"4500 yillik tarixga ega Giza piramidasining asosiy kirish eshigi yonidan uzunligi to‘qqiz metr bo‘lgan yashirin yo‘lak topildi. Bu yo‘lak yangi topilmalarga olib borishi mumkin", deya xabar berdi payshanba kuni Misr tarixiy buyumlar departamenti Reuters agentligiga.
Payshanba kuni Nature jurnalida chop etilgan maqolada aytilishicha, kashfiyot piramidaning qurilishi va yo‘lak oldida joylashgan uchli ohaktosh konstruksiya haqidagi ma’lumotlarnining ortishiga hissa qo‘shishi mumkin.
Buyuk Piramida monumental qabr sifatida miloddan avvalgi 2560 yillarda, Fir’avn Xufu yoki Xeops davrida qurilgan. Ilk davrda 146 metr balandlikda qurilgan bo‘lib, u hozir 139 metrni tashkil etadi va 1889 yilda Parijdagi Eyfel minorasi qurilguniga qadar dunyodagi eng baland inshoot bo‘lgan.
"Qurilishi tugallanmagan yo‘lak piramidaning og‘irligini qayta taqsimlash yoki hali topilmagan xona uchun yaratilgan bo‘lishi mumkin", dedi Misr tarixiy buyumlar Oliy Kengashi rahbari Mustafo Vaziriy.
"Biz nima qilishimiz mumkinligini ko‘rish uchun skanerlashni davom ettiramiz. Yo‘lakning ichida yoki oxirida nima topishimiz mumkinligini bilishimz kerak", dedi u piramida oldida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanidan so‘ng jurnalistlarga.
Shuningdek, piramidaning boshqa qismidagi qirolning dafn xonasi ustidagi beshta xona massiv strukturaning og‘irligini qayta taqsimlash uchun qurilgan deb taxmin qilinadi.
"Fir’avnning bir nechta dafn xonasi bo‘lishi mumkin", deya qo‘shimcha qildi Vaziriy.
Olimlar koridorni kosmik nurlarining myuon rentgenografiyasidan foydalanish yordamida kashf qilishgan.
2017 yilda Scan Pyramids tadqiqotchilari tomonidan piramida ichida kamida 30 metr uzunlikdagi bo‘shliq topilgani e’lon qilingan edi. Bu XIX asrdan beri kashf etilgan birinchi yirik ichki tuzilma hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!