15:45 / 21.06.2023
522

Atlantika okeanida suvosti kemasi yo‘qolgan hududda shovqinlar qayd etildi

Atlantika okeanida suvosti kemasi yo‘qolgan hududda shovqinlar qayd etildi
Foto: OceanGate
Qutqaruvchilar sayyohlarni «Titanik» layneri cho‘kib ketgan joyga olib tushayotgan paytda yo‘qolib qolgan xususiy «Titan» suvosti kemasini qidirish zonasida shovqinlarni qayd etdi. Kanadaning Boeing P-3 Poseidon patrul samolyoti tomonidan shovqinlar aniqlangan, masofadan boshqariladigan suvosti transport vositalari u yerga ko‘chirilgan, biroq qidiruv «salbiy natijalar» bergan, deb xabar qildi 21 iyun, chorshanba kuni AQSH Sohilni qo‘riqlash xizmati. Kanada samolyoti ma’lumotlari keyingi tahlil qilish uchun AQSH dengiz floti mutaxassislariga topshirildi.
 
Avvalroq CNN telekompaniyasi va Rolling Stone nashri hukumatning ichki ma’lumotlariga tayanib, Kanadaning P-3 samolyoti qutqaruv operatsiyasi olib borilayotgan hududda «akustik aloqa»ni aniqlagani haqida xabar bergan edi - bu 20 iyun kuni har yarim soatda eshitilgan taqillatishga o‘xshash ovoz. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, tovush qachon va qancha vaqt davomida eshitilgani aniq emas.
 
Hukumat xabarlaridan birida aytilishicha, qidiruv hududiga to‘rt soatdan keyin qo‘shimcha gidrolokatsiya uskunalari o‘rnatilganda (signallar aniqlanganidan keyin) ovoz eshitilgan va «bu omon qolganlarning umidvor ekanligidan dalolat beradi».
 
19 iyun kuni Atlantika shimolida «Titan» xususiy suvosti kemasi g‘oyib bo‘ldi. Bortda besh kishi, jumladan, britaniyalik milliarder Xemish Xarding va yo‘qolgan suvosti kemasiga egalik qiluvchi OceanGate asoschisi Stokton Rash bor.
 
«Titan» «Titanik» cho‘kib ketgan joyga ikki soatlik sho‘ng‘ishni boshlagan, ammo ekspeditsiyaning asosiy kemasi bilan aloqani yo‘qotgan. Batiskafda (chuqur suvostida yuradigan apparat) kislorod bilan ta’minlash 96 soatga mo‘ljallangan. Mutaxassislar fikricha, «Titan»dagi elektr ta’minoti tizimi ishlamay qolgan, qisqa tutashuv sodir bo‘lgan yoki qurilma «Titanik»ka juda yaqin kelib, cho‘kib ketgan layner konstruksiyalariga tegib ketgan bo‘lishi mumkin.
 
Amerikaning NBC telekanali batiskaf egasi Stokton Rashning 2020 yilda bergan intervyusida «Titan»da «siklik charchoq» belgilari namoyon bo‘layotganini aytganiga e’tibor qaratdi. Shu sababli, qurilma faqat uch ming metrgacha chuqurlikka tushishi mumkin edi. Ayni paytda, «Titanik»ning vayronalari taxminan 4000 metr chuqurlikda.
 
Qidiruv operatsiyasining maydoni 20 ming kvadrat kilometrga yaqin hududni qamrab olgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Atlantika okeanida suvosti kemasi yo‘qolgan hududda shovqinlar qayd etildi
ePN