Kaliforniya universiteti olimlari qiziq natijaga erishdi — muntazam ravishda boshqalar haqida gaplashadigan juftliklar o‘z munosabatlaridan ko‘proq qoniqish hissiga ega ekan. Bu haqda PsyPost nashri xabar berdi.
Tadqiqotda Janubiy Kaliforniyada kamida bir yil birga yashagan 76 juftlik ishtirok etdi. Har bir ishtirokchiga suhbatlarni yozib oladigan maxsus qurilma berildi va ular ikki hafta davomida uni taqib yurishdi. Natijada uyda, ishda va do‘stlar orasida qilingan suhbatlardan 100 mingga yaqin audio yozuv to‘plandi.
Tahlil jarayonida ekspertlar juftliklar boshqalar haqida gaplashgan qismlarni ajratib oldi. Bu holatlar g‘iybat sifatida baholandi. Ma’lum bo‘lishicha, deyarli barcha juftliklar har kuni o‘rtacha 38 daqiqa boshqalarni muhokama qilishga sarflaydi.
Tajriba yakunida ishtirokchilardan shaxsiy hayotlaridan qanchalik mamnun ekanliklari haqida so‘rovnoma to‘ldirish so‘raldi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, tez-tez g‘iybat qiladigan juftliklar o‘z munosabatlaridan ancha ko‘proq mamnun.
Olimlar ta’kidlashicha, boshqalar haqida fikr almashish ko‘p hollarda salbiy deb baholansa-da, bu jarayon juftliklar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlaydi va ularning ijtimoiy aloqalarini kengaytiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!