17:30 / 28.01.2023
1 180

Rossiya urushni to‘xtatishni istayaptimi?

Rossiya urushni to‘xtatishni istayaptimi?
AzonTV da namoyish etilgan «Fikrat» dasturining navbatdagi soni Rossiya-Ukraina urushining tahliliga bag‘ishlandi. Ko‘rsatuvdagi munozaralarda siyosatshunoslar Farhod Tolipov va Hamid Sodiq ishtirok etishdi.

Har qanday urush kabi Rossiyaning Ukrainaga qilgan tajovuzi ham nafaqat ukrain xalqining boshiga mislsiz kulfat solmoqda, balki jahon hamjamiyatini ham junbushga keltirmoqda, jahon iqtisodiyoti va sog‘lom siyosiy muloqotlar jarayonlariga soya solmoqda.

Tabiiyki, Rossiya tomoni ham behisob moddiy va moliyaviy yo‘qotishlarga uchrayapti. Ammo ulardan ham qimmat bo‘lgan resurs – insonlar hayoti qurbon qilinmoqda.

Kiyevni uch kunda egallab, rusparast qo‘g‘irchoq hukumatni o‘rnatib, Ukrainaning teng yarmini egallashni maqsad qilgan Putin rejimi maqsadiga yeta olmadi. Ammo urush hamon to‘xtamayapti. Qonxo‘r rus rejimi mag‘lubiyatini tan olishni istamayapti. Boshqa bir mulohazalarga ko‘ra esa, Putin real voqelikdan uzilib qolgan. O‘tgan yili uni “rus armiyasi eng qudratli armiya”, degan safsataga ishontirgan generallar va harbiy maslahatchilar prezidentning “qulog‘iga lag‘mon osish”da davom etishyapti: “frontda ustunlikni qo‘ldan bermayapmiz, g‘alaba muqarrar” degan asosiz fikrni unga uqtirib kelishmoqda.

Yana bir shakllangan yoki rus propaganda mashinasi shakllantirgan fikrga ko‘ra, Rossiya urush tugashini xohlayapti, lekin G‘arb xohlamayapti; kuchlar teng - G‘arb Ukrainani, Sharq Rossiyani qo‘llayapti; AQSH va G‘arbning maqsadi – urushni tugatish emas, balki Putinni tiz cho‘ktirish va Rossiyani urush bilan holdan toyidirib, kuchsizlantirishdan iborat, degan mulohazalar ham urush voqealari fonida eshitilib qolyapti.

Ammo bu vaziyatga siyosatshunoslarning munosabati bizga qiziq. Siyosatshunos Farhod Tolipov bu fikrga qo‘shilmasligini aytdi.

- Rossiya urushni xohlayapti, lekin G‘arb va Amerika xohlamayapti, degan fikr mutlaqo noto‘g‘ri, deydi u. - Bunga bir nechta argument va dalillar keltirish mumkin. Yuz berayotgan jarayonlar ochiq ko‘rinib turibdi. Urush boshlanganiga deyarli bir yil bo‘ldi. Rossiyada urushni yorug‘ yuz bilan to‘xtatishi uchun, bosib olgan ukrain yerlaridan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishi uchun yetarlicha imkoniyatlar va fursat bor edi. Lekin Putin urushni battar keskinlashtirib yuboryapti. Bunday misollar juda ko‘p.

Masalan, Rossiya tomoni urush maydonida bevosita harbiy muvaffaqiyatga erisha olmagach, noharbiy fuqarolik obektlariga zarba berish, elektr, gaz, suv ta’minoti tarmoqlarini yo‘q qilish bilan band. Bundan harbiylar va askarlar emas, oddiy xalq, begunoh aholi jabr ko‘ryapti. Bu xalqaro huquqda harbiy jinoyat, deb baholanadi. Buni hatto, insoniyatga qarshi jinoyat, deyish ham mumkin. Urushni tugatish istagida bo‘lgan tomon begunoh odamlarga, noharbiy obektlarga zarba bermaydi.

Boshqa bir tomondan, Amerika yoki umuman G‘arbiy Yevropa davlatlari Rossiyaga qarshi urushmasligi haqida bir necha bor bayonot bergan. Hatto Ukrainaga hamdard bo‘lgan AQSH prezidenti Bayden ham “Ukrainaga harbiy yordam bersak ham, Rossiya hududlarini nishonga ololmaydigan qurollar yetkazib beramiz. Urush eskalatsiyasiga yo‘l qo‘ymaymiz”, deya bayonot bermoqda. Shu misollardan ham kim urushni istayapti-yu, kim istamayapti, aniq ko‘rish mumkin
, - dedi siyosatshunos Farhod Tolipov.

Siyosatshunos Hamid Sodiq ham bu fikrlarga qo‘shilgan holda, “G‘arb urush istayapti, Putinga qarshi kurashyapti, deyish mutlaqo asossiz, aksincha G‘arb Putinga nisbatan o‘ta yumshoqlik qilyapti”, degan mulohazani ilgari surdi:

- Bugungi Putin shaxsiyati shakllanishida ham Yevropaning, xususan, Germaniyaning juda katta hissasi bor. Putinning shaxsiy boylik to‘plashiga ham, Rossiya rejimiga urush qilish imkoniyatini berayotgan moddiy resurslar to‘planishiga Yevropa ham hissa qo‘shgan. Yana bir narsani inobatga olish kerakki, Vladimir Putin bu urush bilan tamsil qilinadigan siyosatchi hisoblanadi. Ya’ni buning asosiy partiyasi urush partiyasi hisoblanadi. Putin hokimiyatda qolish uchun, o‘zining pasayib ketayogan reytingini ko‘tarish, xalqni chalg‘itish maqsadida saylovlar oldidan doim biror qurolli konfliktni boshlagan.

Gruziya bilan urush, Chechenistonga qarshi 2 ta urush, Nordost yoki Beslan voqealari shular jumlasidan. Bu voqealarning hammasi shubha-gumonlarga to‘la, ochilmay qolgan savollar ko‘p. Yoki ko‘p qavatli uylarning portlatilishi va u yerda FXX xodimlarining qo‘lga tushib qolishi bilan bog‘liq judayam chigal savollarni tug‘diradigan masalalar ko‘p. Xulosa qilib aytganda, Vladimir Vladimirovich Putin urush qilib turmasa hokimiyat tepasida qololmaydi.

Ya’ni, u o‘zining ichki auditoriyasiga g‘alabani Ukrainaning ma’lum bir hududlarini tortib olish bilan tamsillash niyatida. Hatto Putin urushni tugatishni istagan taqdirda ham siyosiy elita bunga ruxsat bermaydi. Agar Putin yutqazadigan bo‘lsa, uni ko‘tarib turgan siyosiy va iqtisodiy tayanchlari qimirlab qoladi
, - deydi siyosatshunos Hamid Sodiq.

Darhaqiqat, Putin Ukrainaga ochgan urushning maqsadlari haqida berayotgan bayonotlar doim o‘zgarib kelmoqda. Avval o‘zi qurol bilan shakllantirgan qo‘g‘irchoq kvazidavlatlar – DNR va LNR ga Ukraina tomonidan bosim ko‘rsatilayotgani uchun yordam berishimiz kerak”, dedi. Keyin esa “Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilamiz”, dedi. Kiyevni qo‘lga kirita olmagach esa “maqsadlar” o‘zgarib, “biz tarixan rus yerlarini qaytarib olishimiz kerak”, deyishdi.

Ommaviy safarbarlik e’lon qilingach, urush uchun motivatsiyasi yo‘q yoki tinchlik tarafdori bo‘lgan patsifist fuqarolari chet elga qochib keta boshlagach, ularni vatan xoini deb e’lon qilishdi. Hatto Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin bunday shaxslarning mol-mulki va uylarini davlat foydasiga tortib olish taklifi bilan chiqdi.

Shu misollarning o‘ziyoq kim urush tarafdori-yu, kim tinchlik tarafdori ekanini ko‘rsatib qo‘ymoqda.

Ikkinchi jahon urushi davrida millionlab insonlar yostig‘ini quritgan fashist Germaniyasining harbiy havo kuchlari – Lyuftvaffeni tashkil etgan va boshqargan general Herman Geringning so‘zlari, nazarimizda, bugungi Rossiya voqeligini aniq ifodalaydi:

Har qanday xalqni boshqarish oson – faqat “bizga hujum qilishmoqchi”, deb dushman topib berish kerak, barcha tinchliksevar odamlarni esa vatan xoini, deb e’lon qilish kerak”.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo