
Ushbu voqealar yakunida javoblardan ko‘ra ochiq savollar ko‘proq qoldi. Nega Vladimir Putin ortga tisarildi, o‘zi u tisarildimi? Nega Prigojin kolonnalarini ortga qaytardi? Bu yerda Belarusning nima aloqasi bor va «Vagner»ga endi nima bo‘ladi? Bularning barchasi Ukrainadagi urushga qanday ta’sir o‘tkazadi? BBC bu savollarning ayrimlariga javob topishga harakat qildi.
Prigojin nega «Adolat marshi» o‘tkazdi. Rejasi qanaqa edi va o‘zi u bormidi?
«Adolat marshi» haqida Prigojin 23 iyun, juma kuni e’lon qildi. Bunga sabab qilib, jangarilarning front ortidagi lageriga ko‘plab qurbonlarga olib kelgan raketa zarbasi berilganini ko‘rsatdi.
Bunga tasdiqlangan dalil ko‘rsata olishmadi. Telegram-kanallardan birida yonayotgan o‘rmon yalangligiga qarab yugurayotgan harbiylar tasvirlangan videolavha e’lon qilindi. Garchi bu rolikdagi lavhalar «Vagner» lageri haqidagi avvalgi lavhalarga o‘xshash detallarga ega bo‘lsa-da, video sahnalashtirilganga o‘xshardi. Buning isboti sifatida u yerdan boshqa foto yoki video ko‘rmaganimiz, «vagnerchilar» o‘rtasida qurbonlarning aniq soni e’lon qilinmaganini keltirish mumkin.
Isyondan keyingi o‘z audiomurojaatida Prigojin «o‘ttizga yaqin» jangchisi halok bo‘lgani, ayrimlari yaralangani, shundan so‘ng «Vagner» komandirlari kengashi «yurish qilish»ga qaror qilishganini aytdi.
Biroq, Prigojinning RF mudofaa vazirligi va Bosh shtab rahbariyati bilan munosabatlari to‘satdan, yo‘q joydan buzilib qoldi, deyish noto‘g‘ri. Bu ziddiyat oylar mobaynida davom etib kelayotgandi. Avvaliga «Vagner» egasi harbiy rahbariyatni boshqaruvni eplolmayotganlikda aybladi. So‘ng «Vagner»ning yutuqlarini tan olishni istashmayotganidan jahllandi. Undan keyin Baxmut ustiga yurish qilishda «vagnerchilar»ga qiyinchilik yaratish uchun sun’iy «snaryad taqchilligi» yuzaga keltirishda aybladi.
Parallel ravishda Prigojin shaxsan mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimov manziliga qarshi chiqishlar qildi. O‘liklar uyumini ko‘rsatib, generallarni haqorat qildi, ularning no‘noqligi tufayli Rossiya armiyasida yo‘qotishlar ko‘pligini aytdi. Shoyguning oilasi ham Prigojinning zaharxandasi obektiga aylandi. May oyida ziddiyat qaynash nuqtasi yetgandek ko‘rindi, toki o‘q-dori yetkazilmas ekan, «Vagner» rahbari buyruqsiz o‘z jangchilarini Baxmutdan olib chiqish bilan tahdid qildi. O‘zining ultimatumini Prigojin bajarmadi, Baxmut egallandi, «Vagner» esa frontorti lagerlariga qaytishini e’lon qildi (ularning soni va qayerda joylashgani noma’lum).
Kreml va mudofaa vazirligi bu ziddiyatni ko‘rmaganga oldi. Lekin qaysidir onda Prigojindan Rossiya qamoqxonalaridan mahbuslarni yollash imkoniyati olib qo‘yildi. Prigojin bu ish bilan 2022 yil yozidan buyon shug‘ullanar, bunga shaxsan Putin aralashgandi, chunki uning o‘zi yollangan mahbuslarni afv etayotganini tan olgan. Biroq bahorda mahbuslarni yollash funksiyasi mudofaa vazirligiga o‘tgan.
Iyun oyiga kelib hukumat kutilmaganda barcha ko‘ngillilar otryadlari (bunga noqonuniy hisoblangan barcha XHKlar kiradi) armiya bilan shartnoma imzolashi kerakligini e’lon qildi. Prigojin uchun bu 2014 yildan buyon — Rossiya ilk bor Donbassga hujum qilganidan beri o‘zi rivojlantirib kelayotgan «Vagner» ustidan nazoratni yo‘qotishini anglatardi. U bir necha marta ochiqchasiga o‘zining jangchilari mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolamasligini ta’kidladi.
Aynan mana shu holat — mustaqillikni yo‘qotmaslik uchun Prigojin isyon uyushtirdi, degan BBC’ga biznesmen bilan tanish, o‘z nomini oshkor etishni istamagan inson.
«U noilojlikdan shunday qilishga majbur bo‘ldi, — deydi u. — Bungacha «Vagner» to‘g‘ridan to‘g‘ri pul olardi, qolganini o‘zlari qilishardi. Bu yerda hamma narsa — o‘q-dori, qurol-aslaha, texnika, liboslar mudofaa vazirligi orqali o‘tadigan bo‘ldi. Texnikani istashsa tortib olishardi, ularga endi buyruq berishardi».
Suhbatdoshning fikricha, Prigojin bu alfozda tezda nufuzidan mahrum bo‘lishini tushunib turgandi.
Shunisi e’tiborliki, bahorda urush targ‘ibotchisi Semyon Pegovga intervyu bera turib, isyon haqidagi savolga shunday javob bergan: «Moskva tomon yurish — qiziq fikr, lekin hozircha buni o‘ylab ko‘rmadik».
BBC’ning Rossiyadagi oliy martabali mansabdorlar bilan aloqasi bo‘lgan ikkinchi suhbatdoshi Prigojinning xatti-harakatlarini tushuntirar ekan, shunday dedi: «Uning tomi ketib qolgan».
Prigojinning o‘zi nega bunday qilganini faqat 26 iyun, dushanba kuniga kelib tushuntirdi. Ovozli xabarida u «Vagner» qo‘mondonlari chindan ham mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga rozi emasliklarini aytib, bu hol XHKning tugatilishiga olib kelishini ta’kidlagan. Lekin shunga qaramasdan ular 30 iyun — mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolash uchun ajratilgan muddatning so‘nggi kunida harbiy texnikalarni topshirmoqchi bo‘lishgani, biroq lagerga berilgan «zarba» bu rejani chippakka chiqarganini ta’kidlagan.
Prigojin aslida nimalarni ko‘zlagani, uning rejasi nima bo‘lganini aytish qiyin. «Qog‘ozda» «Vagner» asoschisi unga Valeriy Gerasimov va Sergey Shoyguni topshirishni talab qilgan. U aynan shuni generallar Yunus-Bek Yevkurov va Vladimir Alekseyevdan so‘ragan. Bu ikki mulozim «vagnerchilar» Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtabini egallashganidan so‘ng uning asiriga aylangan bo‘lishi mumkin. Rossiya hukumati bu talabni chindan ham bajarmoqchi bo‘lgan-bo‘lmaganini aytish qiyin.

Foto: Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
Endi Prigojin yurishdan maqsad ikkita bo‘lgani — «Vagner» XHK yo‘q qilib yuborilishining oldini olish va Ukrainaga bosqin davomida xatoga yo‘l qo‘ygan shaxslarni (Shoygu va Gerasimovni nazarda tutgan) «javobgarlikka tortish» bo‘lganini aytmoqda. Bundan tashqari, dushanba kuni front chizig‘idan Kiyevgacha bo‘lgan masofaga teng yo‘lni birorta yo‘qotishlarsiz bosib o‘tganini aytib maqtangan.
«Agar 24 fevraldagi harakatlar «Vagner» kabi o‘qitilgan va ruhiy tayyorgarlikka ega bo‘linmalar tomonidan amalga oshirilganida, Ukrainadagi harbiy amaliyot sutkalar ichida tugashi mumkin edi», — degan Prigojin.
«Vagner» rahbari ular hokimiyatni ag‘darishni reja qilmagani, Moskva va Rostovdagi kolonnalar «norozilikni ko‘rsatish uchun» yo‘lga chiqqanini ta’kidlagan.
Rostov va Moskvaga yurish qilib Prigojin Putinning e’tiborini tortishga harakat qilgan bo‘lishi ham mumkin, chunki so‘nggi vaqtlarda unda boshqa imkoniyatlar qolmagandi, deydi uning tanishlaridan biri: «U shu yo‘l bilan hanuz Putinga sodiqligini bildirib qo‘ygisi kelgan, uni alohida ta’minot va alohida xo‘jalik sifatida qoldiraverish kerakligini tushuntirmoqchi bo‘lgan. Lekin buni uddalay olmadi».
Biz Prigojin o‘z yurishi yakunlarini qanday baholashini bilmaymiz. Balkim, mana bu so‘zlar bilan: «Normal natija. Hammani jonlantirib yubordik». Prigojin bu so‘zlarni 24 iyun kuni kechqurun Rostovdan ketayotib aytgan.
Nega hech kim isyonchilarga xalaqit berishga urinmadi? Nega Kreml kuch ssenariysidan foydalanmadi? Isyonchilar muvaffaqiyatga erishishi mumkinmidi?
«Adolat marshi»dan keyin ochiq qolgan asosiy savollardan biri quyidagicha: nega hukumat isyonchilarni to‘xtatishga biror harakat qilmadi? Shanba voqealarining foto va videolari «vagnerchilar» Rostovga biror qarshilikka uchramasdan kirib kelganini ko‘rsatadi. Masalan, roliklardan birida politsiya blok-posti isyonchilar texnikasini shunchaki ko‘zi bilan kuzatib qo‘ygani tasvirlangan.
Kuchishlatar tizimlar Janubiy harbiy okrug shtabi egallanishiga ham qarshilik ko‘rsatmagan. Bu shtab Rossiyaning Ukrainaga bosqini va boshqa harbiy obektlarning asosiy boshqaruv markazlaridan biri hisoblanadi. Prigojinning roliklarida unga generallar Yevkurov va Alekseyev ham qarshilik ko‘rsatmaganini ko‘rish mumkin, holbuki bu vaqtga kelib FXX «Vagner» asoschisi ustidan jinoiy ish qo‘zg‘ab bo‘lgan edi.
Aftidan, ischyonchilar kolonnasi M-4 «Don» trassasi bo‘ylab ham muammolarsiz harakat qilishgan. Ziddiyatning turli tomonlarga xizmat qiluvchi kanallarning norasmiy xabariga ko‘ra, isyonchilar ularning harakatiga xalaqit bermoqchi bo‘lgan bir necha vertolyot va samolyotni urib tushirishgan, buni dushanba kuni Prigojinning o‘zi ham tasdiqladi. Biroq keng miqyosli janglar haqida gap bormagan, aks holda hamma yoqni foto va videodalillar bosib ketgan bo‘lardi. Natijada, yollanma jangarilar Lipetsk oblastining Yelets shaharchasigacha yetib borishgan — bu Moskvadan 350 km narida. «Vagner» yetakchisi yo‘la XHK barcha harbiy obektlar ustidan nazorat o‘rnatib borgani, quruqlikda birorta Rossiya harbiysi halok bo‘lmaganini ta’kidladi.
Hukumat nega «yumshoq ssenariy»ni tanladi, degan savolga hozircha javob yo‘q. Bu borada hukumat biror izoh bermagan. Shunisi aniqki, 23 iyun kuni kechqurun, Prigojin isyon haqida jar solgach, Moskva va Rostovda trevoga bo‘yicha politsiya, harbiylar, Rosgvardiya va FXX oyoqqa turgan; har ikki shaharda harbiy texnikalar ko‘zga tashlanib, yo‘llar yopila boshlagan. Vladimir Putin maxsus murojaatida Prigojinni (nomini tilga olmasdan) «vatan orqasiga pichoq urgan xoin», deb atagan va barcha isyonchilar jazolanishini ta’kidlagan. Moskva, Moskva ostonasi va Voronej oblastida aksilterroristik operatsiya rejimi joriy etilgan.

Foto: ROMAN ROMOKHOV / AFP
Biroq, aftidan, ular isyonchilarga qarata o‘t ochish buyrug‘ini olishmagan. Nega? Bunga bir necha sabab bo‘lishi mumkin, lekin aniq javob yo‘q. Hukumat Prigojinning yollanma jangarilariga qarshi jang olib borish uchun yetarli kuchga ega emasligini tushunib yetgan bo‘lishi mumkin — jang olib borishga eng qodir qismlar ayni paytda Ukrainaning qarshi hujumini ushlab turish uchun safarbar qilingan. Bundan tashqari, shahar sharoitlarida (Rostov — millionlik shahar) haqiqiy jang olib borish ko‘p sonli qurbonlarga olib kelishi mumkin edi. Boz ustiga, Prigojin tarafdorlari og‘ir texnikalarga ham ega edi.
Prigojinning o‘zi aytishicha, harbiylar shunchaki «vagnerchilar»ga qarshi o‘t ochishni istamagan, biroq uning bu so‘zlarini na tasdiqlab, na inkor etib bo‘ladi. Garchi isyon armiya va boshqa kuchishlatar tizimlar tomonidan oshkora qo‘llab-quvvatlanmadi, deb ehtiyotkorlik bilan e’tirof etish mumkin bo‘lsa-da.
Nega Putin Prigojin bilan kelishdi? Nega u rozi bo‘lib kolonnani ortga qaytardi? Bu yerda Lukashenkoning nima ishi bor?
24 iyun kuni Moskva ko‘chalarida avtomat tutgan harbiylar va blokpostlar paydo bo‘la boshlaganida «Prigojin yurishi» to‘xtab, poytaxt yo‘nalishidan ortga qaytayotgani ma’lum bo‘ldi. Kreml va Prigojin Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko vositachiligida kelishuvga erishganini e’lon qildi.
Bu bitimning parametrlarini keyinchalik Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ochiqladi. Unga ko‘ra, quyidagilarga kelishilgan: Prigojin Belarusga «o‘tadi» (qay sifatda, bunisi noma’lum), isyon haqidagi ish yopiladi, ularning qatnashchilari harbiy xizmatlari (ya’ni Ukrainaga bostirib kirishdagi ishtiroki) hurmati sudlanmaydi, isyonda ishtirok etmagan bir qismi bilan mudofaa vazirligi shartnoma imzolaydi.
Bu e’lon qilingach, darhol bir necha savol paydo bo‘ldi. Putin ertalab isyonchilarni jazolashni ta’kidlab turganida bu ish nega kerak bo‘ldi? Nega Prigojin mamlakatning teng yarmini qarshiliksiz bosib o‘tgan bo‘lsa-da, surgunga rozi bo‘ldi? Umuman, bu yerda Lukashenkoning nima aloqasi bor?
Birinchi savolga kelishuv haqida e’lon qilar ekan, Peskovning o‘zi qaysidir ma’noda javob berdi: «Oliy maqsad — qon to‘kilishining oldini olish, ichki ziddiyatlardan va natijasi noma’lum bo‘lgan to‘qnashuvlardan qochish edi».
Bu dalilni oqilona deb hisoblash mumkin. Isyon mutlaqo kutilmagan hol bo‘lgan hokimiyat uchun Prigojinning kolonnalari Moskvaga eng yaqin suv to‘sig‘i bo‘lgan Oka daryosigacha yetib borganda yoki Rostov shahri chetida ular bilan otishmaga kirishilsa nima bo‘lishini tekshirib ko‘rish aslo kerak emasdi. Bu haqda dushanba kuni RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tikka aytdi: uning so‘zlariga ko‘ra, agar isyonchilar Moskvagacha bostirib kela olishganida qon to‘kilishini to‘xtatib bo‘lmasdi.
Ikkinchi savol — Prigojinga bu nega kerak bo‘lganiga javob topish qiyinroq. Agar XHK asoschisiga ishoniladigan bo‘lsa, u va uning yollanma jangarilari Moskvaga yaqinlashgan sayin qon to‘kilishi muqarrar ekanini anglab yetishgan. «Dastlabki omil — bir rus millatining qonini to‘kishni istamadik. Ikkinchi omil — biz namoyish qilmoqchi bo‘lgan narsamizga yetishdik deb hisobladik», — deya tushuntirgan Prigojin 26 iyun kuni kechqurun.
Mojaro yanada avj olmaganini Prigojin va uning jangarilarida shunchaki muayayn reja bo‘lmagani bilan tushuntirish mumkin.
«Mana, Moskvaga kirib kelishdi ham deylik. Keyin nima qilishardi? Xo‘p, Kremlgacha bostirib kirishdi, Shoh to‘p oldida suratga ham tushishdi, lekin bu vaqt hokimiyat qayerda? Hokimiyat qizil knopkaning egasi bilan birga. Ko‘chishayotganda maxsus aloqa har ehtimolga qarshi o‘chirilgan, Ostankino teleuzatish markazi Moskvadagi biror zaxira markaziga ko‘chirilgan. Shaharni talab, mashinalarni yoqish mumkindir, ammo Prigojin shu ondayoq vaziyat ustidan nazoratni yo‘qotgan bo‘lardi», — deya mushohada qiladi biznesmenning tanishi.
BBC’ning oliy martabali mulozimlar bilan tanish suhbatdoshi ham deyarli shu narsalarni aytgan. «Xo‘p, Moskvagacha bostirib kelibsan, kechin-chi? Shoygu va Gerasimov u yerda yo‘q — ular Peterburg, Kaliningrad, Novosibirsk yoki Nijniy Novgorodga ketib bo‘lishgan bo‘ladi», — degan u.
Prigojin to‘laqonli isyon uchun kuchi yetmasligini anglab yetgan bo‘lishi mumkinligini ham inobatdan soqit qilmaslik kerak. Juma kunidan boshlab birorta yirik kuchishlatar tuzilma isyonchilarni qo‘llab-quvvatlashini bildirmagan. «Vagner» XHK asoschisi uni 25 ming jangchi va ayrim harbiylar qo‘llayotganini ta’kidlagan, lekin bunga ishonish qiyin. Kremldagilar keyinroq ayrim «vagnerchilar» yurish jarayonida isyon qilishdan bosh torta boshlashganini aytishgan.
Nega vositachi bo‘lib aynan Lukashenko o‘rtaga tushdi? Uning o‘zi hozircha buni tushuntirgani yo‘q. Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, bu Prigojin Belarus prezidenti bilan avvaldan tanish bo‘lgani bilan bog‘liq. «Men uni shunchaki Jyenya deb atayman. U bilan juda iliq munosabatlarimiz bor. Juda iliq», — degan edi Lukashenko 2020 yilda Prigojin haqida. OAV va ijtimoiy tarmoqlarda dam olish kunlaridan buyon o‘rtada boshqa vositachilar ham bo‘lgani, jumladan, Tula oblasti gubernatori Aleksey Dyuminning nomi tilga olindi, biroq oblast ma’muriyati buni rad etgan.
«Lukashenko yordam qo‘lini cho‘zib, «Vagner»ga kelgusida qonuniy yurisdiksiya ostida ishlash yo‘lini axtarishni taklif etdi», — degan izoh bilan cheklandi Prigojinning o‘zi.
Yodda tutish muhimki, Belarus uchun Rossiyada hodisalarning bashorat qilib bo‘lmaydigan tarzda izdan chiqishi katta muammo yaratadi, chunki Minskning Moskvadan boshqa ittifoqchisi ham yo‘q hisobi.
Nima bo‘lganda ham, endi Rossiya davlat propagandachilari Lukashenkoga Moskvada haykal o‘rnatishga chaqirishmoqda. Ko‘pchilik 2020 yilda saylovni soxtalashtirish ortidan Belarusda yuzaga kelgan norozilik to‘lqinini bostirishda Rossiya yordam berganini eslagan. Qaysidir ma’noda Lukashenkoning o‘rtakashligi o‘sha qo‘llov uchun tashakkurdek ko‘rinmoqda.
Lukashenko Prigojinga kafolatlar haqida gapira turib shunday degan:
«Xavfsizlik kafolati Putin kecha va’da qilganidan taqdim etildi. Ha, u chindan ham bugun Belarusda. Ular bir muddat shu yerda bo‘lishni istashsa, biz yordam beramiz. Albatta o‘zlarining hisobidan. Ammo mudofaa vazirimiz Xrenin «bizga shunday bo‘linma kerak», deyapti. Men roziman. Ular bilan gaplashinglar», — degan Belarus prezidenti.
Prigojin va uning jangarilari hozir qayerda? Nahotki jinoiy ish rostdan ham yopiladi va Putin hammasini kechiradi?
Prigojin Minskda, uning jangarilari hozir qayerdaligi shunchaki noma’lum. 24 iyun shanba kuni «Vagner» XHK mingan yo‘ltanlamas mashina Rostovdan chiqib ketgandi. Peskov «prezident so‘zi» (shanba kunigacha jazolayman deb turgan Putin) Prigojinning Minskka yetib olishini kafolatlaydi, degandi.
«Vagner» asoschisi bilan nima bo‘lishi, Belarusga u qay sifat bilan yo‘l olgani noma’lum. Bosh savollardan biri uning ko‘psonli biznes-aktivlari bilan bog‘liq. Masalan, «Konkord» kompaniyasi Rossiya armiyasini oziq-ovqat bilan ta’minlaydi. Prigojinning tanishi BBC bilan suhbatda biznesmenning aktivlarini u yoki bu yo‘l bilan tortib olinishi, uning o‘zi esa Belarusda uzoq qolmasdan, masalan, Afrikaga ketishini taxmin qilgan.
Biznesmenning taqdiri bo‘yicha aniq taxmin qilishni hozir hech kim bo‘yniga olmaydi — bu tenglamada noma’lumlar soni juda ko‘p. Biroq, Prigojin uni xoinlikda ayblagan Putinning qo‘l ostiga yana qaytishi juda qiyin.
Isyon qatnashchilari bilan nima bo‘lgani ham noma’lum, ular joyi hech kimga ma’lum bo‘lmagan dala lagerlariga qaytmaganini ham hech kim bilmaydi. Yoki Prigojin bilan Belarusga o‘tib ketishdimi? Yoki hamon Rossiya hududidami? Isyonda ishtirok etmagan vagnerchilarning taqdiri ham noma’lumligicha qolmoqda.
Boz ustiga, buni Belarus ma’muriyatidagilar ham bilishmaydi. Jurnalistlar tashvishga tushgan fuqarolar ko‘rinishida u yerga qo‘ng‘iroq qilishganida, idoradagilar shunday javob berishgan: «Men ham siz qatori televizor tomosha qilaman. Men faqat televideniye orqali tarqatilgan axborotga egaman».
Prigojinga qarshi ochilgan jinoiy ish taqdiri ham savollar tug‘diradi. Kreml ish yopilishini va’da qilgan.
«Prigojinga qarshi ochilgan jinoiy ishni tugatish to‘g‘risidagi qarorni o‘qish juda qiziq bo‘lardi. Unga nimani sabab qilib ko‘rsatishadi? Kutilmaganda jinoyat tarkibi yo‘qligi aniqlanganmi? Yoki, aytaylik, umuman jinoyat tarkibi bo‘lmagan-u, bizga hammasi shunday tuyulgan-u, aslida bu o‘tkir syujyetli kinoning s’yomkalari bo‘lganmi? Balkim o‘z qilmishidan pushaymonlik aks etgandir?» — deya istehzo qiladi yurist Grigoriy Vaypan.

Foto: AP / Scanpix / LETA
Davlatning bu masaladagi pozitsiyasini Vladimir Solovyovning dasturida RT rahbari Margarita Simonyan bildirib o‘tgan: «Yuridik me’yorlar — Iso Masihning oyatlari yoki Muso payg‘ambarning lavhalari emas. Ularni insonlar mamlakatda huquq tartibot va barqarorlikni ta’minlash uchun yozishadi. Qandaydir alohida kiritik vaziyatlarda yuridik me’yorlar o‘z funksiyasini bajara olmay qolsa va teskari natija bersa, g‘ijimlab o‘rmonga uloqtiriladi».
Dushanba kuni ertalab «Kommersant» nashri, «RIA Novosti», TASS va «Interfaks»ning manbalari sinxron ravishda FXX tergov olib borayotgan Prigojinga qarshi ish yopilmaganini xabar qilishdi.
Hozir hokimiyat oldida muhim dilemma turibdi: isyon chog‘ida Prigojin tarafdorlari bir necha (turli baholashlarga ko‘ra, 20 nafargacha) Rossiya harbiylarni o‘ldirishgan. «Vatanparvarlik» kanallarida buni jazosiz qoldirib bo‘lmasligini yozishdi.
(FXX 27 iyun kuni kechqurun ish yopilganini ma’lum qildi).
Yollanma jangarilar endi nima qilishadi? «Vagner» XHKni nima kutadi?
«Vagner»ning harbiy guruhlariga nima bo‘lishi, XHKning o‘zi saqlanib qolish-qolmasligi ham hozircha tushunarsiz. Lekin shunisini aniq aytish mumkinki, Rossiyaning eng qudratli va mashhur yollanma jangarilar armiyasi ortiq bu ko‘rinishda mavjud bo‘la olmaydi.
Prigojin isyonni to‘xtatib, kuchlarni dala lagerlariga qaytarish haqida e’lon qilganida Kremldagilar isyonda qatnashgan XHK jangchilarini «frontda ko‘rsatgan xizmatlarini hisobga olib», ta’qib qilmasligini bildirdi. «Adolat marshi»da ishtirok etmaganlar mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashi mumkin, degan Dmitriy Peskov.
Putin XHK bo‘linmalarini mudofaa vazirligi qo‘mondonligi ostiga o‘tkazib, «Vagner»ning hozirgi qo‘mondonlarini bo‘shatib yubormoqchi, deb yozgan Telegraph nashri Britaniya maxsus xizmatlaridagi manbasiga tayanib. Nashr shuningdek, isyonda Prigojin aytganidan 25 ming emas, 8 ming yollanma jangchi qatnashganini yozgan.
Aftidan, «Vagner» XHK ortiq Rossiyada «yagona organizm» sifatida mavjud bo‘la olmaydi, deb yozadi «Vedomosti» gazetasi RF mudofaa vazirligidagi o‘z manbasiga tayanib. XHK xodimlariga individual ravishda mudofaa vazirligi va Rosgvardiya tuzilmalariga singib ketish taklif etiladi. Chunki XHK rahbariyatiga ortiq ishonch yo‘q.
Rossiyaliklar Prigojinni qo‘llashdimi yoki yo‘q? Rossiya elitasi-chi?
Rossiyalik mansabdorlar, harbiylar va oddiy rossiyaliklar kim tomonidan bo‘lganini bilvosita belgilarga qarab sezish mumkin. «Vagner» yollanma jangarilari Rostovga kirib kelgach, shahar markazida insonlar to‘plangani bilan bog‘liq bir necha videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Ulardan birida «Vagner» jangchisi hammani xotirjamlikka chorlagan, bir necha erkak jangchining qo‘lini siqib qo‘ygan. Yana bir necha videoda odamlar XHK jangchilari bilan janjallashgani aks etgan: odamlar jangarilarni shaharda vahima ko‘tarishda ayblashgan, yana bir kishi ularni deb shahar bombardimon qilinishi aytgan.
Tarmoqda shanba kuni kechqurun Rostovni tark etayotgan «vagnerchilar»ni odamlar qarsaklar bilan kuzatishgani tasvirlangan videolar ham paydo bo‘ldi.
Juma kungi chiqishlarida Prigojin o‘zini Rossiya armiyasi qo‘llab-quvvatlashini bildirgandi, biroq bunga xolis dalillar bo‘lmadi.
«Vagner» jangchilari Rostovga to‘sqinliksiz kirib, Janubiy harbiy okrug shtabini ham qarshiliksiz egallagan. Juma kuni kechqurun Prigojinning hammaslagi hisoblangan general Surovikin XHK jangarilarini to‘xtashga chaqirgan videomurojaat yozgan. «Kech bo‘lmasdan RFning umumxalq tomonidan saylangan prezidenti irodasiga va buyruqlariga bo‘ysunish, kolonnalarni to‘xtatish, ularni doimiy dislokatsiya manziliga qaytarish kerak», — degan u.
Bosh shtab boshlig‘i o‘rinbosari Vladimir Alekseyev ham shunday murojaat bilan chiqish qilgan. U Prigojinning xatti harakatlarini «mamlakat va prezident ortidan pichoq urish», degan.
Rossiya gubernatorlari ham Putinning shanba kungi telemurojaatidan so‘ng birin-ketin chiqishlar qila boshladi. BBC hisob-kitobiga ko‘ra, 20 dan ortiq gubernatorlar prezidentni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Parlamentning har ikki palatasi rahbarlari birlikka chaqirgan.
Rossiya amaldorlaridan biror kishi Prigojin tarafda ochiqcha chiqish qilgani yo‘q. Ayrimlar umuman munosabat bildirmagan. Ularning orasida Moskva meri Sergey Sobyanin va bosh vazir Mixail Mishustin hamda uning hukumati a’zolari bor. Sobyanin faqat 26 iyunni Moskvada dam olish kuni deb e’lon qildi, xolos.
Rossiya elitasi ham voqea yuzasidan munosabat bildirmasdan, mamlakatni tark etishga harakat qilishgan. Xususan, shanba kuni ertalab Rossiyadan Vladimir Potanin va Arkadiy Rotenbergning samolyoti uchib ketgan.

AFP / Scanpix / LETA
Elita Prigojinni qo‘llamasligi sababi uning xarakteriga bog‘liq, deydi biznesmenning azaliy tanishi: «U hech qachon hech kim bilan sherikchilik qilmagan. Muammosi ham shunda bo‘lgan. U mutlaq yolg‘iz bo‘ri. Hech kim bilan alyansga kirishmagan. Turli odamlarning u bilan aloqaga chiqishga bo‘lgan urinishlari besamar ketgan. Uning yonida hech kim yo‘q, shunchaki kuydirilgan maydondek. U gapirganda hamma yerga yotib uni eshitishlari kerak. U o‘ziga qo‘shilish uchun doim o‘z shartlarini ilgari surgan va bu shart juda kamchilikni qanoatlantirgan. Bu ham bir tomondan tushunarli, g‘alati qiliqlarga ega yarimjinoyatchi odam, boz ustiga kallakesarlardan iborat armiya egasi bilan oldi-berdi qilish yoqimli ish emas».
Prigojin faqat vaqtinchalik taktik ittifoqqa a’zo bo‘lishi mumkin, degan tezisni uning Checheniston rahbari Ramzan Qodirov bilan munosabatlari ham isbotlaydi. O‘tgan yili ular birgalikda armiya rahbariyatini tanqid qilishar, Qodirov Prigojinni birodar deb atardi. Dam olish kunlari esa «Axmat» maxsus qo‘shinlari Rostovdagi isyonni bostirish va Moskvani himoya qilishga tayyorlana boshlagandi.
Isyon mudofaa vazirligi imijiga qanday ta’sir qiladi? Shoyguni nima kutmoqda?
Bu savolga javob berish aftidan eng osoni bo‘lsa kerak. Isyonga urinish hukumat va armiya imijiga ijobiy ta’sir qilmasligi kundek ravshan. BBC bu borada bir necha ekspert bilan gaplashdi. Ularning barchasi bo‘lib o‘tgan voqealar bir yarim yildan buyon hammasi rejadagidek ketayotganini aytib kelayotgan davlatning ojizligi va mo‘rtligini ko‘rsatganini ta’kidlashgan.
Hattoki kremplparast sharhlovchilar ham yupanch bo‘la olmaydigan xulosalar chiqarishgan. «Isyon Rossiyaning kuchishlatar tizimlarni boshqarish tizimi qisman ishdan chiqqanini ko‘rsatadi, — deya tanqid qilgan siyosatshunos Sergey Markov. — Axir davlatning eng jang qilishga qodir qismi isyon ko‘tardi. Kuchishlatar tizimlar ham isyonga jiddiy qarshilik ko‘rsata olishmadi, kelishishga to‘g‘ri keldi».
Rossiyaliklar va butun dunyoga ojizligini oshkor etib qo‘ygan Kreml endi kuchini namoyish qilishi mumkin. Odatda Rossiya hukumati bunday holatlarda ichki repressiyani kuchaytiradi, endi Ukrainani o‘qqa tutish ham kuchaytirilsa kerak. Nima bo‘lganda ham hukumat harakati (yoki harakatsizligi)ga tez orada guvoh bo‘lamiz.
Prigojinning tanishi ushbu vaziyatdan qandaydir ma’noda Shoygu «g‘olib» bo‘lib chiqdi, deb hisoblaydi. «Vagner» bilan bir oylik mojarodan so‘ng harbiy rahbariyat Putinga o‘z sadoqatini isbotlay oldi. Oylar davomida Rossiya prezidenti armiyani ham, «Vagner»ni ham, uni ham qo‘llab, Yevgeniy Prigojinga boshqalardan ko‘proq erkinlik bergan edi (yollanma jangari Yevgeniy Nujin kuvalda bilan qatl etilganini eslash kifoya). Biroq XHKni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq «tajriba» tagiga oldi, shuning uchun hukumat yaqin oylar ichida faqat rasmiy tuzilmalarga ishonch bildiradi.
Boshqa tomondan tekshirilgan kanallarda Shoyguning iste’fosi va uning o‘rniga Dyumin o‘tqazilishi faol muhokama qilinmoqda. Garchi buni tasdiqlovchi real ma’lumotlar bo‘lmasa-da, Rossiya armiyasi va kuchishlatarlar o‘rtasidagi ichki ziddiyatlardan qochib bo‘lmasligi aniq.
Ushbu voqealar Ukrainadagi urushning borishiga ta’sir o‘tkazadimi?
Harbiy hisobotlar va boshqa xabarlarga ko‘ra, Prigojinning isyoni frontdagi vaziyatda o‘z aksini topmagan. Frontning turli uchastkalarida yuzma-yuz janglar davom etgan, Ukraina armiyasi janubda va Baxmut atrofida kichik hududlarni qaytarib ololgan, biroq ularning ilgarilash sur’ati bir necha kun avvalgidan farq qilmaydi.
Ko‘rinib turibdiki, Rossiyaning ichki mashmashalari harbiy harakatlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir o‘tkaza olmagan. Voqealar front chizig‘idan juda ichkarida ro‘y bergan, front old chizig‘idagi harbiylar avvaldan o‘ylab pishitilgan reja bo‘yicha harakat qilishadi, eng zarur masalalarni joyida hal qilishadi. Ularning Prigojin va Shoygu bilan shug‘ullanishga vaqtlari yo‘q, ular qo‘mondonlarning buyruqlarini bajarishlari kerak, tirik qolishga harakat qilishlari lozim.
Shubhasiz, Prigojin tomonidan uyushtirilgan ichki urush kuchlarning nisbatini o‘zgartiradi, qo‘shinlarni boshqarish jarayoniga ta’sir qiladi va har ikki tomonning qo‘mondonlik rejalariga o‘zgartirishlar kiritadi, garchi bunday rejalar oniy lahzalarda tuzilmagan bo‘lsa ham.
Endi uzil-kesil javobi bo‘lmagan ko‘plab savollar paydo bo‘lmoqda.
Yarim yilgina avval ko‘pchilik Ukraina dronlari qanday qilib Moskvagacha uchib kelayotganidan taajjubga tushardi, endi esa «Vagner» XHKning bir necha ming jangarisi Ukraina sharqidan Rossiya poytaxtigacha bo‘lgan yo‘lni «pichoq moyni kesgandek» osongina yetib olmoqda. Savol tug‘iladi: agar bu «vagnerchilar» emas, zamonaviy qurol-aslahaga ega bo‘lgan Ukraina qurolli kuchlarining muntazam qo‘shinlari bo‘lganda-chi? Va bitta brigada emas, o‘nlab brigada bo‘lganida nima bo‘lardi?
Ayni vaziyatda front va front ortida bo‘layotgan ishlardan norozilar faqat Prigojinning yollanma askarlari emas, Rossiya tomonida jang qilayotgan ko‘plab harbiylar hamdir: jirkanch adolatsizlik, generallarning nomunosibligi, qo‘mondonlikning noinsoniy munosabatlari haqida nafaqat mudofaa vazirligining shtatdagi harbiylari, shuningdek, turli harbiylashtirilgan tuzilmalar — ko‘ngillilar, «xalq respublikalari»dan safarbar qilinganlar ham aytishmoqda.
«Vagner» XHKning Moskva tomon yurishi harbiy kishilar tushgan videoroliklar va ijtimoiy tarmoqdagi xabarlar bilan birga olib borildi, ularning mualliflari isyonchilarga hamdardlik va qo‘llov izhor etishgan.
Ajab emas, Prigojinning isyoni (u hozircha barbod bo‘lganga aslo o‘xshamaydi) natijalarini baholab, norozi askarlar Al-Kaponecha ish tutishlari mumkin: axir Putinga murojaat va kuch namoyishi bilan ko‘proq narsaga erishish mumkin ekan, shunchaki Putinga videomurojaat qilishdan ko‘ra. Moskvaga yangi yurish rejasi ishlab chiqish ham shart emas — shunchaki lokal isyonlar sodir bo‘lishi mumkin, bu esa frontning shubhasiz qulashiga olib keladi.
Kelgusi safar isyonchilar «Adolat marshi»ni takrorlashga qaror qilishsa va oxirigacha borishsa, yo‘l-yo‘lakay yadroviy obektlar va omborlarni ham egallab olishsa nima bo‘ladi?
Rossiyaning askarlari va o‘rta sinfdagi qo‘mondonlari duch kelgan noaniqlik omilini ham hisobga olish zarur. Eng oliy boshqaruvdagi vaziyat noaniq bo‘lsa, oliy harbiy qo‘mondonlik qayerda va nima ish bilan bandligi tushunarsiz bo‘lsa, «bu nima balo edi?» — degan asosiy savolga javob bo‘lmasa, urushning «g‘alabali yakun»gacha olib borish, rahbariyatning o‘zgarib turadigan maqsadlari uchun o‘zini qurbon qilish uchun qat’iyat ham bo‘lmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!