
AzonTV ma’rifiy onlayn telekanalida efirga berilgan «Fikrat» tahliliy ko‘rsatuvining navbatdagi sonida doimiy ekspert, siyosatshunos Hamid Sodiq bilan jahon siyosat maydonida kechayotgan jarayonlar haqida suhbatlashildi. Ko‘rsatuvda, shuningdek, Rossiyaning Belarus hududiga yadro raketalarini joylashtirish borasidagi tahdidiga ham munosabat bildirildi.
Ko‘rsatuv boshlovchisi G‘ayratxo‘ja Saydaliyev ekspertga “Belarus ertaga muammo bo‘lishidan qo‘rqmayaptimi”, degan savol bilan yuzlandi.
Darhaqiqat, Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik masalalari bo‘yicha Oliy vakili Jozép Borrél “Rossiya Belarusga yadro qurolini joylashtirsa, Yevropa Ittifoq albatta yangi sanksiyalar bilan javob qaytaradi”, deya Belarusni qattiq ogohlantirdi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi uchun platsdarm vazifasini o‘tagani uchun shundog‘am xalqaro hamjamiyat la’natiga qolgan Belarus nahotki yadro quroli o‘rnatilishiga ruxsat berish oqibatlari haqida qayg‘urmayapti? Belarus hech kimdan qo‘rqmaydimi? Yoki boshqa yo‘qotadigan narsasi qolmadimi?
Yadro quroliga ega bo‘lishning birlamchi zarari, tabiiy ravishda, sanksiyalar bo‘ladi. Chunki yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma hamda kelishuvlar mavjud. Ularga amal qilmaslik salbiy huquqiy oqibatlarga olib kelishi tabiiy. Demak sanksiyalar ustiga sanksiyalar qo‘shilaveradi.
Bundan tashqari, biror mamlakatda yadro qurolining bo‘lishi texnologik jihatdan ham xavf tug‘diradi. Qolaversa iqtisodiyot uchun judayam qimmatga tushadi. Yoki 2020 yildagiga o‘xshab ommaviy norozilik namoyishlari yoki tartibsizliklar boshlansa, bu qurollar kimlarning qo‘liga tushib qolishi mumkin? Terrorchilar qo‘liga tushib qolsa nima bo‘ladi?
Ekspert Hamid Sodiq bu savolga javob bera turib, sanab o‘tilgan omillar safiga xalq va jamiyat omilini ham qo‘shish kerak dedi.
- Men savolni “Lukashenkoning qo‘rqqanini oxirgi marta qachon ko‘rganmiz”, degan shaklda qo‘ygan bo‘lardim, deydi siyosatshunos Hamid Sodiq. – Prezident Lukashenko 2020 yilda qo‘lida avtomat ushlab chiqqandi ko‘chaga. Hattoki bir zavodga borganida odamlardan biri “Ket”, deb uning yuziga ham aytdi. O‘sha paytda Lukashenkoning ovozi titragani va oyog‘i qaltirab ketganini payqash mumkin.
Afsuski belorus xalqi shunday bir zolim tiranni tarbiyalab, tepaga chiqishiga yo‘l qo‘yib berdi. Natijada bugun nafaqat Belarusga, balki butun dunyoga ham xavf tug‘diryapti. Lukashenko va uning oilasi judayam yaxshi himoyalangan. Hamda xalqining kambag‘alligi va nochorligi hisobiga u xuddi Shimoliy Koreyaga o‘xshab, 10-15 ta yadro kallagini o‘zida bemalol saqlay oladi.
Lekin Lukasheno qanchalik xohlamasin, Belarus hech qachon Shimoliy Koreyaga aylanmaydi. Chunki bu davlat hozirgacha ochiq davlat bo‘lgan. Yevropaning qo‘ynida joylashgani, Yevropa tafakkuri bilan to‘yingani uchun shunday bo‘lsa ehtimol. Belarusda IT sohasidagi mutaxassislar ham juda ko‘p. Ma’lumki, IT sohasi erkin qatlam, deyiladi. Davlat bilan bog‘lanmagan, o‘zini-o‘zi ta’minlay oladigan va kreativ, ya’ni ijodkor qatlam hisoblanadi.
Mening nazarimda Lukashenko qisqa muddat davomida qo‘rqmay hukmronlik qilishi uchun asos bor. U o‘zi va oilasini himoya qilish uchun imkoniyati doirasidagi bor ishni qilyapti. 2020 yilda unga konstitutsiyaga zid ravishda hokimiyat tepasida qolishiga imkon bergan Putin kelajakda uni yadro quroli bilan ta’minlab ketishi ehtimoli paydo bo‘lyapti. Ya’ni jismoniy jihatdan Lukashenko uchun xavf yo‘q. U qavat-qavat himoya bilan o‘ralgan. Davlat budjetining juda katta qismini kuch ishlatar tizimlarga sarflaydi. Demak u ko‘proq o‘zini o‘ylaydi, xalqni emas.
Endi Belarus davlati boshiga xalqaro sanksiyalar tufayli tushishi mumkin bo‘lgan falokatlardan qo‘rqmaydimi, degan savolga javob beradigan bo‘lsak, hozirgina aytganimdek, Lukashenko uchun xalqining manfaati umuman qadr-qimmatga ega emas. Bu barcha diktatorlarga xos hodisa. Bugungi kunda Belarus - bu Lukashenko! Ya’ni “Davlat – bu men” degan tushuncha paydo bo‘lgan. Istalgan diktator shunday bo‘ladi o‘zi. Ular “Davlat – bu men” degan tushuncha bilan yashaydi. Xalq - ular uchun o‘z shaxsiy manfaatlarini ta’minlashdagi vosita xolos! Hamma narsa uning manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilishini istaydi va shunga erishish uchun hech narsadan qaytmaydi. Lekin aslida inson hech qachon vosita bo‘lishi mumkin emas, inson hamisha maqsad bo‘lishi lozim. Lekin diktatorlar bu qoidaga amal qilmaydi.
Lukashenko yoki boshqa diktatorlarni to‘xtatishi mumkin bo‘lgan asosiy subyekt – bu xalq. Afsuski bugungi kunda Belarusdan ham, Rossiya Federatsiyasidan ham intellektual qatlam chiqib ketdi. Chiqib ketmaganlari esa qamaldi. Xalqqa vaziyatni tushuntiradigan, demokratiya sari yo‘lni eslatadigan odamlar, ularni ergashtiradigan va boshchilik qiladigan insonlar yo‘q. Belarusda muxolifat deyarli yo‘q. Svetlana Tixanovskaya esa kuchli siyosatchi emas. U erining orqasidan siyosatga kirib kelgandi.
Aslini olganda siyosatga aralashishga majbur qilindi va tashqariga chiqib ketishiga ham imkon berildi. Chunki kuchli bir siyosatchi tashqarida turib ta’sir ko‘rsatganidan ko‘ra, kuchsiz ayol siyosatchining mavjud bo‘lib turishi Lukashenko uchun yaxshi. Tixanovskaya tajribasiz shaxs, unda xalq e’tirofi va siyosiy vazn ham yo‘q. Lukashenkodek diktatorga qarshi nozik xilqat vakili qarshi turishi qiyin masala, deya fikr bildirdi siyosatshunos Hamid Sodiq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar