date 11:05 / 09.10.2022
views 2 794

«Otam shunchaki — qoʻrqoq». Safarbarlik qanday qilib rus oilalarni bir-biridan ajratmoqda

«Otam shunchaki — qoʻrqoq». Safarbarlik qanday qilib rus oilalarni bir-biridan ajratmoqda
DMITRY AKHMADULLIN/TASS
Vladimir Putin e'lon qilgan safarbarlik rus oilalarida kelishmovchiliklarga sabab boʻlmoqda. Hozirda safarbar qilinganlarning qarindoshlari oʻz yaqinlarini ortga qaytarishga va ular bilan aloqani yoʻqotmaslikka harakat qilyapti. BBC nashri oʻzi urushga borishni xohlamagan, ammo ota-onasi bosimi ostida harbiy komissariatga borishga majbur boʻlgan ikki rossiyalik haqida hikoya qiladi.

— Harbiy komissariatga bormasangiz 3 ming rubl jarima toʻlaysiz. Agar u erga borsangiz eng yaxshi holatda ruxlangan tobutda uyga qaytasiz.
— Mening otam sobiq harbiy. Uning aytishicha urushga borish kerak, boʻlmasa ular (politsiya) meni qidirishdan toʻxtamaydi.

Moskvalik 30 yoshli Igor advokat bilan shunday suhbatlashgan (safarbar qilinganlarning ism-shariflari ularning xavfsizligi yuzasidan oʻzgartirilgan). Ota-onasi uni harbiy komissariatga borishga koʻndirgan. Igor hozirda Belgorodda, Ukraina bilan chegaradagi harbiy qismda.

Igorga yordam berishga uringan advokat Dmitriy Zaxvatov Igorning ota-onasi haqida fikr bildirib, shunday yozadi: «Bunday ajdodlar bilan hech qanday Putinga ehtiyoj yoʻq».

Kurskdagi boshqa bir mashgʻulot markazida belgorodlik 24 yoshli Daniil ham bor. Uning otasi chechen urushida qatnashgan va u ham ota-onasi bosimi ostida harbiy komissariatga borgan. Har ikki yigitning onasi ularga chaqiruvdan bosh tortmaslikni maslahat bergan.

Safarbar qilingan bu yigitlarning barcha oila a'zolari ham ota-onalari fikriga qoʻshilmaydi. Igorning opasi qancha harakat qilsa-da, ukasiga yordam bera olmagan, Daniilning xotini esa erini uyga qaytarishga muvaffaq boʻlgan.

«Otam asabiylashdi va bosim oʻtkaza boshladi»

Moskvalik Igor 29 sentyabr kuni Belgorod shahridan turib, opasi Valentinaga «Joylashdik, ertadan mashgʻulotlarga kirishamiz» deya xabar yozadi. U joylashuv va vaziyat haqida boshqalarga batafsil gapirib bermaslik haqida ogohlantirilgandi.

— Ovqatlantirishdi. Biz palatkalar shaharchasidamiz.
— Sovuq emasmi?
— Ozgina.
— Uxlash uchun matras bormi?
— Yoʻq, faqat bushlat (harbiy kurtka), vatnik va oʻzimning issiq kiyimlarim bor.

Igorning chaqiruv qogʻozini 24 sentyabr kuni ota-onasi bilan birga yashaydigan uyiga olib kelishgan. Qogʻozga uning otasi imzo chekkan.

«Igor uyda edi, ammo qogʻozni olish uchun oʻzi chiqmadi», – deydi uning opasi Valentina. Valentina ota-onasiga ukasiga hech qanday jinoiy ish xavf solmayotgani va harbiy komissariatga borish kerak emasligini tushuntirishga urinadi. Biroq Igorning otasi uni harbiy komissariatga olib boradi.

26 sentyabr kuni ertalab u oʻgʻlini harbiy komissariatga olib borib, oʻzi ishga joʻnab ketadi. Igor besh soat davomida binoga kirishga jur'at eta olmaydi.

Igor Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutida (MGIMO) oʻqigan, bakalavriatdan soʻng armiyada xizmat qilgan, keyin esa Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Diplomatik akademiyasi magistraturasini tamomlagan. Otasi uni vazirlikka ishga kiritmoqchi boʻlgan va davlat idoralarida karera qilishiga umid qilgan. Ammo bu oʻxshamagan.

Igor Sokolnikidagi muzey-oʻquv markaziga ishga kiradi va xitoy tilidan maqolalarni tarjima qila boshlaydi. Pandemiya davrida bu erda kovid kasalxonasi ochiladi, natijada xodimlar shtatdan kamaytiriladi. Igor ishini yoʻqotadi hamda kurer boʻlib ishlay boshlaydi.

Igor urush boshlanishini xohlamagan, u Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi mojaroga diplomatik echim topilishiga umid qilgan.

«Ukamning ahvoli psixologik jihatdan unchalik ham barqaror emas. U uy farzandi, zaif bola, qolaversa ipoxondrik – koʻp shikoyat qiladi va har qanday oddiy yaradan vafot etishi mumkin», – deydi Valentina.

Igor muddatli harbiy xizmatni oʻtaganida, ota-onasi oʻgʻlini juda qattiq himoya qilgan: ular uni xizmatdan saqlab qola olmaydi, ammo oʻgʻillari joylashgan harbiy boʻlinma boshligʻi unga qarab turishi va xafa boʻlishga yoʻl qoʻymasligiga erishadi. Igor poytaxtdan unchalik uzoq boʻlmagan joyda – avval Vladimir yaqinidagi Kovrovda, keyin Moskva yaqinidagi Naro-Fominskda xizmat qiladi.

Qarindoshlari doimo uning oldiga borib turadi, oʻzlari bilan oziq-ovqat olib borishadi. Igor ular bilan doimiy aloqada va nazorat ostida edi.

«Nihoyat u serjant darajasiga koʻtarildi. Unda harbiy unvon bor va hozir bu ‘juda yomonʼ», – deydi uning opasi Valentina.

Moskva atrofida mashgʻulot oʻtayotganlar. Foto: ARTYOM GEODAKYAN/TASS
Ukrainada urush boshlanganidan soʻng Valentina Rossiyadan Tbilisiga koʻchib ketadi. U ukasi harbiy komissariatga borganini bilgach, uning mobil telefoniga toʻxtovsiz qoʻngʻiroq qila boshlaydi.

«Besh soat davomida otam bilan Igor uchun kurashdik. Dadam uni qamoqqa olishlarini aytib baqirdi, ukangning taqdiri uchun javobgarlikni oʻz zimmangga olasanmi deb soʻradi. Men ‘Ha! olamanʼ deya javob berdim», – deydi Valentina.

Valentina harbiy komissariat ukasini topmasligi uchun vaqtincha yashab turishga joy topadi. U ukasidan nima qilishni oʻylab olgunlaricha oʻsha erga borishni, u erda choy ichib oʻtirishni iltimos qiladi.

Igor doimo yashirinib yurishni istamasligini aytib, e'tiroz bildiradi, u politsiyachilar ota-onasi oldiga borishidan xavotirda edi. Valentina unga «Xoʻp, agar ular kelsa, eshikni ochishmasin» deya maslahat beradi.

Igor Valentinaning iltimosiga koʻra opasi topgan advokat bilan gaplashadi. Advokat bilan suhbatlashgandan soʻng u hatto urushga bormasdan qamalishga ham rozi boʻladi. Ammo Valentinaning soʻzlariga koʻra, otasi buni eshitib asabiylashadi va oʻgʻliga bosim oʻtkaza boshlaydi. Kechroq suhbatga telefon orqali onasi ham qoʻshiladi, bu paytda Igor harbiy komissariat binosi oldida oʻtirgan edi.

Suhbatdan besh soat oʻtib u qoʻngʻiroqlarga javob berishni toʻxtatadi.

Ularning peshonasida «Z» yoʻq, ammo juda ham qoʻrqishadi

Kechqurun onasi Valentinaga ukasini ikki oyga Naro-Fominskka joʻnatishganini yozadi. Opa ukasiga oʻzi qoʻngʻiroq qiladi va ukasi
Tamansk yoki Kantemirov diviziyasida ekanini bilib oladi (har ikkala qism Naro-Fominsk tumanida joylashgan edi).

«Harbiy mutaxassisligi boʻyicha Igor aloqachi. Radiotexnika qoʻshinlarida xizmat qilgan», – deydi Valentina.

Harbiy chaqiruv qogʻozlari tarqatila boshlanganda Valentina ukasini ham olib ketishlarini darhol tushunadi va ota-onasiga uni tezroq mamlakatdan olib chiqish kerakligini aytadi. Biroq ular armiyaga jang qilishni xohlovchi koʻngillilar kerakligi, oʻgʻlini olib ketish uchun hech kim kelmasligiga ishonadi.

Igorga berilgan safarbarlik qogʻozida (BBC’da bu hujjatning nusxasi bor) uning qaerga chaqirilgani koʻrsatilmagan. Ammo ikki vertikal qatorda: «harbiy xizmatga chaqirilgan» va qavs ichida «fuqarolik xodimi lavozimiga yuborilgan» deb yozilgan. Hujjatda bu variantlardan hech biri belgilanmagan. Chaqiruv qogʻozida sana koʻrsatilmagan, ammo muhr va imzo bor. Igor va uning ota-onasi hujjatni oʻqib chiqqach, uni harbiy qismga fuqarolik mutaxassisligi boʻyicha xizmatga yuborishadi degan fikrga keladi.

Valentinaning fikricha, ukasini harbiy komissariatda aldashgan.

«Ushbu chaqiruv qogʻozlari qatorlari orasida quyidagilar yozilishi kerak: ‘biz frontga ma'lum miqdorda toʻplar uchun tayyor goʻsht yigʻmoqchimiz, sen – nomzodlardan birisanʼ. U erda nima deb yozilgani muhim emas, har qanday holatda ham harbiy komissariatga bormaslik lozim», – deydi BBC bilan suhbatlashgan advokat Dmitriy Zaxvatov.

Valentina otasi bilan gaplashmay qoʻygan, ammo ukasi qoʻngʻiroqqa javob bermagan paytda onasiga xabar yozib turadi.

«Ota-onam hukumatni hurmat qilmaydi, ammo undan juda ham qoʻrqadi. Ularga doimo farqi yoʻq boʻlgan, ularning peshonasida «Z» harfi yoʻq. Urushning dastlabki oylarida onam menga bendera va millatchilar haqida gapirishga harakat qildi, biz koʻp bahslashdik, asabiylashdik. Va oxiri u menga «Men shunchaki urushni xohlamayman» deb aytdi. Shubhasiz, onam oʻz oʻgʻlini Ukraina bilan urishish uchun frontga yuborishni xohlamaydi. Ammo otam «xizmatdan boʻyin tovlash» boʻyicha jinoiy ish ochilishidan juda qoʻrqadi», – deydi Igorning opasi.

Urushdan oldin Valentina Moskvadagi norozilik namoyishlarida faol qatnashgan. Oila bundan norozi, ota-onasi Valentina ularning boshiga qora bulutlar olib kelishidan xavotirda edi. Igor va Valentinaning otasi tergovchi boʻlib ishlagan va 1992 yilda nafaqaga chiqqan. Hozir u mulk huquqi boʻyicha advokat, lekin huquqni muhofaza qilish organlarida doʻstlari hali ham bor va ular bilan aloqalarga ega.

Tanish xavfsizlik xodimi Valentina norozilik mitingida ishtirok etganidan keyin otasiga qoʻngʻiroq qilgan. «Ular qanday qoʻrqitishni biladi va otam hokimiyatdan qoʻrqadi», – deydi Valentina.

«Meni uning yurist ekanligi, lekin harbiy xizmatga doir qonunlarni va bunday vaziyatda oʻzini qanday tutishni bilmasligi gʻazablantiradi. Otam shunchaki – qoʻrqoq. Siz otamning Igor ustidan qanday hokimiyatga ega ekanligini bilmaysiz. Agar shunday boʻlmaganida ukam harbiy komissariatga bormasdi va men uni qutqarib qola olardim», – deya qoʻshimcha qiladi Valentina.

Uning soʻzlariga koʻra, onasi «ancha aqlli ayol», Xorijiy tillar institutini tugatgan. Lekin uning «pravoslav folbinlar toifasi»dan eski tanishi bor, Valentina uni «shantajchi va yolgʻonchi» deya tariflaydi. Folbin Igorning onasiga oʻgʻli «bunkerda oʻtirishi» va unga hech nima boʻlmasligiga va'da bergan.

«Mening ukam va onam juda boʻsh, otam esa bundan foydalanadi», – deya xulosa qiladi Valentina.

«Hamma oʻlimdan qoʻrqadi, biroq vatan oldida qarzimiz bor»

Dastlab, Igorni Moskva yaqinidagi oʻzi xizmat qilgan Naro-Fominsk tumaniga yuborishadi. Harbiylar unga darhol vaqtinchalik shartnoma imzolashni taklif qila boshlaydi. Ular Igorni xotirjam qilmoqchi boʻlib, «qoʻrqma, bu toʻliq shartnoma emas, shunchaki senga pul toʻlanishi uchun» deyishgan. Ular ancha faol ishlagan», – deydi Valentina.

ARTYOM GEODAKYAN/TASS
«Ukam safarbar qilinganidan soʻng tushkunlikka tushdi, ammo u yolgʻiz emas edi. U va safarbar qilingan boshqa yigitlar bilan bir-birlarini qoʻllab-quvvatlagan va hatto xursandchilik ham qilgan. Ularga bu vaqtda istalgan payt telefon orqali qoʻngʻiroq qilishga ruxsat beriladi. U menga ‘Ahvol yomon emasʼ deb aytdi. Unga hozir jiddiy narsa yoʻqdek koʻrinayotgan boʻlishi mumkin. Ammo barcha shartnoma imzolasa, u ham imzolaydi. Men esa koʻproq shundan qoʻrqaman», – deydi Igorning opasi.

Igorga ularni bir oy davomida tayyorlashlarini aytadi. Uning ota-onasi Igorni koʻrgani keladi. Ammo ertasiga komandirlar safarbar qilinganlarga ular chegaraga olib ketilishlari haqida xabar beradi. Ularga uskunalar va gazniqob (protivogaz) tarqatiladi. Igor opasiga harbiy komissariatga borish qaroridan afsusda ekani, agar vaqt koʻproq boʻlganida boshqacha yoʻl tutgan boʻlishini aytadi.

«Uni mamlakatdan oldinroq olib chiqmaganim uchun meni aybladi», – deydi Valentina.

«Men unga agar vaziyat ogʻir boʻlsa, taslim boʻlishni maslahat berdim», – deya qoʻshimcha qiladi u.

Safarbarlik boshlanishidan bir kun oldin Davlat dumasi Jinoyat kodeksiga «Ixtiyoriy taslim boʻlish» degan yangi moddani qoʻshdi. Unga koʻra, agar vatanga xiyonat belgilari boʻlmasa, harbiylar taslim boʻlgani uchun 3 yildan 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinadi. Bu jazodan qutulib qolish uchun askar birinchi marta taslim boʻlgan boʻlishi, yoxud «bu qarorni ozod boʻlish, harbiy qism yoki xizmat joyiga qaytish uchun qabul qilgan boʻlishi va asirlikdagi davrida boshqa harbiy jinoyatlar sodir etmagan boʻlishi» kerak.

Poezdda Belgorodga ketayotganlarida Igor va uning safdoshlaridan telefonlarini olib qoʻyishadi. Faqatgina ba'zi-ba'zida ularga qarindoshlari bilan gaplashish uchun telefonlarni berib turishadi. Safarbar qilinganlar ma'lumotlardan uzib qoʻyiladi. Igor opasidan urushda ahvol qandayligi, safarbar qilinganlarning qanchasi frontga joʻnatilgani va prezident murojaatidan nimalar ma'lumligi haqida soʻragan.

29 sentyabr kuni u opasiga ularni «jangga emas, yangi hududlarga joʻnatish»ni va'da qilishganini aytadi. Ertasi kuni opasi undan aynan qaerga yuborishlarini soʻraganda u «hozircha bilmayman, shunchaki uxlab yotibmiz» deya javob beradi.

Oʻshandan keyin Igor opasi bilan boshqa bogʻlanmagan. 3 oktyabrda Valentinaning onasi unga ukasi hali ham «dalada» ekani va ofitserlar shtab-kvartirasida navbatchilik qilayotgani, ammo tez orada uni Moskva oblastiga qaytarib yuborishlari mumkinligini haqida yozadi. Valentina bunga ishonmaydi.

BBC bilan suhbatda Igorning onasi oʻgʻli «oʻquv markazida» ekanligini aytgan, biroq aynan qaerdaligiga oydinlik kiritmagan. Onasi oʻgʻli bilan aloqada ekanini tasdiqlagan va «dalada» sharoitlar yaxshiligi, safarbar qilinganlar «issiq palatkalarda uxlayotgani»ni aytgan.

BBC nashrining safarbarlikka nisbatan qanday munosabatda ekani haqidagi savoliga javoban Igorning onasi shunday javob bergan: «Urushni yoqlamayman. Ammo safarbarlik bu – qarz. Qattiq xavotirdaman. Menga ham oson emas. Bir necha hafta oʻtdi, biroq hali ham sarosimadaman. Menga shunchaki qoʻllab-quvvatlov kerak».

U oʻgʻlini frontga joʻnatishdan boshqa hech qanday yoʻl koʻrmaganini aytgan: «mamlakatni tark etish qandaydir sanktsiyalar ostida qolishni anglatadi va shu sabab unga yaxshigina moliyaviy ta'minot kerak». Onaning fikricha, Igor safarbarlik sharoitida alternativ fuqarolik xizmatini tanlay olmaydi (aslida esa bunday emas).

Igorning onasi «oʻgʻlingiz Ukrainaga yuborilishidan qoʻrqasizmi?» degan savolga, «Siz nima deb oʻylaysiz? Hamma oʻlimdan qoʻrqadi. Ammo vatan oldida qarzimiz bor» deya javob bergan. Uning aytishicha, oilada safarbarlik boʻyicha hech qanday janjal boʻlmagan.

«Men va erim bunga rozi edik. Balki Igor ba'zi doʻstlari bunga kabi qarshi boʻlgandir. Yoshlar oʻlimdan qoʻrqadi, lekin umid qilamanki, hammasi yaxshi boʻladi», – deydi Igorning onasi.

Opasining iltimosiga koʻra Moskvada Igor bilan gaplashgan advokat Dmitriy Zaxvatov bu odamga yordam berishning iloji yoʻq degan xulosaga kelgan.

«Hozir Rossiyada harbiy xizmatchilar huquqlari sohasida har qanday qonuniylik haqida gapirish va shunga mos ravishda qonunni buzish Somali qonunlari haqida gapirish kabi kulgili: albatta, ular mavjud, ammo aniq emas. Harbiy komissariatlar oldida oddiy va tushunarli vazifa turibdi: qanday boʻlmasin planni toʻldirish. Bu vazifani bajarish uchun ular qiyshiqmi, koʻrmi, yoshmi, keksami, sogʻlommi yoki kasalmi – farqi yoʻq, barini tutib safarbar qilmoqda», – deydi advokat.

«Seni qidirishadi va baribir topishadi»

Belgorod oblastida yashovchi Anastasiya Rossiya prezidenti Vladimir Putin safarbarlik e'lon qilishi bilanoq, eri Daniilni safarbarlikdan saqlab qolish yoʻllarini qidira boshlaydi.

«Men erimga ham chaqiruv qogʻozi kelishi mumkinligini bilardim», – deydi u.

Daniil 2018-2019 yillarda motooʻqchi qoʻshinlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan. Unda bir nechta harbiy-oʻquv mutaxassisliklari bor: tank operator-oʻqchisi va aloqachi.

Anastasiya inson huquqlari boʻyicha ma'lumotlar beruvchi telegram kanallariga a'zo boʻladi va harbiy xizmatni muqobil fuqarolik xizmati bilan almashtirish (Alternativnaya grajdanskaya slujba — AGC) huquqi haqida axborot topadi. U eri bilan shunday ariza yozishga qaror qiladi.

Daniilga 21 sentyabr, safarbarlik e'lon qilinishi bilanoq, u roʻyxatdan oʻtgan ota-onasi uyi joylashgan Belgorod oblastidagi qishloq fuqarolar yigʻinidan qoʻngʻiroqlar boshlanadi. Ular tuni bilan qoʻngʻiroq qiladi, lekin Daniil javob bermaydi. Ertasi kuni ertalab Daniil qoʻngʻiroqqa javob beradi va oʻrnidan turib, narsalarini yigʻa boshlaydi.

DONAT SOROKIN/TASS
Oila Daniilning ota-onasi uyidan 160 km uzoqlikda yashardi. Ular qishloq ma'muriyatiga ularning ayni paytdagi manzili va telefon raqamini beradi. U erdagilar Daniilga chaqiruv qogʻozi kelgani, zudlik bilan qishloq kengashiga kelishlari kerakligini aytadi.

Igorning hikoyasidagi kabi, Daniilning ota-onasi ham oʻgʻli urushga borishini xohlamaydi, ammo ular oʻgʻlini qidirib topishlaridan qoʻrqishadi. Ota-ona oʻgʻlini kelishga koʻndira boshlaydi: «Seni qidirishyapti».

Daniil qishloqqa borish kerak degan qarorga keladi. Biroq xotini uni qoʻyib yuborishni xohlamaydi, Anastasiya yigʻlaydi, tiz choʻkib eridan biroz qolishni, nima qilish mumkinligini oʻylab koʻrishni soʻraydi. Daniil «hech qanday qoʻrqinchli joyi yoʻq, men shunchaki borib nima gapligini bilib kelaman» deya uni tinchlantirishga urinadi. Er-xotin qishloqqa, Daniilning ota-onasi oldiga keladi va butun tunni AGC uchun ariza yozish bilan oʻtkazadi.

Ular vijdon e'tiqodi – patsifistik qarashlar va unga zoʻravonliklarda qatnashish mumkin emasligi haqida ariza yozishadi (diniy e'tiqod tarafdan zoʻravonlikdan voz kechish).

Ertasi kuni qishloq kengashi yana qoʻngʻiroq qiladi, Daniilning onasi uning shu erda ekanini tasdiqlaydi. Ular unga chaqiruv qogʻozini olib kelishmaydi, aksincha oʻzi kelishi kerakligini aytishadi. Daniilning hali chaqiruv qogʻozini olmagan ukasining rafiqasi va Anastasiya erlarini shimolga olib ketmoqchi boʻladi. Oʻsha erdagi qarindoshlari ularni chaqirib, oʻz yordamini taklif qiladi.

Ota-ona «qochish yoki yashirinishdan foyda yoʻq, baribir qaerdadir toʻxtatib qolishadi yoki topishadi», deya oʻgʻillarini qoʻrqita boshlaydi. Daniil boshqa iloj yoʻqligiga rozi boʻladi va chaqiruv qogʻozi uchun qishloq kengashiga boradi. Uning turmush oʻrtogʻi Anastasiya esa pochta boʻlimiga borib, erining AGC uchun yozgan arizasini buyurtma xat orqali chaqiruv komissiyasiga, shuningdek, rayon va oblast harbiy komissariatlari, oblast gubernatori va ombudsmaniga yuboradi.

Daniilning chaqiruv qogʻozida unga ertasi kuni safarbarlik punktiga kelishi kerakligi aytiladi. Anastasiya eridan yana hech qaerga ketmaslikni iltimos qildi. U rozi boʻladi, biroq vaziyatga Daniilning onasi aralashadi.

Foto: AFP
«U ‘nima xohlasangiz shuni qiling, lekin men bunga rozi emasmanʼ dedi. Keyin Daniilni harbiy komissariatga borishga koʻndirish uchun har xil narsalarni gapira boshladi. Uning aytishicha, komissariatga bormaslik xizmatdan boʻyin tovlash hisoblanadi hamda jinoiy javobgarlikka tortishga asos boʻladi. Uni olib ketishadi va sud qilib, jarimaga tortishadi, balki qamashadi. Shuningdek, u oʻgʻliga ‘Qamoqxonada senga qiyin boʻladi, bardosh berolmaysan, seni masxara qilishadi, lekin ular seni baribir armiyaga yuborishadi. Va u erda ham seni qochoq deb ustingdan kulishadiʼ deya bosim oʻtkazdi. Biroq u oʻgʻli halok boʻlishi mumkinligi haqida oʻylamadi», – deydi Anastasiya.

«Daniilning ota-onasi urushni qoʻllab-quvvatlaydimi?» degan savolga Anastasiya «tushunib boʻlmaydi» deya javob bergan.

«Erim va men urushga qarshimiz. Ikkimizning ham Ukrainada doʻstlarimiz bor va biz fevral oyining boshidan beri juda xavotirdamiz», – deydi u.

Daniil baribir onasining gapiga quloq solib, harbiy komissariatga boradi. Uni oʻsha kuni Kursk oblastidagi harbiy qismga yuborishadi. Ularga u erda bir hafta qolishlari, keyin esa Voronej yoki Belgorodga joʻnatilishlarini aytishadi. Dastlabki kunlarda ular tekshirilib, hujjatlar rasmiylashtirildi, soʻng mashgʻulotlar boshlanadi.

«Qaynonam menga ‘sen medalga loyiqsanʼ deb aytdi»

Daniil joʻnatish punktiga borgan kuni, uning AGC arizasi allaqachon oʻz manzillariga borib etgan edi. Inson huquqlari boʻyicha vakil va gubernator ma'muriyati Anastasiyaga murojaat harbiy komissariatga yuborilganini ma'lum qiladi (BBC’da hujjatlarning nusxasi mavjud). Oradan bir hafta oʻtsa-da, javob kelmaydi.

Anastasiya eri uchun urushga bormaslikning yagona yoʻli – AGC ekanini tushunadi. U huquq himoyachilari yordamida Daniilning komandiriga eri «maxsus operatsiyada ishtirok etishdan bosh tortishi», qoʻliga qurol olmasligi va odam oʻldirmasligi haqida raport tayyorlaydi.

Anastasiya raport matnini yozadi va uni ertasi kuniyoq birinchi avtobusda erining harbiy qismiga joʻnaydi. Unga Daniil bilan uchrashishga ruxsat beriladi.

Nazorat-oʻtkazish punktida koʻrishish joyi bor boʻlib, u erda odam koʻp edi. Harbiy qism shahardan uzoqda, atrof toʻla ofitserlar edi. Bu erdan mashinasiz deyarli qochib boʻlmasdi.

«Harbiy qismda safarbar qilinganlar juda koʻp. Belgorod oblastidagi hamma odamlar adekvat va bir-birlarini qoʻllab-quvvatlaydi, eguliklarni boʻlishadi va bu hatto qiziqarli ham», – deydi Daniil xotiniga.

«Ammo u bu vaqtinchalik ekanini tushunib etish kerak. Ularni umuman boshqa narsa kutmoqda», – deydi Anastasiya bunga javoban.

Anastasiya erining tashqi koʻrinishi va jismoniy holatini quyidagicha tasvirlaydi: «U xuddi qamoqdan chiqqandek. Asabiy edi, ovqatga e'tibor bermadi, odam koʻpligi va shovqin tufayli yaxshi uxlamagandi».

Ammo Daniilga kiyim borasida omad kulib boqadi – barcha kiyimlari unga mos tushadi. Kattaroq va kichikroq erkaklar uchun kiyimlar etarli emas edi.

Anastasiya raportning bir necha nusxasini eriga beradi, qanday harakat qilish kerakligini tushuntiradi, eslatmani koʻrsatadi. Daniil raportga imzo chekib, uni navbatchiga zobitga beradi. Daniil oʻrganishi va savollarga tayyorgarlik koʻrishi uchun hisobot nusxasidan oʻzida saqlab qoldi.

Anastasiya turmush oʻrtogʻining raporti e'tiborsiz qolmasligi uchun uning raport bergani haqida bosh va harbiy garnizon prokuraturasiga ham xat joʻnatadi.

Bu paytda mashgʻulotlar allaqachon boshlangandi, lekin Daniil mashqlarni bajarishdan qochishga harakat qiladi. 1 oktyabr kuni mashgʻulotlar tugashi kerak edi, lekin 29 sentyabr kuni ularga yana 10 kunga qolishlarini aytishadi. Safarbar qilinganlar salomatligi va ahvolini sinchiklab tekshirish boʻyicha oblast gubernatori buyrugʻi keladi. Shifokorlar Daniilning shikoyatlarini yozib oladi, biroq rasmiy tasdiq zarurligini aytishadi.

Dastlab, chaqiruv qogʻozi kelganida, Anastasiya eri va ota-onasidan birinchi boʻlib soʻragan narsa – erining ketishini sekinlashtiruvchi tibbiy koʻrsatkichlari bor-yoʻqligi boʻladi. «Men unda ruhiy muammolar va allergiya borligini bilardim, lekin ular hech narsa yoʻq deyishdi», – deydi Anastasiya.

Oʻgʻli frontga yuborilishi aniq boʻlgach, ota-ona Anastasiyaga tibbiy guvohnomani berishga rozi boʻladi. Ma'lum boʻlishicha, u ularing uyida boʻlgan. Ular, shuningdek, shifoxonadan qoʻshimcha tasdiqnoma olishga va'da beradi.

«Uning onasi meni eshitishi kerak boʻlgani va ahmoqlik qilganini tan oldi», – deydi Anastasiya.

Daniilning ota-onasi AGC uchun kerakli tibbiy hujjatlarni yigʻib, uni oʻgʻliga joʻnatishga va'da beradi. Anastasiya esa erining noqonuniy ravishda harbiy xizmatga chaqirilishi ustidan shikoyat tayyorlay boshlaydi. 30 oktyabrda u tibbiy ma'lumotnomani olish uchun qaynotasinikiga yoʻlga chiqadi. Biroq bularning hech qaysi kerak boʻlmaydi: unga eri qoʻngʻiroq qilib, taksida uyga qaytayotganini aytadi. Bu vaqtga kelib, barcha hududlardagi hokimiyatlar safarbarlik bilan bogʻliq janjallarni bartaraf etishga harakat qilayotgandi.

Daniilga uni qoʻyib yuborish sababini aytishmaydi. Oʻsha kuni u xotini bilan kelishilgandek harakat qiladi: mashgʻulotlardan bosh tortib, kazarmada qoladi. Bir kishi uning yoniga kelib, oʻzini «gubernator vakiliman» deb tanishtiradi va «Boʻpti, narsalaringni topshirib, hujjatlaringni olib uyingga ketaver, sen bu erda kerak emassan», deb aytadi. Keyinchalik ma'lum boʻlishicha, gubernator tekshiruv oʻtkazishni va noqonuniy chaqirilganlarning barchasini uyiga qaytarishni buyurgan. Daniil bilan birga yana sakkiz kishi qoʻyib yuboriladi.

Aynan nimani noqonuniy deb tan olishganini ham Daniilga aytishmaydi. Anastasiyaning oʻylashicha bunda koʻp narsa rol oʻynagan, xususan, gubernatorga yozilgan xat, harbiy qism komandiriga berilgan raport. Endilikda Daniil qaytib kelgani haqida harbiy komissariatni xabardor qilib, roʻyxatdan oʻtishi lozim. Huquq himoyachilari unga komissariatga xotini bilan borishni maslahat bergan, Daniil Anastasiya nomiga ishonchnoma beradi va safarbar qilingani hamda ortga qaytarilgani haqida ma'lumotnomalar nusxalarini olib qaytadi.

Anastasiya tibbiy tashxislarini tasdiqlash uchun erini yaqin orada kasalxonaga olib bormoqchi. Daniilning ota-onasi oʻgʻlining qaytganidan behad xursand boʻlgan. Daniilning onasi Anastasiyaga «senga medal berish kerak bolam» deya mamnuniyat bildirgan.

BBC Daniilning ota-onasi bilan bogʻlana olmagan.

«Qisman safarbarlik»ning birinchi kunidanoq harbiy xizmatga chaqiruv idoralari qonunlarni buzgan hamda jangovar tajribasi boʻlmagan, kasalliklar bilan ogʻrigan erkaklarni ham harbiy xizmatga chaqira boshlagan. Shundan soʻng, rasmiylar safarbarlik ortidan paydo boʻlayotgan noroziliklarni bartaraf etishga harakat qila boshlaydi.

Hududlarda tekshiruvlar boshlanadi, safarbar etilganlarning bir qismi harbiy xizmatga chaqiruvdan ozod etiladi, shu jumladan, AGC boʻyicha ariza topshirganlar ham.

3 oktyabr kuni «Vijdon uchun voz kechish harakati» harbiy komissariatlardan birining birinchi marta patsifistni safarbarlikdan ozod qilgani va «agar davlatga bunday mutaxassislar kerak boʻlsa» uni AGC boʻyicha chaqirishini aytganini ma'lum qildi.

Safarbar qilinganlardan qanchasi uyiga qaytgani hozircha noma'lum.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo