Tuxel Fil Fodenni Angliya terma jamoasidan chetlatishi mumkin

Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxel 2026-yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida tarkibda jiddiy o'zgarishlar qilishi kutilmoqda. Germaniyalik mutaxassis hujum va yarim himoya chizig'idagi raqobat sababli qiyin tanlovlar qarshisida turibdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Xususan, «Man Siti» yulduzi Fil Fodenning terma jamoadagi kelajagi so'roq ostida qolmoqda. Futbolchi so'nggi yig'inlar davomida o'zidan kutilgan o'yinni namoyish eta olmadi va murabbiylar shtabining ishonchini to'liq oqlay olmadi.
Foden oxirgi ikki o'rtoqlik uchrashuvida Urugvayga qarshi pleymeyker, Yaponiyaga qarshi esa «yolg'onchi to'qqizlik» vazifasini bajardi. Biroq 25 yoshli futbolchi klubidagi muammolari sababli terma jamoada ham samaradorlik ko'rsata olmayapti.
Tomas Tuxel ESPN nashriga bergan intervyusida futbolchining holatiga to'xtalib o'tdi. «U mashg'ulotlarda borini berdi, ammo maydonda to'liq samaradorlikka erishishga qiynalmoqda.
Bunga uning klubida kam o'yin amaliyotiga ega bo'layotgani sabab bo'lishi mumkin», — dedi murabbiy.
Mutaxassisning ta'kidlashicha, mart oyidagi holat terma jamoaning yakuniy taqdirini belgilamaydi. Tuxel futbolchilar mavsumni o'z klublarida yaxshi yakunlab, Jahon chempionati orzusiga erishish uchun tayyor bo'lishlari kerakligini qo'shimcha qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!