394
Erdo‘g‘an zilzila oqibatlarini bartaraf eta olmagan hukumat o‘rniga kelgandi. Bu safar uning o‘zi buni uddalay oladimi?

Foto: Adem Altan / AFP / Scanpix / LETA
2023 yil 6 fevral kuni Turkiyada 1939 yildan keyingi eng kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Mamlakat janubi-sharqida va qo‘shni Suriyada ro‘y bergan yerosti silkinishlari natijasida, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 33 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, o‘n minglab odam jarohatlangan. JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, tabiiy ofat yuz bergan hududida 23 millionga yaqin odam yashaydi, shundan 1,4 millioni bolalar. Juda katta miqyosdagi humanitar falokat Turkiyaning ijtimoiy-siyosiy tuzilishida ham o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin.
14 may kuni Turkiyada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Ushbu saylovdan natijasida yigirma yil davomida bu lavozimni egallab kelgan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an hokimiyatdan ayrilishi mumkin. Qizig‘i, Erdo‘g‘anning o‘zi ham 2000-yillar boshida, xalqning 1999 yildagi zilzila va 2001 yilgi iqtisodiy inqiroz oqibatlarini bartaraf eta olmagan hukumatdan noroziligi to‘lqinida saylangan edi. Endi Turkiya jamiyati Erdo‘g‘an va uning partiyasini o‘tgan yillar davomida xatolarni tuzatmaganlikda hamda mamlakatni tabiatning yangi zarbasiga tayyorlamaganlikda ayblashi mumkin.
Hukumati bir necha yildan beri xalqaro izolyatsiyada bo‘lgan Suriyada esa vaziyat yanada murakkabroq. Arab Respublikasining zilziladan zarar ko‘rgan asosiy hududlari Damashqdagi hukumat nazorati ostida emas. Shunga qaramay yaqin-yaqingacha Bashar Asadni qo‘l berib ko‘rishishga noloyiq inson deb hisoblagan ba’zi davlat rahbarlari hozir u bilan uchrashishga harakat qilmoqda. Anadolu yarim orolidagi tektonik platolarning siljishi yana qanday siyosiy siljishlarga sabab bo‘ladi?
Erdo‘g‘an Turkiyani umumiy qayg‘u atrofida birlashishga chaqirdi. Ammo muxolifat allaqachon hokimiyatning noto‘g‘ri hisob-kitoblari haqida savollar berishni boshlagan. 14 may kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari natijasi xavf ostida
Zilziladan keyingi dastlabki soatlardayoq Rajab Toyyib Erdo‘g‘an boshchiligidagi Turkiya rahbariyati aholini tabiiy ofat mavzusini siyosiylashtirmaslikka, umumiy qayg‘u atrofida birlashishga chaqirdi.
«Umid qilamanki, biz mamlakat va millat sifatida hamjihatlik va birdamlik namoyon etib, bu dahshatli kunlarni ortda qoldiramiz. Bugun 85 million inson bir yurak kabi birga bo‘lishi kerak bo‘lgan kun», dedi Erdo‘g‘an 6 fevral kuni Turkiya Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida so‘zlagan nutqida.
Erdo‘g‘anning koalitsiyadagi ittifoqchisi, Milliy harakat partiyasi rahbari Davlat Bog‘chali ham hozir «ahamiyatsiz siyosiy bahslarda vaqtni behuda o‘tkazadigan kun emasligi»ni ta’kidladi.
Biroq, asta-sekin shokdan chiqayotgan turk jamiyati va ayniqsa, muxolifat sodir bo‘lgan voqea sabablarini tanqidiy tahlil qilib, savollar bera boshlaydi. Masalan, falokatning bunday ko‘lamining oldini olish uchun hokimiyat tomonidan barcha chora ko‘rilganmidi hamda qutqaruv xizmatlarining faoliyati jabrlanganlarni vayronalar ostidan imkon qadar tezroq olib chiqish uchun yetarlicha samaralimi?
Muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi raisi, shuningdek 14 may kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida birlashgan muxolifatning ehtimoliy asosiy nomzodi Kamol Qilichdaro‘g‘li 8 fevral kungi videomurojaatida fojia joyida ko‘rgan narsalaridan hayratda qolganini aytgan.
«Men voqea yuz bergan joyda xalqimizning ahvolini ko‘rdim. Men bo‘lgan narsalarni siyosatdan tashqarida ko‘rib chiqishni rad qilaman va mamlakat rahbariyatiga yuzlanaman. Men Erdo‘g‘an, uning saroyi va (u bilan bog‘langan) manfaatdor to‘dalar bilan hech qachon kelishuvga bormayman. Men o‘z xalqim bilan birga kurashaman», degan u.
Turkiyadagi eng yirik ommaviy axborot vositalarining faoliyati ham jamoatchilikning alohida g‘azabiga sabab bo‘lmoqda, ularning qariyb 95 foizi Erdo‘g‘anga yaqin insonlarga tegishli. Masalan, Show TV telekanali muxbiri zilziladan jabr ko‘rgan qiz bilan jonli efirdagi suhbatni qiz qutqaruv xizmatlarining yetarli darajada samarali ish bermayotganidan shikoyat qila boshlagach darhol to‘xtatib qo‘ydi.
Turkiya rasmiylari o‘z manzillariga yog‘dirilayotgan tanqidlarni e’tiborsiz qoldirmayapti. 7 fevral kuniyoq Istanbul Bosh prokuraturasi hukumatning harakatlarini tanqid qilgan jurnalistlar Merdan Yanardag‘ va Enver Ayseverga qarshi tergov boshladi. Ularga «aholini nafrat va adovatga da’vat qilish» aybi qo‘yildi. 8 fevral kuni esa Turkiyada Twitter, Tik-Tok va Instagram'ga kirish cheklandi.
Turk jamiyatida Erdo‘g‘an tomonidan zilziladan jabr ko‘rgan 10 viloyatda joriy etilgan uch oylik favqulodda holat rejimi ham ko‘plab savollar tug‘dirmoqda. 2016-2018 yillarda ham respublikada favqulodda holat rejimi joriy qilingan edi. Ushbu favqulodda holat rasmiy ravishda, 2016 yil iyul oyidagi davlat to‘ntarishiga urinish oqibatlarini bartaraf etish uchun e’lon qilingan (va bir necha bor uzaytirilgan). Amalda, bu ikki yil ichida Erdo‘g‘an bir necha taniqli muxolifatchi siyosatchilarni va tanqidiy ruhdagi jurnalistlarni qamoqqa jo‘natgan.
Turkiya rahbari bu safar halokatli inflyatsiya va turk lirasining dollarga nisbatan qulashi fonida o‘zi va partiyasining pozitsiyasi qaltisligini anglab, favqulodda holat rejimini butun mamlakat miqyosida kengaytirishi va hattoki saylovlarni 14 maydan keyingi sanaga qoldirishga harakat qilishi mumkin.
Ammo, keng tarqalgan versiyalardan biriga ko‘ra, Erdo‘g‘an saylov sanasini 18 iyundan mayga ko‘chirishiga aslida iqtisodiy vaziyat keskin yomonlashayotgani sabab bo‘lgandi. Hatto bir oy ham Turkiyada ko‘p narsa o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin edi.
Huquqiy nuqtayi nazardan, mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra, saylovlarni bir yilgacha kechiktirishning yagona sababi faqatgina urush bo‘lishi mumkin, shu sabab Erdo‘g‘an bu safar saylov sanasini o‘zgartirishni asoslashi ancha qiyin bo‘ladi. Biroq, prezidentga Konstitutsiyaviy sud a’zolarining ko‘pchiligini tayinlash vakolatini bergan 2017 yilgi konstitutsiyaviy islohotdan so‘ng bu amalga oshirib bo‘lmaydigan vazifa emas.
Shu bilan birga, Turkiya rahbari sodir bo‘lgan zilziladan boshqa narsalar qatori siyosiy ball to‘plash, «umumiy qayg‘u atrofida birlashish» zarurligi g‘oyasini yoyish va o‘zini millat qutqaruvchisi sifatida ko‘rsatish uchun foydalanishi mumkin.
Boshqa tomondan, muxolifat Erdo‘g‘anga 2002 yilda u va yangi tashkil etilgan Adolat va kalkinma (rivojlanish) partiyasi (AKP) 1999 yilda Istanbul yaqinida joylashgan Izmit shahrida sodir bo‘lgan dahshatli zilziladan (o‘shanda 20 mingga yaqin odam halok bo‘lgan) uch yil o‘tib hokimiyat tepasiga kelganini tobora ko‘proq eslatib turadi.
Aynan AKP boshqaruvi davrida Turkiyada aksariyati sifatsiz bo‘lgan ko‘p qavatli uylarning keng ko‘lamda qurilishi boshlangani ramziy ma’noga ega. Misol uchun, 2018 yilda Erdo‘g‘an hukumati saylovchilarni o‘ziga jalb qilish maqsadida ro‘yxatdan o‘tmagan qurilish ishlari uchun amnistiya e’lon qiladi. Bu qarordan so‘ng Qurilish muhandislari milliy palatasining o‘sha paytdagi rahbari Jemal Go‘kche deyarli kelajakni ko‘rgandek, «bu qaror natijasida Turkiya shaharlari qabristonga aylanishi»ni bashorat qilgandi.
«Erdo‘g‘an 1999 yildagi zilzila vayronalari ortidan hokimiyatga keldi. Aftidan u (hokimiyatdan) 2023 yilgi zilzila vayronalari sabab ketadi. Minglab insonlar hayotiga zomin bo‘lgan bu zilzila uni ham (o‘z) siyosati vayronalari ostiga ko‘mib tashlaydi», deydi bir necha yil oldin Germaniyaga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgan eng mashhur turk jurnalistlaridan biri Jan Dunder.
Shunday qilib tajribali Erdo‘g‘an 2023 yil oktabr oyida Turkiya Respublikasining 100 yilligini mamlakat rahbari sifatida nishonlash uchun qo‘lidan keladigan barcha ishni qilishi aniq.
Tashqi siyosatda Erdo‘g‘an yaqin vaqtgacha G‘arbga muxolif siyosat yuritayotgandi. Endilikda xalqaro hamjamiyatning Turkiyaga bergan yordami tufayli bu ritorikani yumshatish kerak bo‘ladi
Saylov yaqinlashar ekan, Erdo‘g‘an va uning atrofidagilarning G‘arb davlatlariga nisbatan munosabatlari so‘nggi haftalarda tobora keskin va murosasiz bo‘lib bordi.
Masalan, 2 fevral kuni G‘arbning to‘qqiz davlati elchilari Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi va bu birinchi bunday voqea emasdi. Ushbu hodisadan so‘ng ushbu davlatlarning Istanbuldagi bosh konsullik idoralari faoliyatini to‘xtatdi. Diplomatlarning xavotiri daniyalik o‘ta o‘ng kayfiyatdagi faol Rasmus Paludanning Qur’onni yoqish harakatlaridan so‘ng berilgan Erdo‘g‘an va boshqa turk siyosatchilarining jiddiy bayonotlari bilan bog‘liq edi. 3 fevral kuni Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu AQSH elchisiga yuzlanib, uni «iflos qo‘llarini Turkiyadan tortib olish»ga chaqirdi.
O‘zaro munosabatlar keskinlashganiga qaramay, dahshatli zilzilani boshidan o‘tkazgan Turkiyaga birinchilardan bo‘lib G‘arb davlatlari yordam berdi. Xususan, AQSH hukumati falokat oqibatlarini bartaraf etish uchun Turkiyaga 150 nafar qutqaruvchi yubordi. AQSH prezidenti Jo Baydenning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Anqaraga «zarur bo‘lgan har qanday yordam»ni ko‘rsatishga tayyor.
So‘nggi oylarda Erdo‘g‘anning doimiy o‘zgarib turuvchi pozitsiyasi hamda yangi talablar tufayli NATOga kirishi to‘xtab qolgan Shvetsiya va Finlandiya alohida e’tiborga loyiq.
Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilishga harakat qilayotgan ikki davlat ham Turkiya va Suriyaga o‘z qutqaruvchilarini yubordi hamda zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun mablag‘ ajratdi.
Hammasi bo‘lib, Shvetsiya Qizil Yarim oy va Xalqaro Qizil Xoch jamiyatlari federatsiyasiga 2,82 million dollar, Finlandiya esa bir million dollar ajratdi.
G‘arbning qiyin paytda Turkiyaga yordam berishga so‘zsiz tayyorligi Anqaraning pozitsiyasini o‘zgartirmay qo‘ymaydi. Saylovoldi dasturini G‘arbga qarshi g‘oya asosida qurgan Erdo‘g‘an, hech bo‘lmaganda ommaviy chiqishlar doirasida NATO hamkorlariga nisbatan ohangi va munosabatini o‘zgartirishga majbur bo‘lishi aniq.
Bundan tashqari, Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga kirish uchun arizasini tasdiqlash jarayoni tezlashishi mumkinligini ham istisno qilib bo‘lmaydi. Har qanday holatda ham, shimoliy mamlakatlar bilan konsensusga erishish Turkiya rahbariyati tomonidan diplomatik g‘alaba sifatida ko‘rsatilishi mumkin.
Turkiyadagi saylovlar 14 may kuni bo‘lib o‘tishi hisobga olinsa, respublika parlamenti Stokholm va Helsinki nomzodini tasdiqlash uchun ovoz berish jarayonini saylovdan oldingi ta’tilgacha, ya’ni taxminan aprel oyi o‘rtalariga qadar o‘tkazishi kerak.
Shu bilan birga, Anqara zilzila oqibatlari bilan kurashib, Ukrainadagi urushdan biroz uzoqlashadi. Shuningdek, G‘arb davlatlari tomonidan Kiyevga yangi qurollar berilishi va urushning kutilayotgan kuchayishi fonida vositachilik tashabbuslari bilan chiqish ehtimoli kamayadi.
Avvalroq muzokaralarda vositachi sifatida qatnashgan Turkiya rahbari endilikda ehtimol Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiy bilan telefon suhbatlari o‘tkazib, ularni mojaroni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqirish bilangina cheklanishi mumkin.
G‘arb Suriyaga Turkiyaga qaraganda ancha kamroq yordam bermoqda. Ammo Asad rejimi arab davlatlari bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish orqali baribir siyosiy foyda ko‘rishi mumkin
Agar Turkiya allaqachon kamida 95 mamlakatdan qutqaruvchilarni qabul qilayotgan bo‘lsa, Suriya bilan bu borada vaziyat ancha murakkabroq. Prezident Bashar Asad rejimi uzoq yillardan beri xalqaro izolyatsiya va sanksiyalar ostida.
«Yevropa davlatlari va AQSH vakillarining hech biri zilziladan jabr ko‘rgan, ochlikdan azob chekayotgan Suriya xalqiga hatto palatka, bir qop guruch yoki ko‘rpa-to‘shak ham jo‘natishga jur’at eta olmadi», deydi Suriya hukumatiga yaqin «Al-Vatan» gazetasi sharhlovchisi Munzir Hayit.
Damashqqa yordam berishga tayyorligini birinchi bo‘lib, Arab Respublikasida harbiy ishtirokini saqlab turgan Belarus va Rossiya ochiq e’lon qildi. Armaniston, Eron va Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan ham humanitar yordam yuklangan samolyotlar yuborildi. Qolaversa, Misr prezidenti Abdul Fattoh as-Sisiyning suriyalik hamkasbiga qo‘llab-quvvatlash taklifi bilan qo‘ng‘iroq qilgani (ikkala yetakchi ilgari bir-birlariga hech qachon qo‘ng‘iroq qilmagan) ham ko‘pchilik uchun kutilmagan holat bo‘ldi.
Boshqa arab davlatlaridan Jazoir, Iordaniya va Saudiya Arabistoni Turkiya bilan bir qatorda Suriyaga ham yordam berishga tayyor ekanini e’lon qildi. Bu davlatlar oxirgi vaqtlarda Asad rejimi bilan aloqalarini ehtiyotkorlik bilan tiklay boshlagandi. Bu qo‘llab-quvvatlash Suriya rahbariyatiga yanada qonuniylik beradi va mamlakatning 2011 yil noyabrida Suriya mojarosi boshlanganidan keyin a’zoligi to‘xtatilgan Arab Ligasiga qaytish imkoniyatlarini oshiradi.
Isroil hukumati ham misli ko‘rilmagan qadam tashladi, yahudiy davlati Turkiyadan tashqari, 1948 yildan beri urush holatida bo‘lgan Suriyaga ham yordam berishga qaror qildi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning aniqlik kiritishicha, Damashqqa yordam berish so‘rovi xalqaro manbadan kelgan. Isroilning Haaretz gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroildan Suriyani qo‘llab-quvvatlashni Rossiya so‘ragan.
G‘arbning qator davlatlari vakillari agar Damashqqa yordam berilsa ham bu to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshirilmasligiga aniq tushuncha berdi. Xususan, Germaniya Asad rejimi bilan bevosita aloqa o‘rnatmaslik uchun «Malta International» nodavlat tashkiloti orqali suriyaliklarga bir million yevro ajratilishini e’lon qildi.
Yana bir jiddiy muammo shuki, zilziladan jabr ko‘rgan hududlarning aksar qismi Damashq nazorati ostida emas. Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi isyonchi guruhlar nazoratida bo‘lgan shimoli-g‘arbiy Idlib viloyatidagi to‘rt millionga yaqin aholi tabiiy ofatdan oldin ham xalqaro yordamga tayanib yashagan.
Ushbu mintaqaga humanitar yordam yetkazilishi BMT Xavfsizlik kengashining 2014 yilda birinchi marta qabul qilingan rezolyutsiyasiga muvofiq amalga oshiriladi. 2020 yilda rezolyutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, Suriyaga humanitar yuk yetkazish faqatgina bitta o‘tish punktidan amalga oshiriladi. Va bu punkt — «Bob-al-Hava» hozirda zilzila sabab jiddiy zarar ko‘rgan. Zilziladan ikki kun o‘tib, ushbu chegara posti saytida uning xodimlari «xalqaro yordamni qabul qilishga tayyor, ammo yordam kelmayapti» degan xabar paydo bo‘ldi.
Ilgari bu hududlarni nazorat qilgan Anqara hozir Suriya yerlariga emas, balki Turkiyadagi zilzila oqibatlarini bartaraf etishga e’tibor qaratgani aniq.
Suriya Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Damashq nazorati ostidagi hududlarda ham (ayniqsa, mamlakatning ikkinchi yirik shahri Halabda) vaziyat yaxshi emas. Ko‘p yillardan buyon yonilg‘i va elektr energiyasi taqchilligi, milliy valyuta qadrsizlanishi bilan kurashayotgan Arab Respublikasi rahbariyati bunday keng ko‘lamli falokat oqibatlari bilan mustaqil ravishda kurasha olmaydi.
Umumiy falokat 10 yildan ko‘proq davom etgan sovuq munosabatlardan so‘ng yaqinda faol ravishda aloqa o‘rnatishga tayyorligini namoyish qilgan Anqara va Damashq pozitsiyalarini yaqinlashtirishini inkor etib bo‘lmaydi. Ikki davlat mudofaa vazirlarining 2022 yil dekabr oyida Moskvada bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan so‘ng, Erdo‘g‘an va Asad o‘rtasidagi yakkama-yakka muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida yanvar oyida Turkiya va Suriya tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkazilishi kutilgan edi. Endilikda umumiy qayg‘u bilan birlashgan yetakchilar, ehtimol Kreml vositachiligisiz ham tezroq umumiy til topishishlari mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar