Olimlar olti kunda o'zini yo'q qiladigan plastik ixtiro qildi

Tadqiqotchilar berilgan signal asosida o'z-o'zini parchalaydigan noodatiy plastik yaratdi. Material tarkibiga Bacillus subtilis bakteriyasi sporalari kiritilgan bo'lib, ular ikkita maxsus ferment ishlab chiqarishga dasturlashtirilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Birinchi ferment uzun polimer zanjirlarini qisqa qismlarga ajratadi. Ikkinchi ferment esa ularni dastlabki monomerlargacha parchalab, plastikni to'liq yo'q qiladi.
Asos sifatida 3D-bosib chiqarish va tibbiyot buyumlarida keng qo'llaniladigan polikaprolakton materialidan foydalanildi. Bakteriya sporalari uyqu holatida bo'lganda, plastik o'zining mustahkamligi va shaklini saqlab qoladi.
Tizimni faollashtirish uchun 50 daraja issiqlikdagi ozuqa muhiti qo'llanildi. Natijada bakteriyalar strukturani buza boshlaydi va material atigi olti kun ichida to'liq parchalanadi.
Texnologiyaning asosiy afzalligi shundaki, parchalanish jarayonida mikroplastik hosil bo'lmaydi. Olimlar ushbu materialdan egiluvchan elektrod yasab sinovdan o'tkazdi va u ikki hafta ichida butunlay yo'q bo'lib ketdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!