"An Nasr" magʻlub boʻldi: chempionlik intrigasi yana kuchaydi...

"An Nasr" magʻlub boʻldi: chempionlik intrigasi yana kuchaydi...
Qisqacha

"An Nasr" jamoasi Saudiya Arabistoni Pro-ligasining 31-turida "Al Qodisiya"ga 3:1 hisobida mag'lub bo'lib, chempionlik kurashida yangi intriga paydo bo'ldi. Ushbu natija "An Nasr"ning 20 o'yinlik g'alabali seriyasini tugatdi va jamoa 79 ochko bilan birinchi o'rinda qolsa-da, "Al Hilol" 74 ochko bilan yaqin ta'qibda. Endi "An Nasr" uchun har bir o'yin muhim ahamiyatga ega bo'lib, chempionlik uchun kurash oxirgi turgacha davom etishi kutilmoqda.

Saudiya Arabistoni Pro-ligasining 31-turida turnir peshqadami «An Nasr» safarda «Al Qodisiya»ga kutilmagan tarzda imkoniyatni boy berdi. Ushbu natija chempionlik poygasidagi kurashni yanada qizitib, mavsum yakuniga intriga qoʻshdi.

Uchrashuv mezbonlar ustunligi ostida boshlandi. 24-daqiqada Ash Shamat aniq zarba bilan hisobni ochib, «Al Qodisiya»ni oldinga olib chiqdi. «An Nasr» esa 39-daqiqada Feliks orqali javob qaytarib, hisobni tenglashtirdi va birinchi boʻlim 1:1 natija bilan yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimda esa mezbonlar yanada faol harakat qildi. 55-daqiqada Al Juvayr jamoasini yana oldinga olib chiqdi. Oradan koʻp oʻtmay, 78-daqiqada Kuinones hisobni 3:1 koʻrinishiga keltirib, bahs taqdirini amalda hal qildi.

Saudiya Proligasi. 31-tur. 3 may
Al Qodisiya — An Nasr 3:1
Gollar: Ash Shamat (24), Al Juvayr (55), Kuinones (78) — Feliks (39).
An Nasr — Bento, Bushal (Al Gʻannam, 85), Simakan, Al Amri, Martines (Gʻarib, 86), Al Haybari (Ayman, 67), Brozovich, Koman (Al Hamdan, 85), Feliks, Angelo (An Nasr, 76), Ronaldu.

Shu tariqa, «An Nasr» nafaqat muhim ochkolarni yoʻqotdi, balki barcha musobaqalardagi 20 oʻyinlik gʻalabali seriyasiga ham chek qoʻyildi. Bu magʻlubiyat jamoa uchun ogʻir zarba boʻldi.

Hozirgi holatga koʻra, uchta tur qolgan bir paytda Ronaldu jamoasi 79 ochko bilan yetakchilikni saqlab turibdi. Biroq 2-oʻrindagi «Al Hilol» 74 ochko bilan ortidan yaqindan taʼqib qilmoqda va ularda yana bir zaxira oʻyini mavjud. Eng muhimi, oldinda ushbu ikki jamoa oʻrtasidagi hal qiluvchi oʻzaro toʻqnashuv ham bor.

Ushbu turda yirik gʻalabaga erishgan «Al Ahli» 69 ochko bilan 3-pogʻonaga koʻtarildi. «Al Qodisiya» esa ushbu muhim gʻalabadan soʻng ochkolarini 68 taga yetkazib, 4-oʻrinni egallab turibdi.

Qisqacha aytganda, Saudiya chempionatida chempionlik uchun kurash oxirgi turlargacha davom etadigan darajada qizgʻin tus oldi. «An Nasr» uchun esa har bir keyingi oʻyin hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar