00:21 / 02.04.2023
533

Turkiyada saylovlar: Erdog‘an «shaxmat yurishi»ni boshladi

Turkiyada saylovlar: Erdog‘an «shaxmat yurishi»ni boshladi
Garchi so‘nggi ikki yildagi iqtisodiy inqiroz xalqning amaldagi hukumatga qarshi kayfiyatini kuchaytirib yuborgan bo‘lsada, Turkiyaning aksar aholisi mamlakat boshqaruvida Rajab Toyyib Erdog‘andan boshqa nomzod yo‘qligiga ishonib boryapti. Muxolifat partiya a’zolari ham o‘zlari istamagan holda shunday fikrda. Ammo turkiyaliklarning o‘ziga xos o‘jarligi ham bor: “yomon boshqarsa ham o‘zimizdan bo‘lsin”, deydi. Har qalay  ijtimoiy tarmoqlardagi saylov haqidagi so‘rovnomalarni, saylovchilarning fikrlarini kuzatib borish jarayonida shunday xulosaga kelish mumkin.
 
Masalan, Izmir shahri aholisining ko‘pchiligi so‘lchilik harakatini qo‘llab-quvvatlaydigan sekulyar qatlamdan iborat. Ular odatda o‘z shaharlarini, davlatlarini Erdog‘an kabi dindor boshqarishini istamaydi. Shahar hokimligi uchun saylovda yutib chiqish uchun kuchli nomzod bo‘lishi shart emas, JXPdan ko‘rsatilgan bo‘lsa, kifoya, o‘sha kishi yutib chiqaveradi. Shu sababli nufuz jihatidan Turkiyada uchinchi o‘rinda turadigan mazkur shahar infratuzilmasi u qadar rivojlanmagan. Har safar kuchli yomg‘ir yoqqanda shaharni sel bosaveradi. Yo‘llarning holati ham boshqa joylarga qaraganda yomon ahvolda.
 
Yana bir tahliliy ko‘rsatuvda o‘tgan safargi saylov paytida amaldagi va muxolifatdagi partiyalarning bergan va’dalarini qanchalik bajargani tahlil qilindi.  Unda bildirilishicha, JXP raisi Kamol Qilichdoro‘g‘li va uning partiyadoshi Akram Imomo‘g‘li Istanbul shahar hokimligini qo‘lga kiritsa, “o‘quvchilarni maktabga bepul transportda tashish”, dehqonlarga bepulga traktor va elektr energiya, metro yo‘lini ikki barobarga oshirish kabi bir qator va’dalar berilgan. Saylovda g‘alaba qozonganiga qaramay, JXP vakillari tomonidan amalda ularning hech biri bajarilmagan. Tahliliy ko‘rsatuvda Erdog‘anning saylov dasturidan o‘rin olgan ishlar esa, qanchalik katta bo‘lsin, barchasi ro‘yobga chiqqani keltiriladi.
 
Ko‘pchilik taxmin qilganidek, saylovlarda g‘alaba qozonish hadisini olgan Erdog‘an bu safar ham o‘zining “shaxmat yurishi”ni boshladi. Turkiya prezidenti saylovlar arafasida iyul oyida eng kam ish haqi darajasi oshirilishini, apreldan esa barcha abonent guruhlari uchun elektr energiyasi narxi 15 foizga arzonlashishini bildirdi. U, shuningdek, sanoatchilar uchun tabiiy gaz narxining 20 foizga tushirilishini qo‘shimcha qildi. Hukumat, shuningdek, so‘nggi oylarda bir qator fuqarolarning pensiya yoshini pasaytirib, 2,25 milliondan ortiq turkiyalik ishchilarga zudlik bilan nafaqaga chiqish imkonini berdi.
 
 Erdog‘an to‘xtamaydi: bir haftalik faollik 
 
- Gaz va elektr energiyasiga 15 foizgacha pasaytirilgan tariflar - 1 apreldan kuchga kiradi;
- Soha uchun chegirma 20% ga oshirildi - 1 apreldan amal qiladi;
-  Qurilayotgan Oqqo‘yu AESga yadro yoqilg‘isini yuklash 27 aprel kuni amalga oshiriladi va Turkiyaning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining deyarli 10 foizi qoplanadi;
-  Qora dengizdan olinadigan tabiiy gaz 20 apreldan milliy tizimga ulanadi;
-  Yana bir bor eng kam pensiya miqdori oshirildi, endi u 7500 lira (taminan 390 dollar)ga teng. Avvalroq, yanvar oyida eng kam pensiya miqdori 3500 liradan 5500 liraga oshirilgan edi;
-  Zilziladan zarar ko‘rgan Qahramonmarash shahrida 7353 ta turar-joy binosi va 620 ta qishloq uyiga poydevor qo‘yildi;
-  Xatayda 22 ming 467 ta turar-joy binolari qurilishi boshlanmoqda, shundan 3 ming 122 ta turar-joy binosiga poydevor qo‘yildi;
-  Xatay shahridagi 1500 o‘rinli 4 ta turli shifoxonalarda poydevor qo‘yildi;
- Adiyaman shahrida 4431 ta doimiy uy-joy poydevori qo‘yildi;
-  Bu yil professional armiya yana 30 ming kishiga ko‘paytiriladi;
-  45 mingta yangi o‘qituvchilar ishga qabul qilinadi;
-  1000 ta yangi konchilar ishga olinishi haqida e’lon qilindi.
 
Bundan tashqari birinchi milliy avtomobilning ham shu kunlarda sotuvga chiqarilgani ham Erdog‘anning yana bir “yurishi” bo‘ldi. Ushbu harakatlar shubhasiz mamlakat aholisi orasida amaldagi hukumatga bo‘lgan ishonchni kuchaytiradi.
 
“Kichik Erbaqon” bilan kelishuv
 
Rahmatli Najmiddin Erbaqon Rajab Toyyib Erdog‘anning ustozi bo‘lganini ko‘pchilik bilsa kerak. Erbaqonning o‘g‘li Fotih ham Turkiya siyosiy sahnasida o‘z o‘rniga, o‘z ovoziga ega bo‘lib bormoqda. Otasi kabi u ham milliy (diniy) qarashlarni ilgari suradi. Avval u ayni shu tushunchali kishilarni birlashtirgan Saodat partiyasida edi. Hatto bir muddat rais maslahatchisi bo‘lib ham ishladi. Ayrim kelishmovchiliklardan keyin u Saodat partiyasidan chiqib, 2018 yili Yangidan Farovonlik (Yangi Rafah) partiyasiga asos soldi. Qisqa muddatda ushbu partiyaning tarafdorlari ko‘payib, hozirgi kunda Turkiyaning 81 ta viloyati 800 tumanida o‘z bo‘limlarini ochgan. Ushbu partiya 2020 yil 9 fevralda Sakarya Demokratiya maydonida falastinlik musulmonlarni qo‘llab-quvatlash uchun “Quddus mitingi”ni  tashkil qilgani katta shovshuvlarga sabab bo‘ldi.
 
Fotih Erbaqon saylovda Rajab Toyyib Erdog‘an rahbarligidagi Jumhur ittifoqini qo‘llaydigan bo‘ldi. Tabiiyki bir qator shartlar evaziga. Kuni kecha Erdog‘an shaxsan o‘zi Yangidan Rafah partiyasining bosh ofisiga tashrif buyurdi. Bir soatdan ortiq suhbatdan keyin Fotih Erbaqon bir qator izohlar berdi.
 
Biz o‘z tamoyillariga ega partiya sifatida o‘lkamizni, davlatimizni milliy-diniy qarashlarga qarshi bo‘lgan “Oltilik” ittifoqiga qolib ketmasligi uchun muhim qadam tashladik. Jumhur ittifoqiga kirish, bu diniy va milliy qarashlarimizni kafolatlash demakdir”, dedi. Endilikda mazkur partiyaning ko‘p ming sonli tarafdorlari prezidentlik saylovida Erdog‘anga ovoz beradi. Bu “rais”ning imkoniyatlarini oshirib yuborishi muqarrar.
 
Prezident Erdog‘an Buyuk Birlik partiyasi (BBP) Bosh qarorgohiga kelib, partiya raisi Mustafo Dastiji bilan ham uchrashdi. Matbuotga yopiq tarzda o‘tgan uchrashuvdan so‘ng Dastaji BPP Jumhur ittifoqiga qo‘shilganini aytib, o‘z siyosiy tarafdorlarining 14 may kungi saylovda Rajab Toyyib Erdog‘anga ovoz berishini ta’kidladi.
 
Shu bilan birga BPP raisi ko‘pgina aholi tomonidan aytilayotgan fikrni qo‘llab-quvvatlagan siyosatchi bo‘ldi. Uning ta’kidlashicha, “Oltilik” ittifoqi PKK terror guruhi bilan “tili bir” XDP hamkorligi Turkiya kelajagi uchun xavotirli.
 
"Nega Amerika Erdog‘anning davlat boshqaruvida davom etishini emas, “Oltilik” ittifoqining g‘alaba qozonishini xohlaydi? Chunki "Bizning janubimizda boshqasi o‘rniga PYD (terror guruhi) paydo bo‘ladi" degan Qilichdoro‘g‘lini prezident sifatida ko‘rmoqchi. Xuddi shunday Yevropa ham mahalliy hukumatni alishtirish tarafdori ekanini aytdi. Bularning maqsadi Turkiyani bo‘lib yuborishdir" dedi BPP raisi.
 
Buni qarangki, kuni kecha Turkiya muxolifati yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘li AQSHning Turkiyadagi elchisi Jeff Flake bilan uchrashdi. Bu holat muxolifat liderining “amerikaparast”ligi haqidagi gap-so‘zlarni battar kuchaytirib yubordi.
 
Darhaqiqat, Qilichdoro‘g‘li XDP raisi bilan uchrashganidan so‘ng mamlakatdagi siyosiy reytingi tushib ketdi. Minglab “Oltilik” ittifoqi tarafdorlarini o‘z fikrlarini o‘zgartirib, Erdog‘anni qo‘llab-quvvatlash haqida bayonot bermoqda. Masalan, taniqli turk siyosatchisi Yovuz Ag‘iralio‘g‘li muxolifat ittifoqining kurdparast XDP bilan hamkorligiga norozilik sifatida muxolifatdagi Yaxshilik (IYI) partiyasini tark etdi. Uzoq vaqt davomida Ag‘iralio‘g‘li Yaxshilik (IYI) partiyasining ikkinchi shaxsi va partiyaning diniy-konservativ qanotining norasmiy vakili hisoblangan.
 
Hiyla va yolg‘on gapirib g‘alaba qozongandan ko‘ra, [saylovda] rostgo‘y bo‘lib yutqazgan ma’qul. Biz terror soya soladigan joyga borib turmaymiz, - dedi u kurdparast HDP va uning Turkiyada terrorchi tashkilot sifatida tan olingan Kurdiston Ishchilar partiyasi bilan aloqalari haqida gapirib.
 
Erdog‘an “yevroosiyolik”lardan voz kechdi
 
Turkiyaning Yevroosiyo Vatan partiyasi rahbari Dog‘u Perinchek bugun shunday dedi: “Men chorshanba kuni Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga Vatan partiyamizning hukmron ittifog‘ga qo‘shilishi haqidagi iltimosimni yetkazdim. Bizning iltimosimiz rad etildi. U [Erdog‘an] bizdan HUDA [Kurd islomiy partiyasi]ni afzal ko‘rdi. Ular mustaqillik, xavfsizlik yo‘lini emas, balki AQSHga bo‘ysunish yo‘lini tanladilar”.
 
Ushbu partiya mamlakatda yevroosiyochilik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi yetakchi siyosiy kuchlardan biri bo‘lib, rossiyaparast sanaladi. Shu oyda taniqli rus siyosatchisi Aleksandr Dugin o‘z maqolasida Erdog‘anni Vatan partiyasini Jumhur ittifoqiga qabul qilishga chaqirgandi.
 
Mart oyi o‘rtalarida kurdlarning HUDA partiyasi bo‘lajak saylovlar oldidan Erdog‘anning hukmron ittifoqini qo‘llab-quvvatlash qarorini e’lon qilgandi.
 
Biz kurd millatchi partiyasi emasmiz. Biz musulmonmiz va bizga barcha musulmonlar birodardir. Biz musulmonmiz va biz uchun bir xalqning boshqa xalq ustidan hukmronligi qabul qilinishi mumkin emas, biz birovning xalqini boshqalardan ustun bilmaymiz. Biz musulmonlar uchun hamma odamlar teng. Millatchilik bizga Yevropadan kelgan zaharli mafkuradir”, dedi kurdlarning HUDA partiyasi vitse-prezidenti Serkan Ramanli televideniyega bergan intervyusida.
 
E’tiborlisi, kurd partiyasi siyosatchisi Rajab Erdog‘anning 2013 yildagi mashhur so‘zlariga ishora qildi: “Hech kim turk va kurd tillariga qarshi chiqmasligi kerak. Biz har xil millatchilikni oyoq osti qilgan hukumatmiz”.
 
Xulosa sifatida aytadigan bo‘lsak, Erdog‘an nomzodini qo‘llaydigan siyosiy partiyalar soni ortib bormoqda.
 
Darvoqe, Oliy saylov kengashi (OSK) Rajab Toyyib Erdog‘anning prezident nomzodligiga bildirilgan e’tirozlar bir ovozdan rad etilganini bildirdi. Shuningdek, OSK 1 aprel, shanba kuni soat 14:00 dan boshlab Prezidentlikka nomzodlarning saylov byulletenidagi o‘rinlarini aniqlash uchun qur’a tashlanishini bildirdi.
 
Abdulaziz Muborak
Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo