21:31 / 18.07.2023
344

Qrim ko‘prigidagi portlash: hozirgacha nimalar ma’lum va hujumning ahamiyati nimada?

Qrim ko‘prigidagi portlash: hozirgacha nimalar ma’lum va hujumning ahamiyati nimada?
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Dushanbaga o‘tar kechasi Rossiyaning Krasnodar o‘lkasini anneksiya qilingan yarimorol bilan bog‘lovchi Qrim ko‘prigida portlashlar ro‘y berdi. Ikki kishi halok bo‘ldi, ko‘prik bo‘ylab harakat to‘xtatildi. Moskva Kiyevni ayblamoqda, Ukraina hukumati hujum uchun javobgarlikni rasman o‘z zimmasiga olmagan. BBC Ukraina xizmatining Ukraina xavfsizlik xizmatidagi manbasi anonimlik sharti bilan dengiz dronlari orqali maxsus amaliyot o‘tkazilganini aytib bergan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin shu kuni kechqurun onlayn-yig‘ilish o‘tkazib, unda «Rossiya tomonidan javob bo‘lishi»ni va’da qildi.

Nimalar ro‘y berdi?

Dastlab Qrim yarimoroliga Rossiya tomonidan tayinlangan rahbar Qrim ko‘prigining Kuban tomondan kelishdagi 145-tayanch ustuni hududida «favqulodda hodisa» ro‘y berganini aytdi, ammo aynan tafsilotlarga aniqlik kiritilmadi.

Mahalliy manbalar ikki kuchli portlash haqida xabar berdi, telegram-kanallarda e’lon qilingan fotosuratlarda ko‘prikning ikki oraliq yopmasi (prolet) jiddiy shikastlanganini ko‘rish mumkin. Shot telegram-kanali Tamani tomondagi prolet vayron bo‘lgani, Kerch yo‘nalishdagi prolet cho‘kib qolgani haqida yozgan.

Rossiya tergov qo‘mitasi terakt moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochgan. Rossiya milliy aksilterror qo‘mitasi ko‘prikka ikkita suvusti droni bilan hujum qilinganini bildirgan. Ikki idora ham hujumda Ukrainani ayblagan.

Mash telegram-kanali aniqlik kiritishicha, gap portlovchi qurilmalar o‘rnatilgan dronga aylantirilgan «suv mototsikllari»dir.

Portlash natijasida Belgorod oblastidan bo‘lgan juftlik halok bo‘ldi, ularning qizi jiddiy jarohat olib, shifoxonaga yotqizildi.

Ukrainadagi urush boshidan buyon bu ushbu ko‘prikdagi ikkinchi shu kabi hodisadir. Avvalgisi 2022 yil oktyabrida amalga oshirilgandi.

Ukrainadagilar ko‘prikka qilingan hujum haqida nimalar deyishmoqda?

Ukraina hukumati ko‘prikka zarar yetkazilgani uchun javobgarlikni rasman o‘z zimmasiga olmayapti. Ammo BBC Ukraina xizmatining Ukraina xavfsizlik xizmatidagi manbasi tunda Qrimga uyushtirilgan hujum Ukraina havo-dengiz kuchlari va Ukraina xavfsizlik xizmatining maxsus amaliyoti bo‘lganini aytgan.

«Ko‘prikka suvusti dronlari orqali hujum qilindi. Ko‘prikkacha yetib borish qiyin bo‘ldi, ammo oxir-oqibat biz bunga erishdik», — skazal istochnik. Boshqa tafsilotlar keltirilmagan.

BBC olgan rasmiy izohda Ukraina xavfsizlik xizmati «UXX bu „qasir-qusur“ tafsilotlarini faqat g‘alabadan keyin albatta oshkor etishi» aytilgan.

«Hozircha biz Putin rejimining ramzlaridan biri qanday qilib yana bir bor harbiy yuklamaga dosh bera olmaganini qiziqish bilan kuzatyapmiz», — deyilgan bayonotda.

Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak ro‘y bergan hodisani shunday izohladi: «Rossiyaning ommaviy qotillik instrumentlarini yetkazib berish uchun foydalaniladigan har qanday noqonuniy tuzilmalar qisqa umr ko‘radi. Vayron bo‘lish sabablaridan qat’i nazar».

Ukraina bosh razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusov Ukrainaning «Suspіlne» nashriga bergan izohida ko‘prikning bir qismi vayron bo‘lishi Ukrainadagi Rossiya armiyasi ta’minotida muammolar keltirib chiqarishi mumkinligini qayd etgan.

«Rossiyaliklar yarimoroldan kuch va vositalarni Ukraina ichkarisiga olib kirish uchun yirik logistik hab sifatida foydalanadi. Albatta, har qanday logistik muammolar — bu bosqinchilar uchun qo‘shimcha murakkablikdir», — degan Yusov. U shuningdek o‘z boshlig‘i Kirill Budanovning bu ko‘prik «ortiqcha qurilma» ekani haqidagi so‘zlarini eslatib o‘tgan.

«Meduza» nashrining Ukraina razvedka xizmatidagi manbasi ham hujumning ayrim tafsilotlarini keltirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘prikka hujumda «uch oy muqaddam Sevastopolga hujumda ishtirok etgan suvusti dronlari kabi dronlardan foydalanilgan». U regiondagi rossiyalik harbiylarda bunday dronlarni ancha uzoq masofada aniqlash imkonini beruvchi maxsus vositalar yo‘qligi, shuning uchun rossiyaliklar dronni faqat ko‘prikka juda yaqin kelganida payqashgani va bu holatda biror chora ko‘rish imkoni bo‘lmaganini aytgan.

«Kuzatuvchilar tungi vaqtda yirik kalibrli o‘qotar qurollar, pulemyotlar yordamida dronlarga zarba berishga urindi, ammo uddasidan chiqa olmadi», — deya qo‘shimcha qilgan suhbatdosh.

«Meduza» manbasi ko‘prik ustunlaridan biri shikastlanganini da’vo qilgan. RF hukumati buni tasdiqlamagan: RF transport vazirligi faqat «yo‘l qoplamasi shikastlangani»ni bildirgan va OAVda tayanch ustunlar shikastlangani haqida avvalroq tarqalgan xabarlar asossiz ekanini qayd etgan. Buni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q.

Nashr suhbatdoshi shuningdek agar oraliq yopma shikastlangan bo‘lsa, «yangisini to‘shash mumkinligi», ammo ustun shikastlanishi ancha jiddiyroq muammo bo‘lishini ta’kidlagan. «Ammo asosiysi bu emas, agar Rossiya va Ukraina o‘rtasida dengiz chegarasi o‘tkazilsa,  [shikastlangan] 145-tayanch ustuni bu chegaradan narida, Ukrainaning [xalqaro tan olingan] hududlaridan tashqarida bo‘ladi», — degan suhbatdosh.

BBC Rus xizmati harbiy sharhlovchisi Pavel Aksenov — Qrim ko‘prigiga hujumning harbiy ahamiyati haqida:

«Qrim ko‘prigi bir vaqtning o‘zida Ukraina janubidagi rus qo‘shinlari uchun ta’minot zanjiridagi muhim bo‘g‘in, o‘ta muhim infratuzilma obekti va yarimorolning Rossiya tomonidan anneksiya qilinishi ramzi hisoblanadi.

Bu zarbadan ko‘zlangan biror maqsadni aniq ajratib ko‘rsatish qiyin. Ammo, voqea joyidan berilgan xabarlarga ko‘ra, temiryo‘l shikastlanmagan. U avtomobil yo‘lidan alohida o‘tgan — Qrim ko‘prigi bir-biridan bir necha metr orali masofa saqlagan ikki alohida ko‘prikdan iborat. Asosiy harbiy yuklar oqimi temiryo‘l orqali o‘tadi va shuning uchun portlash armiya ta’minotini to‘xtatib qo‘ymagan.

Zarba natijasida avtomobil yo‘l kuchli jabr ko‘rgani ko‘proq ma’naviy-ruhiy zarar yetkazadi — ko‘prik Kremlning okkupatsiya qilingan hududlardagi ramziy va eng katta ambitsiyalarga ega loyihasidir.

Rossiya ushbu obektni suv va havodan qilinajak hujumlardan mudofaa qilish uchun katta sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.

24 may kuni Rossiya Qrim ko‘prigi atrofi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazgandi. Mashg‘ulot davomida ko‘prikni qisman qamrab olgan tutun pardasi hosil qilingandi. Ko‘prikda yana bir aksilterror mashg‘ulot iyun oyi boshida o‘tkazilgandi.

Bu sa’y-harakatlar ayrim natijalarni bermoqda. Masalan, 9 iyul kuni rossiyaliklarning havo hujumidan mudofaa tizimi Tamandan shimolda dengiz ustida raketa urib tushirdi. Bu hujumdan keyin ko‘prikda harakat to‘xtatilgandi. Qrimning boshqa rayonlarida ham tez-tez dronlar urib tushirilmoqda.

Hozirga qadar Qrim ko‘prigiga faqat bir marta zarar yetkazishga muvaffaq bo‘lingan — 2022 yil 8 oktyabrida tirkamali yuk mashinasi portlatilgani oqibatida avtomobil ko‘prigining uchta oraliq yopmasi qulagan, shuningdek temiryo‘l jiddiy shikastlangandi.

Shundan so‘ng joriy etilgan xavfsizlik choralari ko‘prikdan foydalanishni jiddiy darajada qiyinlashtirdi. Yozda unga kirish qismida shunday ulkan tirbandliklar yuzaga keldiki, Vladimir Putin maxsus yig‘ilish o‘tkazib, Qrimga borishni istagan sayyohlarni Ukrainaning okkupatsiya qilingan oblastlari bo‘ylab yoki harbiy desant kemalarida yuborishni taklif qildi.

Ukraina aprel oyida Sevastopoldagi buxtalardan biriga va iyun oyida RF harbiy-dengiz flotining «Priazove»dagi kemasiga qarshi ham dengiz dronlarini qo‘llagan bo‘lsa-da, shu vaqtgacha ko‘prikka dengizdan turib zarba berish xavfi faqat nazariy jihatdan imkonlidek ko‘rinardi.

Uch oy oldin suvusti dronlari Sevastopol yaqinidagi buxtaga kirishga muvaffaq bo‘lolmagandi — buxta to‘r va suzib yuruvchi to‘siqlar bilan himoyalangandi. Himoya uchun hatto jangovar delfinlardan foydalanilishi xabar qilingan. Qrim ko‘prigi esa zarba berilishiga imkon berar darajada yaxshi himoyalanmagan bo‘lib chiqdi.

Endilikda, xavfsizlik choralari kuchaytirilishi shubhasiz va katta ehtimol bilan Rossiya hukumati ko‘prikni dengizdan turib beriladigan zarbalardan himoyalashga e’tibor qaratadi. Bu obektning ukrain raketalariga qarshi havodan himoyasi ham kuchaytirilishi mumkin.

Nima bo‘lganda ham bularning bari shusiz ham ortiqcha yuklamaga ega yarimorol xavfsizlik tizimiga qo‘shimcha og‘irlik tushiradi. Axir Qrim ko‘prigi — eng ko‘zga ko‘ringani bo‘lsa ham, Qrimdagi eng asosiy harbiy infratuzilma obekti emas».

Ko‘prik hududida hozir vaziyat qanday va Putin nimalar dedi?

«Tavrida» trassasi tomondan Qrim ko‘prigiga kirishda o‘rnatilgan nazorat posti

Rossiya hukumati avvaliga Kerch bo‘g‘ozi bo‘ylab har qanday transport qatnovini to‘xtatib qo‘ygandi — ko‘prikning ikki yo‘nalishi, avtomobil va temiryo‘lni ham, parom orqali o‘tish yo‘llarini ham.

Kun davomida poyezd va paromlar qatnovi tiklandi. Amm paromlarga avvaliga faqat sayyohlik avtobuslari va yuk mashinalari chiqarildi, faqat kechga kelib shaxsiy yengil avtomobillarga ham ruxsat berildi. TASS agentligi Kerch tomondan keluvchi paromga yuzlab yengil avtomobillardan iborat navbat yuzaga kelgani haqida xabar berdi.

Shaxsiy avtomobillarida Qrimga boruvchilar yoki Qrimdan ketmoqchi bo‘lganlar uchun Ukrainaning «materik» qismidagi okkupatsiya qilingan va front chizig‘iga nisbatan yaqin hududlar bo‘ylab harakatlanish tavsiya etildi. «DXR» rahbari Denis Pushilin transportlar Qrimga o‘tishini ta’minlash uchun komendantlik soatini vaqtincha bekor qilganini aytdi.

Ammo OAV Qrimdan Taganrogga boruvchi va teskari yo‘nalishdagi avtomobil yo‘llarida ham tirbandliklar yuzaga kelayotgani haqida yozgan. «Ostorojno, novosti» telegram-kanali bu uchastkadagi tirbandlik taxminan 6 kilometrga cho‘zilishini yozgan.

18 iyulga o‘tar kechasi Qrim ko‘prigi bo‘ylab avtomobillar harakati reversiv rejimda (harakat yo‘nalishini o‘zgartirishga imkon beradigan) yo‘lga qo‘yildi. RBK nashri yozishicha, avtomobillar uchun Taman-Kerch yo‘nalishidagi o‘ng polosa ochilgan.

Maxar Technologies / AP / Scanpix / LETA

O‘tgan safar ko‘prik tiklanishini nazorat qilgan vitse-premer Marat Xusnullin Shot kanaliga bergan izohida, dastlabki baholarga ko‘ra, ko‘prik tayanch ustuni shikastlanmagani va ta’mirlash ishlari taxminan uch hafta vaqt olishini aytgan.

Kechqurun Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yig‘ilishda Xusnullin ko‘prik tayanch ustunlari shikastlanmaganini tasdiqladi, ammo Qrim ko‘prigining bir tomonida ikki tomonlama harakat faqat 15 sentabrda, ikkinchi tomonida — faqat noyabr oyida tiklanishi rejalashtirilganini aytdi.

Xusnullin shuningdek ko‘prikning avtoyo‘l qismi proletlaridan biri vayron bo‘lgani va uni qayta tiklab bo‘lmasligini ma’lum qildi.

Kuzdagi portlashdan keyin ko‘prikda avtomobil qatnovi to‘rt yarim oy o‘tib, temiryo‘l qatnovi esa yetti oyda to‘liq qayta tiklangandi.

Putinning o‘zi yig‘ilishda Qrim ko‘prigi portlatilishini  «navbatdagi terakt» va «ma’nosiz jinoyat» deb atab, ko‘prikdan harbiy yuklar tashishda foydalanilmasligini ta’kidladi. U «Rossiya tomonidan javob bo‘lishi»ni va’da qildi, shuningdek «maxsus hukumat komissiyasidan strategik ahamiyatga ega transport inshootida xavfsizlik choralarini yaxshilash bo‘yicha aniq takliflar kutishi»ni bildirdi. 

«Qasos zarbasi»

18 iyulga o‘tar kechasi rossiyalik harbiylar Ukrainaning janubiy regionlariga raketa va dronlar bilan hujum qildi. Ukraina qurolli kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, jami oltita «Kalibr» raketasi va 36 dona Shahed kamikadze dronlari uchirilgan.

Raketalar va dronlarning katta qismi Odessa va Mikolayiv oblastlarida urib tushirilgan, qolgan dronlar Donetsk, Xarkiv va Dnipropetrovsk oblastlarida yo‘q qilingan. Odessada parchalar tushishi oqibatida port infratuzilma obektlari va bir qancha xususiy uylar shikastlangan. Bir kishi yaralangan.

Odessa bo‘ylab tungi hujumlarni dastlab RF mudofaa vazirligi «qasos zarbalari» deb atadi. Vazirlik rossiyalik harbiylar «ekipajsiz katerlar qo‘llash orqali RFga qarshi terrorchilik aktlari tayyorlanadigan obektlar bo‘ylab, shuningdek Odessa shahri hududida katerlar ishlab chiqariladigan kemasozlik zavodiga» zarba bergan.

Vazirlik RF armiyasi Odessa va Mikolayiv hududlarida Ukraina qurolli kuchlari uchun yonilg‘i saqlanadigan omborlar ham yo‘q qilinganini bildirdi. Mudofaa vazirligida ma’lum qilishlaricha, «zarba berish rejalashtirilgan barcha nishonlarga aniq zarba berilgan».

Keyinroq RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov RIA Novosti agentligiga rossiyaliklarning Odessadagi port infratuzilma obektlariga dengizdan yuqori aniqlikdagi qurollar bilan bergan zarbalari — «Qrim ko‘prigi uchun qasos zarbalari» bo‘lganini aytdi. 

Avvalroq jurnalistlar bilan suhbatda Peskov Vladimir Putinga Qrim ko‘prigiga qilingan hujumga javob qaytarish va uning xavfsizligini ta’minlash choralari «hali ishlab chiqilayotgani»ni aytgandi.

Qurbonlar haqida nimalar ma’lum?

OAV ma’lumotiga ko‘ra, Qrim ko‘prigida halok bo‘lgan er-xotin — Belgorod oblastidan bo‘lgan Aleksey va Natalya Kulik. 36 yoshli Natalya Kulik Noviy Oskolda ta’lim boshqarmasida ishlagan, uning 40 yoshli turmush o‘rtog‘i yuk avtomobili haydovchisi bo‘lgan.

Qurbonlarning qarindoshlari RBK muxbiri bilan suhbatda ular qizi va Natalyaning qarindoshlari bilan ikki mashinada Qrimga dam olish uchun ketayotgan bo‘lgan. Ular tiqilinchdan qochish uchun tunda yo‘l yurishga qaror qilgandi.

Qarindoshlardan birining aytishicha, taxminan tungi soat uch atrofida oila birinchi portlash ovozini eshitgan, shundan keyin ko‘prikda chiroqlar o‘chib qolgan. Birinchi portlashdan keyin ular aloqaga chiqmay qo‘ygan.

Krasnodar o‘lkasi gubernatori o‘rinbosari Anna Minkovaning ma’lumotiga ko‘ra, oilaning 14 yoshli qizi ko‘krak qafasidagi jarohat va yopiq bosh miya jarohati bilan Temryuk shifoxonasiga yotqizilgan. U qizning hushi o‘zidaligi va mustaqil nafas olayotganini qo‘shimcha qilgan.

«Agar bolaning ahvoli barqarorligicha qolsa va transportirovka imkoni bo‘lsa, darhol havo yo‘lagi orqali O‘lka bolalar klinik shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga yetkaziladi. O‘smirning hayotiga hech qanday tahdid yo‘q», — deya yozgan Minkova o‘z telegram-kanalida.

Unga hozircha ota-onasining taqdiri haqida xabar bermaslikka qaror qilingan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qrim ko‘prigidagi portlash: hozirgacha nimalar ma’lum va hujumning ahamiyati nimada?
ePN