xavfsiz mamlakat hisoblanadi.

«Gruziya - bu xavf ostida qolgan odamlar uchun uy kabi. Ko‘pchilik keyin Yevropaga ketadi. Agar ular faollar emas, sanksiyalar yoki boshqa nimadandir qochayotgan Rossiyaning oddiy fuqarolari bo‘lsa, ular keyin Rossiya Federatsiyasi bilan nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lgan Armaniston yoki Turkiyaga o‘tishi mumkin. Bunday odamlar devorlarda «Rus kemasi, daf bo‘l» kabi yozuvlarni ko‘rishni istamaydi va boshqa joylarga, Yevropaga emas, Rossiya uchun do‘stona bo‘lgan oshqa mamlakatga yo‘l olishadi», deydi u.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu yili Gruziyaga tashrif buyuruvchilar soni bo‘yicha rossiyaliklar yetakchilik qilishmoqda.

Rossiyaliklar bu yerga faqat ta’tilni o‘tkazish uchun kelmayotganini ularning bizneslarini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham ko‘rsatadi.

Transparency International-Gruziya ma’lumotiga ko‘ra, rossiyaliklarning 13,5 ming kompaniyasidan qariyb yarmi Rossiyanng Ukrainaga bosqinidan keyin ro‘yxatga olingan.

Mart oyidan iyul oyiga qadar Gruziyada 6400 ga yaqin rus kompaniyasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan, bu o‘tgan yil davomida ro‘yxatdan o‘tkazilgan kompaniyalar sonidan yetti barobar ko‘proq.

Tashkilotning qayd etishicha, bu kompaniyalarning 90 foizidan ortig‘i yakka tartibdagi korxonalar ekani ham Rossiya fuqarolarining bir qismi bu yerga yashash va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish maqsadida ko‘chib kelayotganidan darak beradi.

Gruzin hukumatiga ko‘ra, safarbarlik e’lon qilingach, chegaradan o‘tayotgan rossiyaliklar soni bir necha barobar oshgan.
Foto: EPA-EFE

BBC Rossiya-Gruziya chegarasida uchratgan «yangi kelayotgan» rossiyaliklar hozircha bu mamlakatda uzoq vaqt qolishni mo‘ljallamayapti, ularda kelajak va Gruziya uchun aniq rejalar yo‘q.

«Yangiliklarga qaraymiz, monitor qilamiz. Vaziyat o‘zgarsagina uyga qaytamiz. Biz o‘z vatanimizni sevamiz. Mamlakat ulkan va keng imkoniyatlarga ega. O‘zimizga bog‘liq bo‘lganda-ku... Ammo hukumatimiz boshqacha qaror qildi. Hayot yaxshilanib borayotgandi, ammo barchasi bittada keskin o‘zgarib ketdi», deydi chegaradan o‘tish uchun 12 soat vaqt sarflagan yosh yigit.

Keluvchilarning ayrimlari Gruziyaga birinchi bor kelishi va bu mamlakat haqida hech narsa bilmasligini aytadi. Ko‘pchiligi Ukrainadagi urushga munosabatini istamaygina va ehtiyotkorlik bilan bildiradi.

«Bilasizmi, hali aniq emas, lekin umuman olganda, salbiy va qarshi his-tuyg‘ular ko‘proq. Odamlar buni qanday boshdan kechirayotganini ko‘rib turibmiz, endi esa o‘zimiz ham bunday kechinmalar bilan to‘qnashdik. Buyuk vatan urushi (ikkinchi jahon urushi)da frontga yo‘l olganlarning hissiyotlarini tushuna boshladik», deydi Rossiya janubidan bo‘lgan sobiq sportchi boshqalar kabi o‘z ismini aytishni istamagan holda.

U siyosatga umuman qiziqmagani va hozir qo‘shni Ukraina bilan bo‘layotgan urush kabi 2008 yilda boshlangan Rossiya-Gruziya urushi to‘g‘risida deyarli hech narsa bilmasligini tan oladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo