00:22 / 12.07.2023
892

Putinning Qur’onga nisbatan samimiyatiga ishonish mumkinmi?

Putinning Qur’onga nisbatan samimiyatiga ishonish mumkinmi?

Kuni kecha internetda bir videoga ko‘zim tushib qoldi. Rossiya prezidentiga tegishli rasmiy kanallardan birida tarqatilgan videoda Putin Raisat ismli dog‘istonlik qizaloq va uning ota-onasini Kreml saroyida maxsus qabul qildi. Videoda tushuntirilishicha, o‘n kuncha avval Putin Dog‘istonga qilgan safari chog‘ida qizaloq u bilan ko‘rishmoqchi bo‘ladi. Ammo bu niyati amalga oshmagach, judayam xafa bo‘ladi. Raisatning mahzun holdagi surati internetda tarqalgach, prezident ma’muriyati xodimlari uning ota-onasiga bog‘lanib, Putin bilan uchrashuvini tashkil qilishdi.

Taxminan o‘n daqiqa davom etgan uchrashuv tafsilotlariga to‘xtalmoqchi emasman, lekin e’tiborimni tortgan ayrim jihatlar haqida gapirmasam bo‘lmaydi. Mehmonlarni kutib olgach, Rossiya prezidenti qizaloqni xizmat xonasiga olib kirdi va uni maxsus aloqa tugmalari orqali davlat mulozimlari bilan gaplashtirib qo‘ydi. Bu orada adashmasam moliya vaziriga Dog‘istonlik qizning oilasi yashaydigan Darband shahrini obodonlashtirish maqsadida 5 milliard rubl ajratish borasida topshiriq  ham berdi. Bir qarashda judayam samimiy ko‘rinadi bu holat. Ammo aslida ham shundaymi?

Darvoqe, uchrashuv oxirida mehmonlarga ko‘rinishidan oddiy, ya’ni shohona bo‘lmagan dasturxonda yemak ham berildi. Shu yerda qizning otasi Putinga minnatdorchilik bildirish asnosida “Sizning o‘rningizni bosadigan odam (kadr) yo‘q”, dedi. Shu holat menga mutlaqo samimiyatdan uzoq tuyuldi. Ehtimol dog‘istonlik yigit chin dildan gapirgan bo‘lishi mumkin, uning ichini bilmayman. Ammo almashtirib bo‘lmaydigan kadr yo‘q, degan gap bekorga aytilmagan. Qolaversa, Putinning Dog‘istonga kutilmaganda borishining ham o‘ziga xos maxfiy sabablari bor.

Ukrainaga uyushtirilgan bosqindan keyin Rossiyaning bir qator viloyatlariga havodan hujum bo‘lgani, hatto Moskva markazidagi Kreml saroyiga dronlarning bemalol xavf tug‘dirishi, bundan tashqari, “quloqsiz” Prigojinning poytaxt tomon “yurishi”... Ana shunday xavotirli sharoitda, xavfsizlikka tahdidlarga qaramay Dog‘istonga borishga Putinni nima majbur qildi? Oxirgi yillarda Kavkaz mintaqasidagi xalqlar orasida mustaqillik sari intilish kuchayib bormoqda. Ukrainaga boshlangan urushning muvaffaqiyatsiz davom etayotgani kavkazliklarning ruslardan ajralib chiqish umidlarini battar olovlantirib yubordi. Tatariston va Chechenistondan ko‘ra Dog‘istonda bunday kayfiyatdagi kishilar ko‘pchilikni tashkil qilmoqda. Kutilmagan tashrifning sabablaridan biri ham, bizningcha, aynan shu: “Dog‘istonni osonlikcha qo‘yib yubormoqchi emas”ligiga ishora qilishdir.

Darvoqe, Putin janoblariga Dog‘istondagi masjidda Qur’oni karim sovg‘a qilinganidan xabaringiz bor. U shu bahona Shvetsiyada Qurbon hayiti bayrami kuni asli iroqlik bo‘lgan ateistning musulmonlarning muqaddas kitobini yoqib yuborganini qoraladi. Hatto bundan harakat uchun Rossiyada jinoiy javobgarlik borligini eslatdi. Bu bilan u musulmonlar orasida mundaycha aytganda “ochko” ishlamoqchi bo‘ldi. Go‘yo Rossiyada musulmonlar emin-erkin yashab, ibodat qilib yuribdi, degan kayfiyatni uyg‘otish, shu bilan birga, qaysidir ma’noda Ukraina tuproqlarida ruslar tarafida jang qilyotgan ayrim musulmon harbiylarga ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni ko‘zlagan bo‘lsa, ajab emas.

Ammo Rossiyada yashab yurgan musulmonlar bunday siyosiy manevralarga aldanib qolmasligi turgan gap. Chunki haqiqiy ahvol yaxshi emas. Masalan, Rossiya poytaxtida millionlab musulmon yashashiga qaramay, atigi beshtagina masjid borligi, yangi masjid qurilishiga turli bahonalar bilan ruxsat berilmayotgani haqida ko‘p yoziladi. Rossiya Federatsiyasi muftiyati rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu shahardagi musulmonlar soni 3-3,5 milliondan oshadi, ulardan 2 millionini rus fuqarolari tashkil qiladi. Ukraina poytaxti Kiyevda ham 4 ta masjid bor, ammo u yerdagi musulmonlar soni nari borsa 200 mingga yaqin, xolos.

Ikki yilcha avval musulmonlar tarafidan yuritiladigan telegram kanallari “Sahihul-Buxoriy” asari ekstremistik materiallar federal ro‘yxatiga kiritilgani haqida xabar berdi. Rossiyada kitobni taqiqlash to‘g‘risidagi qarorni 2021 yil dekabrida Tataristonning Laishevskiy sudi qabul qilgan va 2022 yil 5 iyulda Tatariston Oliy sudi qarorni o‘z kuchida qoldirgan. Keyinchalik bir qator muftiylar, shuningdek, Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov bu qarorga nisbatan o‘z e’tirozlarini bildirgandi.

2015 yilda Janubiy Saxalinsk sudi tomonidan “Allohga duo: uning ma’nosi va islomdagi o‘rni” kitobi ekstremistik material deb topilgan, Qur’on oyatlaridan iborat duolar kitobining taqiqlanishi musulmonlarning katta e’tiroziga sabab bo‘lgandi.

Yaqinda Tatariston muftiysi tomonidan ochilgan namozxonalar yopilgani haqida yana bir noxush xabar tarqaldi. 116.RU nashriga ko‘ra, Rossiyada musulmonlar uchun katta yo‘l yoqalariga qurilgan namozxonalar yopila boshlagan.  Bu haqda bloger Rasul Tavdiryakov o‘z kanalida ushbu loyiha tashkilotchilaridan birining fikrini joylashtirgan. Bu Tatariston muftiyati va “Irbis” avtomobillarga yoqilg‘i quyish tarmog‘ining qo‘shma loyihasi edi.

2022 yil yozida Irbis shirkati o‘zlariga tegishli yoqilg‘i quyish shoxobchalarida Tatariston musulmonlari diniy boshqarmasi bilan hamkorolikda namozxonalar qurish tashabbusi bilan chiqqandi. Hammasi bo‘lib mamlakat bo‘ylab bor-yo‘g‘i 24 ta shunday bino qurilishi nazarda tutilgandi. Shunday namozxonalar mintaqalarda – Nijniy Novgorod, Vladimir va Penza viloyatlarida, shuningdek, Chuvash, Mari, Boshqird respublikalarida M-5 va M-7 magistrallarida ochilishi kerak edi. Ularning ba’zilari foydalanishga topshirilgan ham edi. Ammo endilikda hukumat tomonidan shirkat mas’ullariga namozxonalarni yopish majburiyati yuklatilgan.

116.RU jurnalisti bilan suhbatda qozonlik huquqshunos Ruslan Nagiyev namozxona oddiy xonadan farq qilmasligini tushuntirdi.

Bu masjid emas, u yerda ma’ruza qilinmaydi, juma yoki jamoat namozi o‘qilmaydi. Shunchaki, namoz vaqti kirganida shu yerdan o‘tayotgan yo‘lovchilar kirib yakka holda namozlarini o‘qib olishi yoki dam olishi, kitob o‘qib o‘tirishi mumkin bo‘lgan joy. Uni aslida oddiy dam olish xonasi desayam bo‘lardi”, dedi u.

Namozxonalarning buzilishi Tatariston aholisi va boshqa hududlarda yashaydigan musulmonlarning katta noroziligiga sabab bo‘lgan.

Yaqinda Vladimir viloyatida namozxona ochish rejalashtirilgan edi, unda mahalliy diniy tashkilotlarning rasmiy vakillari ishtirok etishi kerak edi.

Ammo tantanali marosimga biroz vaqt qolganda (prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, yer tuzish, FHDYO) inspektorlari yoqilg‘i quyish shoxobchasiga bostirib kirishdi. Ular turli hujjatlar talab qilib, aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha buyruqlar chiqarishgan. Dastlabki talablar qatorida barcha islomiy atributlardan voz kechish ham bor.

2023 yil mart oyining oxirida aynan shunday vaziyat Nijniy Novgorod viloyatida, keyin esa Chuvashiya va Tataristonda takrorlandi. Taxminan bir oy oldin oxirgi talab paydo bo‘ldi – namozxonalarni tamonila yopish. Shu bilan birga, Irbis kompaniyasiga qarshi katta tekshiruvlar boshlandi.

Men ommaning e’tiborini bir narsaga jalb qilmoqchiman. Musulmonlar sifatida bu bizni ranjitadi va kamsitadi. Bizning davlatimiz musulmon mamlakatlari bilan yaxshi aloqada, rahbarlarimiz hatto Tolibon bilan ham muloqot va hamkorlik qiladi. Islom hamkorligi tashkilotiga a’zo bo‘lish da’vosida. Har yili 9 may kuni bo‘lib o‘tadigan paradda musulmon respublikalari rahbarlari Putinning yonida o‘tirishadi. Ya’ni tashqi siyosat musulmonlar bilan do‘stlikka qaratilgan ammo yuqoridagi harakatlar davlat ichida sodir bo‘ladi. Bu umuman mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi”, dedi tataristonlik Tavdiryakov.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putinning Qur’onga nisbatan samimiyatiga ishonish mumkinmi?
ePN