Yaponiya muhandislik va arxitektura sohasida yana bir novatorlik g‘oyasini ilgari surdi. Mamlakatning N-Ark kompaniyasi 2023-yil yozida “suzib yuruvchi kelajak shahri” qurish loyihasini taqdim etdi. Uning nomi — Dogen City. Bu g‘oya nafaqat texnik imkoniyatlar, balki inson hayotining yangi formati haqidagi tasavvurlarni ham tubdan o‘zgartiradi, deb yozdi mahalliy nashrlar.
Dogen shahrining asosiy xususiyatlari
Yangi loyiha yuqoridan qaralganda 4 kilometrlik mukammal doira shaklida bo‘ladi. Bu tasodif emas — muhandislar aytishicha, bunday shakl kuchli bo‘ron, sunami yoki boshqa tabiiy ofatlar davrida barqarorlikni ta’minlaydi. Shu tariqa shahar nafaqat inson uchun qulay, balki tabiatga qarshi chidamli ekotizim sifatida ham ishlaydi.
Arxitektorlar shaharni shartli ravishda uchta asosiy hududga bo‘lishni taklif qilgan:
Yashash halqasi — turar joylar, savdo va dam olish maskanlari joylashgan asosiy qism;
Dengiz osti markazi — ma’lumotlarni qayta ishlash va ilmiy tadqiqot laboratoriyalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, u dengiz suvi orqali tabiiy ravishda sovitiladi;
Sun’iy ko‘rfaz — halqasimon inshoot ichidagi suzuvchi orollardan iborat hudud bo‘lib, u shaharning vizual hamda funksional markazini tashkil etadi.
Shahar imkoniyatlari va aholi ehtiyojlari
Loyiha muhandislari Dogen’da 10 ming doimiy aholi va yiliga 30 minggacha mehmon yashashi mumkinligini ta’kidlamoqda. U yerda maktablar, ofislar, shifoxonalar, mehmonxonalar, stadion, bog‘lar va hatto raketalarni uchirish hamda qo‘ndirish uchun mo‘ljallangan maydon ham bo‘ladi.
Kompaniya hisob-kitoblariga ko‘ra, shahardagi aholi yiliga taxminan 2 million litr suv iste’mol qiladi, 7 ming tonna oziq-ovqat sarflaydi va 22 million kilovattdan ziyod elektr energiyasidan foydalanadi. Bu resurslarni ta’minlash katta muammo bo‘lishi mumkin, ammo muhandislar energiyani qayta tiklanuvchi manbalar — quyosh, shamol va dengiz to‘lqinlaridan olishni rejalashtirmoqda.
Qurilish qachon boshlanadi?
Loyiha amaliy bosqichga 2030-yilda o‘tishi kutilmoqda. Hozircha shaharni qurish uchun aniq joy tanlanmagan, ammo Yaponiya hukumati va xususiy sarmoyadorlar bu g‘oyani kelgusi yillarda amalga oshirishga qiziqish bildirgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!