17:58 / 26.04.2023
250

Yangi qurollanish poygasi: dunyo Ukrainadagi urushdan qanday saboq olmoqda?

Yangi qurollanish poygasi: dunyo Ukrainadagi urushdan qanday saboq olmoqda?
Foto: Kun.uz
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganiga bir yil-u ikki oydan oshiqroq vaqt o‘tdi. Bu Yevropadagi so‘nggi o‘n yilliklar ichidagi eng katta urushga aylandi va butun jahonga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Ushbu urushning dastlabki va eng mantiqli oqibatlari — jahonda harbiy xarajatlar o‘sgani bo‘ldi.
 
Urush qimmat, o‘ta qimmatbaho narsa
 
Stokholm tinchlik muammolarini tadqiq etish instituti (SIPRI) tomonidan tuzilgan hisobotga ko‘ra, o‘tgan 2022 yilda mudofaa uchun global xarajatlar real qiymatda 3,7 foizga o‘sgan va rekord qiymat — 2,24 trln dollarga yetgan.
 
Rossiya va Ukraina o‘rtasida bir yildan ziyod vaqt ichida yirik hududiy urush kechayotgan Yevropada bu o‘sish so‘nggi 30 yil ichida, ya’ni sovuq urush tugaganidan buyon eng katta qiymatlarni namoyish etgan.
 
O‘tgan yilda eng yirik harbiy xarajatlar AQSH, Xitoy va Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan — bu uch davlat birgalikda butun jahondagi harbiy xarajatlarning 56 foizini qilishgan.
 
Biroq, xarajatlarning nisbiy o‘sishiga e’tibor qaratilsa, o‘tgan yilning harbiy sarf-xarajatlari borasida Ukraina so‘zsiz yetakchiga aylangan. SIPRI ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev 2022 yilda mudofaa uchun 44 milliard dollar sarflagan. Bu 2021 yildagiga nisbatan 640 foizga ko‘proq. Bu tarixdagi eng katta o‘sish, deb yozishmoqda SIPRI tahlilchilari. Ukraina mudofaa maqsadlari uchun yalpi ichki mahsuloti qiymatining 34 foizini sarflamoqda, albatta, bir o‘zi, tashqi yordamlarsiz iqtisodiyot va davlat uchun og‘ir urushni olib bora olmasdi.
 
Rossiyaning harbiy xarajatlari 9,2 foizga o‘sgan va 86,4 milliard dollarga yetgan. Yalpi ichki mahsulot qiymatiga nisbatan olinsa bu 4,1 foizni tashkil etadi, 2021 yildagi 3,7 foizga solishtirilsa bu ko‘pdek, lekin SSSR 1989 yilda sarflagan 14,2 foizdan baribir kamroq.
 
Eng katta xarajatni AQSH qilgan — 877 mlrd dollar. Bu Rossiyanikidan 10 barobar, ikkinchi o‘rindagi Xitoynikidan 3 barobar ko‘p.
 
Bu raqamlar edi. Endi, keling, bunday o‘sishga nimalar sabab bo‘lgani haqida gaplashamiz. Asosiy sabab — Ukrainadagi urush. Lekin bularning barchasi shunchaki jo‘n tushuntirilmasligi kerak. Keling, Ukrainadagi urushning aynan harbiy xarajatlar o‘sishiga ta’sirining uch mexanizmini o‘rganib chiqamiz.
 
Ko‘proq qurol kerak
Harbiy ehtiyojlar uchun xarajatlar miqdori bo‘yicha AQSH boshqa barcha mamlakatlarni katta farq bilan ortda qoldirgan
Armiya urushda resurslarni sarflaydi. Qurol o‘q-dorilarni sarflab otadi, bunga javoban dushman ham o‘q uzadi, harbiy texnikalarni yo‘q qiladi va ularning o‘rnini to‘ldirish kerak. Bu harbiy xarajatlarning eng tushunarli va lo‘nda ko‘rinishi.
 
O‘q-dorilardan tashqari, armiya yana bir qator ko‘zga ko‘rinib turgan resurslarni talab qiladi — yoqilg‘i-moylash materiallari, elektr energiyasi, harbiy texnikalarni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish, dori-darmonlar, oziq-ovqatlar, logistika (shunisiga juda ko‘p pul ketadi), harbiylarga maoshlar va to‘lovlar, ularni o‘qitish va hokazolar.
 
Bu nafaqat urushda bevosita ishtirok etayotgan tomonlarda aks etadi. Amerika harbiy xarajatlari o‘sganini ekspertlar AQSHning Ukrainaga faol yordam berayotgani bilan izohlashmoqda. AQSHning Ukrainaga 2022 yildagi moliyaviy yordami 19,9 mlrd dollarni yoki Vashingtonning umumiy harbiy xarajatlarining 2,3 foizini tashkil etdi.
 
AQSH Ukrainaga nafaqat harbiy texnika, o‘q-dorilar va boshqa harbiy tovarlar yetkazib bermoqda, shuningdek, ukrainalik personalni o‘qitmoqda, uchinchi davlatlardan yetkazib berishni ta’minlamoqda, tijoriy sun’iy yo‘ldosh operatorlaridan ma’lumotlar xarid qilmoqda va hokazo.
 
Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri xarajatlar nafaqat AQSH gardanida — Ukrainaga boshqa o‘nlab davlatlar ham yordam qo‘lini cho‘zgan, ularning ayrimlari o‘z budjetining katta qismini yo‘naltirmoqda. Masalan, Estoniya bir yil ichida Ukrainada yordam uchun o‘z YAIMining 1,07 foizini sarflagan, bu ko‘rsatkich Latviyada — 0,98 foiz, Litvada — 0,65 foiz, Polshada — 0,63 foizga teng.
 
Bu xarajatlar, agar ta’bir joiz bo‘lsa, urush uchun yonilg‘i — uning olovi tanklar, snaryadlar, raketalar, yoqilg‘i va ko‘plab narsalarni yamlab yuboradi.
 
Son…
 
Ukrainaga texnika yetkazib berish borasidagi munozaralar yodga olinsa, donor-mamlakatlarda bu bahslardagi dalillardan biri quyidagicha edi: Ukrainaga yordam berish kerak va shart, lekin bu o‘z xavfsizligimizni zaiflashtirish evaziga bo‘lmasligi kerak. Shu sababli, o‘z omborlaridan texnika va o‘q-dorilarni chiqarib, Ukrainaga yuborgan davlatlar zaxiralarni to‘ldirishga harakat qilmoqda va bu ham mudofaa xarajatlari ortishiga sabab bo‘lgan.
 
Bu vaziyatda Ukrainadagi urush harbiylar va siyosatchilarning mojarolarga nisbatan munosabatini ham o‘zgartirib yubordi. U butun dunyoga katta urushlar davri o‘tmishda qolib ketmagani, hanuz urushda son sifatdan kam rol o‘ynamasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Nafaqat eng yaxshi tanklar, samolyotlar, avtomatlar va pulemyotlarga ega bo‘lish kerak, ularning soni ham ko‘p bo‘lishi shart. Bu — Ukraina urushining eng muhim saboqlaridan biri. Endi Ukraina hamkorlari o‘z zaxiralarini yangi, yanada yuqoriroq marralarni ko‘zlab to‘ldirishi ham shart bo‘ladi.
 
Narx-sifat muvozanati bu yerda katta rol o‘ynaydi. Eng yuqori xarakteristikaga ega yangi qurol-yarog‘ tizimlari ulkan rol o‘ynaydi, lekin zaxirada sifati pastroq, biroq oddiy va arzon vositalarni ham ushlab turaverish kerak bo‘ladi. Masalan, T-72B3 yoki Leopard 2A4 tanklarining katta zaxirasi T-90M, Challenger 2 yoki Abrams tanklarining so‘nggi modifikatsiyasi bilan qurollangan elita qismidan ko‘ra muhimroq bo‘lishi mumkin. Yoki boshqa misol: Ukraina qiruvchi samolyotlarga juda katta ehtiyoj sezmoqda, biroq ularga bir-ikkita eng zamonaviy F-35 uchoqlari emas, eskiroq bo‘lsa-da, ko‘plab F-16 samolyotlari kerak.
 
Bundan tashqari, urush o‘q-dorilarning katta zaxirasiga ega bo‘lish ham muhimligini ko‘rsatib qo‘ydi. Ukraina va Rossiya allaqachon chinakam «snaryad ocharchiligi»ga duchor bo‘lishgan, shu sababli ko‘plab davlatlarda, ayniqsa Ukrainaga hamkor bo‘lgan davlatlarda snaryadlar va raketalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bundan tashqari, qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar ham qayta ishlab chiqarilmoqda, bularning bari katta xarajatlar talab qiladi.
 
SIPRI tahlilchilari qayd etishicha, masalan, 2021 yildan 2022 yilgacha Yaponiya harbiy xarajatlari 5,9 foizga o‘sgan va 46 mlrd dollarga — YAIMning 1,1 foiziga yetgan. Bu Yaponiyada 1960 yildan buyon harbiy xarajatlarning eng yuqori ko‘rsatkichi. Gap Yaponiya u-bu davlatga, aytaylik XXR, KXDR yoki Rossiyaga urush ochishni mo‘jallayotganida emas, shunchaki ular har qanday mojaro ko‘proq vositalarni talab qilishini tushunib yetishdi.
 
…va sifat
 
Ukrainadagi joriy harbiy to‘qnashuvlar barcha davlatlar uchun bergan saboqlardan yana biri: so‘nggi o‘n yillar ichida zamonaviy urush olib borish uslublari keskin o‘zgarib ketgan. Bu ayniqsa razvedka, nishonni belgilash, aloqa o‘rnatish va nishonga bevosita zarba berish bilan bog‘liq pilotsiz uchar qurilmalarga aloqador. Ammo pilotsiz uchoqlar hali bu tajribaning bir qismi. Urush aloqa va boshqaruv tizimlari jang maydonida qaysi yo‘nalishda rivojlantirish, logistikani qanday tashkil qilish va boshqa ko‘p narsalar — urush olib borishning yangi taktik usullarigacha ko‘rsatib berdi.
 
Bularning bari yangi tizimlarni yaratish, ularni ishlab chiqarish, ko‘plab harbiy hujjatlar, jumladan, harbiy doktrinalarni qayta ko‘rib chiqish, ularni amaliy mashqlar yordamida sayqallash uchun katta mablag‘ yotqizishni taqozo etadi.
 
Jahon harbiy ish borasida juda katta o‘zgarishlar jarayonida turibdi, agar Ukrainadagi urush ertagayoq tugagan taqdirda ham SIPRI instituti keskin oshgani qayd etgan mudofaa uchun xarajatlar endi kamaymasa kerak — davlatlar bu urushdan katta saboq chiqarmoqda.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo